Maktab formasini kiyish tartibi va talabi o‘zgarmaydi — vazirlik
Joriy yilning 5-iyul kuni «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida» qabul qilingan yangi tahrirdagi Qonun OAV vakillari hamda ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan umumta’lim maktablari o‘quvchilarining kiyinish madaniyati, xususan o‘quvchi-qizlarni maktabda bosh kiyimda yurishi hamda o‘g‘il bola o‘quvchilarning soqol qo‘ygan holda maktabga kelishlari masalasida turli savollarni keltirib chiqarmoqda, — deyiladi Xalq ta’limi vazirligining xabarnomasida.
Shularni inobatga olgan vazirlik quyidagilarni ma’lum qildi:
Ma’lumki, o‘quvchilarni umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida kiyinish madaniyati bilan bog‘liq normalar amaldagi ta’lim to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari bilan belgilab berilgan.
Shuningdek, joriy yilning 5 iyul kuni qabul qilingan yangi tahrirdagi «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi Qonunning sharhida ham amaldagi boshqa qonunchilik hujjatlariga asosan, davlat tashkilotlari va muassasalarida xodimlarning kiyinishiga oid talablar ularning ichki hujjatlari bilan tartibga solinishi ma’lum qilingan.
Xususan, «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi Qonunning 8-moddasida O‘zbekiston Respublikasida ta’lim tizimi dindan ajratilgandir. Ta’lim tizimining o‘quv dasturlariga diniy fanlar kiritilishiga (bundan diniy ta’lim muassasalari mustasno) yo‘l qo‘yilmaydi. O‘zbekiston Respublikasining «Ta’lim to‘g‘risida»gi Qonuni 49-moddasida ta’lim tashkilotlarida ta’lim oluvchilarning kiyim-boshiga doir talablar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanishi qayd etilgan.
Mazkur vakolatdan kelib chiqib, davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilarining kiyinish madaniyati va tartib-intizomga amal qilish ko‘nikmalarini mustahkamlash, salomatliklarini muhofaza qilish uchun tegishli shart-sharoitlar yaratish, ma’naviy va jismoniy sog‘lom avlodni kamol toptirish maqsadida Hukumat tomonidan 2018 yil 15 avgustda 666-son «Davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilarini zamonaviy yagona maktab formasi bilan ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaror qabul qilingan.
Shu bilan birga mazkur qaror bilan Davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilari uchun zamonaviy yagona maktab formasini joriy etish tartibi to‘g‘risidagi nizom (matnda keyingi o‘rinlarda – Nizom) tasdiqlangan.
Mazkur Nizomga ko‘ra umumta’lim maktablarida:
– o‘g‘il bola o‘quvchilarning ta’lim muassasasiga tanasining ochiq qismiga tatuirovka tushirgan yoki pirsing qilgan, soqol qo‘ygan, sochi 2-3 santimetrdan uzun bo‘lgan va yorqin ranglarga bo‘yagan holda kelishlariga;
– qiz bola o‘quvchilarning ta’lim muassasasiga tanasining ochiq qismiga tatuirovka tushirgan yoki pirsing qilgan, sochini yorqin ranglarga bo‘yagan, yuzini ko‘zga tashlanadigan darajada makiyaj qilgan, qulog‘iga bittadan ortiq sirg‘a taqqan, barmoqlariga uzuk taqqan, qo‘l tirnoqlarini bo‘yagan va uzun qilib o‘stirgan holda kelishlariga yo‘l qo‘yilmaydi.
Nizomga muvofiq, o‘quvchilarning maktab formasini kiyish tartibiga rioya qilmaslik ta’lim muassasasining ichki tartib-qoidalarini buzish deb baholanadi va bunday o‘quvchilarga quyidagi choralar qo‘llanishi mumkin:
– ogohlantirish;
– kundalik daftariga qayd etish;
– tushuntirish ishlarini olib borish uchun ota-onasini xabardor qilish;
– fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va ta’lim muassasasidagi yig‘ilishlarda ota-onalar ishtirokida muhokama qilish.
Mazkur talablarga o‘quvchilar tomonidan qat’iy amal qilinishi uchun ota-onalar mas’ul hisoblanishini Nizomda belgilanganligini alohida ta’kidlash lozim.
Bugungi kunda davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilari ta’lim muassasasiga mazkur Nizom talablarida belgilangan tartib hamda ta’lim muassasasi tomonidan tasdiqlangan maktab formasiga muvofiq kiyinishlari, 2024/2025 o‘quv yilidan boshlab esa O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 18 iyundagi 509-son qarori bilan davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalari uchun hukumat tomonidan tasdiqlangan maktab formasi majburiy hisoblanadi.
Ijtimoiy tarmoqlarda ayrim shaxslar tomonidan bugungi kunda Nizomning yuridik kuchga ega emasligi, unda belgilangan qoidalar amalda emasligi haqidagi hech qanday asosga ega bo‘lmagan ma’lumotlar tarqatilmoqda. Ushbu fikrlarga shuni alohida qayd etishimiz joizki, zamonaviy yagona maktab formasi 2024/2025 o‘quv yilidan boshlab majburiy etib belgilangan bo‘lsada, biroq Nizomda belgilangan talablar davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining o‘quvchilari va xodimlari, o‘quvchilarning ota-onalari uchun bugungi kunda ham majburiy va O‘zbekiston Respublikasining butun hududi bo‘yicha amal qiladi.
Maktab formasini joriy etishning maqsadi o‘quvchilarning bilimli, odob-axloqli, sog‘lom fikrli, har tomonlama barkamol shaxs bo‘lib yetishishiga ko‘maklashish, o‘zaro tenglik va belgilangan tartib-qoidalarga itoatkorlik hissini uyg‘otish, ularning salomatliklarini muhofaza qilish uchun shart-sharoit yaratish, o‘quvchilar o‘rtasida cog‘lom raqobat muhitini yuzaga keltirishdan iborat.
Ta’kidlash lozimki, Nizomning 7-bandida o‘quvchilar ta’lim muassasasi binosi ichida bosh kiyimsiz yurishlari lozimligi belgilangan.
Bunda O‘zbekiston Respublikasida aholi turli millat va diniy konfessiyalar vakillaridan iboratligi hamda majburiy umumiy o‘rta ta’lim dunyoviy xarakterga egaligi munosabati bilan o‘quvchilarning maktab formasiga turli din va konfessiyalar xamda turli submadaniyatlarga mansublikni aks ettiruvchi elementlarni (hijob, kipa, kashaya, xoch va boshqalar) qo‘shishga yo‘l qo‘yilmasligi ko‘rsatilgan.
Qo‘shimcha ravishda, «Ta’lim to‘g‘risida»gi Qonunning 48-moddasiga asosan,ustav (ta’sis hujjati) talablariga, ichki tartib-qoidalariga, vaqtincha yashash joylari qoidalariga va ta’lim faoliyatini tashkil etish hamda amalga oshirishga oid boshqa ichki hujjatlar talablariga rioya etish ta’lim oluvchilarning majburiyatlaridan biri etib belgilangan.
Shu munosabat bilan, Xalq ta’limi vazirining 2020 yil 28 maydagi 131-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan Umumiy o‘rta ta’lim muassasasining ichki tartib va odob-axloq qoidalarining 8-bandiga muvofiq, o‘quvchilar ta’lim muassasasiga belgilangan maktab formasida kelishlari lozim ekanligi ko‘rsatib o‘tilgan.
Shunga asosan, farzandlarini maktabga kiyinish madaniyatiga va Nizomda belgilangan talablarga muvofiq holda borishlariga o‘quvchilarning ota-onalaridan farzandlarining yorqin kelajagi uchun javobgarlikni o‘z bo‘yinlariga olgan holda, mas’uliyat bilan yondashishlarini so‘raymiz. Aks holda, amaldagi qonun hujjatlariga asosan ular tegishli tartibda javobgarlikka tortilishi mumkin ekanligini eslatib o‘tmoqchimiz.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 47-moddasida ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan voyaga yetmagan bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik, shu jumladan voyaga yetmagan bolalarning ma’muriy huquqbuzarlik sodir etishiga olib kelishi ushbu shaxslarni bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi belgilangan.
Yana shuni alohida aytish joizki, 2021 yil 30 martda qabul qilingan Qonun bilan mazkur Kodeks 2011-modda bilan to‘ldirilib, unga asosan O‘zbekiston Respublikasining qonunchilik hujjatlari talablarini jamoat tartibiga va jamoat xavfsizligiga tahdid soladigan tarzda bajarmaslikka yoki buzishga, shu jumladan ommaviy axborot vositalaridan, telekommunikatsiya tarmoqlaridan, Internet jahon axborot tarmog‘idan, shuningdek matnni ko‘paytirishning bosma yoki boshqa usullaridan foydalangan holda omma oldida da’vat qilish bazaviy hisoblash miqdorining oltmish baravaridan sakson baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi belgilangan.
Ushbu holatlarni kelib chiqishini oldini olish, farzandlarimizni yurtimizda belgilangan qonun-qoidalarga hurmat ruhida tarbiyalash maqsadida hamda ularning yorqin kelajagi uchun mas’ul ekanligimizni unutmagan holda belgilangan talablar doirasida ta’lim olishlariga imkoniyat yaratib berishimiz lozim.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter