Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Magistraturaga qabulda soxta sertifikatlar yuklanmoqda

Magistraturaga qabulda soxta sertifikatlar yuklanmoqda

Bu haqda bugun Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov rahbarligida markaziy apparat mas’ullari, oliy va professional ta’lim muassasalari rahbarlari, professional ta’lim boshqarmalari boshliqlari ishtirokida 2022/2023-o‘quv yili uchun qabulni samarali tashkil etish masalalariga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.

Unda dastlab vazir yangi o‘quv yilida kasbiy (ijodiy) imtihonlarni shaffof o‘tkazish bo‘yicha 46 ta oliy ta’lim muassasasining tayyorgarlik holatiga e’tibor qaratib, o‘tgan o‘quv yilidagi kamchiliklarni takrorlamaslik uchun har bir oliy ta’lim muassasasi rahbari mas’uliyat bilan yondashishi zarurligini ta’kidladi.

Bunda ajratilgan bino va auditoriyalar sifatli videoyozuv jihozlari bilan ta’minlangani, jamoatchilik nazoratining kuchaytirilgani, imtihon natijalarini o‘z vaqtida rasmiy manbalar orqali e’lon qilinishiga alohida to‘xtalindi. Shular qatoridan imtihon jarayonlarini kuzatish uchun kelgan ota-onalar va komissiya a’zolariga zarur sharoit yaratish borasidagi tashkiliy masalalar ham o‘rin egalladi.

Kun tartibidan o‘rin olgan navbatdagi masala magistraturaga qabulni tashkil etish bo‘ldi. Bunda kelib tushgan 4332 ta arizaning 1282 tasi talab darajasida emasligi, ayrim hollarda soxta sertifikatlar ham yuklanayotgani aytildi. Magistraturaga qabul tugashiga oz muddat qolganiga qaramay hamon aksariyat OTM tomonidan bakalavriat bosqichi bitiruvchilari diplomlarini o‘z vaqtida rasmiylashtirish yakunlamagani tanqid qilindi. Bu o‘z navbatida, magistraturaga kirish istagida bo‘lgan abituriyentlarning asosli noroziliklarini keltirib chiqarayotgani qayd etildi.

Mas’ullarga barcha imkoniyatlarni ishga solgan holda qisqa vaqt ichida bitiruvchilar diplomlarini rasmiylashtirishni yakuniga yetkazish va qat’iy nazorat olish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Shundan so‘ng ikkinchi oliy ta’limga hujjatlar qabul qilishning borishi, tartibi bilan bog‘liq ma’lumotlarni rasmiy saytlarda e’lon qilishdagi sustkashliklar ham tanqid ostiga olindi.

Ikkinchi oliy ta’limga qabulni amalga oshiradigan barcha OTM rektorlariga yuqorida qayd etilgan ma’lumotlarni aniq va batafsil e’lon qilish borasida ko‘rsatma berildi.

So‘ng yana bir muhim masala – texnikum bitiruvchilarini suhbat asosida o‘qishga qabul qilish haqida so‘z yuritildi. OTM rektorlariga ushbu jarayonni yuqori saviyada tashkil etish yuzasidan vazifalar topshirildi.

So‘nggi kunlarda talabalar va ularning ota-onalariga yetarlicha tushuntirish ishlari olib borilmagani sababli talabalar tomonidan belgilangan tartiblarni tushunmasdan hujjat topshirishga urunish holatlari kuzatilmoqda.

OTM rektorlariga ushbu holatlarni bartaraf etish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar belgilab berildi.

Vazir yig‘ilishda, shuningdek, OTMda energiyatejamkorligi, to‘lov-kontrakt miqdorlarini belgilash, murojaatlar bilan ishlash, koll-markazlar faoliyatini to‘g‘ri tashkil etish kabi masalalarda OTM rektorlarining shaxsiy mas’uliyatini oshirish lozimligini ta’kidladi.

Yig‘ilishda yuqorida ko‘tarilgan bir qator masalalar yuzasidan oliy ta’lim muassasalari rektorlarining taklif va mulohazalari tinglandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring