Tanganing ikkinchi tomoni yoxud Sirdaryoda bir kun
Bugun Sirdaryodagi talafotga barcha birdek jon kuydirmoqda. Buni ko‘rayapmiz, kuzatayapmiz. Qurilish, tozalash, evakuatsiya qilish ishlari o‘sha kuniyoq boshlangan.
Insonparvarlik yordami karvonlarining haliyam keti uzilgani yo‘q. Xususan, 4-may holatiga kelib tushgan insonparvarlik yordami — 162 tonna un, 63 ming litr o‘simlik yog‘i, 108 ming dona tuxum, 58 tonna shakar, 212 tonna guruch, 43 tonnadan ziyod go‘sht va go‘sht mahsulotlari, 40 bosh qoramol va 100 bosh qo‘y, qariyb 330 tonna sabzavot, shuningdek 32,5 tonnadan ziyod boshqa mahsulotlar, kiyim-bosh, ko‘rpa-to‘shak, gigiyena vositalari va har xil uy-ro‘zg‘or buyumlari manzilli tarzda aholiga tarqatilmoqda.
Tarqatilayotgan yordamdan xursand bo‘layotgan, yordam berayotganlarni alqayotgan hamyurtlarimiz ham ko‘p. Televideniye orqali kuzatsangiz hatto ularning quvonchdan, minnatdorlikdan ko‘ziga yosh olayotganlarini ham ko‘rasiz. Va bularning barchasi mutlaqo haqiqat. Beixtiyor saxovatpesha, bag‘ri keng xalqing bilan g‘ururlanib ketging keladi.
«Hayot» Sirdaryoga yo‘l oldi
Shu kunlarda «Hayot» boshpanasiz hayvonlar muruvvat maskani rahbari Iroda Matkarimova tashabbusi bilan yana bir xayrli ishga qo‘l urildi. Ya’ni Sirdaryoning suv bosgan hududlaridan boshpanasiz qolib ketgan hayvonlarni qutqarish uchun ko‘ngillilar yo‘lga otlanishdi.
Shu bahona ikkita katta yuk mashinasiga hamyurtlarimizdan aholi uchun insonparvarlik yordamini qabul qilib olindi. Yuk mashinalariga saxovatpesha insonlar ilinganini (kimdir kiyim-kechak, kimdir oziq-ovqat, ko‘rpa-to‘shak, o‘yinchoqlar, qutilarda shirinliklar, hattoki yuk mashinasining bor bo‘yini egallagan katta bir gilam) ortish uchun hattoki navbat poylab qolishdi. Yordam ortilgan mashinalarning zanjiri uzilmayotganini ko‘rib hamjihatliligimizga havaslandim. Va nihoyat 15 ga yaqin kichik ulovlarda ko‘ngillilar, oldinda yuk mashinalarida yo‘lga tushdik.
Yo‘l-yo‘lakay yana ko‘plab insoparvarlik yordami ortilgan karvon qatorlariga duch keldik. Hammaning yordamga oshiqib ketayotganini ko‘rib qalbingda ana shunday xalqing borligidan g‘ururlanasan beixtiyor. Ammo qalbingning bir chekkasini tushkun kayfiyat chulg‘aydi. El boshiga ish tushganda hamma bir-biriga yordamga oshiqadi, qo‘l cho‘zadi lekin nega yurtda muhtojlar ko‘p, nega kosamiz oqarmaydi, nega xorijga ishlashga ketayotgan migrantlar ko‘p?!
Xayollaringni quvasan, miyangdan pozitiv fikrlarga joy bo‘shatasan, hozir ko‘rib turganing ezguliklar ko‘z o‘ngingda bo‘layaptiku, noshukrlik qilmasangchi... deysan o‘zingga o‘zing. Xullas Sirdaryoga kiraverishda bir choyxonaning oldiga to‘xtadik. Choyxona, albatta, karantin sabab yopiq.
Choyxonaning orqasidagi hojatxonani esa... «ta’riflashga» til ojiz. Ko‘chaga qurilgan suvsiz, xlorlanmagan, supurilmagan, badbo‘y hojatxonadan qaytishimizda barzangiday, baquvvat yigit yo‘limizni to‘sdi: «kirish ming so‘m». Mana shu holat bo‘lmaganida sizlarning ham tabingizni bo‘g‘ib, buni eslash niyatim yo‘q edi. Shu tobda ertalabki holat ko‘z o‘ngimdan o‘tdi. Qanchadan-qancha odamlar beminnat yordamga oshiqayotgani ko‘nglimga bir chiroyli iforni olib kirgandi, mana bu yigitning qilig‘idan so‘ng faxr tuyg‘usiga jindak badbo‘y hid ham aralashdi.
«Shtab» degani naq Qo‘yliq bozorining omboriday keladi
Yana yo‘lga tushdik. Insonparvarlik yordamini kutib oladigan shtab Guliston tumanida ekan. Biroz navbat kutdik. Chunki bizdan oldinda Surxondaryodan kelgan uchta katta yuk mashinasi va kartoshka-piyoz ortilgan yuk mashinalari turardi.
«Shtab» degani naq Qo‘yliq bozorining omboriday keladi. Yo‘q narsaning o‘zi yo‘q. Ayniqsa (shundoqqina Toshkentdan keltirilgani bilinib turibdi) shirmoy nonlarning o‘rtada uyulib turgani menda g‘alati kayfiyat uyg‘otdi. Yog‘larning, ichida nimalari borligi noma’lum sanoqsiz qutilarning, kiyim kechagu ko‘rpa-to‘shaklarning ko‘pligi va yana kelishda davom etayotgani aqlingizni shoshiradi.
Negadir bizning mashinalarimizdagi yuklarni Mirzaobod tumaniga jo‘natishdi. Mirzaobod va Oqoltin tumanlarining ham ma’lum hududini suv bosgan bo‘lib, u yorda ham Milliy gvardiya xodimlari, askarlar, favqulodda vaziyatlar vazirligi xizmatchilari qutqaruv va tozalash ishlarini olib borishmoqda. Uncha-muncha aholi ham to‘plangan. Sababi odamlar suvni kechib buzilgan, chala buzilgan uylaridan xabar olishayotgan ekan. Suvni kechib o‘tish oson bo‘lmagani uchun, qolaversa aholining xavfsizligini ta’minlash maqsadida bu yerga qattiq nazorat o‘rnatilgan.
Insonparvarlik yordamini tarqatishni maslahat qilish uchun tuman hokimi o‘rinbosari — Diyor ismli yigitni chaqirishdi. Biz hokim o‘rinbosaridan olib kelgan narsalarni shu yerdagi aholiga tarqatishni maslahat qildik. Lekin u buni shtabga olib borish kerak dedi. Biz hozir shtabdan kelganimizni, yordamni esa shu yerda tarqatib yuborishimiz kerakligini aytdik. Negadir hokim o‘rinbosari shtabga olib borish kerak deb turib oldi. Shu yerda savol paydo bo‘ldi. Bu yerdagi jo‘natilgan narsalar hokimiyat yoki birorta rasmiy idoradan emaski, ro‘yxat bilan qabul qilinsa?!
«Hech kim yordam bergani yo‘q»
Sal nariroqda g‘aribgina kiyingan homilador kelinchak va onaxonga ko‘zim tushdi. Ular anchadan beri devorga suyanganicha gaplashib turgani uchunmi, e’tiborimni tortdi. Ularga yaqinlashib savolga tutdim.
—Sizlarga insonparvarlik yordamini berishdimi?
Kelinchak to‘lib turgan ekanmi ko‘zida yosh aylandi. Ovozi qaltirab: «Hech kim yordam bergani yo‘q», dedi.
— Necha nafar farzandingiz bor?
— To‘rt nafar. Uyimizni suv olib ketgan, hech narsasiz qoldik.
Yana bir onaxon suhbatga qo‘shiladi:
— Cholim bilan qoldik, farzandlarimni qarindoshlarnikiga jo‘natdik. Anuv kuni oziq-ovqat tarqatayotgan ekan, bizlarga ham bermaysizlarmi, desak farzandlaringiz oldingizda bo‘lmasa hech narsa bermaymiz, deyishdi.
— Balki farzandlaringizga yetkazishgandir?
— Ularni hozircha hech kim so‘ragani yo‘q. Menimcha mahalla faollari uyma uy yurib, kimning oila-a’zolari qayerdaligini ro‘yxat qilishi kerak. Bizda mana shu ish yaxshi yo‘lga qo‘yilmagan.
— Ikki kilo makaron, ikki kilo guruch, ikki kilo shakar, poyma-poyi bir-biridan farq qiladigan oyoq kiyimlar berib ketishdi, — deydi ayollardan biri. — Bergan narsalarini tuyub o‘tiribman, bollarim kelsa yeydi, deb.
Sal nariroqda mashinadagi amakiga yuzlanaman.
— Meni uyim mana shu tumanda edi, buzilib ketdi, Yangiovul mahallasidanman, — deydi B.ismli fuqaro. — Oila a’zolarim jami 15 kishini qudamnikiga — Sayxunobodga joylashtirdim. Hozir ikki o‘g‘limni olib kelib uydan xabar olishga jo‘natdim. 500 mingcha pulim seyfda qolib ketibdi. O‘g‘illarimni kutib o‘tiribman. Ularni qudamnikiga tashlab kelaman.
— O‘zingiz qayoqqa borasiz?
— Uch kundan beri mashinada uxlayapman. Mashinayam qudamniki. Karantinda haydamayapti. Insonparvarlik yordamlari mana shu atrofga ham keladi. Mana kecha «Dizayn» guruhi ancha-muncha narsa tarqatib ketdi. So‘rashga bet chidamadi. Mana bugun to‘rtinchi kun. Bizdan hech kim nima kerak deb so‘ragani yo‘q. 15 kishining birovning ko‘rpa to‘shagida uxlashi ham noqulay. Loaqal ko‘rpa-to‘shaklar berishsa bo‘lardi. (Gaplashgan odamlarning barchasi—aytayotganlarimiz boshqa joyga chiqib ketmasin, yomon ko‘rinib qolsak bor yordamdan ham quruq qolamiz, deyishdi.)
Sal nariroqda gurung qilayotgan ikki erkakka yaqinlashaman.
— Gulistonda bojamnikiga oilamni joylashtirdim, — deydi Ismoilovlar oilasi boshlig‘i. — Bir xo‘jalikda 50 nafar kishi yashayapti. Bizga hali hech qanday yordam berilgani yo‘q. Oqoltinning Shodligidanman. Yordam so‘rash haqida o‘ylayotganimiz ham yo‘q. Suv kechib barbod bo‘lgan vatanimizdan xabar olish tashvishida yuribmiz.
Holatdan kelib chiqib, olib borilgan narsalarning bir qismi shu tumanning o‘zida tarqatildi.
Albatta, yordamdan mamnun odamlar ham bor
Mirzaobod tumanining «Haqiqat» mahalla faollari ushbu mahallada yashovchi odamlarning nechta moli borligi, yer kadastrini ro‘yxatga olmoqda. Ko‘nglingda yana bir umid paydo bo‘ladi, balki ro‘yxat to‘liq shakllantirilgach, Guliston shtabida «Qo‘yliq» bozoridagidek manzara kasb etib turgan insonparvarlik yordami to‘liq tarqatilar?
O‘zA rasmiy sayti bergan ma’lumotlariga tayanadigan bo‘lsak, shtabning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilangan:
- Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlarida favqulodda hodisa oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirishda ko‘maklashish;
- evakuatsiya qilingan aholini zarur oziq-ovqat mahsulotlari, shaxsiy himoya va gigiyena vositalari, yotoq anjomlari, shuningdek, kuniga uch mahal issiq ovqat bilan ta’minlashni tashkil etish;
- favqulodda hodisa ro‘y bergan hududlarda huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish, jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligi hamda tegishli mol-mulklar muhofaza qilinishini nazoratga olish;
- jabrlangan fuqarolarning murojaatlari tezkorlik bilan ko‘rib chiqilishi hamda ularda ko‘tarilgan masalalarning hal etilishini ta’minlash;
- aholi orasida yolg‘on, noto‘g‘ri ma’lumot va xabarlar hamda sarosima tarqalishining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar davom ettiriladi.
Men suhbatlashgan odamlar orasida, albatta yordam, berilayotganidan mamnun odamlar ham bor. Hatto Mirzaobod oldida turgan nazoratchilar uchun tekin non tarqatilmoqda. Do‘konchadagi ichimlik suvlarining biroz qimmat bo‘lsa-da, odamlarda unga ehtiyoj kattaligini ko‘rib, mana shu yerda ishlayotganlarga, uyidan xabar olishga ketayotganlarga insonparvarlik yordamining bir qismi tarqatilsa, suvlar tekinga berilsa, yuqorida ta’kidlanganidek, uch mahal tekin ovqat tashkil etilsa nur ustiga a’lo nur bo‘lardi, degan fikr o‘tdi.
Ko‘ngillilar bir chekkaga o‘tib tamaddi qilishdi. Yopgan non, suv, o‘zlari uydan pishirib kelgan taom va o‘sha yerdagi do‘konchadan sotib olgan pechenelari bilan. Ularni kuzatib turib mashinalar to‘la yegulik bo‘lishiga qaramay, bir donasiga ham xiyonat qilmaganidan yana ko‘ngling ko‘tariladi. Qani endi hamma mana shunday ko‘ngillilarday halol, pok bo‘lsa edi.
Kimdir o‘zi o‘tirgan ko‘rpachasini ilinadi, kimni o‘z elini talaydi
Ko‘ngillilar bilan hamkorlikda favqulodda vazirlik, milliy gvardiya xodimlari hayvonlarni qutqarish uchun qaltis vaziyatni ham o‘ylamay suvga tushishdi. Har holda bir qancha jonivorlarni qutqarishga muvaffaq bo‘lishdi.
O‘sha yerdagi aholidan g‘alati gaplar quloqqa chalindi. Uyini suv bosmagan qo‘shni qishloqdagilar uyini tashlab ketganlarning tirik mol qo‘ylarini, qo‘lga ilinadigan ashyolarini o‘g‘irlayotgan emish...
Yana xayoldan o‘sha fikr aylanadi: kimlardir uyida to‘shab o‘tirgan ko‘rpachasini, yana kimlardir bolasining o‘yinchog‘ini boshiga ish tushganlarga ilinayotgan, yana kimlardir torgina hovlisiga uysiz qolgan odamlarni sig‘dirayotgan, quchoq ochib kutib olayotgan bir paytda, ayrimlar o‘z elini talamoqda.
Har tomonda suvning tagida qolib ketgan xonavayron uylar, uy hayvonlarining o‘ligi to‘dalari (ularni xlorlab ko‘mishmoqda baraka topgur ishchilar), xuddi kinolardagidek fojialarni, ha-ha biz yurak hovuchlab ko‘zda yosh bilan ko‘radigan voqealarni eslatadi.
Sal nariroqda omon qolgan jonivorlarini egalari oldiga solib haydab ketmoqda, hayvonlarning barchasi juda ozg‘in, qovurg‘alari sanalib turibdi. Shu holi bilan toshqin bilan kurashganining va omon qolganining o‘zi katta gap.
Bizku chekkadan borgan, fojianing ichida bo‘lmagan odamlarmiz, ammo uning ichida yurgan, ko‘z o‘ngida bir umr yiqqan-tergani sanoqli lahzalarda havoga uchib ketganini ko‘rgan shu yerlik aholining stress holatini tasavvur qilavering. Ularga bugun har qancha yordam, har qancha dalda kamlik qiladi.
O‘zidan orttirolmasa...
Ketar chog‘imiz bir xonadon egasi uyidagi itini bolalari bilan topshirib yubormoqchiligini aytdi. Ne ko‘z bilan ko‘raylikki, eti ustixoniga yopishgan it mehmonlarga peshvoz chiqdi, tumshug‘i bilan mehmonlarning oyog‘iga suykalib, yalinib nimlardir so‘raganday bo‘ldi nazarimda. Ha, u och edi. Uchta go‘dagini emizishga-da holi yo‘q och ona it edi. Ko‘ngilli qizlardan biri katta non bo‘lagini tashladi, kuchuk chaynamay yutdi. Bolalari juda nimjon, qimirlashga holi yo‘q. Bu holat ham uy egasi o‘zidan orttirolmasligini ko‘rsatib turibdi. Shunda beixtiyor yo‘lda uchratganim – ozg‘in sigirlar, ot va eshaklar ko‘z oldimga keldi.
Ikkinchi xonadonda ham 4 ta bolali ona itni topshirishdi, ular ham shu qadar ozg‘inki. Demak, xalq nochorki, ularning hayvonlari ham nochor. Yuqorida aytganimdek, o‘zidan orttirolmaydi. Chiqargan xulosam, xalq to‘q va farovon bo‘lsa, ularning mol-holi ham to‘yadi, eti ustixoniga yopishar darajasida ozg‘in bo‘lmaydi.
Yana angladimki, hayvonlarga munosabat ham qachonki odamlarning hayot tarzi chiroylilashsa, ko‘rkamlashsa, qorin g‘amidan qutulsagina o‘zgarishi mumkin. Topgan arzimagan daromadiga uy qurish, to‘y qilishdek katta xarajatli shirin tashvishlar kutib turganida, qayoqdagi bir kuchukka izzat-ikrom ko‘rsatish, loaqal qornini to‘ydirish esiga keladimi?
Xulosa o‘zingizdan
Sirdaryoda bir kunimiz ana shunday o‘tdi. Aholi uchun to‘plangan insonparvarlik yordamini qabul qilib olganlar, o‘ylaymizki, ega-egalariga to‘liq tarqatishadi. Ayniqsa, bugun qayerda uxlashini bilmayotgan, qaysi bir xonadonga o‘sha qimmatbaho qalin gilamning hadya qilinishi, yana bir xonadonning kattalardek ko‘zlariga qayg‘u cho‘mgan bolajonlari o‘yinchoqlarni, qutidagi shirinliklarni olib bir lahza uysizligini unutishini tasavvur qilish ko‘ngilni xotirjam qiladi. Har holda shunday o‘ylagim keldi.
Hojatxona uchun ming so‘m so‘ragan yigit, ozg‘in kuchugini qutqarayotganimiz uchun ozroq pul so‘ragan ayol, Gulistonda Qo‘yliqning omboridek manzara kasb etgan shtab, ranglari rangpar ozg‘in homilador ayolning o‘ksib yig‘lagani, birovning qayg‘usidan foydalanib o‘z qo‘shnilarini talon-toroj qilayotgan ba’zi odamlar — bularning bari-barisi ayni damda kuzatayotganimiz — ezgu ishlar, amaliy tashabbuslar qatorida ro‘y berayotgan bugunning real haqiqatlari.
Ha, biz birgamiz, biz hamjihatmiz, el boshiga ish tushsa borimizni qo‘sh-qo‘llab topshiradigan xalqmiz. Hatto bizning hamjihatligimiz xorijga ham ibrat bo‘lib turibdi bugungi kunda. Lekin men yuqorida tasvirlagan holatlar kuzatilmaganda edi, allaqachon oramizda bir umr kambag‘allikdan aziyat chekayotgan odamlar bo‘lmas edi.
Ha biz borimizni sochadigan, hatto yeb o‘tirgan nonimizni och odamga ilinadigan xalqmiz va shu bilan birga, boringizni yulib oladigan, o‘zi to‘q bo‘la turib, ochlarga atalgan rizqni talaydigan hamyurtlarimiz ham yo‘q emas. Shunaqa... tanganing ikkinchi tomoni ham bor... Xulosa esa o‘zingizdan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter