Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

G‘ayrat Yo‘ldosh

Beshikdan qabrgacha ilm izla!

«Ikkinchi Senegal» bo‘lish xavfi yoxud yana tilimiz haqida

«Ikkinchi Senegal» bo‘lish xavfi yoxud yana tilimiz haqida

Foto: «Xabar.uz»

G‘arbiy Afrikada Senegal degan davlat bor. Bu mamlakatni ilk bor 2002-yilda Janubiy Koreya va Yaponiyada o‘tkazilgan futbol bo‘yicha jahon chempionatida taniganman. O‘shanda nafaqat men, balki dunyodagi millionlab futbol muxlislari bu davlat nomini ilk marta eshitdi va bir umrga yodlarida saqlab qoldi. «Futbol mamlakatni tez tanitadi» deganlari shu bo‘lsa kerak-da. Shundan keyin bu mamlakat haqidagi ma’lumotlar bilan qiziqdim. «Aholisi falon million, hududi falon km.kv², iqtisodiyotining, qishloq xo‘jaligining muhim sohalari, yirik shaharlari» va hokazo umumiy ma’lumotlarni o‘qidim. Ana shu yerda meni hayron qoldirgani Senegal haqidagi ma’lumotlarning  «davlat tili» degan joyida «fransuz tili» deb yozib qo‘yilgani bo‘ldi. Demak, Senegaldagi turli millatlar o‘z tillarini batamom unutib, fransuz tilida gaplashadigan bo‘lib ketishgan ekan.

Men o‘shanda Senegal necha yil Fransiya mustamlakasi bo‘lganiga e’tibor bermagan edim va o‘zimcha bu davlat kamida 150-200 yil fransuzlarning mustamlakasi bo‘lgan deb o‘yladim. Chunki ona tilini butunlay unutib boshqa bir xalqning tilida gaplashadigan bo‘lish uchun kamida to‘rt-besh avlod almashishi, 150-200 yil o‘tishi kerak bo‘ladi deb o‘ylaganman. Lekin inson turli sabablarga ko‘ra o‘z tilini unutib, boshqa bir millatning tiliga o‘tib ketish uchun qisqagina muddat ham kifoya qilishi mumkin.

Masalan, yevropalik bosqinchilar afrikaliklarni qul qilib Amerika qit’asiga olib borib sotganlaridan keyin ular qisqa muddatda o‘z tillarini unutib ingliz tilida so‘zlashadigan bo‘lib ketdilar. Yoki bir inson begona bir yurtda olti oy yoki bir yil yashasa o‘sha joyning tilini bemalol o‘zlashtiradi. Chunki inson begonalar orasiga tushib qolsa, o‘z ona tilida so‘zlashadigan odam topilmasa qisqa muddatda begona tilni o‘zlashtirib ketadi. Ammo senegalliklar o‘z yurtida edi. Ular bosqinchi fransuzlar bilan fransuz tilida gaplashsa, o‘z millatdoshlari bilan ona tilida muloqot qilish imkoniga ega edi. Ammo negadir qisqa muddatda o‘z tillarini unutdilar.

Senegal bor-yo‘g‘i 70 yil, 1890-yildan 1960-yilgacha Fransiya mustamlakasi bo‘lgan ekan.

Eski zamonlarda bir davlat ikkinchi bir davlatni, bir xalq ikkinchi bir xalqni bosib olganda o‘z tilini qanday singdirganini aniq bilmayman. Ko‘cha-ko‘yda «bosib olgandan keyin ayollarini zo‘rlashgan yoki uylanishgan va shu orqali bir xalq ikkinchi xalqqa o‘zining o‘zligini singdirgan» deyishadi. Ba’zida esa sonlari kam bo‘lsa bosqinchilar mahalliy xalqqa singib ketgan holatlar ham bo‘lgan.

Ammo o‘n sakkiz — o‘n to‘qqizinchi asrlarga kelib bosqinchilar o‘z madaniyatini mustamlaka bo‘lgan xalqlar orasida yoyish uchun boshqacha yo‘llardan foydalana boshladilar. Bu yo‘l asosan bosqinchilar tilida o‘qitiladigan maktablar ochish edi. To‘g‘ri, o‘sha eski usullar bo‘lmish mahalliy ayollarni zo‘rlash yoki ularga uylanish ham qisman saqlanib qolgan bo‘lishi mumkin. Ammo yevropalik mustamlakachilar bosib olgan hududlarida o‘z tillarida o‘qitadigan maktablar ochishlari ko‘proq samara berishini anglab yetdilar va bu ish ko‘proq samara berdi ham.

Endi Senegalga qaytadigan bo‘lsak, ular qanday qilib o‘z ona tilini unutib fransuz bo‘lib ketganlari menga qorong‘i. Balki Rossiya bizni bosib olganidan keyin turli shaharlarimizda rus tiliga ixtisoslashgan «rus-tuzem» maktablarini ochganday fransuzlar ham fransuz tiliga ixtisoslashgan maktablar ochishgandir yoki buning boshqa sabablari bordir.

Albatta, senegalliklarning fransuz tilini ona tili deb qabul qilishlari ularning Fransiyadan muammosiz yaxshi bir ish topishlariga sabab bo‘lgandir, hozir ham bo‘layotgandir. Ammo ammo milliy g‘urur-chi? Insonning o‘zligi-chi? Yoki qorin g‘amida milliy g‘urur va o‘zlikka tupurish kerakmi?

Endi o‘zimizdagi ahvolga bir nazar tashlaylik. Sobiq ittifoq davrida tilimizga xurujlar bo‘lganini, bizga rus tilini majburan singdirishganini yozib o‘tirmayman. U paytda biz chorasiz va Moskva nimani buyursa quloq qoqmay bajarishga majbur edik. 1980-yillarning oxiriga kelib ahvol nihoyatda og‘irlashgan, tilimiz chalajon ahvolga tushgan edi.

Nihoyat mustaqil bo‘ldik. Endi bizni hech kim hech narsaga majburlay olmaydi. Erkimiz o‘z qo‘limizga o‘tdi. Endi tilimizni qancha e’zozlasak, targ‘ib qilsak o‘zimizning ixtiyorimizda edi. Ammo mustaqil bo‘lganimizdan keyin ham tilimizga bo‘lgan e’tibor u qadar o‘zgarmadi. O‘zgargan bo‘lsa ham yetarlicha bo‘lmadi. Bunday deyishga, to‘g‘rirog‘i, bunday deb da’vo qilishga haqqim bormi? Bor, albatta bor...

Birinchi voqea.

Bundan bir necha kun oldin Samarqanddan Tayloq shaharchasi orqali Urgutga boradigan yo‘ldagi xalq tilida «metan zapravka» deb ataladigan avtomobillarga siqilgan gaz quyib beradigan shoxobchaga kirdim. Shoxobcha yaqinda ochildi. G‘aznachining oldidagi darchaning ikki tarafida Vazirlar Mahkamasining avtomobillarga qanday gaz ballon o‘rnatish, qanday gaz ballonlarini necha yilda sinovdan o‘tkazish va hokazolar yozilgan ruscha qarorini ilib qo‘yishibdi. Qizig‘i, qaror ostida «Premer ministr Uzbekistana Sh.M.Mirziyoyev» degan yozuv ham bor.

G‘aznachiga «Aka, buning o‘zbekchasi yo‘q edimi, bu atrofda rus tilida so‘zlashadigan odamning o‘zi bo‘lmasa» desam, u «Qo‘yavering, aka, qarorni ilganmizmi, ilganmiz» dedi. To‘g‘risi, uzoq bir qishloqdagi gaz quyish shoxobchasida atrofda bironta rus yashamasa ham Vazirlar Mahkamasining qarorini ruscha yozib qo‘yganlari odamni «nega bunday?» deb o‘ylashga  majbur qilar ekan. E’tibor berganman, yurtimizdagi gaz quyish shoxobchalarining aksariyatida shunday. Bu-ku oddiy bir gaz quyish shoxobchasi. Yirik shaharlarimizda, ayniqsa Toshkent ko‘chalaridagi turli yozuvlarni tekshirib chiqing, aksariyati rus tilida.

Ikkinchi voqea.

Yaqinda ishim tushib, tumanimiz soliq idorasiga borib eski yildan qarzimiz bor-yo‘qligini hisoblatdim. Ana shu yerda e’tiborimni tortgan holat shu bo‘ldiki, soliq idorasidagi kompyuterlarda hisobotlar rus tilida yuritilar ekan. Tumanimizda bir-ikkita tatar oilalarini aytmasa rusiyzabonlar umuman yashamaydi. Ammo soliqda, balki boshqa idoralarda ham, ish yuritish rus tilida. Taxminimcha, butun mamlakatimizda ahvol shunday. Kompyuterdagi turli hisobotlar, ish yuritishlar rus tilida bo‘layapti.

Shuningdek, bugungi kunda turli vazirliklar va boshqa tashkilotlarning aksariyati rus tilida ish yuritayapti. Bunisiga nima deysiz?

Rossiyada bir paytlar nemis va fransuz tillari saroy tiliga aylangani, imperator va uning yaqinlari, kiborlar o‘zaro muloqotda o‘sha tillardan foydalangani, fransuz va nemis tilini biroz bilgan ruslar ushbu tillarni bilmaydigan ruslarni kamsitib, ularga past nazar bilan qaraganlari tarixdan ma’lum. Hozirgi ahvolimizni ko‘rib aytamanki, bizda ham ahvol shunday.

Bu gaplarni nega jon kuydirib yozayapman? Yuqorida sobiq ittifoq davrida tilimizning xo‘rlanganini yozdim, ko‘pchilik bunga majburlikdan zo‘rg‘a chidab yurganini ham yozdim. O‘shanda majbur edik. Endi-chi? Meni xavotirga solayotgani endi bizni hech kim rus tilida ish yuritishga, majlis o‘tkazishga majburlamayapti, endi biz ana shu ishlarni ongli ravishda, o‘zimiz xohlab qilayapmiz. Oqibatini o‘ylamay qilayapmiz. Tilimizning ildiziga bolta urayapmiz. Yomon tomoni ham shu. Bizni Senegalning ahvoliga yaqinlashtirayotgani ham shu.

Oxirgi yigirma yillik hayotimning yarmi Toshkentda o‘tdi. Muqim bo‘lmasa-da, qariyb muqimday yashadim. Esimda, 1990-yillarda poytaxtliklar o‘z farzandlarini rus maktablariga yoki aralash tilli maktablarning rus sinfiga qo‘yishga unchalik oshiqavermas edi. Balki bunga o‘sha davrda mamlakatimiz bo‘ylab «SSSRdan qutulganimiz, uning o‘zagi bo‘lmish rus bosqinidan qutulganimiz» haqida televideniye va OAVdagi ko‘plab chiqishlar ham sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Harholda aniq sabablarini bilmayman. Bugungi kunda esa vaziyat tubdan o‘zgardi. Endi aksariyat ota-onalar uyidan uzoqroqda bo‘lsa ham bolalarini rus maktablariga yoki rus sinflariga bermoqda. Buni esa «o‘zbek maktablarida yaxshi ta’lim berilmaydi» deb izohlashayapti.

Statistikaga qarasangiz bizda mustaqillik yillarida rusiyzabonlarning soni oshmagani holda ruscha maktablar, sinflar ko‘payganiga guvoh bo‘lasiz. Bu ko‘payish esa rus bo‘lmagan yurtdoshlarimiz hisobidan bo‘layapti. Ya’ni bizning hisobimizdan bo‘lmoqda.

Buning asosiy sababi esa bizda tilimizni rivojlantirish, xalqaro maydonda uning obro‘sini oshirish haqida bironta aniq rejaning yo‘qligi, tilimizga yetarlicha e’tiborning yo‘qligi bo‘lsa kerak.

Tilimizga bo‘lgan e’tiborsizlik va rus tili bizda tobora ommalashayotganining xavfli bir tomoni shuki, rus tilini yaxshi o‘zlashtirgan yoki o‘zining tilini unutib rus tilida muloqot qiladigan insonlarning aksariyati kundan-kun o‘zlarini boshqalardan yuqoriroq sanab, bu tilni bilmaydiganlarni odam o‘rnida ko‘rmay borayaptilar. Bu esa yomon alomat.

Hurmatli o‘quvchim, ushbu postimni shu yergacha o‘qib kelishga sabringiz yetgan bo‘lsa, shu yerda biroz tin oling va mushohadalarimni aslo millatchilikka yo‘ymang. Mening rus xalqiga adovatim yo‘q. Zero, yomon millat bo‘lmaydi, yomon odamlar bo‘ladi. Shunday ekan, qani edi har bir millatdoshim, yurtdoshim ona tilidan tashqari kamida ikkita tilda erkin gaplasha olsa, ajoyib ish bo‘lar edi. Ammo boshqa tillarni o‘rganish aslo o‘z tilini unutish, o‘z tilini mensimaslik, o‘z tilini kamsitish hisobiga bo‘lmasligi kerak.

Bizda esa, afsuski, ko‘pincha rus maktablarida o‘qiganlar keyinchalik oilada ham, ko‘cha-ko‘yda ham rus tilida so‘zlashadilar va bora-bora o‘z tilini unutadilar. «Senegal sindromi» ana shundan boshlanadi.

So‘zimning oxirida shuni ta’kidlamoqchimanki, hukumat tilimizga bo‘layotgan xiyonatning tezroq oldini olish choralarini ko‘rishi kerak. Turli vazirliklar o‘zbek tilida ish yuritishi uchun qisqa muddat yetmas, shu bois ularga ma’lum bir muddat tayinlanib, o‘zbek tilida ish yuritish haqida qonun chiqarish lozim. Umuman olganda tilimizning himoyasiga bugundan kirishilishi shart. Ertaga kech bo‘ladi.

Shuncha gaplarni o‘qib, oxirida mendan «sen o‘zi nima istaysan?» deb so‘rang, men orzumni aytay.

BMTning turli majlislarida yurtimiz rahbari yoki boshqa rahbarlar qatnashib so‘zga chiqqanlarida, boshqa xalqaro anjumanlarda, turli davlatlarga borganda, turli davlatlarning rahbarlari bizga kelganda rahbarlarimizning ona tilimizda gapirishlarini xohlayman.

Turli vazirlik va idoralar ona tilimizda ish yuritishini xohlayman.

Ko‘cha-ko‘ydagi turli e’lonlar, yozuvlar ham avvalo ona tilimizda yozilishini xohlayman.

Mabodo «chet ellardan keladigan mehmonlarga qulay bo‘lsin» deydigan bo‘lsak, o‘sha e’lonlar va yozuvlarning yoniga rus va ingliz tilidagisini ham yozib qo‘yish kerak.

Nima deysiz, bu ish shunchalik qiyinmi?

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring