Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Har doim mazkur markaz binosida bo‘lganimda bobomning byustiga havas bilan qarayman — 3-avlod shifokor-dermatovenerolog bilan suhbat

Har doim mazkur markaz binosida bo‘lganimda bobomning byustiga havas bilan qarayman — 3-avlod shifokor-dermatovenerolog bilan suhbat

«Xabar.uz» mamlakatimizning faol yoshlari bilan intervyularni davom ettiradi. Navbatdagi suhbatdoshimiz Toshkent pediatriya tibbiyot instituti magistranti Xasanxo‘ja Abidov.

Qahramonimiz — bugungi kunda Oliy Majlis Qonunchilik Palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zosi.

U bilan suhbatimiz tibbiyot sohasini nega tanlagan, ilmiy ishi, sohadagi muammolar va shu kabi boshqa mavzularda kechdi.

Tibbiy kitoblarni o‘rganib borish menga yoqar edi

Aynan tibbiyot sohasini tanlashimda, birinchi navbatda, oilam sababchi. Chunki men shifokorlar oilasida tug‘ilganman. Aniqroq aytadigan bo‘lsam, men 3-avloddagi shifokor-dermatovenerologman.

Bobom Matlabxo‘ja Abidov yurtimizda «Dermatovenerologiya» (Teri-tanosil kasalliklar) xizmati asoschilaridan biri. Uzoq yillar Dermatologiya va venerologiya ilmiy tekshirish instituti direktori sifatida faoliyat yuritish bilan birga, ko‘plab shogirdlarni tarbiyalagan. Qolaversa, ularning Respublika ixtisoslashtirilgan dermatovenerologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining barpo etilishida xizmatlari katta. Bugungi kunda ushbu muassasada bobomga bag‘ishlangan byust o‘rnatilgan. Har doim mazkur markaz binosida bo‘lganimda bobomning byustiga havas bilan qarab, men ham ularga o‘xshab yurishni niyat qilaman.

Otam Alisher Abidov ham shifokor-dermatovenerolog. Bugungi kunda Toshkent pediatriya tibbiyot institutida bo‘lajak shifokor-dermatovenerologlarni tayyorlashda hamda davolovchi shifokor sifatida xalqimizga xizmat qilib kelmoqda.

Umuman uydagi muhit ham tanlovimga ta’sir ko‘rsatgan deb uylayman. Uydagi katta kutubxonamizning katta qismini tibbiy va ilmiy adabiyotlar egallaydi. Men esa bolaligimdan kitoblarga qiziqqanman. Nafaqat badiiy, balki tibbiy kitoblarni o‘rganib borish menga yoqar edi. Shu o‘rinda men bobom va dadamning kitoblarini o‘qib kasalliklarni o‘rganib borardim.

Yana bir voqea ham hech yodimdan chiqmaydi. Maktabda 7-sinfda o‘qib yurgan kezlarim, bir kun otamning ishxonasiga borganman va u yerda otam bemorlarga maslahat berishlarini, davolash muolajalarni o‘tkazishlarini ko‘rib havasim kelgan. So‘ng men tibbiyot sohasini tanlashimga ta’sir qilgan eng asosiy va kuchli holat ro‘y bergan. Ya’ni bir bemor davosini topib o‘z shifokoriga, ya’ni dadamga samimiy minnatdorchilik bildirgandi. Shifo topgan bemorning buvisi qo‘lini ochib duo qilgan. Ushbu holatni ko‘rib men ham odamlar dardiga malham bo‘lib, ularni davolab, duolarini olish istagida bo‘ldim. Aynan shundan so‘ng men aniq shifokor bo‘lishga qat’iy qaror qildim.

Teri leyshmaniozi kasalligining klinik xususiyatlarini o‘rganyapman

Bakalavriatning 6-bosqichida tahsil olayotganimda 2017/2018-o‘quv yili uchun Ibn Sino nomidagi Davlat stipendiyasi sohibi bo‘ldim. So‘ng Toshkent pediatriya tibbiyot institutining «Dermatovenerologiya» yo‘nalishi magistratur bosqichiga davlat granti asosida qabul qilindim va o‘z ilmiy ishimni davom ettirishga muvaffaq bo‘ldim.

Ilmiy ishim to‘g‘risida aytadigan bo‘lsam, magistrlik ishim mavzusi «Osobennosti klinicheskogo techeniya i optimizatsiya terapii kojnogo leyshmanioza s uchyotom endogennoy intoksikatsii u bolnix», ya’ni bemorlarda endogen intoksikatsiyani e’tiborga olgan holda teri leyshmaniozi kasalligining klinik xususiyatlarini o‘rganish va davolash usullarini takomillashtirishdan iborat. Magistrlik ishimning asosiy maqsadi: mamlakatimizda teri leyshmaniozi kasalligi bilan xastalangan bemorlarni o‘rganish, kassalikni erta tashxislash, yangi diagnostik indeksi yordamida kasallikning og‘irlik darajasini tezroq aniqlash orqali vaqt sarfini kamaytirish, yangi davollash usullarini qo‘llash va davolash samaradorligini oshirishdir.

Masalan, biz mamlakatimizda teri leyshmaniozi kasalligi bo‘yicha endemik hududlarda – Jizzax, Buxoro va Toshkent viloyatlarida o‘z ilmiy ishimizni olib bordik. Biz tomondan taklif etilgan indeks orqali bemorlarda og‘irlik darajasini aniqlashda va kassalik kechayotgan davrida bemor organizmidagi endogen intoksikatsiya jarayoni bilan o‘zaro bog‘liqligini o‘rganishda foydalandik va yaxshi natijalarga erishdik. Bundan tashqari, og‘irlik darajasini qisqa vaqt ichida aniqlab uning organizmdagi ichki zararlanish bilan bog‘liqligini o‘rganganimizdan so‘ng biz bemorlarni davolashda kompleks yondashuvga asoslangan holda yangi davolash usullarini qo‘lladik va bu ham samarali bo‘ldi.

Shuningdek, ilmiy ishim davomida dunyo tan olgan ilmiy jurnallar, shu jumladan, Scopus ilmiy ma’lumotlar bazasi ro‘yxatidagi jurnallarda va xalqaro konferensiyalarda 150 dan ziyod maqola va ilmiy ishlarimizni hamda o‘quv-qo‘llanmamizni chop etdik. Shu bilan birgalikda biz yaratib taklif etgan teri leyshmaniozi kasalligi og‘irlik darajasini aniqlovchi yangi «CLASI» deb nomlangan indeks uchun mualliflik patentiga ega bo‘ldik. Bundan tashqari, ilmiy ishim natijalari to‘g‘risida turli xalqaro anjumanlarda, shu jumladan, Rossiya va Qozog‘iston davlatlaridagi ilmiy anjumanlarda ma’ruza qildim.

Bugungi kunda men magistraturaning 3-bosqich talabasiman va ushbu bosqichdagi samarali faoliyatim natijasida men 2020/2021-o‘quv yili uchun Prezident stipendiyasi sohibi bo‘ldim. Magistraturadan keyin o‘z ilmiy faoliyatimni keyingi bosqichlarda – tayanch doktorantura va doktoranturada davom ettirib PhD va doktorlik dissertatsiyamni himoya qilish maqsadim bor.

Tibbiyot sohasini raqamlashtirish orqali nafaqat mavjud kasalliklarni o‘z vaqtida davolash, balki ularning oldini olishga ham erishamiz.

Shu bilan birga, mamlakatimizning har bir sohasi kabi sog‘liqni saqlash sohasida ham inson resurslarini rivojlantirishga katta e’tibor qaratish lozim.

Kelajakdagi rejalarimni 3 ta yo‘nalishga ajratib olganman

To‘g‘risini aytsam, rejalarim ko‘p. Umuman olganda, men o‘zimning kelajakdagi rejalarimni 3 ta yo‘nalishga ajratib olganman.

Birinchisi — ilm-fan yo‘nalishi. Avvalo magistraturadagi o‘qishimni muvafaqqiyatli yakunlab olmoqchiman. Undan keyin esa yuqorida ta’kidlaganimdek, o‘z ilmiy faoliyatimni keyingi bosqichlarda davom ettirib, PhD va doktorlik dissertatsiyamni himoya qilmoqchiman. Bundan tashqari, albatta, dunyoning yetakchi tibbiy universitet va klinikalarida malaka oshirib tajriba orttirish niyatidaman.

Ikkinchisi – sohani tashkillashtirish yo‘nalishi. Ushbu o‘ynalishda men yurtimizda dermatovenerologiya sohasi va sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirishda faol qatnashishga va taraqqiyotiga o‘z hissamni qo‘shishga maqsad qilganman.

Oxirgi uchinchi yo‘nalishda esa men klinik jihatdan yetuk mutaxassis bo‘lib nafaqat mamlakatimizda, balki xorijiy mamlakatlarda ham yuqori talabga ega bo‘lgan shifokorlardan biri bo‘lish rejasini o‘z oldimga maqsad qilib qo‘yganman.

O‘ylaymanki, ushbu rejalarimni ro‘yobga chiqarish uchun menda barcha resurs va imkoniyatlar mavjud. Umid qilamanki, kelajakda sizlar bilan birgalikda erishilgan yutuqlarimizni yana tahlil qilish nasib qiladi.

Nurillo To‘xtasinov suhbatlashdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring