Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

DTM turli bahslarni keltirib chiqargan 19-avgustdagi test sinovi sabablarini ochiqladi

DTM turli bahslarni keltirib chiqargan 19-avgustdagi test sinovi sabablarini ochiqladi

Foto: xabar.uz

Ma’lumki, 2019/2020-o‘quv yili uchun abituriyentlarni ro‘yxatdan o‘tkazish yangicha tartibda, abituriyentlardan hech qanday hujjat olib qolinmagan holda «onlayn» tarzda 15-iyundan 15-iyulgacha amalga oshirildi, deyiladi DTM matbuot xizmati xabarida.

Mazkur jarayonga Davlat xizmatlari markazlaridan va oliy ta’lim muassasalaridan 4 500 nafardan ortiq operatorlar (faqatgina operatorlarning o‘zi shuncha) jalb etildi. Bundan tashqari abituriyentlar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portal orqali ham ro‘yxatdan o‘tdi.

20-iyuldan abituriyentlarga test sinovlarida qatnashish uchun ruxsatnomalarni Davlat test markazining rasmiy veb-saytidan «onlayn» olish imkoniyati yo‘lga qo‘yildi.

Ruxsatnomalarini olish davrida abituriyentlarni ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonida mas’ul xodimlar tomonidan ba’zi xatoliklarga yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi. Jumladan:

  • Ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlarni bazadan o‘chirib yuborilganligi;
  • Chet el fuqarosi bo‘lmagan abituriyentlarni chet el fuqarosi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilganligi (chet el fuqarolari suhbat asosida OTMlarga qabul qilinadi);
  • «Brayl» alifbosida imtihon topshira olmaydigan yoki sog‘lom bo‘lgan abituriyentlarning ko‘zi ojiz sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilganligi kabi xatoliklar.

Shu munosabat bilan Davlat test markazi abituriyentlar manfaatlarini himoya qilgan holda, Davlat komissiyasiga xatoliklarni bartaraf etish bo‘yicha xat bilan murojaat qilgan.

Davlat komissiyasining 17-avgustdagi 14/1-2100-son yozma ko‘rsatmasiga asosan texnik xatolik bo‘lgan tegishli abituriyentlar uchun videokuzatuv nazoratida shaffoflik ta’minlangan holda 2019-yil 19-avgust kuni soat 14:00 da Davlat test markazida test sinovlari o‘tkazildi.

Test sinovlarida 50 nafar abituriyent ishtirok etishi belgilangan bo‘lib, ulardan 39 nafari test sinovlarida ishtirok etdi, 11 nafari esa test sinovlariga kelmadi.

Mazkur abituriyentlarning natijalari hisoblanganda eng yuqori ball 117 ballni, eng past ball esa 34,5 ballni tashkil etdi.

Ulardan ikki nafari nogironligi bor shaxs bo‘lganligi uchun, imtiyoz bo‘yicha ikki foizlik qo‘shimcha kvota doirasida biri 65,8 ball bilan O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetiga, ikkinchisi 62,9 ball bilan Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika institutiga talabalikka tavsiya etildi. Qolgan 37 nafari esa yetarli ball to‘play olmadi.

Ko‘rinib turibdiki, joriy yil 19-avgust kuni Davlat test markazida test sinovi topshirishi belgilangan 50 nafar abituriyent, turli ijtimoiy tarmoqlarda yozilayotganidek, kimningdir tanishi yoki korrupsiya aralashgan alohida guruh emas, texnik xatolik tufayli belgilangan sanalarda test sinovida ishtirok eta olmagan, toifasi o‘zgargan abituriyentlardir. Test sinovlarida ishtirok eta olmaganligi yoki toifasi o‘zgarganligida ushbu abituriyentlarning aybi yo‘qligi inobatga olinib, ularning qonuniy huquqi himoya qilindi va davlatimiz tomonidan imkoniyat yaratildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring