Bir yoshli ukasini olib, maktabga borgan bola internetda mashhur bo‘lib ketdi
![Bir yoshli ukasini olib, maktabga borgan bola internetda mashhur bo‘lib ketdi](https://static.xabaruz.com/crop/1/7/720_460_95_1704571808.jpg)
Tadqiqotlarga ko‘ra, Filippindagi har ikkinchi oila o‘zini kambag‘al deb hisoblaydi. Ushbu holat kattalardan har doim tirikchilik bilan ovora bo‘lishni, bolalardan esa kattalarga xos ba’zi mas’uliyatli ishlarni bo‘yinga olishni talab etadi.
7 yashar filippinlik Jastin ham bir yoshli ukasini maktabga olib kelib, shu yerda unga g‘amxo‘rlik qilishga majbur bo‘ldi. Uning maktab partasida ukasi bilan olingan surati internet foydalanuvchilarini hayajonga soldi.
Mazkur surat «Facebook»ning Filippindagi boshlang‘ich ta’limni qo‘llab-quvvatlash sahifasida paydo bo‘ldi. Suratni o‘qituvchi ayol olgan. Kichik Jastin ukasini ushlagancha darslarda qatnashgan. Ma’lum bo‘lishicha, bolakay ertalabdan kechgacha fermada ishlaydigan buvisi bilan yashaydi. Keksa ayol ish vaqtida chaqaloqqa g‘amxo‘rlik qila olmasligi sababli bu mas’uliyat yetti yashar Jastinning zimmasiga tushgan.
Albatta, Jastin shunchaki uyda o‘tirib, ukasiga qarashi mumkin edi, ammo u darslarga qatnashishni juda istagan va ukasini maktabga olib borgan. Yosh o‘quvchining bir qo‘lida yoza turib, ikkinchi qo‘lida ukasini ushlab turgan surati tez orada internet tarmog‘ida mashhur bo‘lib ketdi.
Ko‘pchilikni bolaning holati hayratga solgan bo‘lsa, unga achinadiganlar ham topildi. Ammo deyarli barcha Jastinning kelajagi porloq bo‘lishiga umid qiladi. Chunki qiyinchiliklar o‘tkinchi, bilim va muhabbat abadiy boylikdir.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter