Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tadqiqotchilar: «Qisqartirilgan ish haftasi nafaqat iqtisodiyotni, balki hayotni ham yaxshilaydi»

Tadqiqotchilar: «Qisqartirilgan ish haftasi nafaqat iqtisodiyotni, balki hayotni ham yaxshilaydi»

foto: internet

Massachusets universitetining olimlari yigirma yil davomida turli korxonalarda minglab odamlarning ish jadvalini o‘rgandilar. Va haddan tashqari mehnatsevarlik sog‘liq uchun zararli ekani ma’lum bo‘ldi. Bu alkogol va nikotinga qaramlikdan ham ko‘proq halokatli – kuniga 11 soat ishlaydigan odamda yurak xurujiga duchor bo‘lish ehtimoli 70 foizgacha, haftada 55 soatdan ortiq ishlaydigan odamlar qandli diabetga chalinishi 30 foizgacha ko‘proq. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan olib borilgan tadqiqot shuni  ko‘rsatdiki, har hafta o‘rtacha 55 soat yoki undan ko‘proq ishlash insult xavfini 35 foizga va yurak xastaligidan o‘lish xavfini o‘rtacha 35-40 soatga nisbatan 17 foizga oshiradi. Yaponiyaning Kyushu universiteti tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotlar haftasiga 60 soat ishlaydigan odamlar 40 soat ishlaganlarga qaraganda yurak xurujiga ikki baravar ko‘p uchrashini, haftada ikki marta yoki undan ko‘proq kechasi besh soatdan kam uxlaydiganlar uchun xavf uch barobar ortishini isbotladi. Hatto 10 soatlik ish kuni ham alkogolizmga moyillikni keltirib chiqarishi mumkin ekan. Axir, inson qanchalik ko‘p ishlasa, dam olish istagi kuchayadi. Va hordiq chiqarishning eng oson yo‘li – spirtli ichimliklar.

Kuni kecha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va barcha hokimliklarda faoliyat yuritayotgan jami 5744 nafar davlat fuqarolik xizmatchisi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilganida hokimlik xodimlari o‘rtasida ovqat hazm qilish organlari (surunkali gastrit), yurak-qon tomir (arterial gipertoniya), asab tizimi (osteoxondroz), ko‘z va endokrin (qandli diabet va semizlik) kabi kasalliklar aniqlangani haqida xabar berilgandi. Albatta bu kasalliklar o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib qolmagan. Balki bunga sabab davlat xizmatchilarining kuniga 8 soatdan ortiq ishlayotganidir?

Umuman inson haftasiga qancha soat ishlashi kerak, ishxonada ko‘proq vaqtini o‘tkazsa ish samarali bo‘ladimi yoki ko‘proq dam olsa? Balki bejizga rivojlangan davlatlar allaqachon haftasiga to‘rt kunlik ish kunini qo‘llab-quvvatlamayotgandir?

Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, Niderlandiya aholisi uchun o‘rtacha eng qisqa ish haftasi 29,3 soatni tashkil qilsa, Daniyada ular haftasiga 32,4 soat, Norvegiyada esa 33,8 soat ishlaydi. Germaniya, Shveysariya, Irlandiya, Belgiya, Avstriya, Avstraliya, Italiya kabi davlatlar haftasiga 35 soatdan ortiq ishxonada vaqt o‘tkazadilar. O‘rtacha ish haftasi haqidagi ma’lumotlar Xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan ham e’lon qilingan. Xususan, Belarusda aholi haftasiga o‘rtacha 35 soat, Isroilda 36, AQShda 37 soat ishlaydi.

Haftasiga eng ko‘p ishlaydigan aholi – Kolumbiyada 47,7 soat, Turkiyada 47 soat, Meksikada 45,1 soat, Kosta-Rika  44,5 soat va Janubiy Afrikada  42,9 soat. Yaponiyada haftasiga 40 soat ishlashadi, ammo ba’zi yaponiyaliklar bu cheklovlarni chetlab o‘tib ko‘proq soat ishlaydi. Xuddi shunday vaziyat Xitoyda ham, ya’ni ularning qo‘shimcha soatlari uchun pul to‘lanadi. Xitoy eng uzun ish haftasi chempioni. Ularda olti kunlik ish haftasi, kuniga kamida 10 soat. Tushlik tanaffusi atigi 20 daqiqa, yillik ta’til esa 10 kun davom etadi. Xitoyliklar qattiq mehnat qilishga odatlangan va kam dam olishgan. Xalq uchun uzoq dam olish dangasalik va uyatsizlik belgisidir.

Dunyodagi eng qisqa ish haftasi Gollandiyada, kuniga to‘rt kun, yetti soat, ya’ni haftasiga 28 soat, tushlik tanaffusi bir soat. Davlat o‘z xodimlarining shaxsiy hayoti va ish o‘rtasidagi muvozanat haqida qayg‘uradi. 2000 yillarning o‘rtalarida gollandiyaliklar dunyoda birinchi bo‘lib ish haftasi 30 soatdan kam bo‘lgan ish vaqtini joriy etishdi. Ajablanarlisi shundaki, bu iqtisodiyotga umuman ta’sir qilmadi.

Shvetsiyada haftada olti kun va kuniga olti soatdan ko‘p bo‘lmagan ishlash odat tusiga kirgan. Kofe tanaffusi – har ikki soatda 15 daqiqa. Ularda tushlikka borish vaqti cheklanmagan, lekin hech kim bu erkinlikni suiiste’mol qilmaydi. Bunday jadval hosildorlikni oshiradi va salomatlikka ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Hozircha Shvetsiya nafaqat ish vaqtini qisqartirish haqida bong uradigan, balki yangi konsepsiyani hayotga tatbiq etayotgan ikkinchi mamlakatdir.

Ispaniyada besh kunlik ish haftasi, kuniga yetti soat. Mamlakat juda issiq, shuning uchun ish kunlarida 2-3 soatlik tanaffuslari mavjud. Xodimlarning ish samaradorligini oshirish uchun, termometrlar 35 darajadan yuqori bo‘lsa, ish beruvchilar erta tongda yoki uyda ishlashni rag‘batlantiradilar.

Janubiy Koreya qonunchilari ko‘pchilik ovoz bilan ish haftasining maksimal vaqtini 68 soatdan 52 soatga qisqartiruvchi qonunni ma’qulladi. Janubiy Koreya barcha rivojlangan davlatlar orasida eng uzun ish kuniga ega. Ushbu qonunga tadbirkorlar qarshi chiqdi, biroq hukumat bunday qonun zarur, u odamlarning turmush sharoitini yaxshilashga yordam beradi, deb hisoblaydi. Bundan tashqari, ish haftasining qisqarishi yangi ish o‘rinlarini yaratishga yordam beradi, bu esa pirovardida mehnat unumdorligini oshirishga olib keladi. Faqat Meksikada (yiliga 2225 soat) va Kosta-Rikada (yiliga 2212 soat) xodimlar Janubiy Koreyadagidan ko‘ra ko‘proq vaqtini ishda o‘tkazadi.

Xalqaro mehnat tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, uzoqroq ish vaqti, qoida tariqasida, past va o‘rta daromadli mamlakatlar uchun xosdir. Bu tendensiya bir qator omillar bilan belgilanadi: aholisining daromadi past bo‘lgan mamlakatlarda juda ko‘p odamlar o‘zini o‘zi ish bilan ta’minlaydi, shuningdek, bu mamlakatlarda ish haqining pastligi va mehnat bozoridagi yomon vaziyat aholini ko‘proq soat ishlashga undaydi.

Yaponiya jamiyati uchun mehnatkashlik jiddiy muammodir. Ko‘pgina ofis xodimlari ish kuni davomida juda charchaganlari uchun jamoat transportida uxlashadi. 2015–2016 yilda rekord darajadagi 1456 ta stress tufayli turli darajadagi o‘lim holati qayd etdi, o‘z joniga qasd qilishga ham ish bilan bog‘liq stresslar sabab. Mehnatkashlar huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlarning aytishicha, haqiqiy raqam rasmiy statistik ma’lumotlardan bir necha barobar ko‘p bo‘lishi mumkin.

Ko‘p yillar davomida o‘zining shafqatsiz mehnat axloqi bilan dunyoda yetakchi bo‘lgan Yaponiyada ortiqcha ishchanlik borasida qarashlar o‘zgarayotgani quvonarli hol. Yosh yaponiyaliklar bo‘sh vaqtlarini ko‘proq o‘tkazish uchun ortiqcha ishdan bosh tortmoqda. Masalan, Tokio universitetining bitiruvchisi Nobuxito Abening hikoyasini olaylik. Uning otasi bankda haftasiga 70 soatdan ko‘proq ishlaydi. Nobuxito esa apparat do‘konida yarim kun ishlaydi, har kuni beysbol va kompyuter o‘yinlarini o‘ynaydi yoki shaharda sayr qiladi. Nobuxito u va uning do‘stlari hayotni ishga bo‘ysundirishni yoqtirmasligini aytadi: «Mening avlodim yevropaliklar ancha oldin tushungan narsani tushundi: ish sizning hayotingizni buzishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Biz o‘z vaqtimizni boshqarishni xohlaymiz. Bizga erkinlik va sekinlik kerak.»

Shunday qilib ishga bo‘lgan ishtahangiz qanday bo‘lishidan qat’iy nazar, shuni bilingki, har hafta ko‘proq soat sarflash har doim ham yuqori mahsuldorlikka olib kelmasligini isbotlovchi dalillar mavjud. Ma’lumotlarga qaraganda samaradorlik haftasiga 50 soatdan keyin keskin pasayadi va 55 soatdan keyin juda pastga tushadi. Bundan tashqari, haftada kamida bir kun to‘liq dam olmaslik samaradorlikni pasaytiradi.

Daniya so‘nggi sakkiz yildan beri eng baxtli uchta mamlakat qatorida. Buni ularning haftasiga 38 soat ishlashi bilan bog‘lash mumkin. Daniyada odamlar haftasiga kam ishlasa-da qattiq ishlaydi va boshqa ishchilar kabi ish mahsuldorligi samarali. Bunga sabab ular ko‘pincha ofisdan har kuni soat 4 yoki 5 da chiqib ketishi va dam olishga ko‘p vaqt ajratganidir. Baxt bo‘yicha mutaxassis Den Buyettner farovonlik indeksi orqali dunyo bo‘ylab 20 milliondan ortiq odamda tadqiqot o‘tkazdi va shunday xulosaga keldi: «Ishingiz haqida gap ketganda, yarim kunlik ishlashga harakat qiling, haftasiga o‘rtacha 30-35 soat», deydi u.

Ishdagi stress me’yorida bo‘lsa mahsuldorlikni oshiradi, ammo ortiqcha stress jismoniy va hissiy tanazzulga olib keladi. Masalan, ishdan keyingi stress kanadaliklarning 15 foizidan ortig‘ini o‘z joniga qasd qilish fikriga undagan. Qolaversa charchoq, stress, nosog‘lomlik va hayotdan norozilik hosildorlikni pasaytiradi. Xalqaro mehnat tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, Belgiya, Fransiya va Norvegiya ishchilari amerikaliklarga qaraganda soatiga ko‘proq mahsulot ishlab chiqaradilar. Britaniyaliklar boshqa yevropaliklarga qaraganda ishda ko‘proq vaqt sarflashadi va qit’ada eng past samaradorlik darajasiga ega. Demak, xulosa shuki kamroq ishlaydiganlar yaxshiroq ishlaydi.

Shunga qaramay, qo‘shimcha ish va unumdorlik haqidagi bahs-munozaralar ortida asosiy narsani unutmaslik kerak: biz nima uchun yashaymiz? Ko‘pchilik o‘z ishini qadrlaydi, undan zavq oladi va faxrlanadi. Miyani harakatga keltirish, mushaklarni cho‘zish, odamlar bilan muloqot qilish – bu imkoniyatlarning barchasi va ijtimoiy maqom insonga mehnat orqali beriladi. Ammo bu degani butun hayotni unga bag‘ishlash kerak, degani emas. Ishdan tashqari juda ko‘p muhim narsalar bizdan ko‘p vaqt talab qiladi, masalan, oila, do‘stlar, sevimli mashg‘ulotlar va dam olish. Ammo 27 mamlakat aholisining 70 foizi ish va «adolatli hayot» nisbatidan to‘liq qoniqmaydi.

Masalan, fransuzlar kam ish soatlariga o‘tgach hayotlari qiziqarli bo‘la boshladi. Ular uchun hafta oxiri endi payshanba kuni boshlanadi yoki seshanba kuni tugaydi. Amaldorlar armiyasi kunduzi soat uchda o‘z xonalarini tark etadi. Ba’zi odamlar dam olish uchun qo‘shimcha soatlardan foydalanishadi (uyqu, televizor oldida yotish). San’at, musiqa va tillar kurslariga qatnaydigan talabalar soni sezilarli darajada oshdi. Turoperatorlar London, Barselona va boshqa jozibador yo‘nalishlarga qisqa turlarga bo‘lgan talab ortib bordi. Barlar, kinoteatrlar va sport klublari gavjumlashdi. Dam olishga sarflanadigan mablag‘ keskin oshdi va bu turg‘unlashgan iqtisodiyot uchun najot bo‘ldi. Qisqartirilgan ish haftasi nafaqat iqtisodiyotni, balki hayotni ham yaxshiladi. Ota-onalar farzandlari bilan ko‘proq vaqt o‘tkaza boshladilar, do‘stlar tez-tez ko‘rishadigan, er-xotinlar romantikaga vaqt topadigan bo‘ldilar. Masalan, parijlik iqtisodchi Emiliya Guimard olti haftalik haq to‘lanadigan ta’tildan tashqari, oyiga ikki marta uch kun dam oladi. U tennis bilan shug‘ullanadi, gazeta, jurnal o‘qiydi, yevropadagi muzeylarga ekskursiyaga boradi. «Hayotimni boyitadigan sevimli mashg‘ulotlarimga vaqtim bor. Bu nafaqat men uchun, balki ish beruvchilarim uchun ham foydali», – deydi Emiliya. – Inson o‘z hayotidan mamnun bo‘lsa, doimiy stressda yashamasa yaxshi ishlaydi. Kompaniyamizdagi ko‘pchilik biz avvalgidan ko‘ra ko‘proq ish qilayotganimizni aytishmoqda.

Bugungi kunda gollandiyaliklarning uchdan bir qismi esa yarim kun ishlaydi. Ushbu o‘zgarish 1990 yillarda boshlangan. Gollandiyaliklar ish beruvchilar bilan muzokaralar olib borish va kamroq maosh evaziga kamroq ishlash huquqiga ega.  Gollandiyaliklar ham farovonlik, ham havas qiladigan hayot sifati bilan maqtanishlari mumkin. Amerikaliklar bilan solishtirganda, ular televizor qarshisida sayohat qilish, xarid qilish va dam olishga kamroq vaqt ajratadilar, muloqot qilish, o‘qish, bolalar bilan o‘ynash, sport bilan shug‘ullanish va turli sevimli mashg‘ulotlariga ko‘proq vaqt ajratadilar.

Xulosa shuki, butun Yevropada yarim kunlik ish endi muvaffaqiyatsizlik stigmasi sifatida qabul qilinmaydi: aksincha, bu tobora ommalashib borayotgan turmush tarzidir. Ma’lum bo‘lishicha, moliyaviy nuqtai nazardan odamlar ish vaqtini qisqartirishdan ko‘p narsani yo‘qotmaydi. Gap shundaki, biz ishda kamroq vaqt o‘tkazsak, u bilan bog‘liq xarajatlar kamayadi: transport, mashinalar, shaharda ovqatlanish, qahva, bolalar bog‘chasi, kir yuvish, qulay xaridlar. Kanadada ba’zi ishchilar ish vaqtini qisqartirish orqali pul yutishgan.

Boshqa joylarda sekinlashuv o‘zining mantiqiy chegarasiga olib borildi: ish kunining o‘rtasida uxlab olishga ruxsat berilmoqda. Ishda uxlash mutlaqo tabu bo‘lib tuyuladi. Ammo tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, qisqa «tiklanish uyqusi» (ideal holda 20 daqiqa) energiya darajasini va mahsuldorlikni sezilarli darajada ko‘taradi, 24 daqiqalik ko‘zni yumib dam olish sehrli tarzda uchuvchining hushyorligi va javobgarligini oshiradi. Tarixdagi eng mashhur shaxslar kun davomida uxlashni yaxshi ko‘rishgan: Jon Kennedi, Tomas Edison, Napoleon Bonapart, Jon Rokfeller shular jumlasidan.

O‘zbekistonda besh kunlik ish kuniga ega ayrim davlat tashkilotlari xodimlari oltinchi kun ham ishga jalb qilinishi mumkin. Olti kunlik ish kunidan tashqari kechasi soat 22-24 gacha qolib ishlaydiganlar ham bor. Yuqoridagi misollar orqali anglash mumkinki mehnat uchun ko‘p vaqt sarflab samaraga erishib bo‘lmaydi, balki ko‘proq dam olish orqali nafaqat sog‘liq joyida, balki oiladagi munosabatlar mustahkamlanadi, mehr-oqibat kuchayadi. Ya’ni, o‘z vaqtini boshqaradigan odam ishga butunlay bog‘langan odamga qaraganda xotirjam, baxtli  va samaralidir.

Barno Sultonova tayyorladi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring