Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

45 daqiqada 40 nafar o‘quvchini qamrab olish mumkinmi?

45 daqiqada 40 nafar o‘quvchini qamrab olish mumkinmi?

Foto: «Xabar.uz»

Mamlakatimizning aksariyat umumta’lim maktablarida har bir sinfda 30-35 nafardan o‘quvchi bilim olayotganini ko‘rish mumkin, markaziy hududlarda bu ko‘rsatkich 40-45 nafarga yetib qolgan. Vaholanki, Vazirlar Mahkamasining qarori bilan 2017 yilda tasdiqlangan «Umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risida»gi nizomda sinfda o‘quvchilar soni 35 nafardan oshmasligi belgilangan.

Ushbu Nizomga asosan dars mashg‘ulotlarining davomiyligi 45 daqiqa etib belgilangan. Bu vaqt davomida bir sinfda 35-40 nafar o‘quvchi bilan darsni to‘laqonli o‘tib, mashg‘ulot davomida barcha o‘quvchini qamrab olish qiyin kechadi. Bunday vaziyatda pedagog har bir o‘quvchi bilan individual shug‘ullanishga, mavzuni batafsil tushuntirishga, mustahkamlashga doir mashqlar bajartirishga ulgurmaydi.

To‘g‘ri, ko‘p narsa pedagogning salohiyati va malakasiga bog‘liq. Biroq ko‘psonli o‘quvchilar, chegaralangan vaqt tufayli pedagogga bog‘liq bo‘lmagan holda dars sifati pasayadi. O‘quvchilarni tinchlantirib, diqqatini jamlash uchun ham ancha vaqt ketib qoladi. Har bir o‘quvchidan mavzuni so‘rab baholash uchun 1 daqiqadan vaqt ajratganda ham kamida 30-40 daqiqa ketadi. Holbuki, sinfdagi iqtidorli o‘quvchiga qo‘shimcha topshiriq berish, past o‘zlashtiruvchi o‘quvchilarga yordam berish lozim. Bunday sinfdan bilimdon o‘quvchi yetishib chiqishi ehtimoli pasayadi.

Ba’zi maktablarda o‘quvchilarning soni me’yordan ortib ketishiga sabab — ota-onalarning farzandini ko‘proq ta’lim rus tilida olib boriladigan muassasaga berishga intilishi, malakali kadrlarning markaziy hududda ekanligi sabab bo‘lmoqda.

Bundan tashqari markaziy hududlarda dars mashg‘ulotlari 2-3 smenada olib boriladi. Iqtidorli va past o‘zlashtiruvchi o‘quvchi bilan dars mashg‘ulotidan keyin individual ishlash uchun vaqt va xona muammo.

O‘quvchi sonini me’yorlashtirish lozim. Psixologlarning ta’kidlashicha, sinfdagi o‘quvchilar soni nazariyada 25 nafardan oshmasligi kerak, lekin nizomda 35 nafar, amalda esa undan ortiq. Ushbu muammoni bartaraf etish uchun mutasaddilar tegishli choralarni ko‘rishlari lozim. To‘g‘ri, hamma narsaga bosqichma- bosqich erishiladi, lekin ta’lim tizimi uchun yo‘qotilgan vaqt katta zarar bo‘lishi mumkin.

Feruza Bakirova,
Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi 14-IDUM o‘qituvchisi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring