Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mustahkam Tangriyorova

Oqqan daryo oqaveradi. 

1941-yil ekspeditsiyasi qoldirgan jumboq: Sohibqironning qulog‘i, soch-soqoli qayerga yo‘qolgan?

1941-yil ekspeditsiyasi qoldirgan jumboq: Sohibqironning qulog‘i, soch-soqoli qayerga yo‘qolgan?

(Birinchi maqola).

Amir Temurning buyukligi dunyo miqyosida tan olinishi oson kechmadi. Sohibqironga nisbatan «qonxo‘r, jallod» degan sifatlarga 70 yil davomida ishontirib kelingan edik... 

Sho‘rolar zamoni Sohibqironni yomonotliq qilib cheklana qoldimi? 1941 yilda Amir Temur qabri ochilishi bilan bog‘liq ekspeditsiya haqida ko‘pchilik biladi. Ehtimol, tadbir o‘sha davr uchun juda muhim kashfiyotdek tuyulgandir, bugun uchun ham ahamiyatini yo‘qotmagandir. Lekin...

Shariat talablari asosida dafn etilgan Temurning suyaklari qabrdan olinib, rosa bir yarim yildan so‘ng kafansiz, tilovatsiz ko‘milganini bilasizmi? Maqbaraga qaytadan qo‘yilgan tana qismlari orasida bosh suyagi bormidi? O‘shanda bosh chanoqdan ajratib olingan qulog‘i parchasi, sochi, soqoli qayerga yo‘qoldi? Amir Temur maqbarasidan olib qo‘yilgan eng qimmatbaho ashyo – uning tobutpo‘shi restovratsiyasi 80 yildan buyon (shundan 31 yili mustaqillik davriga to‘g‘ri keladi) nega muammo bo‘lib kelayapti? 

«DAHMANI OChISh ShART EMAS EDI»

Moskva o‘shanda Amir Temur maqbarasidagi dahmani ochilishini  Hazrat Alisher Navoiyning 500 yillik yubileyini nishonlashga qaratilgan tadbir, deb ta’kidladi. Yuqoridan berilgan ko‘rsatmaga asosan qabul qilingan qarorni O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasi kotibi U. Yusupov va O‘zbekiston xalq Komissarlari Sovetining raisi A.Abdurahmonov imzolashgan. 

Dahmani ochishga chiqarilgan qaror nusxasi.

Hukumat ekspeditsiya rahbari qilib akademik Qori Niyoziyni tayinlagan. Ekspeditsiya a’zolari sifatida antropolog olim L.V.Oshanin, tarixchi, sharqshunos, professor A.A.Semyonov, kimyo professori, Leningrad davlat ermitaji ta’mirlovchisi V.N.Kononov, me’mor B.N.Zasipkin, antropolog-haykaltarosh M.M.Gerasimov, arxeolog V.A.Shishkin ekspeditsiya a’zolari sifatida ish yuritishgan. Yubiley komissiyasining ilmiy kotibi H.T.Zarifov jarayonda ishtirok etgan. Adib Sadriddin Ayniy ham qatorda bo‘lgan. Malik Qayumov operator va suratgirlardan biri edi.

Yahyo G‘ulomov nomidagi arxeologiya instituti yetakchi ilmiy xodimi, tarix fanlari nomzodi Amriddin Berdimurodov Temuriylar bilan bog‘liq manbalarni chuqur o‘rganib kelayotgan olim. Jumladan, 1941-yilda maqbarani ochilishiga oid barcha ma’lumotlar olimga yaxshi tanish, mavjudlarini tahlil qilgan, topilmaganlarini izlashtirgan, shular asosida «Go‘ri Amir maqbarasi 1941-yilda» nomli ilmiy-ommabop risolasini yozgan. 

Amriddin aka «Navoiy yubileyini o‘tkazish uchun Amir Temur maqbarasi dahmasini ochish shart emas edi. Shaxsiy fikrim – keraksiz narsa edi» deydi savolimga munosib tarzda.

Tarixchi olim Amriddin Berdimurodov. Foto: xabar.uz

1930 yillarda arxeolog Mixail Masson va muhandis Mauer maqbarada magnit yordamida tadqiqot olib borgan. Magnit Amir Temur maqbarasida metall borligini ko‘rsatgan. «Ha, boylik bor ekan» degan fikrga kelishgani ehtimoli katta. Menimcha, magnit ham metallni ko‘rsatdi – katta boylikni olamiz va Stalinga sovg‘a qilamiz-da, baland martabalarga erishamiz deb o‘ylagan bo‘lsa kerak» – domla samimiy fikrlarini bildiradi.  

Shu o‘rinda tarixchi Ibn Arabshohning Temur dafn etilgan joyning ichki tuzilishi haqida yozganlarini eslash joiz.  Muallif tasvirlashicha, «Temurning qabri ustida uning qimmatbaho liboslari yopilgan. Xonaning devorlariga esa uning jangovar aslahalari va yaroqlari osib qo‘yilgan. Bu jihozlarning barchasi qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan bo‘lib, eng arzonining bahosi bir viloyat solig‘ining bahosiga teng kelardi. Gumbazning shiftiga esa osmondagi yorqin yulduzlar misoli oltin va kumushlardan yasalgan qandillar osilib turardi...»

Amriddin aka ana shu bitiklar va magnit xulosasi maqbarani ochishga qiziqishni kuchaytirgan bo‘lishi mumkin, deydi.

Temur jasadini O‘trordan Xalil Sulton olib keltirgan va dafn ettirgani tarixdan ma’lum. Lekin maqbara ichini bu tarzda bezash shariatga to‘g‘ri kelmas edi. Shohruh Mirzo shariat qoidalariga qat’iy amal qilgan. U 1409 yilda Samarqand taxtini egallagach, ortiqcha narsalarni maqbaradan oldirtirib, xazinaga topshirtirgan. Shu kuni Shohruh Mirzo otasi qabrini ziyorat qilgani, xudoyi bergani, bu yerdagi shayxlar va qorovullarni qaytadan tasdiqlagani ham ma’lum.  

Ekspeditsiya ishtirokchilari yaqqol guvoh bo‘lgani – Temur jasadi tobutda bo‘lgan. «Archadan yasalgan tobutning to‘rt tomoni yirik-yirik, mustahkam temir mixlar bilan qotirilgan. Magnit o‘sha mixlarni ko‘rsatgan» – deydi Amriddin Berdimurodov.

Foto: O‘zarxiv

«Ekspeditsiya kundaligi»da qabrni ochishdagi manzara shunday tasvirlangan: «Tobutning qopqog‘i, ustidagi gazlama qoldiqlari bilan ohista ko‘tarilib olingach, Amir Temurning jasadi ko‘rindi. Atrofda turganlar hayajon bilan qabr ichiga qaradilar, shu payt atrofni qandaydir xushbo‘y hid qopladi. Bu yerda turganlar hiddanmi yo hayratdami, o‘zlarini birdaniga orqaga oldilar. Sohibqironning jasadi uzun qilib yotqizilgan holda, yuzi esa Makka tomonga qaratilgan edi. Suyaklarning ba’zi joylariga kafan qoldiqlari yopishib qolgan va bosh, bo‘yin, oyoq tomonlarida mo‘miyolangan muskullar, teri parchalari yotardi. Jasadning usti yupqa loyqa va tuzlar bilan qoplangan bo‘lib, bu qabrga kirgan suvning qoldiqlari edi».

Qabrning ochilishi...

Eslatma: Temuriylar maqbarasidagi boshqa qabrlarda ham suyaklarga loyqa ma’lum darajada zarar yetkazgani ko‘zga tashlangan. XIX asrning  oxirlarida rus hukumatining buyrug‘i bilan bino atrofida bog‘ yaratilgan, bog‘ni sug‘orish uchun qazilgan ariqlardan toshgan suv xilxonani ikki marta bosgani ma’lum. Sharq me’morchiligi qoidalariga ko‘ra, jamoat binolari atrofida ariq qazilmagan, bog‘ yaratilmagan. Obidaning foni sifatida turarjoylar va bino yaqinlarida yakkam-dukkam tut daraxti ekilgan. Tutning 15-20 metrlik ildizlari inshootdagi namlikni shimib olgan.

TEMURNING QULOG‘I, SOCh SOQOLI QAYeRDA?

Amir Temurning bosh chanog‘i nihoyat darajada ehtiyotkorlik bilan qabrdan chiqarib olingach, uch soat davomida soya joyda quritilgan. Bosh chanoqni kimyoviy usullar bilan mustahkamlash uchun uni quritish, zarar ko‘rmasligi uchun soyada quritish muhim bo‘lgan. Hujjatlarda yozilishicha, «Bundan oldin antropologlar Temurning bosh chanog‘ida qisman saqlanib qolgan soch, soqol va qoshlarning qoldiqlarini avaylab ko‘chirib oldilar. Uning sochi va soqolining rangi sarg‘imtir, xuddi zanglagan temirning rangiga o‘xshash edi. Shunda  olimlarda, Temurning soch-soqoli bo‘yalganmikan degan fikr uyg‘ondi. Shuning uchun kimyogar-olim Kononov, uning sochlarini kimyoviy usul bilan tekshirib ko‘rdi. Olimning aniqlashicha, soch-soqolning rangi tabiatan shunday ekan».

Temur va Temuriylar dahmalarini ochish 1941 yil 16 iyundan 24 iyungacha davom etdi. Mironshoh, Shohruh mirzo, Mirzo Ulug‘bek, Muhammad Sulton, Bibixonim qabrlari ham ochildi.

24 iyun kuni ekspeditsiya qatnashchilari Amir Temur maqbarasini ochish bilan bog‘liq so‘nggi ishlarni bajaradilar. Qazib olingan tarixiy shaxslarning suyaklari peshma-pesh Samarqand tibbiyot institutiga keltirib, ularni antropolog L.Oshanin dastlabki tekshiruvdan o‘tkazib, so‘ngra, jo‘natish uchun qutilarga joylanib, poyezdda Toshkentga jo‘natilgan. 25 iyunda barcha yuklar Toshkentga yetib kelgan, ular Alisher Navoiy nomidagi adabiyot muzeyiga topshirilgan.  

M.Gerasimov va L.Oshaninlar  uzoq vaqt davomida Temur, Shohruh va Ulug‘bekning bosh chanoqlarini o‘rgandilar, ularning izlarini gipsga ko‘chirib oldilar. Gerasimov shu asosda ularning suratlarini ishlab chiqdi.

Foto: O‘zarxiv

Temuriylar jasadlarini o‘rganish bilan bog‘liq ishlar 1942 yil so‘ngida yakunlandi. Shu haqdagi dalolatnomada, jumladan shunday qaydlar bor:

«...Shu ishlarning hammasi tugagandan so‘ng, jasadlar o‘z qabrlariga qaytadan ko‘mildi. Temurning sochlari va mo‘miyolangan qulog‘ining bo‘lagi, mo‘miyolangan boshqa murdalarning qoldiqlari, yog‘och tobut hamda shag‘al solingan yog‘och quti saqlash uchun Toshkentdagi Alisher Navoiy muzeyiga topshirildi».

Aslida adabiyot namunalari, qo‘lyozmalar va ular bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liq eksponatlar saqlanishiga ixtisoslashgan muzeyda Temuriylar xilxonasidan olingan tana qoldiqlari, boshqa ashyolar qay holda saqlangan? Nodir buyumlarni saqlash uchun maxsus temperatura, namlik  me’yorida bo‘lgan joy bormidi? Amriddin Berdimurodov 1991 yildagi voqeani gapirib berdilar.

«Adabiyot muzeyiga bordim, bir opa bor edi. «Opa,  maqbaraga qayta dafn qilinmay qolingan narsalar sizning muzeyingizda deb eshitganman, yordam bering, opa» dedim. «Ukajon, hech eslolmayman-da» dedi. Men «Hamma hujjatlarda, aktlarda shunday yozilgan» dedim. Keyin, opa «To‘xtang,  biz oshiqcha narsalarni cherdakka qo‘yamiz» dedi...  Bir vinoning karobkasiga solingan, qattiq karton karobkada nimalardir olib keldi opa. O‘sha yerda men izlagan narsalar bor ekan. Amir Temurning qulog‘i parchasi, Amir Temurning soqoli, Mirzo Ulug‘bekning kamari,  Bibixonimning sochlari va boshqa ashyolar bor ekan. «Buni Samarqandga olib ketishning qanday yo‘li bor?» dedim. «Muzeydan bitta ruchka bo‘lsa ham hujjat orqali olinadi» dedi. Siz Fanlar akademiyasiga chiqasiz, ruxsat bersa olib borasiz» dedi. Keyin xat bilan chiqdik. Cho‘zildi, ishqilib. Xullas, olib keldim men». Lekin Amriddin akaning aytishicha, ularga quti topshirilganda ayrim ashyolar qolib ketgan.

Alisher Navoiy nomidagi adabiyot muzeyi bilan bog‘landik. Bosh muhofiz Abdurasul Eshonboboyev bizga mana bu hujjatni taqdim qildilar. 

Ro‘yxatda, ko‘rib turganingizdek, Amir Temurning sochi va soqoli, mo‘miyolangan qulog‘i bo‘lagi yozilmagan (mo‘miyolangan boshqa murdalarning qoldiqlari ham)!

Izlaganlarimiz balki boshqa vositalar orqali O‘zbekiston FA Temuriylar tarixi muzeyiga topshirilgandir degan yaxshi gumon bilan muzey fondi mudiri Nargiza Xolova huzurida ham bo‘ldik.

Ma’lumot uchun: Temuriylar tarixi muzeyi 1996 yil 18 oktyabrda ochilgan. Vazirlar Mahkamasining qaroriga ko‘ra, O‘zbekistonning boshqa muzeylardan Temuriylar davri va temuriylarga daxldor predmetlar ko‘chirilgan. 

Nargiza Xolova, 1996 yilda arxeolgiya institutidan berilgan narsalar – Temurning o‘ng qoshi qoldiqlari, kafani parchasi, qabridan bir siqim tuproq, Shohruhning kafan parchalari,  Mironshohning toshi, bir siqim tuprog‘i va Ulug‘bekning belbog‘idan parchalari, Bibixonim munchog‘i muzeyda saqlanishini ma’lum qildi. (Kompyuterdagi bazada Bibixonim munchog‘i alohida faylda edi. Aytilishicha, taqinchoqlar boshqa papkada qayd etilgan).

Nargiza Xolova.

Surishtirdik, Alisher Navoiy nomli muzeydan chiqarilgan fotosuratlar ularning xazinasida yo‘q!  Bu yerda ham Temurning sochi tolalari, kimyoviy usulda rangi tekshirilgan soqoli, mo‘miyolangan qulog‘ining bo‘lagi yo‘q! 

Xo‘sh, Temurning jismidan ajratib olingan tanasi, (shuningdek, boshqa murdalarning ham) qoldiqlari qayerda? O‘nga yaqin dargohga yo‘qlab bordik, sim qoqdik – bu savolga hech kim javob berolmadi. Aslida hayotdan ko‘z yumgan insonning tana a’zolarini saqlash kabi ularni izlashtirish, topilmaganda og‘rinish normal holat emasdir. Lekin biz qidirayotgan a’zolar Amir Temurniki edi. Tirigida g‘ururi so‘nmagan hukmronning o‘limidan so‘ng, aytish mumkin, ana shu ekspeditsiya bilan tahqirlangan hukmronning a’zolari edi. Ular avvalo shuning uchun ham qadrli va muzeylarimizda saqlanmagani uchun emas, vaqtida yerga qo‘yilmagani, qayerlardadir oyoq osti bo‘lgani (balki bo‘layotgani) uchun ham og‘rinishga, dod solishga arziydi. 

Yanada og‘riqlisi, nafaqat sochu soqoli, qulog‘i, balki Temurning bosh chanog‘i qayerda ekani savol ostiga olinib kelingani, kelinayotganidir.

«JISMIM BIR YoNDAYu, BOShIM BIR YoNDA...»

Takrorlaymiz: hukumat ekspeditsiyasining so‘nggi bosqichida, 1942 yil dekabrida Temuriylar xilxonasidan olingan suyaklar o‘z joyiga qo‘yilgan. Lekin o‘shanda bosh suyaklar ham qo‘yilganmi degan savol hamon bahs-munozaralarga sabab bo‘lmoqda. Bu savolni aholining ilmdan bexabar, turli mish-mishlar orqasidan yuradigan qismi vakillari emas, yetuk olimlarimiz, tariximizga, sha’nimizga befarq bo‘lmagan ziyolilarimiz o‘rtaga tashlab keldilar.

Temur va Temuriylar jasadlarini antropologik jihatdan tahlil qilgan L.Oshanin o‘zining ilmiy asarida Mironshohning bosh chanog‘i M.Gerasomov tomonidan Moskvaga olib ketilgani uchun tekshirishning iloji bo‘lmaganini yozgan. «Tabiiyki, Moskvaga faqat Mironshohning bosh chanog‘i emas, Temur, Shohruh, Ulug‘bek va Muhammad Sultonlarning ham bosh chanoqlari olib ketilgan. Lekin birorta hujjatda ham chanoqlarni Moskvadan qaytarib olib kelinganligi haqida yozilmagan», deydi Amriddin Berdimurodov.

Yana «Ekpeditsiya kundaligi»ga murojaat qilamiz: «19 va 20 dekabr kunlari qabrlarga suyaklarni joylashtirish ishlari olib borildi. Suyaklar qazilgan paytida qanday uchratilgan bo‘lsa, xuddi shu tartibda joylashtirildi. Jasadlar bevosita qabrlarning tubiga qo‘yildi». Agar bosh chanog‘i o‘z o‘rnida bo‘lsa nega olimlarimiz hamon Sohibqiron bosh chanog‘ini qidiradilar?

«Biz ko‘p izladik, – deydi Amriddin aka. – Gerasimovning shogirdi bor edi, Telman Xojdayev degan o‘zbek kishi, Moskvada yashardi, qazo qildi. U kishi ham izlab ko‘rdi. Gerasimovning qizi hayot edi, dadangizning kabinetini ko‘ring deb so‘radik, hamma yoqni ko‘rdik, xullas, yo‘q. Shunday fikrga keldikki, balkim, o‘sha Gerasimov Amir Temurning bosh chanog‘i shaklini gipsga qotirib olib, keyin bosh chanog‘ini Toshkentga qoldirib ketgandir, 1942 yilda Amir Temur qaytadan dafn etilganda bosh chanog‘i qaytadan qo‘yilgan degan fikrga kelganmiz».   

Bu taxmin bizni xotirjam qila oladimi? Sohibqiron qabrida boshsiz yotibdi degan o‘kinchdan bizni qutqara oladimi? Yo‘q, albatta. «Fikrga kelganmiz» degani bu faraz qilamiz degani. Antropolog olim Samariddin Mustafoqulov, mana shu yil yozida Buxoroda bo‘lib o‘tgan xalqaro anjumanda Polshadan kelib tarixiy obidalarimiz, eksponatlar tarkibini nur yordamida 3D formatda o‘rganayotgan jamoaga, ularning usulida Temur qabrida bosh chanog‘i bor-yo‘qligini aniqlab bo‘ladimi, degan savol berdi.

«Afsuski, nur yordamida masalaga oydinlik kiritib bo‘lmas ekan. Faqat endoskopik, deylik oshqozon, ichakka shlang yuborib, ichkaridagi ahvolni o‘rganish mumkin bo‘lganidek, qabrning bir burchagini ozgina teshib, shundan uskunani kiritish orqali haqiqatni aniqlash mumkin ekan» dedi Samariddin aka.

Antropolog olim Samariddin Mustafoqulov

Aslida, bu jumboq yechimini barcha jarayonlar muhrlagan kinolentalar topib berishi mumkin edi. Ma’lum bo‘lishicha, xilxonani ochishdan boshlab eng so‘nggi jarayonlargacha 100 ming metr kinolentaga tasvirga olingan. O‘sha lentalar ham saqlanmagan! Saqlangani va e’lon qilingani kichik bir bo‘lak — 40 daqiqalik lavha. Jami arxiv esa 5 soatlik kinolentada qayd etilgan edi.

Ekspeditsiya ishini yakunlashiga oid hujjatlarida kinotasmalar Toshkentda saqlanadi deyilgan. «...hukumat ekspeditsiyasining majlis bayonlari, fotosuratlar va kinolentalar, hisobot va kundaliklar Navoiy muzeyida saqlanadi».

Oradan 80 yildan ortiqroq vaqt o‘tdi. Kinolentalarning topilmayotgani bu o‘zimizda asray olmaganimizdanmi yoki u ham Moskva olib ketilganidanmi, har ikkila holatda ham bu Temur shaxsiga bo‘lgan adolatsiz munosabatning nishonasi. Amir Temur tobutini tiklagan kimyogar-restovrator Sharif Ilhomov espeditsiya ishtirokchisi Malik Qayumov bilan suhbatni shunday eslaydi: «Hammasini Moskvaga olib ketishgan dedi u. Men olgan suratlarning yuzdan birini ham e’lon qilishmadi, deb aytgan edilar»  (Yana bir jihatni unutmaslik kerak – o‘shanda ko‘plab xorijiy davlatlar kinolentalar nusxasini sotib olish ishtiyoqini bildirgan. O‘rganilsa, izlanilsa balki biror natija chiqar) .

Qabrni qaytadan ochish esa bu marhumlarni takror tahqirlashdir! Boringki, bosh chanoq joyiga qo‘yilgan deb qabul qilsak ham, suyaklar kafanlanmasdan, tilovat o‘qilmasdan, ustozlardan biri aytgandek «kommunistchasiga» ko‘milgani bor gap-ku. Ana shunday tarzda Temuriylar oxirati toptaldi, qadriyatlar oyoq osti qilindi!

Bu hammasi emas. Kuting, keyingi maqolada, yaratilgan Amir Temur qiyofasi zamondoshlari yozgan ta’riflarga mos kelmaydimi, sohibqiron tobuti qopqog‘i va tobutpo‘shi Toshkentdan Samarqandga nega odam liq to‘la avtobusda olib kelingan, Temur qabridan taralgan xushbo‘y hid nima edi va yana... degan savollarga javob izlaymiz.

Mustahkam Tangriyorova

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring