Barchaga bir xil stipendiya yoxud xonliklar davrida talabalar qanday ta’minlangan?
Lotincha «stipendium» — «to‘lov» ma’nosini anglatuvchi so‘z bugun barchaning qulog‘iga tanish. O‘zbek tilida ommalashgunga qadar uning o‘rnida nafaqa so‘zidan foydalanilgan.
Hozirda oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlarining kunduzgi bo‘limlari talaba va o‘quvchilariga, doktorantlarga, maxsus kurslarning tinglovchilariga har oyda berib turiladigan bu turdagi haq, maosh ijtimoiy hayotimizga yaqinda kirib kelgandek. Aslida ham shundaymi? Albatta, yo‘q.
Musulmonlarning o‘rta va oliy o‘quv yurti hisoblangan madrasalar hozirgi universitetlarning o‘tmishdoshi ekani barchaga ma’lum. Nomi arab tilidagi darasa – o‘rganmoq so‘zidan olingan madrasalarda ming yillar davomida milliy ziyolilar tayyorlangan. Madrasa talabalari esa mullavachchalar deb atalgan.
Madrasa muassislari uni ta’minlash uchun maxsus mol-mulk – vaqf ajratishgan. Aynan ushbu mulklardan olingan foyda talabalar uchun nafaqa – stipendiya to‘lashga ham sarflangan. Quyida tariximizning XVIII–XX asrlarida stipendiyalar bilan bog‘liq ayrim jihatlarga e’tibor qaratsak.
AMIR OLIMXON TALABALARNI TA’MINLAB TURGAN
XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Buxoro amirligi madrasalarida talabalarga beriladigan ta’minot – nafaqa miqdori madrasaning vaqf mulki daromadiga bog‘liq bo‘lgan. Shuning uchun ham u turli madrasalarda turlicha miqdorda to‘langan.
Amirlik madrasalarida faqat nafaqa – stipendiya bilan cheklanmasdan talabalarga o‘qish uchun ma’lum darajada minimal sharoit ham yaratilgan: hujralarda o‘qish va yozish uchun sham, yerga to‘shash uchun bo‘yra (tozalangan qamish cho‘pidan to‘qilgan to‘shama) berilgan. Hattoki qish kunlarida tahorat qilish uchun hammomlardan issiq suv keltirilgan.
Madrasa talabalari uchun hayit bayramlarida katta ziyofat berilgan, Ramazon oyida esa ularga kuchli kaloriyaga ega ovqatlar berib turilgan. Bundan tashqari, talabalar o‘zlarining sarf-xarajatlari uchun madrasaga biriktirilgan vaqf mulki daromadlaridan ishlatishlari ham mumkin bo‘lgan. Biroq buni vaqfnoma (hujjat)da qayd etish shart bo‘lgan.
Moddiy jihatdan ta’minlangan oilalarning farzandlari chetdan mablag‘ olmasdan tahsil olishgan. Tarixchi Feruza Bobojonovaning qayd etishicha, madrasaning ba’zi talabalari amir hukumati stipendiyasi bilan ham ta’minlangan. Buxoroning so‘nggi amiri Said Olimxon (hukmronligi: 1910–1920 yillar) o‘zi qurdirgan madrasa talabalarini moddiy jihatdan ta’minlab turgan.
TO‘LOV-ShARTNOMA BO‘LMAGAN
O‘z tadqiqot ishida Feruza Bobojonova, shuningdek, Buxoro amirligi madrasalarida tahsil olgan talabalarning to‘rt manba asosida kun kechirganini ta’kidlaydi: birinchi – vaqf daromadi hisobidan; ikkinchi – yoz oylarida o‘zining o‘qituvchilik faoliyati hisobidan; uchinchi – otasining mol-mulki hisobidan; to‘rtinchi manba esa davlat ta’minoti – stipendiya hisobidan.
Bu o‘rinda amirlik madrasalaridagi iqtidorli talabalar ham e’tibordan chetda qolmagan. Madrasadagi fanlarni o‘zlashtirishda, shuningdek, ta’lim-tarbiyada o‘zini ko‘rsatgan talabalarga davlat stipendiyalari to‘langan. Bunday stipendiya – dahyak, ya’ni o‘ndan bir deb atalgan. Unga sazovor bo‘lgan stipendiatlarni esa dahyakxo‘rlar deyishgan.
Ushbu stipendiya o‘z-o‘zidan berilmagan. Uning sohibiga aylanish uchun da’vogarlar maxsus imtihondan o‘tishgan. Dahyak olish uchun arab tili va shariat qoidalaridan imtihon topshirilgan. Uning natijalari esa shaxsan amirga taqdim etilgan.
Buni qarangki, Buxoro amirligidagi madrasa talabalari o‘qish uchun, hujralarda yashash uchun, kutubxona kitoblaridan foydalanish uchun pul to‘lashmagan. Bularning barchasi talabalar uchun tekin bo‘lib, madrasaga ajratilgan vaqf hisobidan amalga oshirilgan.
STIPENDIYa OLIShDAN MAHRUM ETILGANLAR
Manbalarda qayd etilishicha, 1776 yilda Buxoro amirligida bunyod etilgan 28 hujrali G‘oziyon madrasasida talabaning darslarni o‘zlashtirish sohasida ta’lim dasturining bajarilmay qolgan qismi aniqlanib turilgan. Ushbu holatda Buxoro amirligi talabalariga qanday jazo qo‘llangan?
Bunday talabalarning o‘qish natijalari qoniqarsiz deb baholangan. Hattoki ular madrasa hujrasida yashash huquqidan mahrum etilgan hamda ularga nafaqa – stipendiya berish to‘xtatilgan.
Bu kabi holat boshqa madrasalarda ham bo‘lgan. Yana bir jazo chorasi sifatida agar talaba bir hafta davomida darslarga uzrli sabablarsiz qatnashmasa, uning nafaqasi tegishli miqdorda kamaytirilgan. Yanada qat’iy choralar ham bo‘lgan. Basharti talaba madrasaga olti oy davomida kelmasa, u nafaqa olish huquqidan butunlay mahrum etilgan.
Ko‘rinib turganidek, bu holatda jazolar asosan moddiy usulda qo‘llanilgan. Manbalarda gunohkorlarga moddiy jazo bilan birga kerakli o‘rinlarda ma’muriy jazo choralari qo‘llanilgani haqida ham ma’lumotlar uchraydi.
QO‘QON XONLIGIDA TALABALAR TA’MINOTI
Qo‘qon xonligining poytaxtida 1842 yilgi ma’lumotlarga ko‘ra 15 ta madrasa mavjud bo‘lgan. Qo‘qon xoni Muhammad Alixon (hukmronligi: 1821–1842)ning vaziri Mahmud dasturxonchi tomonidan 1839–1840 yillarda Andijonda qurilgan madrasaning o‘zi sug‘oriladigan 384 gektar yerga egalik qilgan. Uning tarkibidagi 25 ta hujrada madrasa ta’limi olib borilgan.
Bu yerda vaqf mulklaridan, ayniqsa, yerlardan tushgan daromad katta bo‘lgani uchun madrasa mudarrisi, boshqa xizmatchilar nisbatan yuqori miqdorda maosh olgan, talabalarning nafaqasi – stipendiyasi ham katta bo‘lgan. Bu – madrasa xodimlari, talabalarning moddiy jihatdan yaxshi ta’minlanishi, qo‘shimcha daromad izlamasdan, o‘qishni yaxshi tashkil qilishi imkonini bergan.
Qo‘qondagi Norbo‘taxon madrasasiga 19 ta savdo do‘koni va bitta karvonsaroy vaqf qilingan. 57 hujradan iborat mazkur madrasada 120 ga yaqin kishi tahsil olib, ularga yetti nafar mudarris saboq bergan. XIX asrda madrasadagi yuqori bosqich talabalari 16 rubl, o‘rta bosqich talabalari 8 rubl, quyi bosqich talabalari esa 4 rubldan stipendiya olganliklari arxiv hujjatlarida qayd etilgan.
XIVA XONLIGIDA TALABAGA G‘ALLA BERILGAN
Sovet davridagi tadqiqotlarda madrasalarda tahsil olish pullik edi, kambag‘al kishilarning bolalari savodsiz bo‘lib qolib ketishardi, degan ma’lumotlar ko‘p uchraydi. Bu qanchalik haqiqatga yaqin? Aslida ham shunday bo‘lganmi?
Bugungi kundagi tadqiqotlar buning aksini ko‘rsatmoqda. A. Abdurasulovning ma’lumotlariga ko‘ra, madrasalardagi aksari talabalarga hatto nafaqa – stipendiya ham to‘langan, ya’ni g‘alla taqsimlab berilgan. Xiva xonligidagi madrasa talabalariga berilgan mazkur g‘alla ham qo‘shni davlatlardagi kabi vaqf yerlari hisobidan berilgan.
BARChAGA BIR XIL STIPENDIYa
Yuqoridagilardan ayon bo‘ladiki, O‘rta Osiyoda Rossiya imperiyasi bosqiniga qadar madrasa talabalariga sezilarli miqdordagi mablag‘lar to‘langan. Biroq 1865 yildan so‘ng nafaqalar – stipendiyalar yillik 3–4 rublga tushib qoldi.
Bu shunchalik kam ediki, o‘sh paytda hatto mahbuslarni saqlab turish uchun ajratilgan mablag‘dan-da ortda qolardi. Shuning uchun ham mustamlakachilik davrida madrasalarda musulmon ilmini o‘rganishni istovchilar tobora kamayib bordi.
Madrasa ta’limidagi o‘zgarishlar bu bilan to‘xtab qolmadi, balki o‘zgarishda davom etdi. XX asrning 20 yillariga kelib, madrasaning barcha xizmatchilari belgilangan miqdorda har oy vaqf mablag‘idan xizmat haqi olib, maosh olganiga imzo chekishi shart bo‘ldi.
Mullavachchalar – talabalarning barchasi o‘qish bosqichi qanday bo‘lishidan qat’i nazar, bir xil taqsimlanadigan nafaqa – stipendiya hisobidan umumiy qozondan oziq-ovqat, kiyim-kechak bilan ta’minlanadigan bo‘ldi. Faqat nafaqa – stipendiyaning qoldig‘i (agar yuqorida keltirilganlardan ortib qolsa) talabaning qo‘liga berilardi, xolos.
ShU O‘RINDA MA’LUMOT
Stipendiyalar umumiy o‘rta ta’lim o‘quv yurtlari – gimnaziyalarda ham berilgan. 1876 yili Toshkentda o‘g‘il va qiz bolalar uchun rus progimnaziyalari (to‘liqsiz gimnaziyalar) ochilib, ular 1881 yilda gimnaziyaga aylantirildi.
1882–1883-o‘quv yilida Toshkent o‘g‘il bolalar gimnaziyasida a’lochi o‘quvchilarga Pedagogik kengash tomonidan moddiy ko‘mak berish tizimi joriy etildi.
Rossiya imperatori Aleksandr II (hukmronligi: 1851–1881)ning 1868 yil 13 mart va 26 dekabrdagi qarorlariga asosan, 1885 yili Toshkent qizlar gimnaziyasi o‘quvchilaridan 10 nafari maxsus stipendiya oladigan va 15 nafari esa ikkinchi yilga o‘qish uchun to‘lanadigan haqlardan ozod etiladigan bo‘ldi.
O‘rta maxsus o‘quv yurtlarining bir turi bo‘lgan seminariyalarda ham stipendiya berilgan. 1879 yilda Toshkentda tashkil etilgan Turkiston o‘qituvchilar seminariyasi o‘quvchilari uchun davlat, xususiy va jamoat stipendiyalari joriy etilgan.
Imperator Aleksandr II nomidagi stipendiya, general-adyutant Aleksey Nikolayevich Kuropatkin nomidagi stipendiyalar shular jumlasidan. Ular 190 rubl miqdorida to‘langan.
KO‘MAK UChUN BERILGAN STIPENDIYaLAR
1902 yil 12 mayda Toshkentda tuzilgan «Yordam» musulmon jamiyati o‘rta va oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olishni davom ettirayotgan talabalarga stipendiyalar ta’sis etish ishlarini ham amalga oshirgan. Unga faqat erkaklar a’zo bo‘lsa-da, islomdan boshqa din vakillari ham kiritilgan.
1923 yil turkistonlik jadidlarning «Ko‘mak» tashkiloti orqali 13 nafar yoshlar Germaniyaga o‘qishga yuborilgan. Ular orasida birinchi o‘zbek qizi Xayriniso Majitxonova ham bor edi. Germaniyada tahsil olayotgan turkistonlik talabalar Turkiston Respublikasi Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi tomonidan stipendiya bilan ta’minlangan.
1936 yilda ochilgan Toshkent Davlat Konservatoriyasining dastlabki o‘quv yilida 64 nafar talaba tahsil oldi. Birinchi yildayoq ularning 20 nafariga 107 rubldan stipendiya berildi.
Sovet hukmronligi davrida ko‘plab yillar davomida stipendiyalar oshirilmasdan kelindi. U ikkinchi darajali masalalar qatoridan joy oldi. Mamlakat daromadi o‘sib borgan bo‘lsa-da, stipendiyalar miqdorlari ko‘p hollarda o‘zgarishsiz qoldirildi.
XULOSA O‘RNIDA
Tarixchi olim Abu Bakr Narshaxiy (yashagan yillari: 899–959)ning «Buxoro tarixi» asarida 937 yilgi yong‘inda zarar ko‘rgani tilga olingan «Farjak» madrasasi O‘rta Osiyodagi dastlabki madrasalardan biri hisoblanadi. Demak, yurtimiz oliy ta’limining tarixi ming yillarga borib taqaladi.
Garchi mazkur madrasalar Yevropada keyinchalik urfga aylangan universitet nomi bilan atalmagan, ularda asosan diniy bilimlar berilgan bo‘lsa-da, uni bitirganlar oliy ma’lumotli maqomga ega bo‘lganlar. Ularning xon madrasalari, eshon madrasalari, xususiy madrasalar kabi turlari bo‘lgan.
Madrasalar moddiy ta’minotini kuchaytirish maqsadida uning muassislari bunday muassasaga maxsus mulk – vaqf ajratishgani ko‘plab madrasalarning moddiy jihatdan yuksalishiga sabab bo‘lgan. Natijada unda tahsil oluvchilar – mullavachchalar uchun ham yetarlicha sharoitlar yaratilgan.
Yuqorida Buxoro amirligi misolida vaqf yerlaridan olingan daromadning talabalarga stipendiya tarzida berilgani, bu kabi tizim unga yondosh Xiva va Qo‘qon xonliklarida ham mavjud bo‘lgani haqida so‘z yuritildi. Ha, o‘rta asr talabalari ham o‘z iqtidorlariga yarasha stipendiya olishgan.
Mazkur nafaqalar talabalarning ilmdan boshqa narsa haqida bosh qotirmasliklarini ta’minlagan. O‘ziga xos rag‘bat va e’tirof vazifasini bajargan. Yuqoriroq stipendiya olish ilinjidagi talabalar o‘z ustida yanada kuchliroq ishlaganlar.
Alisher EGAMBERDIYeV,
O‘zbekiston Milliy universiteti talabasi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter