XXI asr epidemiyalari: insoniyat o‘lim viruslarini qanday yenggan?
Hozir butun dunyoning diqqati Xitoyga qaratilgan: yangi paydo bo‘lgan koronavirus «o‘lim yurishi»ni amalga oshirib, bu ulkan mamlakat hududidan-da chiqib, Gonkong, Makao, Tayvan, Tailand, Yaponiya, Janubiy Koreya, AQSh, Malayziya, Fransiya, Singapur, Avstraliya va Nepalgacha yetib bordi. Davosi topilmayotgan ajal urug‘i global xavfga aylanib ulgurdi.
Shunga qaramasdan, Xitoyda uyg‘ongan yangi koronavirus so‘nggi 20 yilda insoniyat to‘qnash kelgan xavfli kasalliklarning bittasi, xolos. XXI-asr epidemiyalari qanday kasalliklar edi va ularni insoniyat qanday yenggan — shularni esga olamiz.
Atipik pnevmoniya
Atipik pnevmoniya (Severe Acute Respiratory Syndrome, SARS) birinchi bo‘lib 2002-yilda Xitoy janubi-g‘arbidagi Guandun provinsiyasida tarqagan. Keyin Xitoyning boshqa viloyatlarida, Vetnam, Yangi Zelandiya, Indoneziya, Tailand va Filippinga o‘tib ketgan. Xuddi shu kasallikka chalinish holatlari Shimoliy Amerika, Yevropa va Rossiyada ham qayd etilgan. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) hisob-kitoblariga ko‘ra, epidemiya tarqagan 2002-2003-yillarda 37 mamlakatda jami 8 437 kishiga bu kasallik yuqib, shulardan 813 nafari olamdan o‘tgan.
JSST 2003-yilning iyulida atipik pnevmoniya (SARS) dunyo bo‘ylab tugatilganini rasman e’lon qildi. Shuning davomida qo‘shimcha qilindiki, atipik pnevmoniya epidemiyasining tugatilishi uning ustidan to‘liq g‘alaba qozonilganini anglatmaydi. Shu boisdan tashkilot epidemiya tarqagan mamlakatlardan hushyorlikni yo‘qotmaslikni so‘radi.
Shundan keyin ham ayrim mamlakatlarda o‘qtin-o‘qtin bu kasallikka chalinganlar uchrab turdi, ammo kasallik epidemiyaga aylanmadi. Bu kasallikka qarshi samarali vaksina hanuz yaratilmagan, AQSh, Kanada, Xitoy, Rossiya va boshqa mamlakatlar olimlari izlanishdan to‘xtashgani yo‘q.
Cho‘chqa grippi
Insoniyat asrning navbatdagi epidemiyasi bilan 2009-yil boshida yuzma-yuz keldi. Mexikoda cho‘chqa grippini keltirib chiqaruvchi (hayvonlardan odamlarga va odamdan odamga o‘tuvchi) H1N1 yangi virusi paydo bo‘lgandi. Shundan so‘ng kasallik Meksika bo‘ylab tarqab, AQShga o‘tib ketdi. Bir necha oydan keyin Ispaniyada ham bu virus topildi, keyin esa H1N1 yetib bormagan deyarli bittayam Yevropa mamlakati qolmadi. O‘sha yilning iyunida JSST mutaxassislari oxirgi 41 yilda ilk marotaba grippning yangi virusi pandemiyasi (epidemiyaning juda keng tarqalishi) boshlanganini e’lon qilishdi.
Cho‘chqa grippi virusning boshqa shtammlaridan ko‘ra kamroq o‘lim xavfini keltirib chiqarardi.
Garvard jamoat salomatligi maktabi ma’lumotlariga ko‘ra, cho‘chqa grippiga chalinish holatlarining 0,007 foizida o‘lim qayd etilgan, hatto ayrim mavsumiy gripp turlari ham bundan ko‘ra ko‘proq o‘limga sabab bo‘ladi.
Shu boisdan ham 2010 yilning iyunida Yevropa kengashining Parlament assambleyasi 2009-yili H1N1 grippi pandemiyasini e’lon qilgan JSST faoliyatini tanqid qiluvchi hisobotni tasdiqladi. Hisobotda JSST bilan birga Yevropa mamlakatlari hukumatlari, YeI muassasalari aholini behuda qo‘rquvga solib, davlat mablag‘larini o‘rinsiz sarflab yuborishda ayblandi. Epidemiya masshtablari uncha katta bo‘lmagani uchun sotib olingan katta-katta vaksina partiyalari foydalanmay qolib ketgan.
Ayrim ekspertlarning nazarida cho‘chqa grippi — o‘ylab topilgan kasallik, vaksinalar va virusga qarshi dori-darmon ishlab chiqaruvchi ayrim farmatsevtika kompaniyalarining boylik topish uchun ishlatgan nayrangi.
Parranda grippi
Yana Osiyoga qaytamiz. 2013-yilning fevralida Janubiy va Sharqiy Osiyoda parranda grippi tarqadi. H5N1 hamda H7N9 viruslari uyg‘otuvchi bu kasallik qo‘lda boqiladigan parrandalardan odamga yuqardi. Virus epidemiyaga aylanib ketmasligi uchun ko‘riladigan yagona chora — kasallik aniqlangan joydagi parrandalarni bitta qolmay yo‘qotish bo‘lib qolmoqda.
Tibbiyot mutaxassislariga bu kasallik begona emas edi, chunki 2003-yili ilk marta Osiyoda aynan shu «parranda virusi» aniqlangandi. Ammo o‘shanda atigi 100 kishida kasallik topilgan, 140 mln.ta parranda yo‘q qilingandi. Umuman olganda, JSST ma’lumotlariga ko‘ra, 2003-yildan 2013-yilning dekabriga qadar H5N1 virusi bilan 15 mamlakatda 649 kishi kasallanib, 384 nafari dunyodan ko‘z yumgan. Parranda grippida pnevmoniyaning rivojlanib ketishi, buyraklar, jigar va qon hosil qiluvchi organlar faoliyatining jiddiy buzilishi o‘limga olib kelgan.
Kasallikka qarshi kurashish uchun qator vaksinalar ishlab chiqilgani uchun undan o‘lim holatlari ancha kamaydi. Biroq yana bir bor ta’kidlab o‘tamiz, parranda grippi ham, cho‘chqa grippi ham batamom yo‘q qilinmagan. Chunki bu viruslar o‘ta tez mutatsiyalanish xususiyatiga ega. Har yili odamlar kelgusi yilda paydo bo‘lishi kutilayotgan shtammlarga qarshi emalanadi. Yanagi yili xuddi shu virus butunlay o‘zgacha shakl-shamoyilda bo‘y ko‘rsatadi, yana emlash kerak...
Poliomiyelit
2014-yili dunyo bo‘ylab poliomiyelit bilan kasallanganlar soni ko‘payib ketdi. O‘tkir shol kasalligi — poliomiyelit ayniqsa bolalar uchun o‘ta xavfli bo‘lib, bir umrga majruh qilib qo‘yishi mumkin. Qadimiy bu kasallik ustidan zamonaviy tibbiyot uzil-kesil g‘alaba qozona olganicha yo‘q. Shunga qaramasdan, o‘tgan asr 50-yillarida ixtiro qilingan vaksinalar kasallikning oldini olishda juda yaxshi samara beryapti.
JSST ma’lumotlariga ko‘ra, 1988-yildan beri poliomiyelit bilan kasallanish holatlari ozayishi 99 foizdan oshgan: 1988-yilda — 125 dan ziyod mamlakatda 350 mingdan ortiq bemor; 2013-yilda — bir necha mamlakatda 406 nafar bemor aniqlangan.
Poliomiyelitning endemik holati Nigeriya, Pokiston va Afg‘onistonda saqlanib qolmoqda, Suriyada 2013-2014 -yillarda 17 ta, Kamerunda 7 holatda, Ekvatorial Gvineyada 5 holatda poliomiyelit kasalligi aniqlangan.
Ebola virusi
JSST Ebola bezgagini 2014-yil avgustida global xavf uyg‘otadi, deb topdi. Bu o‘tkir virusli kasallik bo‘lib inson va ayrim hayvon turlarida uchraydi. Kasallikka u topilgan joy yaqinidan oqib o‘tuvchi Ebola daryosi (Kongo Demokratik Respublikasi) nomi berilgan. Bu kasallikning o‘lim koeffitsiyenti — 90 foiz!
Ushbu kasallik bir necha yilda bir marta Markaziy Afrika mamlakatlarida qo‘zg‘alib turadi. Asosan Kongo va Ugandada. Ammo Ebola bezgagining eng yirik epidemiyasi 2014-yilning fevralida G‘arbiy Afrikada (Gvineya, Serra-Leone va Liberiya) tarqab, to 2015-yilning dekabrigacha davom etgan va 11 ming kishining yostig‘ini quritgandi. O‘shanda 27 mingdan ortiq inson bezgakka chalingani taxmin qilinadi. Yevropada birinchi marta Ebola bezgagiga chalinish oqibatida Liberiyadan Ispaniyaga olib kelingan ruhoniy Migel Paxares vafot etgan. Keyinchalik Ebola virusi Paxaresni tekshirgan tibbiy komissiya tarkibida ishlagan hamshira Tereza Romeroda aniqlangan. Romero — G‘arbiy Afrikaga kelmasdan turib Ebola bilan kasallangan birinchi inson.
Ebola virusi 2018-yilning avgustida Kongo DR bo‘ylab avj olib, 2019-yilda ham davom etdi. 2019-yilning dekabriga kelib kasallanganlar soni 3 303 nafarni tashkil etib, 2 199 holatda o‘lim bilan tugagan.
JSST 2019-yilning iyulida bu mamlakatdagi vaziyatni «favqulodda vaziyat» deb baholadi va virusga qarshi samarali vaksinalar mavjud emasligi bois kasallik boshqa mamlakatlarga tarqab ketishi mumkinligidan jahon hamjamiyatini ogohlantirdi.
Kongolez epidemiyasi chog‘i vrachlar ikkita yangi dorini klinik sinovdan o‘tkazishdi. 2019-yilning 12-avgust kuni AQSh Sog‘liqni saqlash milliy instituti bu dorilar sinovdan muvaffaqiyatli etganini ma’lum qildi. Ebola bezgagini davolashda qo‘llangan dorilar o‘lim xavfini 50 foizdan 27 foizgacha (REGN-EB3) va 34 foizgacha (mAb114) pasaytirdi, kasallikning boshlanishida qo‘llanganida esa bemorlarning yashab qolish imkoniyati 90 foizga yetdi.
P.S.: Bizda mavjud so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoy koronavirusidan o‘lganlar soni 81 kishiga yetgan, kasallik aniqlanganlar soni esa 3 ming nafardan oshgan. Insoniyat garchi yuqorida nomlari sanalgan kasalliklarga uzil-kesil chora topmagan bo‘lsa-da, xavfni chekinishga majbur qila olgandi. Bu safar nima bo‘larkin? Bedavo (hozircha) kasallik o‘chog‘i 11 mln. kishilik Uxan shahri va 1,386 milliard aholiga ega Xitoyligi va vaziyat bu mamlakat o‘tmishidan farqli o‘laroq, bugun — dunyoning narigi chekkasiga sanoqli soatlarda yetish mumkin bo‘lgan davrda «juda ochiqligi» nuqtai nazaridan baholanganda, ahvol o‘ta jiddiy.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter