Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Maktablarning ochilishi bo‘yicha vazirlik ota-onalarga murojaat qildi

Maktablarning ochilishi bo‘yicha vazirlik ota-onalarga murojaat qildi

Foto: Xabar.uz

Xalq ta’limi vazirligi yangi o‘quv yili oldidan ota-onalarga murojaat qildi.

«Hurmatli ota-onalar!

Butun dunyoda kuzatilayotgan koronavirus pandemiyasi  ta’lim tizimi va uning barcha ishtirokchilari oldiga bir qator sinovlarni qo‘ymoqda. Mana 5 oydirki, bolalar maktablarga bora olmasdan, o‘z tengdoshlari bilan bevosita muloqotdan uzilgan. Bu vaziyat qachongacha davom etadi?

Afsuski, bugungi sharoitda farzandlarimiz ta’limida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan har qanday bo‘shliq, ertaga bizga juda ham qimmatga tushishi mumkinligini unutmasligimiz zarur.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining fikricha, koronavirus bilan bog‘liq vaziyat ikki yilgacha davom etish xavfi bor, shuning uchun maktablar faoliyatini qayta tiklashga oid qaror o‘quvchilar, pedagoglar va ota-onalarning sog‘ligini o‘ylagan holda qabul qilinishi lozim.

Har bir ota-ona o‘zining sharoitidan kelib chiqib, farzandini an’anaviy ravishda maktabga yuborishi yoki uyda qolib onlayn shaklda o‘qitishi yuzasidan mustaqil qaror qabul qilishi kerak.

Ota-onalarning fikrini bilish va undan kelib chiqib, ta’lim jarayonini tashkil etish maqsadida, Xalq ta’limi vazirligi tomonidan yangi 2020/2021-o‘quv yilini boshlash borasida maktablarda so‘rovnoma tashkil etildi.

Mazkur jarayonda faol qatnashib, o‘z fikringizni bildirishingiz va muhim qarorni qabul qilinishida ishtirok etishingizni so‘raymiz.

Unutmang, farzandlarimizning ta’lim va tarbiyasi hamda  jismonan sog‘lom rivojlanishi uchun har birimiz birday mas’ulmiz», – deyiladi murojaatda.

Eslatib o‘tamiz, kecha bosh vazir A.Aripov boshchiligida Xalq ta’limi tizimiga doir videoselektor o‘tkazilib, unda 7 sentyabrdan yashil hududlarda tajriba tariqasida maktablar ochilishi, 14-sentyabrdan barcha hududlardagi maktablar ochilishi haqida topshiriq berilgan.

Ammo bu haqda Maxsus komissiyaning qarori rasman e’lon qilingani yo‘q.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring