Eng bilimdonlar Germaniya Bundestagida malaka oshiradi
Toshkentda Germaniya Bundestagi ta’sis etgan Xalqaro parlament stipendiyasi g‘oliblarini aniqlash jarayoni ketmoqda. Nomzodlarni saralash uchun yurtimizga Bundestag deputati Kay Gering boshchiligida delegatsiya tashrif buyurgan.
«Xalqaro parlament stipendiyasi doirasida dunyoning 50 davlati vakillariga qariyb 120 ta stipendiya ajratiladi. Bundan 9 ta o‘rin Markaziy Osiyo vakillariga atalgan. O‘zbekiston nemis tilini o‘rganuvchilar soni bo‘yicha yuqori o‘rinlarda turadi. Ushbu dastur ana shunday til bilimdonlariga Germaniya qonunchilik idorasida bilim va malaka oshirish imkonini beradi», – deydi Bundestag deputati Kay Gering.
G‘oliblar 2025 yil 1 martdan 31 iyulga qadar Bundestagda amaliyot o‘taydi.
Tanlovda ishtirok etish talablari quyidagilardan iborat: O‘zbekiston fuqaroligi; tamomlangan oliy ta’lim; nemis tilini yuqori darajada bilish (minimal B2); bilim va fuqaroviy faollik; grant olish vaqtida 30 gacha bo‘lish.
Bundestag prezidenti homiyligida amalga oshiriladigan 5 oylik dastur yosh iqtidor egalariga nemis parlamenti tizimi bilan nazariy va amaliy jihatdan tanishish imkoniyatini beradi.
1986 yilda asos solingan Xalqaro parlament stipendiyasi (Internationales Parlaments-Stipendium des Deutschen Bundestages) dasturi o‘tgan yillar davomida ishtirokchi davlatlar ro‘yxatini kengaytirib bormoqda. Germaniya parlamenti faoliyati va qonun ijodkorligi tizimi bilan yaqindan tanishish, demokratik qadriyatlar va madaniy xilma-xillikni anglashni mustahkamlashga qaratilgan dastur ilmiy-amaliy seminarlar, qonunchilik idorasida amaliyot va boshqa maxsus tadbirlarni o‘z ichiga oladi.
Stipendiya g‘oliblari Berlindagi universitetlarning o‘quv tadbirlarida qatnashish imkonini ham qo‘lga kiritadi.
Yo‘lkira, turarjoy va tibbiy sug‘urta bilan bog‘liq barcha xarajatlar hamda oylik stipendiya Bundestag tomonidan qoplanadi.
Berlindagi Humboldt, Texnika va Erkin universitetlari bilan hamkorlikda amalga oshirilayotan dastur Germaniya va ishtirokchi davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan uzoq muddatli siyosiy sarmoya deb baholanadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter