Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«AKFA Medline» Toshkentda xorijiy universitet filialini ochish bo‘yicha muzokalar olib bormoqda

«AKFA Medline» Toshkentda xorijiy universitet filialini ochish bo‘yicha muzokalar olib bormoqda

Foto: «AKFA Medline»

Davlatimiz rahbarining 2017 yil 29 dekabrdagi «Xususiy tibbiyot tashkilotlarini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha shart-sharoitlarni yaratish to‘g‘risida»gi PQ-3450-son qaroriga muvofiq, «AKFA Medline» ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi vakillari Janubiy Koreyadagi yetakchi oliygohlardan biri hisoblangan Inha universitetining gospitali rahbariyati bilan muzokaralar olib bordi. Toshkentga tashrifi davomida mazkur tibbiyot muassasasi prezidenti Kim Yung Mo boshchiligidagi delegatsiya 21 iyun kuni «AKFA Medline» tibbiyot markazi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

«Toshkentga ikkinchi bor kelishim. So‘nggi bor tashrif buyurgan vaqtimdan beri Toshkentda ko‘plab o‘zgarishlar amalga oshirilibdi. Mazkur yoqimli, sokin shaharda ajoyib muhitga guvoh bo‘lish mumkin. Tashrifimizdan asosiy maqsad «AKFA Medline» bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish: «AKFA Group» va universitetimiz tibbiyotga ixtisoslashgan yangi xususiy oliygoh barpo etishni rejalashtirgan», - deya takidladi Inha universiteti gospitali prezidenti Kim Yung Mo.

Oliy o‘quv yurti rahbari «AKFA Medline»da aholi salomatligini tiklash, mustahkamlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi. Koreya delegatsiyasi vakillari tibbiyot markazining malakali mutaxassislari bilan uchrashib, o‘zaro fikr almashishdi.

«Mazkur klinika meni juda zamonaviyligi, ozodaligi bilan hayron qoldirdi. Ushbu tibbiyot markazida ish puxta yo‘lga qo‘yilgan. Umid qilamanki, tomonlar o‘rtasidagi hamkorlik muvaffaqiyatli bo‘ladi. Kelajakda almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish ham nazarda tutilgan. Hozirda mazkur masala yuzasidan muhokama olib boryapmiz», - deya qo‘shimcha qildi Kim Yung Mo.

Kunning ikkinchi yarmida «AKFA Medline» tibbiyot markazi va Inha universiteti gospitali o‘rtasida kelishuv imzolandi. Unga ko‘ra, Janubiy Koreya tomonining yangi o‘quv muassasasini zarur barcha o‘quv darsliklar va dasturlar bilan ta’minlashi, unga tibbiyot yo‘nalishida universitet ochish bo‘yicha Inha universiteti gospitalidan maslahatchi yuborishi va professorlarni jalb etishga ko‘maklashishi belgilandi. Shu bilan birga, Koreya delegatsiyasi bilan «AKFA Medline» qoshidagi Malaka oshirish markazi faoliyati bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama etildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring