Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Maktablardagi bo‘sh ish o‘rinlari bilan onlayn tarzda tanishish imkoni yaratildi

Maktablardagi bo‘sh ish o‘rinlari bilan onlayn tarzda tanishish imkoni yaratildi

Foto: Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati

Joriy yilning 2-aprel kuni Xalq ta’limi vazirligining Xodimlar bilan ishlash boshqarmasi tomonidan «ish.uzedu.uz saytiga ma’lumotlarni kiritish va undan foydalanish» mavzusida o‘quv-seminari tashkil etildi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

2018-yil 18-dekabrdan bugungi kunga qadar tajriba-sinov tarzida fuqarolarning tizimdagi bo‘sh ish o‘rinlari haqidagi ma’lumotlar bilan tanishishlari hamda murojaat qilishlari uchun ish.uzedu.uz sayti ishga tushirilgan edi. Unda dastlabki bosqichda Xalq ta’limi vazirligining respublika tashkilotlari, Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi, uning tuman xalq ta’limi bo‘limlari va umumta’lim maktablaridagi vakant ish o‘rinlari joy olgandi.

Bugungi kunda ish.uzedu.uz sayti orqali belgilangan maqsad va vazifalarga to‘liq erishilganligi sababli ushbu saytni respublikaning barcha hududlarida joriy etish rejalashtirilgan. Bunda fuqarolar Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi bo‘sh ish o‘rinlari bilan tanishib, maqbul ish joylarini tanlagach, o‘zlari haqidagi ma’lumotnomalarni joylashtirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Seminarda vazirlik huzuridagi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi xodimlari hamda barcha hududiy xalq ta’limi boshqarmalarining kadrlar bo‘yicha mutaxassislari ishtirok etgan.

Seminarda vazirlikning Xodimlar bilan ishlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari J.Jumayev o‘z so‘zida joriy yilning 5 aprelidan ish.uzedu.uz sayti orqali respublikaning barcha hududlari bo‘yicha Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi mavjud bo‘sh ish o‘rinlari ochiq e’lon qilib borilishini ta’kidlagan. Bu orqali bo‘sh ish o‘rinlariga nomzodlarning ma’lumotlar bazasi yaratilib, eng yaxshi nomzodlarni tanlab olish imkoniyati kengayadi. Binobarin, bo‘sh ish o‘rinlari haqidagi ma’lumotlarning jamoatchilikka ochiq e’lon qilinishi nomzodlar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini yaratib, ish beruvchilarga eng munosib mutaxassisni tanlash imkonini yuzaga keltiradi.

Xalq ta’limi tizimida faoliyat olib borishni xohlagan tegishli mutaxassislikka ega fuqaro ish.uzedu.uz sayti orqali bo‘sh ish o‘rinlari bilan tanishib, o‘z ma’lumotnomalarini taqdim qilishi mumkin.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring