Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yana Andijon. Prezident nima deydi-yu hokim nima qilmoqda?

Yana Andijon. Prezident nima deydi-yu hokim nima qilmoqda?

Paxta yig‘im-terimi boshlangandan buyon Andijon tumani hokimi Ulug‘bek Isomiddinovning ko‘ngliga qil sig‘maydi. Qator tumanlarda kunlik o‘sishning barqarorligi, qisqa muddatlarda shartnoma rejalarining bajarilishidan el-yurtning ko‘ngli tog‘dek ko‘tarildi. So‘z borayotgan tumanda esa orqaga sho‘ng‘ish bir maromda boraverdi va viloyat miqyosida eng oxirgi o‘rin «sharaf» bilan zabt etildi.

Hokimning iddaolari...

Shunda ham hokim bo‘sh kelmadi. Emishki, viloyatdagi mutasaddi idoralar tomonidan paxta tayyorlash rejasini tuzishda adolatsizlikka yo‘l qo‘yilibdi.

Soddaroq tushuntirsak, mutasaddilar tumandagi g‘o‘za maydonlarining imkoniyatlariga nisbatan balandroq hosildorlik belgilagan emish. Boz ustiga, g‘o‘za ekiladigan maydonlarning 128 gektari amalda yo‘qmish. Ayni jihatlar sabab tumanda joriy yilda shartnoma rejasini bajarishda qiyinchiliklar yuzaga kelmoqda. Andijon tumanining viloyat miqyosida eng so‘nggi o‘ringa tushib qolganligi sababi ham shu.

Bu gaplar endi Ulug‘bek Halimovichning iddaolari.

Iddaolarga mutasaddilar nima deydi?

Hokim o‘z e’tirozlarini qog‘ozga tushirdi va viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasiga yo‘lladi.

Boshqarmadagilar ta’kidlashdiki, kechirib qo‘ygaylar, Prezidentning 2015-yildagi 2460-sonli qarori ijrosi bo‘yicha respublika miqyosida kam hosilli maydonlar qisqargan bo‘lsa-da, paxta tayyorlash miqdori bo‘yicha avvalgi rejalar o‘zgarmagan. Ana shunga ko‘ra Andijon tumanida har gektar yerdan paxta hosili yetishtirish 30,7 sentner etib belgilangan. Bu rejani uddalashning chindan-da imkoniyati yo‘qmi? Bor! Bo‘lganda ham boshqa hududlarga nisbatan kattaroq imkoniyatlar bor!

«PQ-2460» raqamli qarorning tub ma’nosi shuki, kam hosilli yerlarni paxta va g‘alladan olib, «davolash» maqsadida dukkakli, moyli, sabzavot va ozuqa ekinlari yetishtirishga ajratish ko‘zda tutilgan.

2016-2019-yillar davomida tumanda 680 gektar g‘o‘za maydoni hamda 235 gektar g‘allazor qaror bo‘yicha rejadan chiqarildi. Xo‘sh, bu qadar berilgan imkoniyat tuman dehqonchiligiga qanday naf berdi?

Ulug‘bek Halimovichning sa’y-harakatlari bois adirdagi g‘o‘za va g‘alla maydonlari nomiga qisqardi, amalda esa quvvati baland, aholi punktlariga yaqin, xaridorlari bisyor dalalar «PQ-2460»ga «moslashtirildi». Bu havoyi gap emas.

B.Omonov nomli massivdagi 40 gektarlik me’yordagi g‘alla-paxta maydoni shu qadar ustomonlik bilan meva-sabzavot yo‘nalishiga o‘tkazib yuborildi. Yer olganlarning ismi-shariflarini keltirsak, hatto osmon ham yig‘lab yuboradi.

I.Bakirov nomli massivdagi «Qurbonbek ishonchi» fermer xo‘jaligining serhosilligi bilan ajralib turadigan 16 gektar maydoni ham olmazorga almashtirilib, go‘yoki «PQ-2460» soyasi ostida «yopdi-yopdi» qilindi.

Guliston massivida ariqdan suv ichadigan 30 gektarlik eng toza yerga kimlarning havasi kelmas edi?! Ayni shu paykal ham chorvachilik uchun berib yuborildi. Ayni shu massivda yelkasidan suv o‘tadigan 7 gektarcha yer bog‘ga aylandi.

Holbuki, zikr etilayotgan maydonlar hosildorligi bo‘yicha eng yuqori darajada bo‘lgan.

Cho‘lpon hamda I.Bakirov nomli massivlarga qarashli, «Jahon bozori» o‘ramidagi unumdor yerlar tadbirkorlik sub’yektlariga ajratildi. Achinarli joyi shuki, o‘sha yerlarning ko‘p qismi hamon foydalanilmayapti. Tashlandiq holga kelgan yerlarning egalari o‘zgarmoqda...

Oxunboboyev nomli massiv ekin maydonlari unumdorligi bilan viloyatda yagona hisoblanadi. Ayni shu hududdagi yerlar ham «PQ-2460» panohida yer uchastkalari, issiqxonalar va boshqa maqsadlarda foydalanish uchun ball-bonitet bahosi sun’iy tarzda pasaytirilgan holda kimlargadir taqsimlab yuborildi. Hakon qishlog‘idagi yer bilan bog‘liq o‘zboshimchaliklar va pinhona taqsimotlar xususida esa bitta maqola emas, kamida bir nechta maqola yozish mumkin. Bu haqda mavridi kelsa, yozarmiz, nasib... Hozircha naqdidan gaplashib turaveraylik...

«PQ-2460»ning ijrosi aslida qanday bo‘lishi kerak edi?

Adirlarda joylashgan fermer xo‘jaliklarining ekin maydonlari asosan nasoslar yordamida suv oladi. Dalalarning aholi hududlaridan uzoqdaligi sabab, g‘o‘za yoki g‘alla maydonlarida agrotexnik ishlarini bajarish uzviy olib borilmaydi. Eng asosiysi, tuproq quvvati past va ayni boshqa yo‘nalishlarga o‘tkazish uchun qulay. Afsuski, bugun ham tuman markazidan 35-40 kilometr uzoqlikdagi Pattayev nomli massiv adirlarida paxta yetishtirilmoqda. T.Mirzayev, Toshmatov, I.Bakirov nomli, «Haqiqat», «Guliston», «Sharq yulduzi» massivlaridagi adirlarda paxta yetishtirishning saqlanib qolishi sir-sinoati faqat tuman rahbariga ayon.

Aytmoqchimizki, yuqorida zikr etilayotgan hududlar «PQ-2460» qarori ijrosi uchun har tomonlama qulay hududlar hisoblanadi. Biroq hujjat ijrosining teskari bajarilganligi tumanda paxta yetishtirishning barqarorligiga putur yetkazmoqda.

Hududning qoloqlikka yuz tutganligining asosiy sabablaridan biri, viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasi mutasaddilarining hokimga yo‘llagan javob xatida ta’kidlanganidek, suv yo‘llarining egasizligi, suvdan samarali foydalanilmayotgani, navlarni tanlash, chigit ekish tadbiri maqbul muddatlarda olib borilmayotganligi, qo‘yingki, sohada kasbiy malakaga ega mutaxassislarning kamyobligi kabi omillardir.

Eng achinarlisi, hozirgacha o‘tkazilgan fermer xo‘jaliklarini maqbullashtirish bilan bog‘liq chora-tadbirlar davomida yer bilan tillashadigan, ketmonning vazifasini anglaydigan, inson omiliga e’tibor beradigan dehqonzodalar daladan quvib chiqarilganligidadir.  

Eng katta xatolardan biri...

Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan 2019-yil yanvar oyida fermer xo‘jaliklarini maqbullashtirishga oid jarayon yuz berdi. Ana shu jarayonda yaxshi mehnat qilayotgan fermerlar ham nishonga olindi. Bo‘taqora qishlog‘idagi «Jo‘rabek», «Sherzodbek oltin dalasi», «Abduqahhor vorislari» fermer xo‘jaliklari bunga misol.

Ushbu xo‘jaliklarda qanday xatoliklar yuz bergan edi?

Biz mutaxassislar ishtirokida yeridan ajralgan fermerlar faoliyatini o‘rganganimizda Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 9-yanvardagi 14-sonli qarori talablari qo‘pol ravishda buzilganligi ayon bo‘ldi.

«Jo‘rabek» va «Sherzodbek oltin dalasi» fermer xo‘jaliklarining yerlari olib qo‘yilib, yaxlit loyihaga kiritildi. 100 gektardan ziyod yer uchastkasining yangi sohibi esa, buni qarangki, tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i Sadriddin Ahmadaliyevning xolavachchasi, O‘zbekiston massivi rahbarining amakivachchasi ekan. Yo, piray?

Vazirlar Mahkamasining qarorida g‘alla va paxta yo‘nalishidagi fermer xo‘jaliklari tanlovida tanho shaxs ishtirokiga ruxsat bor. Qachonki, talabgor har gektar yerga 2 ming AQSh dollari tikkan taqdirda ustunlik berilishi belgilangan. Biroq Vazirlar Mahkamasining bu talabi ham inkor etildi va yer tanlovsiz egasini topdi.

— Tayyorlov va ta’minot korxonalaridan, soliqdan qarzdorligimiz mavjud emas edi, — deydi «Sherzodbek oltin dalasi» fermer xo‘jaligi rahbari Shokirjon Otajonov. — Daromadda edik. O‘tgan yili o‘g‘it avgust oyining oxirigacha yetkazib berilganligi sabab g‘o‘za kechga tortdi. Ishlov paytida «Obod mahalla» uchun, deya bir necha bor solyarka taqsimoti chiqarildi. «Ber-ber»dan zerikib, bir safar solyarka bermagan edik... Xullas, kelishib ishlaganimizda yerimizdan judo bo‘lmas edik...

Shokirjon Otajonovning solyarka borasidagi iddaolarini o‘rgandik. Qo‘limizga solyarka taqsimoti bo‘yicha tuman hokimi imzosi bilan «fishka» qo‘yilgan hujjat hamda unga ilova qilingan reyestr kelib tushdi. Oz emas, 10 ming 40 litr solyarkani fermerlardan belgilangan taqsimot asosida yig‘ib olish ko‘rsatmasi tuman hokimi o‘rinbosari zimmasiga yuklatiladi va ijro etiladi.

Mutaxassislarning hisob-kitobiga ko‘ra, 10 ming 40 litr miqdoridagi solyarka bilan 250 gektarni haydash yoki 335 gektar yerni tekislash yoxud 1 ming 135 gektar maydon kultivatsiya o‘tkazilishi yoinki 3350 gektar g‘o‘zaga suspenziya berish mumkin. Solyarka «solig‘i» bilan bog‘liq «aksiya»lar takror va takror o‘tkazilmasligiga kafolat bormi o‘zi? G‘o‘za parvarishi uchun mo‘ljallangan yonilg‘i boshqa maqsadlar uchun ishlatilganda, daladagi ekin qanday hosil to‘plasin? Bunday ahvolda, albatta, kutilgan natija bo‘lmaydi-da! Mana gap qayerda?!

Darvoqe, yuqorida maqbullashtirish jarayoni xususida so‘z ochdik. Bu borada aytsang tiling, aytmasang diling kuyadigan holatlar bisyor. Ulardan faqat birginasini ochiqlasak. Joriy yil yanvar oyida o‘tkazilgan maqbullashtirishda oz emas, 13 nafar fermerning 2018-yildagi ko‘rsatkichlari abgor bo‘lsa-da, ularga 220 gektar ekin maydoni qo‘shib berilgan? Buning ortida nima bor?

«Qaymog‘i senga-yu, tashvishi mengami?»

Bugun to‘rt kishi to‘planib qolsa, mavzu bitta: go‘sht narxining ortishi borasidagi holatlar. Mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha davlat dasturi qabul qilingan. Uning ijrosida davlat xizmatchisi bo‘lmish hokimlar alohida o‘rin tutadi. Andijon tumanida chorvachilikning ahvoli davlat dasturi talablaridan ancha yiroq.

Oqyorlik fermer Nodirbek Hasanov jaydari qoramollar parvarishlayotgan edi. Jahon bankining imtiyozli krediti evaziga Nodirbek boshqarayotgan «Jannat diyor mevasi» fermer xo‘jaligi ham xorijdan zotli g‘unajin olib kelish bo‘yicha ishlab chiqilgan davlat dasturiga kiritildi. Shunga binoan 2018-yil dekabr – 2019-yil yanvar oyida Germaniyadan 66 bosh urug‘lantirilgan g‘unajin olib kelindi.

Chigit ekish boshlanishi arafasida fermerga hokimlik tomonidan shum xabar keldi. Emishki, chorva ozuqasi o‘rniga 14 gektar maydonga g‘o‘za ekilishi shart. Nodirbek Hasanov yugurdi-ya, yugurdi... Qani endi, uning ohini eshitadigan topilsa?! Hatto sektor rahbari bo‘lmish tuman prokurori ham ayni masala yuzasidan jo‘yali munosabat bildirmadi.

2019-yil 18-mart kuni davlat rahbarining «Chorvachilik tarmog‘ini yanada rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori e’lon qilindi. Nodirbek Hasanov ushbu qarorni ko‘tarib, yuqori idoralarga bosh urib bordi. Borganlarning aksariyati tilida achinishdi, amalda esa.

Hozirgacha xorijdan keltirilgan zotli mollarning 30 boshga yaqini ko‘rinmay qoldi. Xotiringiz jam bo‘lsin: fermer ularni sotib, boshqa maqsadlariga sarflagani yo‘q. To‘yimlik ozuqa bazasining mavjud emasligi hisobiga ochlik jonivorlarni yer tishlatdi! Xalqaro moliya tashkilotlarining imtiyozli kreditiga xorijdan olib kelingan qoramollar xarajati esa fermer yelkasida qoldi...

Bu yagona dalil emas. Yana bir Oqyorlik tadbirkor Ibrohimjon Yuldashev ham davlat dasturiga suyanib xorijdan Jahon banki ko‘magidagi kredit evaziga 66 bosh naslli g‘unajin olib kelganligiga pushaymon.

Xorijdan olib kelinayotgan naslli qoramollar ajiriq, ariq bo‘yidagi hashak bo‘lishga yaraydigan o‘t-o‘lanlar bilan yashay olmaydi. Ularga kuniga o‘rtacha qirq kilogramm kuchli ozuqa zarur. Ozuqaga qo‘shiladigan qo‘shimchalar bahosi har qanday tadbirkorni o‘ynatib yuboradi. Har boshi 2100 yevrodan harid qilingan naslli qoramollar yuqori mahsuldorlik evaziga o‘zini qoplaydi. Tadbirkorga ozuqa uchun yer berish masalasi og‘ir kechmoqda va Oqyordan o‘ttiz-qirq kilometr naridagi adirlikdan yer ajratish taklif etilmoqda. Harajat ustiga yana harajat qilish esa fermerni holdan toydiradi. Qolaversa, adirda yetishtiriladigan ozuqa quvvati naslli qoramollarni bardavom rivojiga to‘sqinlik qiladi.

Oziq-ovqat xavfsizligi borasidagi davlat dasturini ro‘yobga chiqarishga bir qator xalqaro moliyaviy muassasalarning imtiyozli kreditlari jalb qilinmoqda. Jahon banki va valyuta jamg‘armasi Ulug‘bek Isomiddinovni emas, O‘zbekiston siymosida davlat rahbarini tan oladi. Davlatimiz rahbarining AQShga uyushtirgan ilk safarida Jahon banki ofisiga borganligi sabablari ko‘p. Olinadigan imtiyozli kreditlar uchun hukumat kafolati kerak.

Tumanda e’tiborga tushadigan birorta ham chorvachilik fermer xo‘jaligi mavjud emasligining o‘zi ham tarmoqqa e’tiborning yo‘qligidan darak beradi. Bugun bo‘lmasa, ertaga Jahon banki imtiyozli krediti dollar ko‘rinishida qaytishi kerak. Nodirbek Hasanovning olgan krediti taqdiri ne kechadi? Ibrohimjon Yuldashevniki-chi?

«Kelishsak, fermer bo‘lasan...»

2013-yilda Cho‘lpon nomli massivda sabzavotchilik yo‘nalishida umumiy yer maydoni 8,6 gektar bo‘lgan 80-84 konturlardagi to‘rtinchi loyiha bo‘yicha «Andijon tongi» gazetasida e’lon berilgan. Fuqaro Zuhriddin Bobojonov ushbu loyiha bo‘yicha tanlovda ishtirok etdi. Tanlovda boshqa talabgor bo‘lmadi. Uning tuman hokimligiga qayta-qayta murojaatidan so‘ng 2014 yil 25 aprel sanasi bilan yer egaligi bo‘yicha 233-k sonli qaror qabul qilindi. Oradan olti yildan ziyod vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, Zuhriddin Bobojonovning iltijolari inobatga olinmayapti.

Tanlov g‘olibi Zuhriddin Bobojonov bilan bugunga qadar ijara shartnomasi tuzilmaganligining o‘zi hokimning naqadar o‘zi xon, ko‘lankasi maydon ekanligini namoyon etib turibdi. Bugunga qadar ijara shartnomasiz dalasini kezib yurgan fermerning ko‘z oldida 6 gektarga yaqin boy berilgan ekin maydoni yirik sarmoyadorlarga rasmiylashtirib berilganligi ham jumboq. Hozirga kelib, fermer ixtiyorida 2,5 gektardan mo‘lroq yer qoldi. Bu maydonni ham qaytarish yo‘lida hokim hamon izlanishda ekanligi Zuhriddin Bobojonovga nisbatan qilinayotgan zug‘umlarda aks etmoqda. Haqiqiy yer egasining iltijolarini hech kim eshitishini xushlamayapti.

* * *

Hakonlik fermer bo‘lmish Alijon Nasriddinovning boshiga tushgan savdolar haqida alohida tanqidiy maqola emas, bir necha qismdan iborat serial yozishimiz mumkin. Ulug‘bek Isomiddinov tumanga hokim bo‘lib kelgach, hududlarni aylanar ekan, aylanma yo‘l atrofidagi giloszorga ko‘zi tushadi. So‘ngra ushbu yo‘ldan o‘tganda ham, qaytganda ham Alijondan qiyiq axtaraverdi. Ikkisi o‘rtasida bo‘lib o‘tgan suhbatda hokim «Sizga 2 gektari yetadi, qolganini zaxiraga qaytaring», deydi. Alijon esa ko‘nmaydi.

Bunday yakkama-yakka suhbat va taklif ko‘p bor takrorlandi, biroq Alijon ham chekinmadi. Fermerning ta’kidlashicha, 2016-yil 12-oktyabr kuni hokim va Hakon qishloq fuqarolar yig‘inining sobiq raisi Gulchehraxon Yo‘ldosheva Alijon Nasriddinovning bog‘iga kelishadi. Fermerning qo‘liga qog‘oz-qalam tutqazishib, yer uchastkasini gilos-pilosi bilan zaxiraga topshirish to‘g‘risida ariza yozib berishini talab etishadi. Alijonning yana qaysarligi tutib, ariza yozib berishdan bosh tortadi.

2017-yil 26-yanvar kuni hokimlik huquqshunosi fermerga qo‘ng‘iroq qiladi: «Ertaga viloyat xo‘jalik sudiga boring, sizning ishingiz ko‘riladi!».

«Sud majlisiga tumandan bir qator mas’ullar kelishdi. Sudya S.Husanov menga, ya’ni javobgarga so‘zlash imkoniyatini bermadi va bir yoqlama qaror qabul qildi, — deydi Alijon Nasriddinov. — Menga qarshi keltirilgan dalillarning aksariyati poyma-poy. Idoralardan olingan ma’lumotlarning ko‘pchiligi ochiq-oydin soxtalashtirilgan, deb hisoblayman. Kun tartibida bog‘ bilan bog‘liq masala ketayotgan bo‘lsayu, sud majlisiga tuman qishloq va suv xo‘jaligi bo‘limining chorvachilik bo‘yicha mutaxassisi ekspert sifatida taklif etilganligiga hozirgacha hayronman...»

Xo‘sh, sud nima qildi? Yer – davlatniki, ustidagi bog‘ esa fermerning mulki. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 53-, 54-moddalarida xususiy mulk daxlsizligi o‘z aksini topgan. Sud qarorida aynan mulk hisoblangan gilos daraxtlarining taqdiri ochiq qoldi...

— Prezident maslahatchisi T.Xudoyberganovning Asaka tumanida o‘tkazgan qabuliga bordim, — deydi Alijon Nasriddinov. — Menga navbat kelayotgan vaqtda Ulug‘bek Isomiddinov yonimga yaqinlashdi. «Kelishuvga ko‘nmading! Mana, sarson bo‘lib yuribsan! Mayli, bog‘ingni qaytarib berganim bo‘lsin. Qabulga kirmaysan!» dedi. Men lafzga ishonib, ortga qaytdim. Ammo hokimning qaytib qorasini ko‘rmadim...

Alijonning ta’kidlashicha, hujjat bo‘yicha 2017-2018-yillarda bog‘ga Alisher Ergashev, Ulug‘bek Isomiddinov (hokimning adashi), Jahongir Turg‘unov, G‘ofur Maqsudov, Bahodir Jo‘rayev kabi fuqarolar egalik qilishdi hamda katta ehtimolki, yaxshigina daromad sohibi bo‘lishdi.

2019-yil boshida nomlari zikr etilgan «fermer»lar o‘z ixtiyori bilan yerni tuman zaxirasiga qaytarishganligi tushunish mushkul. Ko‘p o‘tmay, Alijon Nasriddinov bog‘i bilan qo‘shni bo‘lgan Isroiljon Mahramov nomida «Mahramov Isroil bog‘i» bog‘dorchilik fermer xo‘jaligi tashkil qilindi. Lekin yana yuqorida zikr etilgan shaxslar bog‘ oralab yurishib, qator oralariga ekilgan shaftoli daraxtlarini o‘tin qilib sotib yuborishdi. Dinu diyonati bor ekanki, Isroiljon Mahramov bog‘ egasi Alijon Nasriddinov ekanligini yozma ravishda bayon etdi. O‘z o‘rnida Alijon Nasriddinov o‘ziga nisbatan adolatsizliklar sodir bo‘layotganligini bir qator yuqori tashkilotlarga, huquqni muhofaza qilish idoralariga yetkazdi. Natijadan darak yo‘q. «Dedi-dedi» bilan yakunlanayotgan javoblardan ma’lumki, noqonuniy amaliyot bilan olingan yer Alijonga qaytmaydi.

Zuhriddin Bobojonov va Alijon Nasriddinovlar endi qayerga borishsin? Yoki osmon – yiroq, yer – qattiq deganlari shumi?

Prezident nima dediyu, hokim nima qildi?

O‘tgan 2,5 yilda davlatimiz rahbari va hukumat raisi tomonidan pillachilikni rivojlantirishga qaratilgan to‘rtta muhim hujjat qabul qilindi. Ulardan biri 2018 yil 20 avgustdagi «Respublikada pillachilik tarmog‘idagi mavjud imkoniyatlardan yanada samarali foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 3910-sonli qaror bo‘lib, qishloq ahlining uzoq yillardan beri kutgan orzu-umidlari o‘z aksini topgan.

Mazkur qarorda aholi bandligini ta’minlashga qaratilgan bir qator imtiyozlar borki, klasterlar tomonidan xonadonlarga tut ko‘chat, 50 boshdan 90 kunlik parrandalarni shartnoma asosida bepul yetkazib berish alohida ta’kidlangan. Yetishtirilayotgan pillani ipak qurti parvarish qilgan xonadon sharoitida dastlabki qayta ishlovini yo‘lga qo‘yishga ruxsat etilgan. Tutchilik fermer xo‘jaliklari dalasida yengil konstruksiyadagi ipak qurti boqishga mo‘ljallangan qurtxonalar qurish topshirig‘i ham bo‘lgan.

Andijon tumanida davlat rahbari imzolagan qarorda qayd etilgan vazifalardan birortasi o‘z ijrosini topmadi. Aksincha, serhosil tutzorlarning oyog‘iga bolta urish amaliyoti avj oldi. Oxunboboyev, I.Bakirov, Bobur nomli massivlarda tutzorlar xoru zorlikka yuz tutdi. Bir tomondan tutzorga hujum, ikkinchi tomondan fermerdan reja talab qilish korrupsiyaning avj olishiga xizmat qilmayaptimi o‘zi?

Bo‘taqora qishlog‘iga kiraverishdagi bir gektarlik ayni kuchga to‘lgan tutzorning qanday yo‘q bo‘lib ketganligidan tuman rahbari xabardormikin? Bilgichlarning aytishicha, qayd etilgan tutzor qishloqqa notanish ayolga tadbirkorlik sub’yekti sifatida ajratilgan, u esa tutlarni qo‘porib, o‘zicha «kimoshdi savdosi» tashkil etgan holda har sotix yerni go‘yoki 2 ming 150 AQSh dollaridan shamol tezligida sotib yuborganligi 20 mingdan ziyod aholi yashaydigan Bo‘taqora qishlog‘ida turli-tuman gap-so‘zlarning bosh mavzusi bo‘lib turibdi. Xo‘sh, yuragi bu qadar kuchli bo‘lgan notanish ayolning tirgagi kim? Tirgaksiz bu ishga qo‘l urish uchun otning emas, filning kallasidek yurak kerak. Viloyat va tumandan biriktirilgan sektor rahbarlarining ko‘zi qayoqda, degan savol ham yo‘q emas... Yo ular Bo‘taqora, Yorboshi, Orol, Hakon kabi tutzorlari vayron etilgan qishloqlarga borishmagan yoki ko‘rishsa ham, ko‘zlarini yumib olishgan.

Xo‘p, Ulug‘bek Isomiddinov Prezident qarorlariga ters tarzda pillachilikni rivojlantirmoqchimi? Natijalar esa aksincha... 2018-2019-yillarda pilla tayyorlash rejalari amalda 50 foiz atrofida bo‘ldi. Yuzlab fermerlar yetkazib berilmagan pillaning har kilogrammiga 30 ming so‘mdan jarima to‘lashdi. Hisoblasangiz, jarimalar miqdori tuman bo‘yicha yiliga 2,5 milliard so‘mdan oshib ketdi. Davlat hisobotida esa rejalar ijrosi besh! 2020-yilda pilla yetishtirish hajmi reja bo‘yicha yana ko‘payishi ehtimoldan holi emas. Bu yog‘i nima bo‘ladi?

Shundan bo‘lsa kerakki, xorijiy ommaviy axborot vositalarida Andijon tumani fermerlarining murojaatlari tez-tez tilga olinadi. Avvalgilar aytganidek, shamol bo‘lmasa, daraxtning uchi qimirlamaydi...

* * *

Bog‘-rog‘larga burkangan tumanda bugun «Mana!» deb ko‘rsatishga arziydigan birorta bog‘ yoki tokzorning yo‘qligi ortidan eksport masalasi qanday yechim topayotganligi ham jumboq. Xulosa shuki, Andijon tumani qishloq xo‘jaligi jar yoqasiga kelib bo‘ldi. Uni o‘nglash esa nainki vaqt, milliard so‘mlarni yutib yuborishi mumkin...

Qobiljon Asqarov, jurnalist
Andijon viloyati

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring