Ishsiz yoshlar 2 karra kamaydi

Uchrashuvda yoshlarimiz turli sohalardagi yutuqlari bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘layotgani ta’kidlandi.
Hozirgi vaqtda dunyodagi «top» oliygohlarda 1,5 mingdan ziyod talabalarimiz tahsil olmoqda. Bu O‘zbekiston uchun tarixda kuzatilmagan voqelik.
Yaqinda Birlashgan Arab Amirliklarida o‘tgan katta forumda Toshkent shahridagi Prezident maktabi global darajada eng nufuzli nominatsiyada g‘olib deb topildi.
«Buning bosh omili nimada, deb so‘rasangiz, men avvalo yoshlarga munosabat davlat miqyosida butunlay o‘zgarganida, deb javob bergan bo‘lardim. O‘g‘il-qizlarimiz yoshlar masalasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylanganini sezib, o‘zlariga beqiyos kuch olmoqda», - dedi Prezident.
Bundan besh yil oldin Senat va Qonunchilik palatasida Yoshlar parlamenti tashkil etilgan edi. U yerda yoshlar siyosiy yetakchilik, demokratiya maktabi, parlamentarizm maktabi qanday bo‘lishini amalda ko‘rdi. Oxirgi saylovda ana shu yoshlarimizdan ikki nafari Qonunchilik palatasiga, 250 nafari kengashlarga deputat bo‘lib saylandi.
«Endi barcha tizimdagi rahbarlar yoshlarning baralla ovozini eshitishga majbur. Yoshlar buyuk kelajagimizning asosiy bo‘g‘ini ekanligini tushunmagan rahbar bizning safimizda bo‘lishga haqqi yo‘q», - dedi Prezident.
Har yili mehnat bozoriga 600 mingdan ortiq yoshlar kirib kelmoqda. 2030 yilga borib bu ko‘rsatkich 1 million nafarga yetadi.
Bu davlat va jamiyat zimmasiga katta mas’uliyat yuklashi ta’kidlandi.
Bu borada yoshlarni qo‘llab-quvvatlash tizimi yaratildi. Birgina «Yoshlar daftari» orqali o‘tgan yili 180 ming nafar yoshlarga 345 milliard so‘mlik yordam ko‘rsatildi.
O‘tgan 8 yilda yosh tadbirkorlar soni 3 karra ko‘payib, bugun biznes vakillarining salkam 40 foizini yoshlar tashkil etmoqda.
Ishsiz yoshlar 2 karra kamaydi. Ishsizlikdan xoli mahallalar soni 1 ming 889 taga yetdi.
Shu bilan birga, Sho‘rchi, Buvayda, Furqat, Kasbi, Forish tumanlarida ishsiz yoshlar ko‘pligi u yerdagi rahbarlarning mas’uliyatsizligidan dalolatligi ko‘rsatib o‘tildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter