Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

YeIning «Darya» loyihasi Markaziy Osiyoga qanday naf keltiradi?

YeIning «Darya» loyihasi Markaziy Osiyoga qanday naf keltiradi?

Elchi Sh.Adrian va deputat B.Bekmurodov.

Foto: Xabar.uz

Bugun, 17 noyabr kuni Samarqand shahrida Yevropa Ittifoqining Yoshlar harakat rejasi doirasida «Markaziy Osiyo yoshlari ovozi» forumi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda «Xabar.uz» muxbiri. Tadbir doirasida YeIning aynan navqironga avlod uchun «Darya» loyihasi ham taqdim etildi.

YuNICEF, Yevropa ta’lim jamg‘armasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan forumda mintaqaning besh davlati – Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, O‘zbekiston va Turkmaniston yoshlari raqamlashtirish, iqlim o‘zgarishi, gender tengligi,  ta’lim kabi masalalar bo‘yicha o‘zaro fikr almashdi.

«Yoshlar ertangi kunda muhim qarorlarni qabul qiluvchi qatlamdir. Shu bois ham biz yoshlarning siyosatni shakllantirish jarayonlarida ishtirok etish madaniyatini yuksaltirish tarafdorimiz. Bu borada ularning imkoniyatlardan teng foydalanishini ta’minlash talab etiladi. Ana shundagina Markaziy Osiyo o‘z salohiyatini to‘laqonli namoyon eta oladi», – dedi YeIning O‘zbekistondagi elchisi Sharlotta Adrian xonim.

Diplomat Markaziy Osiyo yoshlari uchun forum muntazam platformaga aylanishi muhimligini urg‘uladi.

Xalqaro ekspertlar yoshlarni «yashirin qahramonlar» deb atadi. Foto: Xabar.uz

«Yuksalish» umummilliy harakati raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Bobur Bekmurodov mintaqa favqulodda imkoniyatlarga ega ekani, ularning ro‘yobga chiqarish ko‘p jihatdan yoshlarga bog‘liq ekanini qayd etdi. Siyosatchiga ko‘ra, Markaziy Osiyo davlatlari aholisining o‘rtacha yoshi 28 ni tashkil etadi. Bu esa katta imkoniyat demakdir.

Forum davomida YeI moliyalashtiriladigan «Darya» loyihasining taqdimoti o‘tkazildi. Yevropa ta’lim jamg‘armasi tomonidan Markaziy Osiyo manfaatdor idoralari bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan loyiha mintaqada yoshlarning kasb-hunar ta’limi darajasini oshirishga xizmat qiladi. 

5 davlat yoshlari muammolar yuzasidan o‘z loyihalarini taqdim etdi. Foto: Xabar.uz

«Darya» – YeIning Markaziy Osiyoda kasb-hunar ta’limiga doir birinchi mintaqaviy tashabbusidir.  Loyiha 2022-2027 yillar mobaynida mintaqa davlatlarining kasb-hunar ta’limi, bandlikka mas’ul idoralari, tahlil markazlari va boshqa ijtimoiy institutlar bilan hamkorlikda amalga tatbiq etiladi. Ma’lumki, pandemiya davrida butun dunyoda bo‘lgani kabi Markaziy Osiyoda ham yoshlar kasb mahoratini oshirish borasida qiyinchiliklarga duch keldi. Qiymati 5 mln yevroni tashkil etgan loyiha doirasida yoshlarning mehnat bozoriga integratsiyasi va malaka oshirishiga alohida e’tibor qaratiladi», – deydi Yevropa ta’lim jamg‘armasi dastur koordinatori Franka Krestani «Xabar.uz» muxbiri bilan suhbatda.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil 28 oktyabr kuni Toshkentda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Yevropa kengashi rahbari Sharl Mishel uchrashuviida ham ta’lim sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish muhimligi ta’kidlangan. Jumladan, ikki yetakchi kasbiy ta’lim bo‘yicha «Darya» loyihaci amalga oshirilishini olqishlagan.

YeIning 2019 yilda qabul qilingan Markaziy Osiyoga doir yangi strategiyasida ham ko‘plab sohalar qatori ta’lim va inklyuziv barqarorlik yo‘nalishidagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring