Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

DTM abituriyentlardan yig‘ilgan pullar miqdori va ularning sarfi yuzasidan hisob beradi

DTM abituriyentlardan yig‘ilgan pullar miqdori va ularning sarfi yuzasidan hisob beradi

Foto:«Xabar.uz»

O‘zbekistonda oliy o‘quv yurtlariga ikkinchi marta va undan ko‘p topshiradigan abituriyentlardan EKIHning bir baravari miqdorida pul yig‘ilishi masalasi qizg‘in munozaralarga sabab bo‘ldi. Bu pullarning nimalarga sarflanishi  haqida ham ma’lumotlar berildi.

Shuningdek, DTM imtihonlar o‘tgach, abituriyentlardan yig‘ilgan summa miqdori va ularning qanday xarajatlarga sarflangani yuzasidan hisobotlarni o‘z saytida e’lon qilib boradi. Bu haqda markaz direktori Majid Karimov ma’lum qildi.

Ushbu o‘quv yilida O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlariga 1 million 300 ming atrofida abituriyent hujjat topshirish kutilyapti. Ulardan 700 mingdan oshig‘i, ya’ni umumiy o‘rta ta’lim maktablari, akademik litsey va kollej o‘quvchilari bo‘lib, ular to‘lovdan ozod etilgan. Qolgan 500 mingdan ziyod talabgordan yig‘ilgan pullar asosan imtihonni shaffof o‘tkazish uchun turli qurilmalarga, texnikalarga, kuzatuvchilar va ularga sharoit yaratib berish, boshqa xarajatlarga sarflanadi. To‘lovdan ozod etiladigan kam ta’minlanganlarni qo‘shmasa, taxminan 40 milliard so‘m yig‘ilishi mumkin.

DTM rasmiy vakili ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan yilgi imtihonlarda texnikalarga 10 milliard, kuzatuvchi xodimlarga 2 milliard so‘m mablag‘ sarflangan. Shuningdek, bu yil kuzatuvchilar soni o‘tgan yilgi 5 mingdan 10 ming nafarga ko‘paytirilishi bildirildi. Kuzatuvchilar uchun maxsus seminarlar, kurslar tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.

Ko‘plab munozaralarga sabab bo‘layotgan testni ikki bo‘limga ajratib, 5 ta fan asosida imtihon qilish esa kelasi o‘quv yilidan yo‘lga qo‘yilishi aytildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring