Bu yil OTMga test sinovlari muddatlari o‘zgardimi?
Bugun AOKA anjumanlar zalida ta’lim sohasiga oid eng so‘nggi yangiliklar yuzasidan onlayn-brifing bo‘lib o‘tdi. Unda Davlat test markazi direktori Majid Karimov muhim savol va murojaatlarga javob qaytardi.
– Bu yil OTMga test sinovlari muddatlari o‘zgardimi?
– Yo‘q. Kirish test sinovlari iyul-avgust oylarida o‘tkazilishi belgilangan.
Test sinovi o‘tkaziladigan binolar hududida sanitariya-gigiyena talablariga qat’iy rioya qilinadi.
– Bu yildan test sinovlari 5 ta fandan o‘tkazilishi e’lon qilingan edi, karantin munosabati bilan o‘zgartirishlar bormi?
– Test sinovlarini soddalashtirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqilmoqda.
Bu masalada qabul qilingan qarorlar tez kunlarda Davlat test markazining saytida va ommaviy axborot vositalarda ham e’lon qilinadi.
– Bu yili abituriyentlarni ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoni qanday bo‘ladi?
– Bu borada ushbu tartiblar ko‘rib chiqilmoqda:
- ro‘yxatga olishda kiritiladigan ma’lumotlarni kamaytirish;
- abituriyentlarni ro‘yxatdan o‘tkazishni Davlat xizmatlari markazlari;
- Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali, Davlat test markazining rasmiy veb-sayti orqali onlayn rejimda amalga oshirish;
- abituriyentga uyidan chiqmagan holda mobil telefon (kompyuter) yordamida ro‘yxatdan o‘tish imkoniyatini yaratish.
– Harbiy tavsiyanomalardan bu yil ham foydalansa bo‘ladimi?
– Tavsiyanomalar ular berilgan sanadan boshlab, uch yil mobaynida amal qiladi.
– Test topshiriqlari qanday soddalashtiriladi?
– Har bir variantda qo‘llaniladigan birinchi qiyinlik darajasidagi test topshiriqlari soni o‘rtacha 10 tagacha yetkazilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter