«Robinzon tili» yoxud ona tilimiz jozibasiga ishoning
Bir holat ko‘p kuzatilganki, rusiyzabon hamyurtimizga rus tilida murojaat qilsak, u bizga sof o‘zbek tilida javob qaytarganida ko‘nglimiz yayrab ketardi. Men bir necha yillar davomida «Yoshlar» va «O‘zbekiston» radiokanallarida boshlovchilik qilganman. Ustozlarim Sultonposhsha Yoqubova, Muxtor Murodov, Muattar Usmonovalar bilan yonma-yon Mustaqillik va «Navro‘z» tantanalaridan to‘g‘ridan-to‘g‘ri reportajlar olib borganmiz.
Xorijlik mehmonlarning biridan intervyu olar ekanman, suhbatdoshimning ismi-sharifini noto‘g‘ri talaffuz qilib qo‘yibman va buning uchun ustozlarimdan yaxshigina tanbeh eshitgandim. Avvaliga biroz xafa bo‘ldim. Chunki chet el ommaviy axborot vositalari O‘zbekiston haqida lavhalar berishsa, o‘bekcha ismlarni bemalol noto‘g‘ri talaffuz qilishardi. Tantanalar tugagach, ushbu holatni misol keltirib, ustozlarimning tanbehidan ranjiganimni bildirgan bo‘ldim. Shunda Muxtor aka samimiyat bilan shunday degan edi: «Ismimizni to‘g‘ri talaffuz qilolmagani uchun balki ular aybdordir, lekin biz ularning tilida ravon so‘zlasak, vaqti yetib, bu munosabatning yuksak hurmat ekanligini o‘sha millat vakillari albatta tushunib yetishadi». Ustozning bu gaplaridan dilim yorishdi va noo‘rin ranjiganimni anglab yetdim.
Endi men boshqa bir jihat haqida o‘ylay boshladim. Agar biz qaysiki chet tilini mukammal o‘rganib, o‘sha tilda benuqson so‘zlay olsak, suhbatimizdan bahramand bo‘lgan xorijlik odamning xayolidan: «Suhbatdoshim mening tilimda shunchalik chiroyli gapirsa, mening tilimning jozibasini shunchalik ko‘rsatib tursa, uning o‘z ona tilidagi suhbati qanchalik soz bo‘larkin-a?! Bunday tilning jozibasini tasavvur qilishga aqlim dosh berolmasa kerak», degan o‘y o‘tmasmikan?..
Shunday ekan, o‘zga tilni bilmoq barobarida, ular bizni teran anglashlari uchun o‘z ona tilimiz nafosatini ko‘proq namoyish etishimiz kerak bo‘ladi. Tilimizning nafisligi, jozibasini esa, tabiiyki, ibratli suhbatlar, ona tili va adabiyot fanidan olingan katta saboqlar, bebaho badiiy asarlar mutolaasi ta’minlaydi. Demakki, bu boradagi mas’uliyatning zalvorli qismi yana oila va ta’lim muassasalariga tushadi.
Biz tilimizning so‘zlashuvdagi holati haqida qayg‘urdik. Endi uning rivojlangan turfa texnologiyalar ko‘magida shaharlarimiz ko‘cha va binolariga ko‘rk bo‘lib turgan katta-kichik bitiklardagi qiyofasini kuzataylik-chi.
Poytaxtimiz yoki viloyat markazlari bo‘lmish katta-katta shaharlardagi ko‘plab serqatnov ko‘chalar bo‘ylab sayr qilsangiz, yon-veringizdagi restoranu savdo shoxobchalari, do‘konlaru ulkan reklama taxtalari uzra ko‘zga yarq etib tashlanadigan o‘zbekcha jumlalarni juda kam holatlarda uchratasiz. Bori ham o‘zbekcha bo‘lsa-da, xorijiy nomdagi mashhur mahsulotni alqovchi so‘zlar. Yo‘l chetidagi chiroyli, ixcham va ko‘rkam bezatilgan do‘kon va qahvaxonalarning peshtoqlariga ularning nomlari rus va boshqa yevropa tillarida juda chiroyli, rang-barang, diqqatni tortadigan qilib yozilgan. Mijozlarni taklif qiluvchi chaqiriq so‘zlar ham yorqin ranglarda va albatta rus tilida ko‘zga tashlanib turadi. Keng ko‘cha bo‘ylab o‘rnatilgan ulkan reklama pannolari, baland imoratlarning katta yo‘lga qaragan yon devorlarida bo‘sh joy deyarli yo‘q. Qaysidir bir savdo markasi, masalan, kofe deysizmi, choymi, salqin ichimlik, taksi xizmati, uyali aloqa, uy-joy qurilish kompaniyalarining nomlari yorqin ranglarda yashnab turganini ko‘rasiz. Garchi bu yozuvlar rus tilida bo‘lsa-da, undagi e’tibor tortadigan ajoyib suratlar qaysidir ma’noda shahar ko‘chalarini bezab turganga o‘xshaydi. Tan olish kerak, bular orasida o‘zbekcha shior va chaqiruvlar ham uchrab turadi. Ular nimalardan iborat? Aytaylik, «Qullikka rozi bo‘lmang!», «Suv – bizning behabaho boyligimiz», «Betakrorimsan, yagonamsan, Ona vatanim, O‘zbekistonim!», «Mustaqillik – g‘ururimiz va iftixorimiz!», «Sog‘lom ona va bola farovonligimiz ramzi» kabi ijtimoiy shiorlar va suratlar ko‘rimsizgina, uniqib ketgan ranglarda «qimtinib» turishadi. Bunday o‘ta g‘arib ijod namunalarining ba’zilarini seryaproq daraxt novdalari to‘sib tursa, ba’zilari hech kim ko‘rmaydigan tomonga osilgan. Ikkiyoqlama pannoning narigi, hammaga yaxshi ko‘rinadigan tomonida esa brend darajadagi biror savdo markasining reklamasi «yal-yal yonib» turadi. Yana bir baland bino peshtoqidagi katta pannodan Hazrat Navoiyning
«Odami ersang, demagil odami,
Onikim yo‘q xalq g‘amidin g‘ami»
degan satrlari shoirning surati bilan birga joy olgan. Ammo bu kabi nomigagina, xo‘jako‘rsin usulidagi vatanparvarlik ifodalari atrofdagi boshqa reklama tasvirlari soyasida ko‘zga tashlanmay ham qoladi. Poytaxtning Yakkasaroy tumani, Shota Rustaveli ko‘chasi bo‘ylab sayr qilsangiz, yo‘lning Askiya bozoriga burilish qismida «vatanparvarlik»ning yanada noyob namunasiga duch kelasiz. Ya’ni, pastqamgina e’lonlar taxtasida «2017-yil – Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili» degan shiorga ko‘zingiz tushadi. Bu nafaqat «vatanparvarlik», balki yaqin tariximizga ham «katta hurmat»ku.
Aksariyat restoran, mehmonxona, kafe, firma do‘konlari juda chiroyli va ko‘rkam qurilgan, to‘yxonalarning ko‘pchiligi shohlarning qasridan-da a’lo bezatilgan. Ularning peshtoqlariga rangdor qilib ishlangan ajnabiy nomlarni o‘qib, «Nima bo‘pti, azaldan shakllangan mehmondo‘stlik an’anasiga ko‘ra, zamonaga xos yangiliklarni joriy etyapmiz, mehmon o‘zini o‘z uyidagidek his etishi kerak-ku», degimiz keladi. Biroq o‘zbekona go‘zal nomlar bilan dunyoning e’tiborini tortishni qachon o‘ylaymiz?.. Axir taraqqiyotga hamqadam turli tuman «Sity»(shahar)lar qurishga qurbimiz yetar ekan, ajdodlarimiz asrlar osha so‘zlashib kelgan, yuksak badiiyat bilan sayqal topgan, ulug‘ allomalarni dunyoga tanitgan ona tilimizni bor go‘zalligicha saqlamoq, uning inja so‘zlaridan o‘rinli foydalanib, go‘zalliklar yaratmoq uchun hamma zamonlardan ko‘ra bugun imkonimiz ko‘proq emasmi? Ehtimol, Yevropa tillari bugungi zamon taraqqiyot mezonida salmoqqa egadir, ammo go‘zal dostonu g‘azallari bilan Hazrat Navoiyning bir o‘zi ona tilimizga dunyo e’tiborini torta olganini unutmasligimiz kerak.
«Inson ekanligimni unutib qo‘ymaslik uchun qushlar, hayvonlar, dov-daraxtlar bilan tinimsiz ovoz chiqarib gaplashar edim...» Bu so‘zlar kimsasiz orolda nochor qolgan Robinzon Kruzoga tegishli ekanligini anglagandirsiz. Ha, u nafaqat atrof-borliq bilan suhbatlashardi, balki o‘z hayoti, yovvoyi turmushini ifodalab, kundalik daftar ham yozib borardi. Bu harakatlarning hammasi uning o‘z ona tilida amalga oshardi. Faqatgina tasodif, faqatgina mo‘’jiza uni bu yolg‘izlikdan xalos etishi mumkin. Bunga ishonishning o‘zi ham Robinzon uchun ming azob bo‘lgan bir mahalda u o‘zining inson ekanligini, ona tilini bir zum ham unutmadi. Negaki, u faqat bugunning o‘yi, tashvishi bilan yashamasdi. Negaki, insoniyat undan keyin ham yashaydi, millat undan keyin ham... Yo‘q, millat haqida u qadar ishonch yoki u qadar loqaydlik bilan ham gapirish noo‘rindir. Uning barhayotligi shu millatga mansub insonga bog‘liq. Millatning ruhini esa uning tili, adabiyoti, ma’naviyati belgilaydi.
Shu o‘rinda yolg‘izlikdan boshqa hech qanday tazyiq bo‘lmagani holda o‘z tilini saqlab qolish uchun kurashgan Robinzonga havas qilsa arziydi. Dov-daraxtlar bilan ovoz chiqarib gaplashishi bir qarashda aqldan ozgan kimsani eslatsa-da, ammo shu topda uning inson ekanligini belgilovchi yolg‘iz omil ham ana shu g‘alati suhbatlar edi. Umid bilan kundalik daftar yozib borishi esa, har qanday holatda ham ona tilini saqlamoq yo‘lida kurashmoqning yana bir go‘zal ko‘rinishi edi.
Davlat tili maqomini olganligining o‘ttizinchi yilini yashab turib, bizning o‘z ona tilimiz sofligini saqlash borasidagi imkoniyatlardan foydalanmasligimiz o‘sib kelayotgan yoshlar ma’naviyatiga tahdid qiluvchi illatlarga yo‘l ochib berishga hissa qo‘shishi mumkin, xolos. O‘ttiz yil o‘tsa-da, ulug‘ qadriyatimizga bo‘lgan ehtiromimiz darajasi hamon sust ekanligidan qattiq uyalishimiz kerak. Axir, bugun bizga o‘z loqaydligimizdan bo‘lak hech qanday to‘sqinlik yo‘q-ku.
So‘ngso‘z o‘rnida esa, qariyb bir asr burungi qiyin zamonlarda Abdulla Avloniy bobomiz kuyinib bitgan quyidagi so‘zlarni (afsuski, bugun ham) eslatmoqqa majburman: «Yohu! Bizga na bo‘ldi?.. Bobolarimiz yetushg‘on va yaratgan muqaddas til va adabiyot bizga hech kamlik qilmas. O‘z uyimizni qidirsak va axtarsak, yo‘qolganlarini ham toparmiz. «Yo‘qolsa yo‘qolsun, o‘zi boshimga tor edi», deb Yovrupo qalpog‘ini kiyub, kulgi bo‘lmak zo‘r ayb va uyatdur».
Quvondiq Siddiq
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter