Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mustahkam Tangriyorova

Oqqan daryo oqaveradi. 

Samarqandning qadimiy hududida noqonuniy qurilishlar: tomoshagoh hovlilar, prokuraturadan portalgacha borgan murojaatlar...

Me’moriy yodgorliklar ular atrofidagi qadimiy mahallalar bilan birgalikda yaxlit tarixiy me’rosdir. Samarqand tarixiy obidalari muhiti bilan bog‘liq xavotirlar 2019 yilda YuNESKOning jahon merosi qo‘mitasi sessiyasida ham yangragani bejiz emas edi. Afsuski, o‘tgan davrda ahvol o‘nglanish o‘rniga yanada abgor bo‘ldi.

So‘nggi yillarda Hazrati Xizr, Shohi Zinda va Bibixonim yodgorliklari uchun yagona fonning bir qismi bo‘lgan yo‘l negadir zamonaviy shaharsozlik normalariga ko‘ra kengaytirildi. Qizil va qurilish chiziqlari orasida 10-12 metrlik yo‘laklar yaratildi. Natijada, tarixiy obidalar, masofadan qaralganda kichraygan effekt bera boshladi. Buning ustiga ikki tomonlama qad ko‘targan ob’yektlarning aksariyati tarixiy muhit hamda shaharsozlik norma, qoidalariga javob bermaydigan qilib qurildi.

«Xabar.uz» yodgorliklar fonida ketma-ketlikdagi ob’yektlarni o‘rganishga kirishdi. Samarqand viloyati qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi ma’lumotiga ko‘ra, tanlangan 10 ta ob’yektdan 8 tasi Davlat arxitektura-qurilish inspeksiyasi nazoratidan o‘tmagan, demakki, noqonuniy qurilgan. Ikkita ob’yekt esa yuqorida tilga olingan nazoratdan o‘tgan, ammo qator holatda nazorat xolis o‘tganiga shubha paydo qiladi.

Foto: «Xabar.uz»

Shohi Zinda, 83: avtomobil turargohi, bolalar maydonchasi va skameykasi bo‘lmagan «dom» yonidagi tomoshagoh hovlilar

Tanlangan ob’yektlar Shohi Zinda ko‘chasi 83 (Rudakiy 283)-manzildan boshlanadi. Ob’yekt haqida avval ham yozilgan. Bu yer yodgorliklar tomon yo‘lning qiyalik tushgan nuqtasi.

Ob’yekt va 500-600 metr narida ko‘rinib turgan yodgorlik bilan xayolan chiziq tortsangiz, ular bo‘ylashayotgan tasavvur paydo qiladi. Yerto‘la yer sahtidan odam bo‘yi yuqorilagan va undan keyin 3 qavat ko‘tarilgan. Birinchi qavatda savdo do‘konlari. 2 va 3-qavat — «Dom». Pod’yezd eshigi orqa tomondan, mahalla xonadonlari bilan yaqin masofada o‘rnatilgan.

– Uyimizdan 20 metrcha masofada 2 qavatli uy bor edi. Yo‘l kengaytirilganda, uni buzishdi, egalarini ko‘chirib yuborishdi. Hozir mana qarang, tomoshagohga aylantirib qo‘yishdi, 20 ta deraza hovlimga qarab qo‘yilgan. Ikki o‘g‘limga kelin tushirishim kerak. Bu holatda qanday kelin tushiramiz, qanday yashaymiz? Quyosh ham to‘sib qo‘yildi, – deydi Baxtiyor Jabborov.

Foto: «Xabar.uz»

«Dom»da yashovchilar uchun oddiy infrastruktura – avtomobil turargohi, bolalar maydonchasi, toza havoda o‘tirib dam oladigan skameykalar yo‘q.

Amaldagi «Shaharsozlik norma va qoidalari» (ShNK)da 3 qavatli va bir qavatli uylar nisbati, ular oralig‘idagi vaziyat ko‘zda tutilmagan. Me’yorda, masalan, 3 qavatli va 3 qavatli yoki 3 qavatli va 5 qavatli (va hokazo 5x5, 7x3, 7x5...) uylar orasidagi masofa ko‘rsatilgan, biroq 3 qavatli yoki 5 qavatli uyning 1 qavatli uyga nisbatan masofasi me’yori haqida hech narsa yo‘q.

Yuqoridagi holatning ShNKda nazarda tutilmagani bu normaning noqisligimi? Aslida mahalla ichida «dom» qurishning o‘zi noqislik, me’yorning o‘ziga sig‘maydigan holat emasmi?

ShNKda, shuningdek, yaqqol ko‘rinmaslik va yong‘inga qarshi ehtiyot choralari talablari ham bor. Jumladan, tomorqa uchastkalari bo‘lgan qo‘shnichilikda mana shunday talablar qo‘yilganki, bular o‘rganayotganimiz «dom» va hovlilar nisbatiga ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqadordir.

Har qanday bino qurilishi qo‘shni uchastka egalari bilan kelishilishi, turarjoy uyi va xo‘jalik binolarining qo‘shni uchastkalardan ko‘rinish panaligini hamda qo‘shnining turarjoy uyiga quyosh tushishi normalarini ta’minlashi lozim.

Qo‘shnilarning aytishicha, hokimiyatga, portalga murojaat qilishgan, ammo tayinli javob olisholmagan. Baxtiyor Jabborov bilan yonma-yon qo‘shni uyda birinchi guruh nogironi Anvar yashaydi. Uning onasi Raisa Donaboyevaga ko‘ra, tadbirkor qo‘shnilar kelib qurilish ishlari boshlangach tinchlari buzilgan: «Derazalarni qo‘yib tashlashdi. Majburligimizdan to‘rdan ko‘tarilishi kerak bo‘lgan imoratni quyoshga teskari tomondan qurayapmiz. Quyoshga teskari bo‘lsa ham, mana bu yerdagi odamlar ko‘rmasin deb».

Samarqand viloyati qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasiga ko‘ra, Shohi Zinda ko‘chasi, 83-manzildagi ob’yekt inspeksiya nazoratidan o‘tganlardan biri. Inspeksiya «Xabar.uz»ga taqdim etgan hujjatda binoning faqat bir qavati haqida ma’lumot beriladi. 

Yakka tartibdagi tadbirkor Bekzod Salohiddinov nomi bilan bog‘liq hujjatda ob’yektdagi qurilish turi «Mavjud savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish binosini rekonstruksiya qilish» deb yozilgan. Lekin, bu yerda hech qachon savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish binosi bo‘lmagan, ikki qavatli uy bo‘lgan. Hujjatda yolg‘on ma’lumot ko‘rsatish va qurilish turini rekonstruksiya deb ko‘rsatish nimaga kerak bo‘ldi?

Hamma gap shundaki, qonunchiligimizda tarixiy hududda yangi qurilish, ayniqsa, zamonaviy uslubda va yangi shaklda ko‘tarish aslo mumkin emas. «Faqatgina jismonan o‘zining qiymatini yo‘qotgan imoratlarni eski uslubda, eski hajmda tiklasa bo‘ladi. Lekin yangi qurilish qilish umuman mumkin emas» deyishadi olimlarimiz.

Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot xizmati «Xabar.uz»ga ob’yekt haqida o‘tgan yilning dekabr holatiga ko‘ra «binoning loyiha takliflari ilmiy ekspert kengashidan o‘tganligini isbotlovchi hujjatlar Samarqand viloyati madaniy meros boshqarmasida mavjud emas» deb xabar berdi.

Savol paydo bo‘ladi: madaniy meros idoralaridan ruxsat olmay turib nazorat inspeksiyasidan qanday qayddan o‘tish mumkin? Shundan kelib chiqib yong‘in xafvsizligi, sanitariya epidimiologiya markazidan, seysmobardoshlik holati (asosda monolit beton o‘rnida shlokoblok terilgan joylar borligi aytilmoqda) borasidagi hujjatlar bor-yo‘qligi savol ostiga olinadi. 

Qizig‘i, yuqoridagi ma’lumotnomada ikkinchi va uchinchi qavatdagi xonadonlar borasida bir so‘z yo‘q. Go‘yo ob’yekt faqat savdo va maishiy xizmat majmuasidan iboratdek. Ayni vaqtda, bir necha xonadon sotilgani ma’lum, yana sotilmoqda. Xaridorga xonadonlarning kadastr hujjatlari borligi ta’kidlanadi. Davlat kadastrlari palatasi Samarqand viloyat boshqarmasi matbuot kotibi Azamat Nishonov esa «2023 yil 27 yanvar holatiga ko‘ra, Shohi Zinda ko‘chasi, 83-manzil bo‘yicha yangi kadastr hujjatlari mavjud emas» dedi.

Pudratchi tashkilot, ayni vaqtda texnik nazoratga ham mas’ul shaxs sifatida Bekzod Salohiddinov nomi ko‘rsatilgan. Aniqlanishicha, Bekzod Salohiddinov Samarqand viloyat qurilish boshqarmasida mutaxassis lavozimida ishlaydi. Ism-shariflari rasman ochiqlanmagan yuqori qavat egalari esa Samarqand shahar hokimligining ikki xodimi ekanini insayderlarimiz tasdiqladi.

Shohi Zinda, 85: «Men dardimni kimga aytaman?»

60 yoshdan oshgan Mavluda Po‘latova nomiga sotib olingan uy-joy buzilib, yangitdan qurilish boshlashganiga bir yildan oshgan. Manzil egasi ham qo‘shnilar ruxsatini olmay yuqoridan ular hovlilariga qarata eshik-deraza qo‘ygan, quyosh to‘silgan, yer o‘zlashtirilgan. Lekin, 85-manzildagi qurilishdan eng katta zarar ko‘rgan bu devorlari tutashgan qo‘shni xonadonlardir. Ular hali 2021 yil, 8 noyabrda tadbirkor qo‘shni, devorlariga tutash chuqurlik kavlayotgani borasida Samarqand viloyat hokimligiga murojaat qilgan. O‘shanda chuqurlik 3 yarim metrcha bo‘lgan.

Foto: «Xabar.uz»

Shunda Samarqand viloyat qurilish boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Ozodjon Rahmatov va Samarqand shahar qurilish bo‘limi mutaxassisi Farrux Xalilov kelishgan, ko‘rishgan. Ob’yekt egasi Mavluda Po‘latova, o‘g‘li Olim bilan suhbat o‘tkazilgan. Lekin 2021 yil, 6 dekabrda olingan suratda ulkan handaq pastdagi odamlar anchayin mayda ko‘rinadigan darajada chuqur va deyarli devor osti bilan kengaytirilib kavlangani aks etgan. Chuqurligi 10 metrcha chiqadi. Bu tarixiy hududning bufer zonasidagi yer. Bo‘lmaganda o‘n asrlik qatlam. Ekskovatorning ulkan cho‘michlarida qandaydir nodir ashyolar tuproqlarga qorishib ketib qolmaganiga kim kafolot beradi?

Foto: «Xabar.uz»

Ana shu holatda xususiy xonadon bilan ikki qarich masofadagi ijtimoiy ob’yekt qurilishi davom ettirilgan. Uylari cho‘ka boshlagan xonadon sohiblari shahar bosh arxitektori Shuhrat Jumayevga, viloyat qurilish boshqarmasi boshlig‘i Latif Hamidovga, viloyat hokimi Erkin Turdimovga va nihoyat portalga chiqishgan. Lekin, qurilish 2022 yilning dekabriga qadar, bitmaguncha, to‘xtatilmagan. Samarqand viloyati qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasining iyul oyida taqdim qilgan xulosada, birda «Binolarning «Armas» MChJ tomonidan tayyorlangan ishchi loyihalar asosida Savdo va maishiy xizmat binosi kolonnasi va seysmopoyaslari mustahkamligi loyihaga mos kelmaydi...» deyilsa, oxirrog‘ida «... zilzilabardoshligi 8 ballik hisobiy seysmiklikda ta’minlangan» deb qayd qilingan. Ana shu xulosada ikki qavatli yerto‘la haqida hech narsa yozilmagan.

Qator holatlarda hujjatlardagi mantiqsizlik, soxta ma’lumotlar «yarq» etib ko‘zga tashlanadi. Deylik, qurilish loyihalari ekspertizasi «Shaharsozlik loyiha ekspertizasi» MChJ tomonidan 2022 yil 8 iyunda berilgan. Diqqat qiling: bu vaqtda ob’yektning ikki qavat yerto‘lasi va 2 qavat yer usti qismi ko‘tarilib bo‘lingan! 

Loyihada yer osti zinalari qo‘shnining ayvoni ostida qilib rejalashtirilgani, kolonnalar soni ustki qavatdan ikki barobarga kamligi ajablanarli, xavotirli.

Ushbu noqonuniy qurilish haqida to‘qqiz oy muqaddam ijobiy xulosa bergan viloyat qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi nega bu haqda o‘shanda aytmadi? Nega ogohlantirmadi? Nega qurilishni qonun doirasida to‘xtatmadi. Mayli, xalqaro tadbir mehmonlari chala imoratni ko‘rishi uyat hisoblanarkan, faqat fasadni tayyorlab, orqa qismdagi ishlar nega to‘xtatilmadi (asosiy norma buzilish holatlari orqa tarafda). Qolaversa, qoida va normalar buzilishi ShHT tadbirlaridan ancha avval boshlangan va keyin ham davom etgan.

Foto: «Xabar.uz»

Samarqand viloyati qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi bosh mutaxassisi Asliddin To‘yliyev Shohi Zinda 85-manzildagi noqonuiy binoni qonuniylashtirish borasida ma’muriy sudga hujjatlar tayyorlanayotganini ma’lum qildi.

Qator holatlarda, noqoniy qurilgan ob’yektlar egalari jarima to‘lash bilan vaziyatdan chiqishlari aytiladi.

Foto: «Xabar.uz»

Shohi Zinda, 87: «O‘zim jabrdiydaman»

Matluba opa Mamatova shu mahallaning qizi. U qatordagi, tadbirkorlik uchungina xarid qilib, imorat ko‘targan kishilardan ana shu jihati bilan farq qiladi. Matluba opaning o‘zi ham qurilish qildi. Bir qavatli savdo majmuasi.

Xonadonda kirib borar ekanmiz, ko‘ngilni ko‘taradigan darajada gaz hidi seziladi. Ma’lum bo‘lishicha, 85-manzil qurilishi jarayonida mahalla gaz quvuri yorilgan ekan. «Ikki-uch oy gaz qayerdan chiqayotganini bilmadik. Keyin ma’lum bo‘ldi, ikki qavatli yerto‘lada gaz liq to‘lgan ekan. Yaqinda yoriqni tuzatishdi. Lekin bularning yerto‘lasi devori mening hududimda ko‘tarilgan. Ya’ni, yerto‘lani bir devor eniga kengaytirish maqsadida o‘zining hududi qolib, mening yerimdan devor ko‘targan. O‘z joyida devor ko‘tarishini talab qilaman. Ertaga bu yerda biror ishxona qiladimi, yana gaz hidi bo‘ladimi, svet bo‘yicha bo‘ladimi, portlash bo‘ladimi, men bu yerda yashayapman», deydi Matluba opa.

Foto: «Xabar.uz»

Ikkinchi yon qo‘shnisi, 89-manzil bo‘yicha esa turli tashkilotlarga murojaat qilishga majbur bo‘lgan. «Hovlimiz ko‘rinadigan qilib derazalar qo‘yib tashladi. Yuqoridan ichkaridagi uyim ham ko‘rinadi. O‘zi 3 qavatli mumkin degandi. Bular old tomonnni 3 va orqa tomonda 4 qavatli qilishdi. 3-qavatning tomini sahn qilib chiqib o‘tiradigan joy, ya’ni tomda hovli qilishayapti. Tomdan ham uyim ko‘rinadi-da. Turli tashkilotidan kelishdi, lekin natija yo‘q» deyishdi ular. Matluba Mamatova 8 yanvar kuni ana shu manzil egasi Alisher Rustamov devori orqasidan chuqur qazdira boshlaganda «102»ga murojaat qilgan. Vaqeaning boshqa jihatlari ham bor. Bu endi alohida mavzu...

Foto: «Xabar.uz»

Shohi Zinda, 89: Samarqand shahar prokuraturasida nima sir bor?

Egasi Alisher Rustamov deb aytilayotgan bu ob’yekt ham rasman noqonuniy hisoblanadi. Ob’yekt nimaga mo‘ljallanganini atrofda hech kim bilmaydi. Uning derazalaridan ham bir necha hovli (Shohi Zinda, 87, Samarqand ko‘chasi, 5,7,9, 11, Havasi 32) bemalol ko‘rinib turadi.

Foto: «Xabar.uz»

Lekin, Samarqand ko‘chasi, 9-uy manzilidagi Sherdor Rajabovning bir parcha hovlisi me’yordan ortiq balandlikdagi bino panasida butkul qolgan, quyosh ham, havo ham to‘silgan. Sherdor 2022 yil 18 noyabrda Samarqand shahar prokuraturasiga murojaat qilgan. Bir oydan ortiqroq vaqt prokuraturadan sas-sado bo‘lmagach, Sherdor Rajabov ana shu arizasi nusxasini «Xabar.uz»ga berdi.

Prokuraturaning 7 yanvardagi navbatchi xodimi «Xabar.uz»ga ariza o‘rganilish uchun shahar Ichki ishlar bo‘limiga yuborilgani haqidagi xatni taqdim qildi.

Samarqand viloyat Ichki ishlar boshqarmasi matbuot kotibi Jahongir Sa’dullayev bunday xat 26 yanvarda ham hamon ularga yetib kelmaganini ma’lum qildi.

Odamlar adolatni tiklash uchun endi qayerga borishni, kimga dardlarini aytishni bilishmaydi.

Foto: «Xabar.uz»

Shohi Zinda, 91: qonuniy qurilish, lekin qonuniylik qani?

Bu bino ham «Armas» MChJ tomonidan loyihalashtirilgan. Viloyat qurilish sohasida nazorat inspeksiyasidan ro‘yxatdan o‘tgan. Yuzadan qaraganda shaharsozlik norma va qoidalari buzilmagandek ko‘rinadi. Ammo mahalla ichkarsiga kirsangiz, binodagi 10 ta derazadan bir necha hovli, boshqalarga ham tomoshagoh bo‘lib turgan hovlilar ko‘rinib turibdi. Ulkan yerto‘laning Samarqand ko‘chasi, 5-xonadon bilan yaqin qazilishi hisobidan xonalarda yoriqlar paydo bo‘la boshlagan. Xonadon oqsoqoli Hamdam Himmatov mana shu dargohda tug‘ilib o‘sgan. Hamdam bobo sayyohlar mahallalarni kezib avvaldagi hayratni tuymayapti, deydi. «Bir guruh sayyoh kelib mana shu yerga kirdi. Shu holatni tasvirga tushirib ketdi. Avvalgi milliylik qani?» deydi bolaligida bir kelib ketgan sayyoh» fikrini misol bilan keltiradi suhbatdoshimiz.

Foto: «Xabar.uz»

Yangi qurilish bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri, parallel joylashgan Samarqand ko‘chasi, 7-xonadon sohibasi esa yoshi ulug‘ onaxon, yolg‘iz yashaydi. «Bu qurilishga mening daxlim yo‘q» dedi.

Samarqand viloyati qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi bosh mutaxassisi Asliddin To‘yliyev inspeksiyadan ro‘yxatdan o‘tgan ob’yektda «Yaqqol ko‘rinmaslik» talablarini tiklash borasida «Inspeksiya qurilish haqida xabardor qilingan. Biz endi bu qurilishni rad qilolmaymiz» dedi... 

***

Mavzuni yoritish jarayonida tarixiy meros va shaharsozlik normalari bilan bog‘liq qirralar bir-biri bilan kesishaverdi, bir-birini to‘ldiraverdi.

Samarqand shahri YuNESKOning Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilganiga 20 yildan oshdi. Biz bu nomni qanchalik oqlayapmiz? Deylik, bugungi rahbarlar, mutasaddilarga «Registon quring!» deb talab qo‘yilmaydi. Baribir qurolmaydi! «Registonni asrang!» deyiladi. Xuddi shuningdek, shundoqqina Shohi Zinda ziyoratgohi yo‘lida baland (3 qavat ham baland) mehmonxonayu «dom», yana allanimalar qurish kerak emas edi. Yuqorida aytilgan gap:

TARIXIY HUDUDDA QURILISh QILISh MUMKIN EMAS!

Lekin, biz o‘rgangan manzillarning deyarli barchasida yangi qurilishlar amalga oshirildi. Sayyohga qizig‘i yo‘q bo‘lsa ham. Tadbirkorga esa shu foydali. Ehtimol tadbirkorga yo‘l ochib berganlarga ham.

Qo‘polroq misol keltirganda, giyohvand modda sotish ham sotuvchi uchun moddiy jihatdan foydali. Lekin shu ishni qilgan odam qamaladi. Tarixiy yodgorliklar qatori tarixiy muhitni buzganlik borasida ma’muriy emas, jinoiy javobgarlik jazolari belgilanmas va kuchaytirilmas ekan, bugun bir so‘m jarima to‘lab, ertaga ikki so‘m foydani ko‘zlaydiganlar faoliyati to‘xtamaydi. So‘nggi 4-5 yil Samarqandda tarixiy muhit buzilishi cho‘qqiga chiqqan yillar bo‘ldi. Aytgancha, o‘rgangan manzillaringiz bufer hududda deyishga shoshilmang! (Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi ham bufer hududda)

Xuddi shu ob’yektlar ro‘parasi, ko‘chaning narigi beti esa tarixiy qo‘riqxona. Shaharsozlik qoidalarida esa simmetriya muhim ahamiyatga ega. Shundan kelib chiqib qo‘riqxona tarafi bufer tomondan nusxa olgan, ya’ni qo‘riqxonada ham baland binolar kam emas. Undan keyin har qanday tadbir tarixiylik muhiti, inson haq-huquqlari buzilishiga bahona bo‘lolmaydi.

Foto: «Xabar.uz»

YuNESKO tarixiyligimizni urf-odatlarimiz bilan qo‘shgan holda saqlash kerakligini ta’kidlab keladi. Oila o‘z hovlisida chorpoyada emin-erkin o‘tirib hordiq chiqarolmas ekan, xonadonlarda xotin-qizlarimiz pochasini shimarib gilamini yuvolmas ekan, nafaqat ular, erkaklar ham o‘z uyida ruhiy bosimni his qilib yashar ekan, kichikroq hovlilar ustini yaxlit yopish harakatlari boshlangan ekan, bu yana bir qadamga orqaga qaytganimizdir.

So‘ngso‘z o‘rnida

Turkiya va Suriyadagi zilzilalar barcha davlatlar shaharsozligiga, quruvchilariga saboq bo‘lishi kerak. Samarqand viloyatida 2022 yilda 500 dan ortiq noqonuniy qurilish aniqlangan. Qurib bitkazilgan bu ob’yektlar mustahkamligiga hech kim kafolot berolmaydi. Shunga qadar shuncha hiyla-nayrangdan o‘tgan qurilishlarda sud jarayonidan so‘ng risoladagidek ijro bajarishiga ishonmaydigan kam emas. Zilzila bo‘lmaganda ham, ayrim qurilishlar boshqa holatlarda ham xatar paydo qilayotgani, oddiy xalq hayotini qiyinlashtirayotgani bor gap.

Foto: «Xabar.uz»

83 va 85-manzil tadbirkorlari bir necha xonadonga kiriladigan oraliq yo‘lni ikki tomondan o‘zlashtirib olishgan. Natijada ichkariga na yong‘inni o‘chirish, na «Tez yordam», na Favqulodda vaziyatlar mashinasi kira oladi. Vaqtida eni va bo‘yi baravar o‘sgan ulkan qayrag‘ochning shoxlari esa ayovsiz kallaklandi... Ichkarida yog‘in suvlari chiqadigan bor ariqlar yo‘q qilindi, yopib tashlandi. Bolalar balchiqni bosib maktabga boryapti. Katta yo‘l yoqasidagi ariqlar usti sun’iy yopilganda, kalamushlar endi xonadonlarga, ayniqsa, yerto‘lalarga kiradigan bo‘ldi.

Odamlar gazsizlikdan aziyat chekayotgan bir vaqtda ikki qavat yerto‘la tabiiy gazga liq to‘ldi, xavf paydo qildi, tabiiy boylik yo‘qotildi, havo bo‘lg‘andi. Kamiga, ta’mir oldidan, 30 yanvarda, qator xonadonlarda hech bir ogohlantirishsiz tabiiy gaz o‘chirib qo‘yildi. Bularning bari ortidan jon talofoti bo‘lmagani yaxshilikka albatta. Lekin nimadir bo‘lishini kutish kerakmi?

Foto: «Xabar.uz»

Noqonuniy deganda ham, har bir ob’yekt uchun hokimning qarori, arxitektura-rejalashtirish topshirig‘i bor. Loyiha ishlangan (garchand, kerakli hujjatlar taqdim etilmaguncha loyiha ishlanishi qoidaga ziddir). Lekin bular hali qonuniylikni ta’minlamaydi. Qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyaning har bir joyda birkitilgan inspektorlari bor. Ular hududlarda bo‘ladi, bo‘lmaganda, oyda bir kelib ishni nazorat qiladi. Masalan, qonuniy deb aytilayotgan 91- manzildagi ishni nazorat qilgan xodim, hududidagi, shu manzil bilan yonma-yon qurilishlarni ko‘rmadimi?

Qatorasiga joylashgan manzillar bitta inspektorga qaraydi. Nega u noqonuniy qurilish egalarini ogohlantirmadi. Yuqorida 85-manzil misolida ko‘rdik, ogohlantirish, qurilishni to‘xtatish u yoqda tursin, noqoniy qurilish haqida nazorat inspeksiyasi portalga va arizachiga yolg‘on xulosa berdi. 

Samarqand shahridagi Temuriylar davri bufer zonasidagi «Xabar.uz» o‘rgangan 10 ta ob’yektning hammasida ham aslida yangicha qiyofadagi qurilish qilish umuman mumkin emas edi.

Muallif: Mustahkam TANGRIYoROVA,

Video: Elbek BOYMURODOV,

Tasvirchi: Akmal QUDRATOV.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring