Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yo‘l haqida yo‘l ocherki

Yo‘l haqida yo‘l ocherki

Qoraqalpog‘iston Respublikasiga Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tashabbusi bilan press-tur uchun yo‘lga otlanganimizda cho‘lga boramiz, deyishdi. Cho‘lda yo‘lni tasavvur qilib ko‘rdingizmi? Shuni tasavvur qilolmadik-da va menimcha, har bir ishtirokchida press-tur qanday bo‘larkin, yo‘l mavzusi qanchalik qiziq bo‘lishi mumkin, degan o‘y o‘tgani aniq. Ammo qaysi sohani ich-ichiga kira boshlasangiz qiziq tomonlariga duch kelavearsiz. Avvalo, ob-havoning qulayligi ayni muddao bo‘ldi, keyin qizil qumli va saksovulzorlardan iborat cho‘l, bulut qoplagan osmon va cheksiz yo‘l.

Yo‘l yurdik, yo‘l yursak ham mo‘l yurib, yo‘lchilarning shtabi joylashgan Jasliq posyolkasiga yetib bordik. Cho‘lning qoq o‘rtasida yo‘lchilar uchun qurilgan shaharcha desa ham bo‘ladi. Yo‘l yurishimizning o‘zi ta’mirlangan va ta’mirlanmagan yo‘llarning farqiga borishimiz uchun ajoyib sinov bo‘ldi. Necha-necha yillardan beri ta’mirlanmagan o‘nqir-cho‘nqir yo‘llardanam yurib ko‘rdik. Va yangitdan barpo etilgan yo‘llarda mashinaning yurganiyam bilinmadi. Va cho‘lning o‘rtasida 360 nafar yo‘lchilar uchun qurilgan yotoq uylari, oshxona va barcha sharoitlarga ega yuvinish xonasini ko‘rdik. Meni hayratlantirgani cho‘lning o‘rtasida juda top-toza oshxona va issiq-sovuq suvi bor yuvinish xonalari qurish mumkin ekanligi bo‘ldi. Ishchilar bilan tushlik qildik. Ovqatlarini ozarbayjonlik opa pishirarkan, o‘zgacha mazali. Ishchilarning ko‘pi shu yerlik odamlar, ammo masofa uzoq bo‘lgani uchun bir oyda bir uylariga 5-6 kunga navbati bilan borib kelishar ekan. Ya’ni yo‘lchilar, hatto shanba va yakshanba kuni ham ishlashgani bois, 5-6 kunga dam olishadi.

Aytgancha, ushbu rekonstruksiya ishlariga Ozarbayjonning «North West Construction LLC» va Xitoyning «Road and Bridge Corporation» kompaniyalari (CRBCChina) jalb qilingan. Ishchilarning 40 nafari xorijlik mutaxassislar.

Press-tur davomida Qo‘ng‘irot tumanidan o‘tgan A380 «G‘uzor–Buxoro–Nukus–Beyneu» avtomobil yo‘lining 964–1204 kilometri oralig‘ida (240 km) qismini sement-beton qoplama bilan rekonstruksiya qilish, ushbu yo‘lning Nukus shahridan o‘tgan 753–698 hamda 581–673 km (92 km) qismini rekonstruksiya qilish jarayonlari bilan yaqindan tanishdik. Bu sonlar ko‘zingizga oddiy raqamdek bo‘lib ko‘rinar, ammo yo‘lning bir qarichini qurishga yoki ta’mirlashga ketgan vaqt, mehnatni tasavvur qilish uchun u yerdagi jarayonni kuzatishning o‘zi kifoya. Shundagina nega yo‘llar tez bitmaydi, buncha sudrashadi yo‘l qurishni yoki ta’mirlashni degan e’tirozlarga o‘rin qolmaydi. Laboratoriyada beton, asfalt qotishmalarining sinab ko‘rish uchun olti kundan bir oygacha vaqt kerak bo‘larkan, dastlab maxsus eritmalar solingan suvda beton qorishma 7 kun, keyin 16, keyin 27 kun sinab ko‘riladi. Agar yo‘l uchun ishlatilishi lozim bo‘lgan qotishma sinovdan muvaffqiyatli o‘tsa ish boshlanadi, bo‘lmasa yana qaytadan tarkibi tekshiriladi, qaytadan beton quyib laboratoriyadan sinovdan o‘tkaziladi, toki sifatliligi, bardoshliligi maromiga yetmaguncha.

– Qurilish ta’mirlash ishlari mobaynida avtomobil yo‘lining jami 240 kilometr uzunlikdagi yangi yo‘l qurilishi rejalashtirilgan bo‘lib, ayni damda 136 kilometrida qurish ishlari yakunlangan, – deydi sinov-laboratoriya ishlari bo‘yicha muhandis Bahodir Boltaboyev. – Yo‘lning chidamliligi, ya’ni sifat talablarini bugungi kunda ob’yektga chaqirilgan Italiya hamda Koreya mamlakatlari ekspertlari tekshirib beradi.

Sement-beton yo‘l nima uchun quriladi?

– Biz ayni paytda eng chekka hudud Nukus shahridan 250-300 km uzoqlikdamiz, –  deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi boshlig‘i Shavkat Davlatyorov. – Bu yo‘l shimoliy darvozaga kirib keladigan Qozog‘istondan tortib Yevropagacha olib boradigan yo‘l. Sement-beton yo‘lning asfalt-beton yo‘ldan farqi 50 yil xizmat qiladi, asfalt-beton yo‘lning yaroqlilik muddati 25-30 yil. Endilikda yo‘llarni loyihalashtirishda kompleks yondashuv bo‘ladi. Ya’ni, qayerda to‘xtash joyi bo‘ladi, qayerda daraxt ekiladi, yoqilg‘i quyish shoxobchasi, texnik va maishiy xizmat ko‘rsatish ob’yektlari qayerda joylashadi, degan savollarga loyihaning o‘zida to‘liq javob bo‘ladi va shundan keyingina loyiha qabul qilinadi. Ustyurt tekisligida infratuzilma ham rivojlanadi. Kempinglar quriladi, 14 joyda har bir 20 kilometr masofada mehmonxona, yoqilg‘i quyish shaxobchalari, do‘konlar quriladi, bu yo‘lning chekkasida ancha odamlar ishli bo‘ladi. Ishni topshirish muddati 2024 yil 31 dekabrgacha. 

Ikkinchi kun. Nazorat tarozi maskanida

Tarozi desa ko‘z o‘ngimizga pallalari qimirlab, strelkalari sonni ko‘rsatib turadigan qurilma ko‘z oldimizga keladi. Ana endi  tonna-tonna yuk ortib olgan katta yuk mashinalarining tarozisini ko‘z oldingizga keltiring-a. Ikkinich kuni o‘sha yo‘lga qo‘yilgan tarozini ko‘rishga boramiz, deyishdi. Borgan joyimizda tablo va faqat tekis yo‘ldan o‘zga narsani ko‘rmay tarozisi qayerda ekan deb o‘ylanib qoldik.

Va keyin esimizga keldi, axir har bir sohani raqamlashtirish allaqachon joriy etilgan-ku. Press-turning birinchi kunida umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari holatini baholash va monitoring qilish raqamli texnologiyalar orqali samarali tashkil etilganining guvohi bo‘lgandik. Avtomobil yo‘llarida raqamli (onlayn tartibda) boshqariladigan innovatsion yo‘l belgilari, pannolar va ko‘rsatkichlar joriy qilinishini o‘z quloqlarimiz bilan eshitgandik. Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikda yo‘llarimizning ayrim qismlarida intellektual transport tizimini joriy etish ishlari boshlanganidan xabarimiz bor edi.

 – Yo‘llar haqida doimo tanqidiy mulohazalarga urg‘uni ko‘p beramizu, ammo uning sabablarini bilmaymiz, – deydi Qoraqalpog‘iston Avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Ravshan Ibragimov. – Yo‘llarni asrash maqsadida xalqaro tajribada yuk transportlari vaznini o‘lchaydigan nazorat tarozilarini o‘rnatish amaliyotidan keng foydalanish yo‘lga qo‘yilgan. Hozir turgan joyimiz 753 km qismidagi vazn va hajm nazorati maskani. Ob’yektga 14 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan, pudratchisi tender orqali g‘olib bo‘lgan. Tarozini qo‘yishdan maqsadimiz og‘ir yuk avtotransportlarini nazorat qilish bo‘ladi. Katta yuk mashinalari og‘irlik vazni cheklangan, belgilangandan ortiq hajmda yuk olib o‘tayapti. Mashinalar tarozi maskaniga kirib kelganda, 30-50 km, soatiga tezlikda yuradi. Bu bilan korrupsion holatlarga ham barham beriladi. Sud qaroridan keyin jarima maydonchasiga qo‘yiladi. Ya’ni, yo‘lga qo‘yilgan tarozilar yuzada turmaydi balki, yo‘lning ichiga o‘rnatilgan holatda bo‘ladi. Maxsus o‘rnatilgan tablolar orqali qaysi yuk mashina qancha yuk bilan o‘tayotganini ko‘rib turishingiz mumkin va u ma’lumotlar kompyuterlar bazasiga tushadi, tegishli choralar ko‘riladi. Tarozi esa sement-beton qoplamasining ichida ko‘rinmaydi ham, bosganda sezilmaydi ham...

Press-turda talabalar...

Qaysi soha bo‘yicha press-turda ishtirok etgan bo‘lsam talabalarning ishtirokini kuzatmagan edim. Ammo yo‘l bo‘yicha uyushtirilgan ushbu tadbirda O‘zbekiston Respublikasi transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasida amaliyot o‘tayotgan Toshkent davlat transport universitetining bir guruh talaba yoshlari ham faol ishtirok etdi va  hududdagi qurilish-ta’mirlash ishlari, umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari holati bilan tanishdi. Ularning aytishicha, bunday amaliyot bilan ilk marta to‘qnashayapti ekan.

– O‘quv-ilmiy poligonlarda sohaga innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish, yo‘l qurilish-ta’mirlash ishlariga yangi materiallarni tatbiq etish bo‘yicha tajriba-sinov ishlari haqida ma’lumotlar oldik, ayniqsa, bizga laboratoriya sinov xonasidagi ishlar katta yangilik bo‘ldi, – deydi talabalardan biri biz bilan suhbatda. – Yo‘l qurilishi nihoyatda mashaqqatli va qiziqarli soha ekanining guvohi bo‘ldik.

Nafaqat o‘zimizning talabalar, balki yo‘l sohasida kadrlar salohiyatini mustahkamlash, zamonaviy texnikalarni boshqara oladigan mutaxassislarni tayyorlash, jumladan, xalqaro reytinglarda birinchi 1000 talik ro‘yxatga kiruvchi xorijiy universitetlar, jumladan, Germaniyaning Axen shahridagi Reyn-Vestfal texnika universiteti, Turkiyaning Istanbul texnika universiteti, Xitoy Xalq Respublikasining Sian Szyaotun universiteti va boshqa universitetlar bilan malakali kadrlarni tayyorlash yo‘nalishida hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.

Bugungi kungacha loyihalarning texnik topshirig‘i «resurs» usuliga asoslangan bo‘lib, bunda 1 kilometr yo‘l qurish uchun qancha ishchi kerak, qancha yoqilg‘i va nechta texnika ishlatiladi, texnikaning turi qanaqa bo‘lishi kerak, degan yuzlab shartlar kiritilar edi, endichi?

– Endilikda, yo‘lning o‘ziga talab belgilanishi hamda uni sifatli qabul qilinishi yo‘lga qo‘yiladi, – deydi ozarbayjonlik muhandis, ya’ni pudratchi yo‘lni qanday texnika bilan qurishini o‘zi hal qiladi.

Qanday moliyalashtiriladi?

– Yangidan boshlanadigan umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari, ko‘priklar va sun’iy inshootlarni qurish, rekonstruksiya qilish ob’yektlarini moliyalashtirishni asosan xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi, – deydi Avtomobil yo‘llar qo‘mita matbuot kotibi Nilufar Jumayeva. – Buning uchun 2024 yildan boshlab har yili xalqaro moliya institutlaridan umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari, ko‘priklar va sun’iy inshootlarni qurish, rekonstruksiya qilish ob’yektlariga 300 mln AQSh dollaridan kam bo‘lmagan miqdorda kreditlar jalb qilib boriladi...

Ikki kunlik yo‘l sohasi bo‘yicha press-tur o‘ziga xos tarzda o‘tdi. Cho‘lga moslashgan maxsus mashinalar yo‘l-yo‘lakay saksovullar, o‘rkachli tuyalar, cheksiz cho‘l va yo‘lni ortda qoldirib ketaverdi. Qoraqalpog‘istonning qizg‘ish rangli kuzi bizni daraxtlardagi oxirgi barglarini silkitib kuzatib qo‘ydi. Biz esa yo‘l sohasi bo‘yicha islohotlarni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rib bardavom bo‘lishini ich-ichimizdan istab ortga qaytdik...

Barno Sultonova

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring