Shuhrat Sattorov: «Muvaffaqiyatning yagona formulasi yo‘q»
Suhbatdoshimiz Shuhrat Sattorov izlanuvchan, yosh jurnalistlardan. O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining jamoatchilik bilan aloqalar va ommaviy axborot vositalari bilan ishlash bo‘limida faoliyat ko‘rsatadi. Uni tez-tez teleekranlarda ko‘ramiz, yoshlarga oid anjumanlarda, turli tadbirlarda uchratib qolamiz. Kamiga u beshta kitobni tarjima qilib, kitobxonlarga taqdim qilgan. Yaqinda esa ijodkorning «Biz g‘alaba qozonamiz» nomli ilk mualliflik kitobining taqdimoti muvaffaqiyatli o‘tdi.
– Shuhratbek, yaqinda sizning «Biz g‘alaba qozonamiz» nomli kitobingiz nashrdan chiqdi. Unda muvaffaqiyatga erishgan zamondoshlarimiz hayoti, ularning hayotiy dunyoqarashlari haqida hikoya qilinadi. O‘zi muvaffaqiyatning yagona formulasi bormi?
– Hatto yantoq ham gullaydi: ijodkor ham kun kelib ichida yillar davomida pishib yetilgan kechinmalarini boshqalar bilan o‘rtoqlashgisi keladi. «Biz g‘alaba qozonamiz» kitobi – chorlov. Xalqimiz, yurtdoshlarimizga qaratilgan chorlov. Uning asosiy maqsadi har bir yurtdoshimizga hayotda o‘z o‘rnini topishi uchun zarur tavsiyalarni berish.
Bizning istiqbolimiz orzularimizning ko‘lami, darajasi bilan belgilanadi. Shunday ekan, har birimiz bola bo‘lganimizda uchuvchi bo‘lishni orzu qilamiz. Yillar o‘tib esa bu orzuning xomxayol ekanini o‘ylab qolamiz. Mantiqan olganda biz orqaga chekindik va yaxshi hayotga intilish hissi bizda kamaydi. Barchamiz ham, harakat va intilish, mehnat va katta maqsadlarni zabt etish uchun zarur va biz doim ham e’tibor qilmaydigan mayda omillarni bilmaymiz. Muvaffaqiyatga erishish insonning o‘tmishi emas, orzulari bilan bog‘liq. Bu kitob orqali har bir insonga shu haqiqatni eslatib qo‘yishga urindim.
Muvaffaqiyatning yagona formulasini aytish qiyin, biroq uni yuzaga keltiradigan zarur omillar bor. Jumladan, yuksak orzular ortidan qat’iy borish, munosib fe’l-atvorga ega bo‘lish, ilmga chanqoqlik, ijodiy fikrlash.
– Buxoro farzandisiz, poytaxtda qolishingizga nima sabab bo‘lgan?
– Bolaligimda qishlog‘imizdan Buxoro shahri elas-elas ko‘rinar edi. Menga u yerlar imkoniyatlar makoni bo‘lib tuyular edi. Men doim atrofimdagi imkoniyatsizlik qobig‘ini sindirishga urinib kelganman. Doim shaharga borgim, u yerda tahsil olgim kelardi.
Qishlog‘imizda bir nuroniy otaxon bo‘lar edi. Shu kishi doim «Bolalarim, shaharga boring. Shaharda ilm bor, shaharda imkoniyatlar bor, shaharga shoshing», deb aytar edi.
Yillar o‘tib, o‘zim istagan shahardan ham kattaroq shaharga keldim, ta’lim oldim. Mening orzularim, maqsadlarim shu shahardan bo‘lak shaharga sig‘mas edi. Orzularimni, rejalarimni amalga oshirish uchun ham Toshkentda qolishga qaror qildim.
Menda xorijga ketish uchun doim imkon bo‘lgan: til bilishim, xorijda tahsil olganim. Biroq, orzularimning bir qismi shu elga, Vatanga xizmat qilish bilan ham bog‘liq. Men hanuz ana shu istaklar ortidan boryapman.
— Hayotda shioringizni bilamiz va buni nima uchun tanlagansiz?
– «Kim neni izlasa, topgay begumon...» Bu hikmatli so‘z men uchun ham taskin, ham ilhombaxsh chorlov. Bugun biz yashayotgan dunyo, imkoniyatlar inson xayolida tug‘ilgan qarash va tasavvurlarning mevasi. Aslida Yaratgan insonlarga Yerni barcha imkoniyatlar bilan tortiq qilgan. Sharq hikmatlari orasida «o‘zini anglagan avliyo bo‘ladi» degan so‘z bor. Hayotda izlaganingni topishing uchun, avval o‘zingni anglashga majbursan.
– Mana bir necha yillarki, axborot texnologiyalari sohasida faoliyat yurityapsiz. Bu yo‘nalishda nimalar topdingiz yoki yo‘qotdingiz?
— Men doim ijoddan uzoqlashishdan qo‘rqib yashaganman. Ustozlarim ham ijod olamida bo‘lishimni tavsiya qilishgan. Sohaga kirar mahalim ham meni tashvishga solgan muhim masala shu bo‘lgan. Ijod va axborot texnologiyalari sohasi menga bir-biriga zid jabhalar bo‘lib ko‘ringan. Biroq, ayni paytda ularni uyg‘unlashtira oldim.
Ijod ham to‘xtab qolgani yo‘q. Yaqinda o‘zbek adiblarining klassik hikoyalarini ingliz tiliga o‘girganim «Pomegranate» nomli kitob nashrdan chiqdi. Maqola va bloglarim bilan chiqishlar qilyapman, ko‘rsatuvlar va lavhalar qilyapmiz. Aytmoqchimanki, ijoddan yiroqlashib ketganim yo‘q.
– Axborot texnologiyalari sohasidagi faoliyatingiz davomida soha to‘g‘risida qanday xulosa, qarashlarga keldingiz?
– Axborot texnologiyalari sohasi doimo meni o‘ziga jalb qilgan yo‘nalishlardan biri bo‘lib kelgan. Shu sababdan bo‘lsa kerak, xalqaro jurnalistika fakultetida ham bakalavrlik ishim ommaviy axborot vositalari faoliyatida raqamli texnologiyalardan foydalanish bo‘lgan. Bir necha yillar avval o‘tkazila boshlangan Milliy internet tanlovi loyihasi doirasidagi hamkorlikdan so‘ng meni sohaga ishga taklif qilishgan.
Yangiliklardan muntazam xabardor bo‘lish, ularni tayyorlash va tarqatishda shu sohada faoliyat olib borayotganim qo‘l keladi. Mashhur ibora bor: «Yigirmanchi asrda harf tanimaslik uyat bo‘lgan bo‘lsa, hozirgi asrda axborot texnologiyalaridan foydalana olmaslik ayb». Bu fikrga qisman qo‘shilaman. Zero, axborot texnologiyalaridan faol foydalanishning fuqaro uchun ham, davlat uchun ham foydali jihatlari ko‘p.
Sohada jamoatchilik bilan ishlashning mashaqqat va yaxshi jihatlari bor. Misol uchun, o‘z vaqtida o‘zing faoliyat olib borayotgan tashkilot qiyofasini himoya qila olish – yuksak mahoratni talab qilsa, muntazam yangiliklar girdobida bo‘lish va ularni birinchilardan bo‘lib sinab ko‘rish, o‘qib-o‘rganish – kuch bag‘ishlaydi.
Axborot texnologiyalari va internet bizning turmush tarzimizni muntazam o‘zgartirmoqda: dunyoqarashimizning boyishi, masofa tanlamas o‘zaro hamkorlik, boxabarlik hayotimizning yanada yaxshilanishiga xizmat qiladi.
Yaratuvchanlik. Ijodiy yondashuv hamda o‘z iqtidoringni namoyish qila olish muhiti – taraqqiyotning bosh omili. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari har birimizga o‘z salohiyatimizni yuzaga chiqarishga yordam beradi. Kompyuterda dastur yozing, asar yozing, surat chizing yoki kuy bastalang, til o‘rganing – bularning bari zamonaviy imkoniyat.
«Texnologiya» so‘zi yunon tilida «mahorat darsi» degan ma’noni anglatadi. Bugungi kunda esa bu so‘zning ahamiyati axborot texnologiyalari bilan chambarchas bog‘lanadi.
– Rejasiz ish bo‘lmaydi. Eshitishimizcha, Koreyaga otlanyapsiz ekan?..
– Bu yil KOICA tashkilotining grantini qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldim. Men doim Koreya Respublikasida «SKY», ya’ni «osmon» universitetlaridan biri sifatida tilga olingan «Yonsei university» haqida ko‘p o‘qir va gapirar, hatto ich-ichimdan shu yerda bilim olishni istar edim. Orzu va intilish ish berdi. Osiyoning eng peshqadam universitetlaridan biri bo‘lgan Yonsey universitetida jamiyatni rivojlantirish yo‘nalishida ikki yil mobaynida tahsil olaman. Bosh maqsad – Koreyaga jahonning rivojlangan mamlakatlari qatoridan o‘rin olishiga yordam bergan omillarni yaqindan o‘rganish. Umid qilamanki, bu reja va sa’y-harakatlarim istiqbolda xalqimiz hayotini yanada yaxshilash va yurtimizni rivojlantirishga yordam beradi.
– Orzu va istaklaringiz amalga oshsin.
– Tashakkur!
Abdug‘ani Abdurahmonov suhbatlashdi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter