Ikkita savolim bor...
Assalomu alaykum, Begzod Xo‘jayev domla!
Mavzularga kompetensiyaviy yondashuv haqidagi fikrlaringizga yuz foiz qo‘shilaman. O‘zim ham har bir mavzuga kompetensiyaviy yondashishga, atrof-muhitdan, hattoki tarbiyaviy ahamiyatga ega filmlardan o‘tiladigan mavzularga bog‘liqlik izlashga harakat qilaman. Chunki matematika fani hayotimning mazmuniga aylangan.
Men darslikni ayblayotganim yo‘q. Uni tuzuvchi olimlarga e’tirozlarimni bildirayapman xolos. Bir narsani aytishim mumkinki, «poyezd ketib bo‘ldi», besh yuz mingdan ortiq o‘quvchi darslikdan foydalanmoqda.
Darsliklar yaratish bo‘yicha har yili tuman xalq ta’limi bo‘limlariga takliflar berib boramiz. Lekin bu takliflar hech qachon Toshkent shahriga yetib bormaydi.
Siz va siz kabi olimlarga, darslik mualliflariga ikkita savolim bor.
- Keyingi 2018—2019-o‘quv yilida kollej va litsey bitiruvchilari 11-sinf o‘quvchilari bilan birga o‘qishni tugatib, birga kirish imtihonlarini topshirishadi. O‘qitilayotgan dasturlar esa ikki xil. Test savollari qaysi dastur asosida tuziladi? Ikki xillik bo‘lsa adolat buzilmaydimi?!
- Internetdan samarali foydalanish haqida bong uramiz. Nega o‘zbekcha saytlarda maktab o‘qituvchilari va o‘quvchilari uchun fanlar bo‘yicha mavzularga oid bironta mazmunli material joylashtirilmagan? Moddiy manfaatdorlik yo‘qmi yoki vaqt tig‘izmi? Bundan bir necha yil oldin «Ma’rifat» gazetasi muxbirlari bilan shu masala yuzasidan tortishganimda, gazeta tahririyatida matematika fani bo‘yicha yaxshi mutaxassis yo‘qligini ro‘kach qilishgan.
Yuqoridagi savollarimga aniq javob olgach, bahsni to‘xtashishga roziman.
Murodjon Xo‘janiyozov, matematika o‘qituvchisi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumani
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter