Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Adliya vazirligi: «Maktablarda huquqiy fanlardan o‘tilayotgan darsliklar qoniqarsiz»

Adliya vazirligi: «Maktablarda huquqiy fanlardan o‘tilayotgan darsliklar qoniqarsiz»

Foto: «Xabar.uz»

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan maktab, akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida o‘tilayotgan huquqiy fanlarning o‘quv dasturlari hamda darslik sifatida tavsiya etilgan 2014-yilda chop etilgan 8-sinflarga mo‘ljallangan “O‘zbekiston davlati va huquqi asoslari”, 2014-yilda chop etilgan 9-sinf uchun “Konstitutsiyaviy huquq asoslari”, 2017-yilda chop etilgan 10-sinflarga mo‘ljallangan  “Davlat va huquq asoslari” va shu nomdagi 2018-yilda chop etilgan 11-sinf o‘quvchilari uchun adabiyotlarining mazmuni huquqiy ta’limga qo‘yilayotgan talablar asosida o‘rganildi.

O‘rganish natijalariga ko‘ra, darsliklarda davlat va huquq masalalari, huquqiy tushuncha va atamalarga oid ma’lumotlar murakkab tilda yozilganligi, o‘quvchilarning eslab qolish qobiliyati, tafakkuri, yoshi va psixofiziologik xususiyatlari e’tiborga olinmaganligi kabi salbiy holatlar aniqlandi. Masalan, 8-sinf darsligining 25-mavzusi “Ichki ishlar va adliya vazirligi. Notarial idoralar va advokatura” masalasiga bag‘ishlangan bo‘lib, unda “Oliy yuridik ma’lumotli va belgilangan tartibda advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqini beruvchi litsenziya (ruxsatnoma)ni olgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi O‘zbekiston Respublikasida advokatlik faoliyatini amalga oshirish huquqiga ega. Advokatlik ruxsatnomasini olish uchun malaka komissiyasi imtihonini topshirish shart” (144-bet) tushunchasi berilgan. U rasmiy yuridik qoida bo‘lib, maktab o‘quvchisi uchun tushunarsiz hisoblanadi.

Shu bilan birga, 9-sinf darsligida ayrim mavzular o‘zbek adabiy til qoidalariga rioya etmagan holda: “Barcha davlat organlari o‘z aktlarining” (9-bet), “demokratiya va ijtimoiy adolat ideallarini tan olish” (18-bet), “normativ-huquqiy akt”(20 bet) jumlalari qo‘llanilgan. Shuningdek, ayrim mavzulardagi “Huquqiy idealizm va huquqiy nigilizm” (14-bet), “majoritar” va “proporsional” (157-bet) atamalarining mazmun-mohiyati o‘quvchi uchun ochib berilmagan.

10-sinf darsligida esa, “O‘zbekiston Respublikasi – xalqaro huquq sub’yekti” masalasiga bag‘ishlangan 1-bo‘limida umumiy mazmunga to‘g‘ri kelmaydigan: “1-§. Huquq – shaxs va davlat munosabatlarining mustahkam asosi”, “3-§. Birlashgan Millatlar Tashkilotining maqsad va vazifalari”, 4-§. O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi”, “5-§. Inson huquq va erkinliklarini himoyalash mexanizmi” mavzular yoritilgan.

Huquqiy ma’lumotlarni yoritishda mantiqiy ketma-ketlikka va izchillikka amal qilinmasligi o‘quvchilarda huquqiy tushunchaning noto‘g‘ri shakllanishiga hamda huquqiy savodsizlikning ortishiga sabab bo‘ladi.

Shuningdek, 11-sinf darsligida ham o‘quvchilar uchun tushunarsiz va murakkab, katta yoshdagi fuqarolar ham o‘zlashtirishi qiyin mavzular berilgan. Ya’ni, “Fuqarolarning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlab qo‘yilgan huquq va erkinliklariga qarshi jinoyatlar”, “Oilaga, yoshlarga va axloqqa qarshi jinoyatlar”, “Tinchlik va xavfsizlikka qarshi jinoyatlar”, “Boshqaruv tartibiga qarshi jinoyatlar”, “Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlar” kabilar. Bu o‘quvchi uchun og‘irlik qiladi.

Aslida bunday huquqiy ma’lumotlar oliy yuridik ta’lim tizimida 2-, 3-kurs talabalari uchun, yurisprudensiya bo‘yicha tayanch bilim va ko‘nikmaga ega bo‘lgandan keyingina alohida fan sifatida o‘tilishi belgilangan.

Yuqoridagi holatlar va boshqa shunga o‘xshash faktlar bo‘yicha Adliya vazirligi tomonidan asosli tahliliy ma’lumot tayyorlanib, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligiga ma’lum qilindi.  Mazkur masala bo‘yicha hamkorlikda ishlar olib borilishi belgilandi.

Qo‘shimcha qilinishicha, aniqlangan kamchilik va salbiy holatlarni bartaraf etish maqsadida Adliya vazirligi tomonidan vakolatli va manfaatdor davlat organlarini jalb etgan holda “Huquqiy fanlarga oid yangi avlod darsliklarini yaratish bo‘yicha “yo‘l xarita”si ishlab chiqilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring