Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Virus qanday «syurpriz»lar tayyorlab qo‘yganini bilmaymiz» – professor savollarga ochiqchasiga javob berdi

«Virus qanday «syurpriz»lar tayyorlab qo‘yganini bilmaymiz» – professor savollarga ochiqchasiga javob berdi

Foto: Xabar.uz

Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi, tibbiyot fanlari doktori, professor Nurmat Otabekov «Xabar.uz»ga intervyu berdi.

— Yon-atrofimizdagi davlatlar bilan solishtirganda bizda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat qanday?

— Bugun hamma kundalik statistikadan xabardor. Hozirda respublikamiz bo‘ylab kuniga 600 ga yaqin bemor qayd etilyapti va biz kasallanish bo‘yicha Hamdo‘stlik davlatlari ichida o‘rta darajada turibmiz. Lekin umumiy aholi soniga nisbatan oladigan bo‘lsak, ko‘rsatkichimiz ancha yaxshi. Biroq bu zinhor xotirjamlikka yoki o‘ta sarosimaga tushishga asos bo‘ladigan holat emas. Qolaversa, O‘zbekistonda qayd etilayotgan bemorlar statistikasi har kuni 3 marotaba yangilanib, aholiga yetkazilyapti.

Kasallanganlar nafaqat hududlar, balki yoshga qarab, kasb-korlar bo‘yicha ham ro‘yxatga olinyapti. Muhimi, bemorlarni davolashda dunyo hamjamiyati e’tirof etgan taktika qo‘llanilyapti. Ya’ni juda yengil kechganda ambulatoriya-poliklinika sharoitida, o‘rta og‘irlikda saralash punktlariga joylashtirish va davolash, og‘ir va o‘ta og‘ir holatlarda esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri shifoxonaga yotqizish.

Ayni paytda bemorlarning murojaat qilishi yoki shifoxonaga yotqizilishi borasida hech qanday muammolar yo‘q, 50 mingdan ortiqroq shifo o‘rinlari bo‘sh turibdi. Bundan ko‘rinib turibdiki, epidemik vaziyatimiz vahima qiladigan holatda emas. Ammo kasallik qayd etilishda davom etar ekan, bu qaysidir darajada odamlarimizni hushyor tortishga, sergak bo‘lishga undashi kerak. Chunki virusni yuqtirish ehtimoli yuqtirmaslikdan yuqori.

Kasallik qo‘zg‘atuvchisi atrofimizda aylanib yuribdi, u tez yuquvchan va kimlardadir yengil o‘tyapti. Biroq yondosh kasalligi bor odamlarda ancha jiddiy kechib, hatto o‘ta salbiy oqibatlarga olib kelayotganini O‘zbekiston amaliyotida ham kuzatib turibmiz va buni hech birimiz e’tibordan chetda qoldirmasligimiz kerak.

— Odamlar orasida tarqalgan «Bu ketishda yana qat’iy karantin joriy etilarkan», degan gap-so‘zlar qanchalik asosli? Nahotki, vaziyat yana jiddiylashayotgan bo‘lsa?..

— To‘g‘ri, ijtimoiy tarmoqlarda karantin tadbirlari aynan 15 oktyabrdan yana kuchaytirilar ekan, degan gap-so‘zlar yuribdi. Lekin bu mutlaqo asossiz ma’lumot. Negaki, bizda bu darajadagi aniqlik bilan, yana bir oy oldin xulosa beroladigan «iqtidor» egasi yo‘q.

Endi uni asossiz deyishimga sabab, mana, biz har tomonlama o‘ylab, vaziyatni o‘rganib, baholab karantin tadbirlarini yumshatdik. Odamlar jamoat transportlaridan foydalanyapti. Hamma ishga chiqyapti, maktablar, bog‘chalar faoliyati tiklanyapti. Odamlar ko‘chada bemalol yuribdi. Shaxsan men karantin cheklovlarini keskinlashtirish sababini ko‘rayotganim yo‘q…

Masalaning yana bir tomoni, ya’ni ayni vaziyatda eng muhimi, tibbiyot tizimi shay holatga keltirildi: kerakli miqdorda dori-darmon, asbob-uskunalar, testlar, shifo o‘rinlari tayyorlab qo‘yildi. Mutaxassislarimiz ham har tomonlama yetildi. Misol uchun, nafaqat yuqumli kasalliklar shifoxonalari, balki boshqa profildagi — terapiya, xirurgiya, bolalar xastaliklar bo‘yicha tibbiyot muassasalari ham koronavirus bilan shug‘ullanib ko‘rdi. Hammasi shu kasallikka chalinganlarni davolash ishida ishtirok etdi. E’tiborlisi, markaz bilan hududlar teleko‘prigi shakllandi. Aytaylik, telemuloqot orqali maslahatlashuv tizimi yo‘lga qo‘yildi. Xorijlik mutaxassislar keldi, biznikilar ham ularning tajribalarini o‘rganishdi. O‘zbekistonda sal kam 70 mingta shifo o‘rinlari yaratildi. Va, ming shukrki, hozirda ularning 50 mingdan ko‘pi bo‘sh turganini ko‘rib ham, cheklov tadbirini kuchaytirishga asos yo‘q deya olamiz.

O‘zi bunday tadbirlar qachon qilinadi, qachonki, kasallik soni keskin ortib ketib, uning jilovi qo‘ldan chiqarilsa, muassasalar tegishli tayyorgarlik ko‘rmagan va bir joyda qotib qolgan yoki ojizlik holatiga kelgan bo‘lsa…

Endi masalaning ikkinchi tomoni, biz karantin cheklovlari keskinlashmas ekan, degan fikrga borib, o‘zimizni bemalolgarchilikka zinhor undamasligimiz lozim.

Masalan, ko‘cha-ko‘yda ko‘ramiz, 30-40 foiz odamgina niqoblarni to‘g‘ri taqib, to‘g‘ri ishlatib yuribdi. Lekin oramizda belgilangan talablarga bepisand qarab, amaldagi qonunlarni mensimaydigan odamlar ham ko‘p. Doka niqobni iyagi, dahani yoki qulog‘iga ilintirib qo‘yganlar qancha. Bu yaxshi emas. Ular bu qiliqlari bilan qonunni pisand qilmayotganini bildiradi va men bundaylarga qaysidir darajada rahmim keladi. Negaki ular kasallikni yuqtirib olishi yuqori bo‘lgan xavf guruhiga kiradi. Koronavirusning nechog‘lik jiddiy ekanini esa bu dardni boshidan o‘tkazganlar, yaqin insonini yo‘qotganlar juda yaxshi bilishadi.

— Xabarimiz bor, siz ham shu kasallikka chalinib, uni yengib o‘tdingiz...

— To‘g‘ri, men ham koronavirus bilan 21 kun olishdim. Ungacha 4 oy davomida odamlarga koronavirus amaliyoti, uning klinik belgilari, tashxisoti, davolash bo‘yicha nimalarni aytgan bo‘lsam, hammasini o‘z ko‘zim bilan ko‘rib, o‘z tanamdan o‘tkazdim. Va shunga amin bo‘ldimki, biz hali bu kasallikning asoratlarini yaxshi bilmaymiz, bemorlarning hammasi sog‘ayib ketadi degan fikrdan ham yiroqmiz. Yana shuni angladimki, kimki qo‘rqsa, tushkunlikka tushsa, unga qarshi kurashmasa, tavsiyalarga rioya etmasa, bu dardga yengiladi.

Ba’zan odamlardan «Men koronavirusga chalinib bo‘ldim, endi niqob taqmasam ham bo‘ladi» degan gaplarni eshityapmiz. Endi tasavvur qiling, O‘zbekistonda 50 mingdan ziyod odam koronavirus bilan kasallandi. Ularning bari ko‘chada niqobsiz yoki o‘rnatilgan tadbirlarga rioya qilmay yursa, bu vaziyatni jiddiy o‘zgartirishi mumkin. Axir, tuzalib chiqqan odamlar ham ma’lum bir muddat virusni tashqariga chiqarib turishadi.

Uning hali 10-20 yildan keyin qanaqa asoratlar berishini ham bilmaymiz. Bu biz uchun notanish kasallik qo‘zg‘atuvchisidir. Shunday ekan, biz u bilan hazillashmaylik.

Davlatimiz rahbari, tibbiyot xodimlari bejizga uni ko‘rinmas yov, yashirin dushmanga qiyoslamayapti, demak, hali uning imkoniyati, qirralari, jihatlaridan bexabarmiz.

Shifoxonada yotganimda, ko‘pchilik menga «3-4 oy televideniyeda tinimsiz gapirganingizda, sizga ishonmagandim. Endi bu yerda tavbalarimga tayanib yotibman. O‘shanda tavsiyalaringizga amal qilmaganimga afsusdaman», deyishdi. Hech bir harakatsiz, faqat o‘ylar girdobiga botgan va ko‘z yumgan odamlarni ko‘rdim u yerda. Shunday ekan, biz bu kasallikka bepisand qaramasligimiz kerak. Mayli, o‘sha ko‘chada niqobsiz yurgan odamlar o‘z salomatligiga befarqdir, sog‘ligi ularni qiziqtirmas, biroq sizu bizning salomatligimiz bilan o‘ynashishga ularning haqqi yo‘q.

— Shu o‘rinda hamyurtlarimizda nega unda ular nazorat qilinmayapti, degan savol tug‘ilishi mumkin...

— To‘g‘ri aytasiz, endi qarang, 34 million aholimizning, mayli, 15 millionini faol deb olsak, sohada nazorat qiluvchi xodimlarimizning umumiy soni mingdan sal ziyodroq. Ular har qancha urinmasin 15 million odamni nazorat qilolmaydi. Demak, bizda jamoatchilik nazorati bo‘lishi kerak. Bir-birimizga e’tiroz qilish, tanbeh berish, eslatib qo‘yish kabilarni o‘rgatishimiz darkor. Men urishib, so‘kib, koyib bering degan fikrlardan juda yiroqman. Lekin «Kechirasiz, shu doka niqobingizni to‘g‘ri taqib oling» deyishni o‘rganishimiz shart.

Hammamiz o‘zbekchilik degan gapni ko‘p eshitganmiz. Nega qozoqchilik, qirg‘izchilik, turkmanchilik yoki ruschilik deyilmaydi. Chunki biz o‘z befarqligimizni mana shunga o‘xshash so‘zlar bilan himoyalashga urinamiz. Ammo biz odamlarni tarbiyaga chaqirib, o‘rnatilgan tartibga rioya etishni o‘rgatishda nafaqat nazorat qiluvchi organlar, balki davlatimizga ham yordam berishimiz kerak.

Mening bir aktyor do‘stim bor, bir kuni u «Gapiraverib, tilim terlab ketdi» degandi… Qarang, targ‘ibotni kimlar qilmadi. Tibbiyot xodimlari yoniga barcha soha vakillari qo‘shildi: jurnalistlar, aktyorlar, shoirlar, ziyolilar, o‘qituvchilar... Shunday bo‘lsa-da, bizda bee’tibor odamlar ko‘p. Demak, ularga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan barcha imkoniyatlarni ishga solishimiz lozim. Biz boshqalarni, ya’ni o‘zimizni, oila a’zolarimizni, yoshi ulug‘, yondosh kasalliklari bor bobo va buvilarimizni himoya qilish haqida o‘ylashimiz zarur. Ularning aksariyati bu kasallikdan qattiq aziyat chekyapti. Ko‘pchiligi hayotdan ko‘z yumayapti. Shularni ko‘z oldimizga keltirishimiz darkor.

— Sizningcha, koronavirus insoniyatni qachongacha ta’qib etadi?

— Bilasizmi, balki, bu kasallik qo‘zg‘atuvchisi bizdan umuman ketmas, ehtimol, u odamzod bilan bir umrga qolish uchun kelgandir... Bir paytlar epidemiologiya fani otalaridan bo‘lgan olim — Vitaliy Belyakov «Yuqumli kasalliklar qolish uchun keladi», degan fikrni aytgandi. Balki, biz bora-bora koronavirusni ham gripp yoki oddiy respirator kasallik sifatida ko‘rib, bilib, yashab yuraveradigan holatga kelarmiz. Lekin nima bo‘lgan taqdirda ham, erta-indin kasallik tugaydi, hammamiz erkin, boyagidek, 2000-3000 odamni yig‘ib to‘y qilamiz, katta-katta tadbirlar, yig‘inlar o‘tkazamiz, degan fikrlardan o‘zimizni tiyib turishimiz kerak.

Negaki, biz bu virusning bor qirralarini bilmaymiz, qanday «syurpriz»lar tayyorlab qo‘yganini ham tasavvur qilolmaymiz.

— Unda virus chekinmay turib maktablarning ochilishi qanchalik to‘g‘ri? Bunday qarorga kelish oson kechmagandir?..

— Men bu qarorni juda to‘g‘ri deb bilaman. Axir, farzandlarimizni bir umr uyda qamab o‘tirolmaymiz-ku. Keyin maktabdan oladigan ko‘nikmalarni hech qachon uyda berolmaymiz. E’tibor qilsangiz, biz bolalar va nevaralarimiz bilan faqat bitta mazmun va yo‘nalishda gaplashamiz. Ya’ni ko‘proq ularning erkinligini cheklashga qaratilgan: uni qilma, ovozingni chiqarma, urishma, talashma va hokazo. Maktab esa nafaqat ta’lim maskani, balki farzandlarimiz kamolotida ham muhim rol o‘ynaydigan bo‘g‘indir.

Misol uchun, bola ertalab maktabga borish mas’uliyati bilan uydan chiqib ketadi. Darsni o‘zlashtirish jarayonida kimlardandir o‘zishga bo‘lgan harakat — intilishni paydo qiladi, o‘qituvchilar tomonidan berilgan topshiriqlarni uyga kelib bajarish orqali esa javorgarlik hissi uyg‘onadi. Maktabda nimanidir bahslashib, talashib olish asnosida o‘z shaxsini himoya qilish ko‘nikmasi shakllanadi, tengqurlarini yondan kuzatib, o‘ziga ozgina oro berish, solishtirish jarayonida boshlovchilik, liderlik xislatlari ortadi. Tan olamizmi-yo‘qmi, lekin bular hech bir oilada berilmaydi. To‘g‘ri, bola otasiga o‘xshab do‘xtir, onasidek o‘qituvchi bo‘lishni niyat qilar, lekin maktabning muhiti boshqa. Bu ulug‘ dargohning bizga beradigan in’omi katta. Albatta, maktabda muloqot ko‘proq bo‘lgani uchun kasalliklar aniqlanishi, ochilganlari qaytadan yopilishi mumkin. Mayli, nima qilamiz, iloj qancha. Lekin bolalarimiz uyda qolsa, juda ko‘p narsani yo‘qotishi aniq.

Ko‘p bora ta’kidlaganimizdek, bolalarda bu kasallik juda yengil o‘tadi. Hech qanaqa asoratlar bo‘lmaydi, chunki aksariyatida yondosh dardlari yo‘q. Demak, ular koronavirusni oson yengishadi. Faqat bu borada ota-onalarimiz, o‘qituvchilar sal sergak bo‘lishsa bas. Birorta kasallik belgisi bor bola quloq tinchi uchun maktabga yuborilmasa, o‘zida kichik alomatni sezgan o‘qituvchi maktabga bormasa, o‘quv dargohlaridagi ertalabki filtrlar, maxsus barerlar to‘g‘ri va faol ishlasa. Har bir xodim faoliyatiga mas’uliyat bilan yondashsa, hammasi yaxshi bo‘ladi…

Lekin men aniq bilaman, maktab va oliy o‘quv yurtlari onlayn ta’limga o‘tib, bolalarimizda o‘quv dargohlarida bevosita ta’lim olish imkoniyatining bir muncha chegaralangani ortidan hali yoshlarimizning aqliy kamolot nuqtai nazaridan qancha orqaga ketganini isbotlovchi dalillar paydo bo‘ladi. Ehtimol, hozir qaysidir institutlar, markazlar bu borada izlanishlar olib borayotgandir. Shuning uchun men maktablar ochilishini to‘g‘ri deb hisoblayman. Biroq, albatta, epidemiyaga qarshi talablarni bajarishga qodir va tayyor maktablargina ochilishi zarur.

Hozirda barcha muassasalar juda jiddiy nazorat ostiga olingan, mutaxassislar ularning tayyorligi haqida fikr bergach, holat o‘sha viloyatlardagi kengashlar tomonidan muhokama qilinadi va deputatlar yaxshilab o‘rgangach, u yoki bu maktablarning ochilishiga ruxsat beriladi.

— Barchamizga ma’lum, kuz faslida turli yuqumli kasalliklar avj oladi. Sizningcha, koronavirus bu mavsumda o‘zini qanday tutadi, ya’ni uning xatarli tus olish ehtimoli bormi?

— Nam va salqin havo viruslar uchun doim qulay sharoit hisoblangan. Demak, kuz-qishda koronavirusning avj olish ehtimoli yo‘q emas. Lekin har bir manzil va makonning egasi bo‘lganidek, ushbu mavsumlarda asosan gripp, paragripp, o‘tkir respirator kasalliklar, reyno singari bir qancha havo-tomchi yo‘li bilan yuqadigan xastaliklarga duch kelamiz. Ammo biz bir narsani bilmaymizki, bu viruslar koronavirus infeksiyasi bilan qanday chiqishadi? Ya’ni ular bitta muhitda o‘zlarini qanday tutishadi? Bir-biriga antagonist — qarama-qarshimi yoki sinergist — qo‘llab-quvvatlovchimi?

Ma’lumki, gripp, paragripplar, reyno singari infeksiyalar allaqachon odamlar virusiga aylanib ulgurgan, koronavirus esa hayvonlardan kelib chiqqan. Agar ular qarama-qarshi bo‘lsa, boshqa viruslar koronavirus bo‘yicha epidemik vaziyat murakkablashib ketishiga hissa qo‘shmaydi. Mabodo sinergist bo‘lsa, unda ahvol jiddiylashishi mumkin.

Shu o‘rinda yana bir jihatga e’tibor qaratsak, tabiatdagi ma’lum bir muhitda ikki xil mikroorganizm bir paytning o‘zida gegemon bo‘lolmaydi. Bunday xislat faqat odamlarga xos. Masalan, bir xonadonga kirgan odam ikki xil niyat qilishi mumkin: biri yaxshi, biri yomon. Lekin mikroorganizmlarda bunday g‘irromlik yo‘q. Ular o‘z tabiatiga xos xislatlarga sodiq. Demak, hozirgi koronavirus egallab turgan manzilga boshqa virusning kirib kelishi va uni siqib chiqarishi ehtimoldan ancha yiroq holat. Shu bois koronavirus kasalligining o‘zi ketish xohishini paydo qilmaguncha, unga qarshi ehtiyot choralarimizni qo‘llashimiz kerak.

Shohida Isroilova suhbatlashdi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring