Nihoyat! Sport maydoni maktabga qaytarildi
Andijon viloyati, Paxtaobod tumanidagi 13-maktabning sport maydoni noqonuniy sotib yuborilgani, shuningdek, noqonuniy qurilma qurib olingani va buzilmayotgani ortidan maktabda jismoniy tarbiya va sport to‘garaklari faoliyati to‘xtab qolgani haqida xabarlar berilgan edi.
MIBning Paxtaobod tuman bo‘limi davlat ijrochisi Javohir Mo‘ydinovning Xabar.uz’ga ma’lum qilishicha, kuni kecha byuroning Paxtaobod tuman bo‘limi xodimlari tomonidan majburiy ijro harakatlari aynan o‘sha maktab hududida o‘tazilgan.
Ish hujjatlaridan ma’lum bo‘lishicha, fuqarolik ishlari bo‘yicha Izboskan tumanlararo sudining 15.04.2023 yildagi ijro varaqasiga asosan Andijon viloyati, Paxtaobod tumani, Do‘ngqishloq MFY hududida joylashgan Paxtaobod tuman xalq ta’limi bo‘limiga qarashli 13-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi hududida 0,46 gektar yer maydonida qurilgan noqonuniy qurilmalar javobgar T.Mirzayev hisobidan majburiy tartibda buzdirilishi belgilangan.
Ijro harakatlari davomida fuqarolik ishlari bo‘yicha Izboskan tumanlararo sudining 03.05.2023 yil hamda 03.07.2023 yildagi ajrimlari bilan ijro harakatlari ikki marotaba vaqtincha to‘xtatilgan.
Shu yilning 2 avgustdagi sudning ajrimi bilan ijro harkatlari davom ettirilishi belgilanib, 15.08.2023 yil sanasiga majburiy ijro harakatlari tayinlangan va bu haqda taraflar ogohlantirilgan.
Javobgar T.Mirzayev o‘z ixtiyori bilan noqonuniy qurilmaning g‘isht bilan o‘ralgan devor qismlarini buzdirgan. Biroq, poydevor qismlari buzilmaganligi sababli majburiy ijro harakatlari davomida Byuroning Paxtaobod tuman bo‘limi xodimlari mas’ul idora vakillari bilan birgalikda poydevorlarni to‘liq buzdirilishini ta’minlashdi.
Endi 13-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi uchun bu joydan sport maydoni sifatida foydalanish imkoniyati yaratildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter