Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tadbirkor muammosini hal qilishning «Dehqonobodcha» usuli

Tadbirkor muammosini hal qilishning «Dehqonobodcha» usuli

Foto: «Xabar.uz»

Shu yilning 9-avgust kuni «Xabar.uz»da «Toshkentingga jo‘na, ketmasang — xonavayron qilamiz!» sarlavhali tanqidiy maqola e’lon qilingan edi. Ko‘p o‘tmay maqolaga Dehqonobod tuman hokimligi matbuot xizmati «rasmiy munosabat» bildirdi. O‘z navbatida tadbirkor ham hokimlikning munosabatiga aks munosabat bildirib, bugungi asl holatni ma’lum qildi. Shu bois, tahririyat yana bir bor bu mavzuga qaytishni lozim ko‘rdi.

Avval tuman hokimligi matbuot xizmatining (matn tahrirsiz chop etilmoqda) rasmiy munosabati bilan tanishing.

***

Joriy yil 9-avgust kuni xabar.uz saytida: «Toshkentingga jo‘na, ketmasang — xonavayron qilamiz!»  sarlavhali maqola e’lon qilindi. Maqolada «FERULA TRADING» xususiy korxonasi rahbari Xirojiddin Ibragimov Dehqonobod tumani hokimligi, huquqni muhofaza qilish organi, ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish inspeksiyasi hamda tuman yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri korxonalaridan noroziligi tilga olingan. Aytilishicha, «PINNACLE WORLDWIDE EXIM» MChJ mavsumiy ishchilari Toshkentning Sergeli tumanida davlat ro‘yxatidan o‘tgan «FERULA TRADING» xususiy korxonasi rahbari Xirojiddin Ibragimovga tegishli bo‘lgan kovrak plantatsiyasi hududiga beruxsat kirgan. Muallifning ta’kidlashicha, tadbirkorga «Toshkentingga jo‘na, bu yerda sening biznes bilan shug‘ullanishga haqqing yo‘q, ketmasang xonavayron qilamiz!» deya ochiqchasiga tahdid qilishgan.

Dehqonobod tuman hokimligi mazkur maqolada tilga olingan holatlarni o‘rganib chiqib quyidagilarni ma’lum qiladi:

«Kovrak» o‘simligini ekish va ko‘paytirish hamda yetishtirilgan mahsulotlarni eksportga yo‘naltirish istagida bo‘lgan barcha tadbirkorlar Dehqonobodda erkin faoliyat olib bormoqda. Shulardan biri Toshkent shahri Sergeli tumanidan ro‘yxatdan o‘tgan «FERULA TRADING» xususiy korxonasi bo‘lib, Dehqonobodda kovrak o‘simligini ko‘paytirish, ekish va eksportga chiqarish maqsadida 2014 yilda tuman hokimligiga murojaat qilgan. Tuman hokimligi ushbu tadbirkorni qo‘llab-quvvatlab faoliyat yuritishi uchun tumandagi Torqopchug‘oy MFY hududidan tabiiy holda kovrak o‘simligi o‘sadigan yer maydonidan 400,1 gektar lalmi yer maydonini ajratib bergan.

Ma’lum bo‘lishicha, tadbirkorga ajratilgan 400,1 gektar yer ikkita konturda joylashgan bo‘lib, ikkinchi 100,1 gektar yer chizmasini chizishda xatoga yo‘l qo‘ygan. Ya’ni tadbirkorga berilgan yer boshqa hududdaligi belgilangan. Anglashilmovchilik sabab «PINNACLE WORLDWIDE EXIM» MChJ ishchilari o‘sha hududga o‘tib ishlayotgan bo‘lgan. Ushbu holat aniqlangach, xato bartaraf etildi. Tuman yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri korxonasi rahbari Manzir Ashirov esa lavozimidan ozod etilib, xatti-harakati tuman prokuraturasi tomonidan o‘rganilmoqda.

Ushbu ajratilgan yer maydonlaridan «FERULA TRADING» xususiy korxonasi tomonidan kovrak o‘simligi shirasi yig‘ishtirib olingan va olinmoqda. Biroq, tuman davlat Soliq inspeksiyasi ma’lumotnomasiga ko‘ra, «FERULA TRADING» xususiy korxonasi tuman budjetiga yer solig‘i va ishchi xizmatchilar uchun daromad soliqlarini to‘lashi lozim bo‘lsa-da, hozirgi kunga qadar to‘lamagan. Vaholanki korxonada har yili 20 nafardan ortiq mavsumiy ishchilar faoliyat olib borgan. Qolaversa, korxona eksportni va’da qilib ish boshlagan bo‘lsa-da, faqatgina 2017 yil kovrak mahsulotini eksport qilib 47 500 AQSh dollari kiritgan, undan keyin umuman eksport bilan shug‘ullanmagan. Lekin, xususiy korxona tomonidan 2015-, 2016-, 2018- va 2019 yilning o‘tgan davri mobaynida ham kovrak o‘simligi shirasi yig‘ishtirib olingan.

Korxona rahbari X.Ibragimov tadbirkorligi orqali tuman salohiyatini ko‘targanini iddao qiladi, «Dexqanabad Biogaz» MChJ shaklidagi sho‘’ba korxonani tashkil etganini bildiradi. Sayt jurnalisti ham uning ayblovlarini shunday ekan deya ommaga tarqatadi. Jurnalist jumladan shunday deydi: «Tadbirkor o‘tgan yillar davomida faqat kavrakka ko‘z tutib o‘tirmadi. Va’daga vafo qilib, Qashqadaryo viloyati hokimi Z.Ro‘ziyevning taklifi hamda Dehqonobod tumani hokimi Z.Aliqulovning talabiga muvofiq «DEHQANABAD BIOGAZ» deb nomlangan MChJ shaklidagi sho‘’ba korxona tashkil qildi. Uch yilda ikki milliard so‘mdan ortiq investitsiya jalb qilib, 1 gektar yerda ferma, issiqxona, quyonchilik, bedanachilik xo‘jaligini tashkil qildi, biogaz kompleksini foydalanishga topshirdi».

Murojaatchi fikri asosida maqola tayyorlayotgan jurnalist «biogaz kompleksini foydalanishga topshirdi», — deya bong urushdan oldin kompleksni o‘z ko‘zi bilan ko‘rganmikin? Foydalanishga topshirilganiga ishonch hosil qilganmikin? Ko‘rmagan, bilmagan albatta. Shunday bo‘lsa-da, jurnalist kompleks nima maqsadda tashkil etilgan, tuman aholisi uchun qanday yangilik bo‘ldi va bugungi kunda qanday vazifani bajaryapti? – degan savollarni o‘rtaga tashlagan degan umiddamiz.

Keling, savollarga o‘zimiz javob bersak. MChJ shaklidagi sho‘’ba korxona deyilayotgan yangilik aslida tadbirkor binosidan tashqariga ham chiqmagan orzu. Ming taassufki, mol go‘ngidan gaz ishlab chiqaruvchi mazkur innovatsiya faqatgina tadbirkorning o‘zigagina asqotyapti. Ishchilar uchun ovqat pishirish va qishda yashab turgan binoni qizitishgagina yarayapti, xolos. Tuman aholisiga hech qanday nafi tegmadi hali-beri. Avval boshdan va’dalar bisyor edi: aholini mol go‘ngidan tayyorlangan gaz bilan ta’minlaymiz. Arzonlashtirilgan gaz ishlab chiqaramiz deyilgandi. Biroq oradan 3 yil vaqt o‘tsa-da, va’da va’daligicha qolmoqda. Tadbirkorning 1 gektar yerda ferma, issiqxona, quyonchilik, bedanachilik xo‘jaligini tashkil qildim deyotgan haqiqati esa faqatgina issiqxonadan iboratligi ma’lum bo‘ldi. Quyonchilik, bedanachilik deya og‘iz ko‘pirtirilayotgan ishlardan asar ham yo‘q.

Dehqonobod tuman davlat Soliq inspeksiyasi tomonidan berilgan ma’lumotnomada «Dexqanabad Biogaz» MChJ ning 2019-yil iyun oyi uchun taqdim etgan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i hisobotida 3 nafar xodimga ish haqi hisoblab hisobot taqdim etgan. (Maqolada esa 4 nafar doimiy ishchi va 24 nafar mavsumiy ishchi ko‘rsatilgan).

Qolaversa, belgilangan tartibga ko‘ra «FERULA TRADING» xususiy korxonasi tuman budjetiga yer solig‘i va ishlayotgan ishchi xizmatchilar uchun daromad solig‘ini to‘lashi lozimligi belgilangan bo‘lsa-da, 2014-yildan hozirgi kunga qadar Dehqonobod tuman davlat Soliq inspeksiyasiga umuman hisobot topshirmagan va umuman soliq to‘lamagan.

Tuman Ichki ishlar bo‘limi tomonidan berilgan ma’lumotnomada «FERULA TRADING» xususiy korxonasi tomonidan 2018 yil may-oktyabr oylarida 20 nafar, 2019-yil may-iyun oylarida 15 nafar, iyun-avgust oylarida 20 nafardan mavsumiy ishchilar kovrak shirasi yig‘ishtirib olishda ishlaganligi bildirilgan. Soliq inspeksiyasi tomonidan «FERULA TRADING» xususiy korxonasiga hisobotlarini topshirish va davlat budjetiga soliqlar hamda majburiy ajratmalarni to‘lash yuzasidan taqdimnoma jo‘natilgan.

Eng yomoni ish boshlashdan oldin qancha va’da berilishiga qaramasdan  «FERULA TRADING» xususiy korxonasi va «Dexqanabad Biogaz» MChJ tomonidan Dehqonobod tumaniga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar umuman jalb qilinmagan.

Maqolada «zo‘ravon» deya tilga olingan «PINNACLE WORLDWIDE EXIM» MChJ xorijiy korxonasi 2018-yildan buyon faoliyat olib borayotgan bo‘lsa-da, 2018-yilda 100 ming AQSh dollar, 2019-yilning 6 oyida 17 ming AQSh dollarlik mahsulotlar eksportini amalga oshirgan. Shuningdek mazkur xorijiy korxona tomonidan 2019-yilda tumanga 43 500 AQSh dollari miqdorida to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiya kiritilgan.

Jurnalistning tadbirkor manfaatini himoya qilishga urunishi tahsinga loyiq, albatta. Lekin murojaatni o‘rganayotgan jurnalist nega faqat tadbirkor aytgan gaplar bilan cheklandi? Ikkinchi tomon fikri bilan umuman qiziqmadi? Nega bor holatni o‘z ko‘zi bilan ko‘rmay, mas’ullar ustidan mag‘zava ag‘darishga urindi? Juda bo‘lmaganda, telefon orqali bo‘lsa-da mas’ullardan holatga izoh so‘ramadi? Qani jurnalistning adolati?

Maqolada jurnalist murojaatchining quyidagi gapini keltiradi: «Men Dehqonobod tuman hokimligi, huquqni muhofaza qilish organi, ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish inspeksiyasi, tuman yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri korxonasiga ushbu huquqbuzarlik haqida bir necha bor og‘zaki va yozma murojaat qildim, — deydi tadbirkor X.Ibragimov. — Ammo qilgan murojaatlarimning hech biriga javob qaytarilmadi». Holbuki tadbirkorning 16 iyulda tuman hokimligiga qilgan murojaatiga 24 iyul kuni javob berilgan.

Tuman hokimligi yuqoridagi holatlarga qaramasdan, har qanday holatda ham tadbirkorni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanligini ma’lum qilib, jurnalistlardan har bir masalaga adolatli yondashuvni, har ikkala tomonni ham birdek eshitib ko‘rishni so‘ragan bo‘lardi.

Dehqonobod tuman hokimligi matbuot xizmati

***

Endi  so‘zni tadbirkorga beramiz. Eshiting:

— Dehqonobod tuman hokimligi munosabatini o‘qigan o‘quvchi «Qoyil, tuman hokimligi masalaga tezkor munosabat bildirib, yechim topibdi. Hamma ayb «majburiyatlarini bajarmay, hatto soliq to‘lashdan bo‘yin tovlab kelayotgan «toshkentlik» tadbirkorning o‘zida ekan-da», degan xulosaga kelishi tabiiy.

Aslida hokimiyat bu masalaga tadbirkorning o‘zini «aybdor» qilmay, boshqaga yechim topishi maqsadga muvofiq edi. Hokimlik munosabatida men va firmamga qo‘yilgan ayblovlar mutlaqo haqiqatdan yiroq.

Isbotmi? Marhamat:

  1. Munosabatda «Dehqonobod tuman hokimligi mazkur maqolada tilga olingan holatlarni o‘rganib chiqqani»ni iddao qilingan. Hokimiyat, menimcha, bu masalani hokimiyat binosidan chiqmay, faqat qog‘ozda o‘rgangan ko‘rinadi. Chunki maqola e’lon qilingandan so‘ng hokimlikning hech bir mutasaddi vakili bevosita menga ajratilgan huddudga chiqib, ahvolni o‘rgangani yo‘q.
  2. Hokimiyat tan olganidek, tuman mutasaddi idorasi menga ajratilga yer chizmasini chizishda xatoga yo‘l qo‘ygan ekan, nima uchun hanuzgacha xatolikni to‘g‘irlash ustida ish olib borilmayapti? Anglashilmovchilik sabab, «PINNACLE WORLDWIDE EXIM» MChJ ishchilari «FERULA TRADING» korxonasiga tegishli plantatsiyani oralab, kovrak shirasini yig‘ib olayotgan ekan, endi yetkazilgan zarar kim tomonidan qoplanadi? Yer chizmasini noto‘g‘ri chizgan Tuman yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri korxonasimi yoki bilib turib ishchilarni bizga tegishli yerni «oralashga» majbur qilgan «PINNACLE WORLDWIDE EXIM» MChJ rahbarimi? Axir u yerga besh yil davomida qancha mehnat, qancha pul xarajat qilinigani shundoq ko‘rinib turibdi-ku!
  3. Tuman hokimligi to‘la ishonch bilan muammo hal qilingani ta’kidlamoqda. Bekor gap. Chunki, muammoga hali ham ijobiy yechim topilgani yo‘q. «PINNACLE WORLDWIDE EXIM» MChJ ishchilari  hali ham bizning hosilni yig‘ishda davom etyapti. Bizda buni isbotlovchi fotosuratlar bor.
  4. Qiziq holat: bizning muammomiz sabab tuman yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri korxonasi rahbari Manzir Ashirov ishdan olingani va xatti-harakati tuman prokuraturasi tomonidan o‘rganilayotgani ta’kidlangan. Aslida M.Ashirov bu masala hali ko‘tarilmasdan ikki oy oldin ishdan bo‘shatilgan edi.
  5. Tuman davlat soliq inspeksiyasi «FERULA TRADING» XK 2014 yildan buyon tuman budjetiga majburiy to‘lovlarni to‘lamay kelayotgani va hisobotlarni topshirmayotganini ma’lum qilibdi. Tuman soliqchilar nahot «FERULA TRADING» XK Toshkent shahar Sergeli tumanidan davlat ro‘yxatdan o‘tgani, korxona qayerda ro‘yxatga olingan bo‘lsa, majburiy to‘lovlarni o‘sha yerga to‘lashi va hisobotlar o‘sha hudud DSIga topshirilishini bilishmasa?

Dehqonobod DSI iddao qilganidek, «FERULA TRADING» tuman DSI oldidagi majburiyatlarini qariyb 6 (olti) yildan beri bajarmay kelyapti ham deylik. Soliq idorasi haq bo‘lsa, nima uchun shu paytgacha korxonamga qarshi biron chora ko‘rmadi? Axir ular qarzdorlikni korxonaning bankdagi hisob-raqamiga taqiq qo‘yish yoki sud orqali ortig‘i bilan o‘ndirib olsa bo‘lardi-ku!

Shu paytgacha «uxlab» yotgan Dehqonobod DSI yaqinda «FERULA TRADING» XK nomiga 2019-yilning 13-avgustida 22-03340 sonli Talabnoma jo‘natdi. Unda yozilishicha, korxona 2015-2019-yillar uchun yer solig‘i hisobotini taqdim qilmagan. Kameral nazorat jarayonida aniqlanishicha, korxonamiz 4 (to‘rt) yil ichida 611 million 309 ming so‘m qarz ekani, qarz belgilangan muddatda to‘lanmasa, majburiy tartibda sudga da’vo arizasi kiritilishini ma’lum qilgan.

Nahotki, tuman sodiq inspeksiyasi ushbu Talabnomani yozishdan oldin korxonamiz Soliq kodeksining 279 va 282-moddalariga asosan imtiyozga ega ekanini bilishmasa?!

«FERULA TRADING» XK ushbu xabarnoma bo‘yicha xat tayyorlab, shu yilning 21-avgust kuni Dehqonobod tuman DSI topshirdi. Xat bilan tanishgan tuman soliq idorasi mutasaddilari haqiqatan ham bizning korxonamiz Soliq kodeksining yuqorida ko‘rsatilgan moddalari bo‘yicha imtiyozga ega ekanini tan olishdi.      

Albatta, korxonamning eksport ko‘rsatkichlari Dehqonobod DSI hisobotida ko‘rinmaydi. Agar shunday ma’lumot kerak bo‘lsa, marhamat, Sergeli tumani DSI idorasiga murojaat qilishi mumkin. Qolaversa, «FERULA TRADING» XK 2017-yilgacha Dehqonobod tumani hokimligi tomonidan eksport majburiyatini olmagan.

  1. Korxona tuman salohiyatiga kam bo‘lsa-da, hissa qo‘shib kelyapti. 4 nafar kishini doimiy, 24 kishini esa mavsumiy ish bilan ta’minlagan. «Dexqanabad Biogaz» MChJ orqali tuman budjetiga qariyb yuz (100) million so‘m miqdordagi soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni amalga oshirgan. Buni tasdiqlovchi hujjatlar bor. Lekin na hokimiyat, na tuman DSI bu haqda churq etmaydi?!
  1. Biogaz kompleksi haqida esa kuydagilarni ma’lum qilaman:

Jurnalist biogaz komplesini ko‘rgan va haqiqatan ham ushbu innovatsiya yangilik bugun o‘zimizning ehtiyojimiz uchun xizmat qilyapti. Ya’ni, gazga bo‘lgan talabimizni qondirib kelyapti va u yuz foiz korxonaning mablag‘i hisobiga bunyod etilgan. 

Qaysi hujjatda «Dexqanabad Biogaz» MChJ yoki «FERULA TRADING» XK aholini gaz bilan ta’minlaydi, arzonlashtirilgan gaz ishlab chiqaradi deb yozilgan?!

Tuman hokimligi qaysi va’da haqida gapiryapti?!

Qolaversa, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 1-iyundagi «2017-2019-yillar davrida Respublikada biogaz qurilmalarini joriy etish va ishlab chiqarishni kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» qaroridan nahot tuman hokimligining xabari bo‘lmasa? Qarorda «Dexqanabad Biogaz» MChJ nomi ham tilga olingan va mol go‘ngidan gaz ishlab chiqaruvchi mazkur innovatsion yangilik Vazirlar Mahkamasining 338-soni qarori ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil qilingan.

Tuman hokimligini esa ushbu loyiha hanuzgacha qiziqtirgani yo‘q. Mas’ul rahbarlar bu loyihani tanqid qilmay, aksincha, tuman miqyosida kengroq yoyish choralarni ko‘rishi kerak emasmidi?! Axir yerlari asosan qir-adirlardan iborat, tabiiy gaz bilan ta’minlash esa qiyin bo‘lgan Dehqonobod uchun bunday loyihalar suv va havodek zarur emasmi?

  1. 1 (bir) gektar yerda issiqxona, quyonchilik, bedanachilik xo‘jaligini tashkil qilganimiz haqiqat. Olingan suratlarda bular aks etib turibdi. Afsuski, quyon va bedanalarimiz shu yilning iyun oyida qandaydir bizga ma’lum bo‘lmagan kasallikdan qirilib ketdi. Tuman va xo‘jalik veterenarlari ham bizga yordam bera olmadi va ularning nobud bo‘lganini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishgan.
  2. «FERULA TRADING» XK ish boshlashdan oldin Dehqonobod tumaniga xorijiy investitsiya kiritish majburiyatini olmagan. Lekin «Dexqanabad Biogaz» MChJni tuzib, ikki milliard so‘mdan ortiq investitsiya jalb qilgan.
  3. «PINNACLE WORLDWIDE EXIM» MChJ xorijiy korxona tomonidan 2019-yilda tumanga 43 500 AQSh dollari miqdorida to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiya kiritilgani aytiladi. Bizdagi ma’lumotga qaraganda, korxona investitsiya hisobidan 2 (ikki)ta avtomashina xarid qilgan. Nahotki bu «to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya» kiritilgan hisobiga o‘tsa?! 
  4. Hokimiyat tadbirkorning murojaatiga shu yil 24 iyul kuni pochta orqali javob xati yuborilganini ma’lum qilgan. Tuman matbuot xizmati iddao qilayotgan javob xati tuman hokimiyati tomonidan emas, Qashqadaryo viloyati «Yermulkkadastr» DK Dehqonobod tuman filiali boshlig‘i A.Laliyev tomonidan tushunarsiz bir holatda yozilgan.

Yana bir ajablanarli holat: ushbu javob xatiga tuman pochta xizmati tomonidan 14.08.2019-yil sanasi bilan muhr bosilgan va u korxona manziliga 17.08.2019-yilda yetib kelgan.

Demak, bundan ko‘rinib turibdiki, ushbu javob xati «Toshkentingga jo‘na, ketmasang — xonavayron qilamiz!» (09.08.2019) maqolasi «Xabar.uz»da e’lon qilingandan so‘ng hokimiyat o‘zini oqlash uchun shoshilinch tarzda yozilgan va tadbirkor manziliga jo‘natilgan.

Tuman matbuot xizmati esa bu ko‘zbo‘yamachilikdan xabari bo‘lib noto‘g‘ri ma’lumot tarqatgan yoki uni ham aldashgan.

Tuman hokimligi esa «Fuqarolar murojaati to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini qo‘pol ravishda buzib kelmoqda.

Xullas, Dehqonobod tuman hokimligining  asosiy e’tibori muammoni hal qilishga emas, isboti yo‘q ayblovlar bilan «toshkentlik» tadbirkorni qoralashga qaratilgani shundoq ko‘rinib turibdi. Yuqorida ta’kidlanganimdek, muammo esa hanuz hal qilingani yo‘q.

Tuman mutasaddilari bu masala bilan qachon jiddiy shug‘ullanadi, bilmadim?

Hurmat bilan, «FERULA TRADING» XK rahbari X.Ibragimov.

***

Tahririyatdan: Ushbu javob xati yozilganiga ancha vaqt bo‘ldi. Ammo tadirkor «Javob xatim bilan tanishgan ba’zi bir idora mutasaddilari qo‘ng‘iroq qilib, ushbu xatni tahririyatga topshirmay turishimni va bu masala Mustaqillik bayrami arafasigacha to‘la hal qilib berishga va’da bergan»ini aytib, xatni e’lon qilishni ortga surishimizni so‘ragan edi.

Nihoyat, tadbirkorning toqati toq bo‘ldimi: «U idoradan bu idoraga chaqirtiraverilib charchadim, faqat qog‘ozbozlik qilish va va’da berishdan nariga o‘tmayapti, xohlasalaring materialni e’lon qilaveringlar», dedi.

Xulosani esa, endi o‘zingiz beravering.      

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring