Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qoraqalpog‘istonda shunday joylar bor, ammo...

Qoraqalpog‘istonda shunday joylar bor, ammo...

Foto: Andrey Kudryashov

Qayerga bormay (xorij bo‘ladimi, mamlakatimizning tumanlari bo‘ladimi) o‘sha maskanning tabiatiga, tarixiga, madaniy va tarixiy obidalariga qiziqib, e’tibor qarataman.

Qoraqalpog‘istonga uyushtirilgan press-tur davomida Qo‘ng‘irotga kiraverishda joylashgan Davud ota qabristoniga to‘xtab o‘tdik. Tilovat qildik, duo qildik. Ammo vaqt tig‘izligi bois qabristonga kirib ziyorat qilish imkoni bo‘lmadi. Bu ham yaxshilikka, demak yana bir bor Qoraqalpog‘istonga kelaman.

Ertasi kuni yakshanba. Bo‘sh vaqtimiz bo‘ldi. Tushdan keyin qarmoqda baliq tutish taklifi o‘rtaga tashlandi. Qarmoqda baliq tutish yuragimni siqib yuborishini bilsam-da, «ko‘pchilikdan qolmay», deya rozi bo‘ldim. Ammo tushlik vaqtida Nukusdan 20 kilometrcha uzoqlikda joylashgan Xo‘jaylidagi «ochiq mozorlar»ni ziyorat qilish taklifi berildi. «Ochiq mozor» sovuq so‘z. Ammo qiziqish ustun kelib bu taklifga rozilik bildirdim. Bordik. Borganimga afsuslanmayman.

Markaziy Osiyodagi eng qadimiy shaharlardan biri bo‘lmish Xo‘jayli nomi, menimcha, «xo‘ja eli» degan ma’noni bildiradi. Ammo ko‘pchilik «ziyoratchilar yurti» degan ma’noni beradi», deydi. Qadimda Xo‘jaylining nomi Mizdahqon bo‘lgan. Ayni damda umumiy maydoni 2000 kvadrat kilometr atrofidagi ulkan qabristongina Mizdahqon nomi bilan ataladi. Ko‘plab g‘aroyib afsona va rivoyatlar bilan bog‘liq tarixiy yodgorliklar va muqaddas qadamjolari bilan tanilgan Mizdahqondagi maqbaraga har yili yuz minglab ziyoratchilar tashrif buyuradilar.

Shu kungacha yurtimizda dafn ikki xil ko‘rinishda amalga oshirilishini bilardim. Ya’ni, hammamiz bilgan an’anaviy qabr yurtimizning hamma hududlarida ma’lum. Ikkinchi xil dafn marosimi Xorazm, qisman Qo‘qonda bo‘lib, jasad maxsus sag‘ana(dahma)larga qo‘yiladi. Xo‘jaylidagi Mizdahqon qabristonida qabrlar boshqacha ekaniga e’tibor qaratdim. Ya’ni, lahad qazilmaydi. Go‘r chuqur qaziladi, jasad qo‘yilgach, ustiga yog‘och qo‘yiladi (bu jarayonni turk seriallarida ko‘rganmiz), so‘ng tuproq tortiladi. Oradan yillar o‘tib yog‘ochlar chiriydi va tuproq bosib qoladi. Odamlar ko‘ziga qabrlar sal ochilib qolgandek ko‘rinadi. Eng qizig‘i, yurtimizning barcha hududlarida marhumlar uchun umumiy tobutlardan foydalaniladi. Ammo Mizdahqon majmuasidagi qabrlar ustida marhumlar jasadi olib kelingan katta-kichik tobutlarga ko‘zingiz tushadi.

Bizga hamrohlik qiluvchilar qabriston tarixi haqida imkon qadar so‘zlab berishdi. Shunda ham asosiy urg‘u Mazlumxon Suluv maqbarasiga berildi. Toshkentga qaytgach internet orqali Mizdahqon qabristoni haqida ma’lumotlarni izladim. Deyarli ma’lumotlar yo‘q darajada. Borlaridan ham unumli foydalanib, o‘zim uchun bebaho ma’lumotlarga ega bo‘ldim.

Foto: Andrey Kudryashov

Xorazmda bo‘lgani kabi Qoraqalpog‘istonda ham sayyohlar uchun qiziqarli manzillar ko‘pligiga amin bo‘ldim. «Ekologik inqiroz sababli dunyo e’tiboridagi bu o‘lkaning boy tarixi, udumlari, madaniy meros ob’yektlari va me’moriy obidalari haqida ko‘proq yozishimiz, sayyohlarni jalb qilishimiz davr talabi», degan fikrga keldim. Chunki turizm Qoraqalpoqiston aholisi daromadini ortishiga xizmat qilishi aniq.

Muqaddas joylarni kuzatar ekanman, «qoraqalpoq zaminining turistik salohiyatidan hali to‘laligicha foydalanilmayapti», degan xulosaga keldim. Buning uchun yaxshi targ‘ibot, infratuzilmani rivojlantirish, qulay transport logistikasini yo‘lga qo‘yish kerak bo‘ladi.

Xo‘jayli – Orolbo‘yidagi mashhur beshta shaharning biridir. Bu yerda odamlarning doimiy yashayotganiga 2400 yildan oshdi, degan ilmiy taxminlar mavjud. Rivoyatlarga ko‘ra, birinchi inson – Hazrati Odam alayhisalomning qabri, payg‘ambar Sham’unning daxmasi va Erejep Xalfaning maqbarasi Mizdahqonda joylashgan. Taniqli arxeolog Sergey Tolstov (1907-1976) «zardushtiylikning vatani sifatida Amudaryoning Orol dengiziga quyiladigan ziroatchilik vohasi bo‘lmish Xorazmni sanash kerak», degan fikrni bildirgan. Uning bu fikriga qo‘shilish kerak. Eron, Hindiston, Afg‘oniston va Pokistonda topilgan zardushtiylikka oid oltmish uchta diniy yodgorlikdan o‘n yettita eng ko‘hnalari aynan Xorazmda joylashgan. Ilmiy tadqiqotchilarga ko‘ra, Hazrati Odam alayhisalomning Mizdahqondagi qabri to‘g‘risidagi rivoyat Avestadagi Axura-Mazda yaratgan birinchi inson – Govmard (ho‘kiz-odam) haqidagi afsonaning yangicha talqini bo‘lgan.

Mizdahqon miloddan avval II-IV asrlarga oid qadimiy otashparastlar shahriga yaqin joyda paydo bo‘lgan. Zardo‘shtiylarning muqaddas «Avesto» kitobida otashparastlarning quyosh ilohasi Axura-Mazda sharafiga qurilgan Mazda shahrining nomi tilga olinadi. Nomi Avestodagi nomga o‘xshash Mizdaqhon muqaddas dargohining o‘zi katta qabristondan iborat bo‘lib, uchta adirlikda joylashgan. Arxeologlarning ta’kidlashicha, bu yerdagi birinchi qabrlar miloddan avval ikki asr muqaddam paydo bo‘lgan. Zaratushtraning izdoshlari o‘zlari uchun muqaddas bo‘lgan tabiat kuchlari – olov, tuproq va suvni iflos qilmaslik uchun o‘lganlarning jasadlarini dafn etmay, murdalarni maxsus minoralar – daxmalarning tomlariga chiqarib qo‘yishar, bu yerda esa ularni o‘laksaxo‘r qushlar yeb, qoq suyaklarini qoldirishar edilar. Quyosh tig‘lari ostida qurigan ustixonlarni to‘plab, maxsus sopol idishlar – ostadonlarga joylab, sag‘analarga joylashar edi.

Xo‘jayli nomi XVII asrda paydo bo‘lgan. Tarixda Xo‘jayli Gauir, Antakiya, Mizdahqon nomlari bilan mashhur bo‘lgan. Mizdahqon (Mizdakxan ham deyiladi) haqda X asrda istiqomat qilgan arab geograflari Ibn Ruste hamda al-Istrahiy ma’lumot qoldirgan. Mashhur arab olimi al-Maqdusiy 985 yilda shu yerdan o‘tganda «Mizdakxan o‘zining kattaligi bo‘yicha Kat, Gurganj kabi Xorazm davlatida uchinchi shahar» deya ta’rif bergan. Uning qayd etishicha, Mizdahqon 12 mingta feodal qal’aning markaziy shahri bo‘lgan. Shaharning eng qadimiy qismi Gauir qal’a degan nom bilan ma’lum bo‘lgan. IX-XI asrlarda qal’ada yangi qo‘rg‘on devorlar qad rostlab, saroylar qurilgan. Shu joydan Xitoy tangalari, O‘rta Yer dengizi bo‘yi xalqlariga oid chinni buyumlar topilgan. Ko‘rinib turibdiki, Mizdahqon Sharq bilan G‘arbni bog‘lab turgan. Xo‘jayli tarixini eslatuvchi majmuada Mizdahqon esdaliklar majmuasi hamda unga kiruvchi Mazlumxan suluv maqbarasi, Shamun Nabi maqbarasi, Jo‘mard qassob tepaligi, Yerejep xalfa uyi va boshqa yodgorliklar ham bor.

Ta’kidlab o‘tilganidek, Mizdahqon nekropoli qadimiy qabriston bo‘lib, bu yerda qadimiy qabrlar mavjud, ularning ba’zilari 2400 yillik tarixga ega. Demak, Mizdahqon — Markaziy Osiyo mintaqasidagi eng qadimiy va yirik qabristonlardan biridir. Qadim zamonlardan beri bu joy muqaddas va sirli maskan sifatida ko‘plab ziyoratchilarni jalb qilib kelmoqda. Arxeolog olim Sa’dulla Saipovning fikricha «Mizdahqon majmuasi arxeologik nuqtai nazardan hali to‘liq o‘rganib bo‘linmadi. Qazishma ishlari yana yuzlab yil davom etishi mumkin. Majmuaning arxeologik qo‘riqlanadigan maydoni 7 gektar bo‘lgani bilan uning tashqarisidagi, ya’ni dafn qilinish uchun ruxsat berilgan qariyb 70 gektarlik hududdan ham zardushtiylik madaniyatiga oid yodgorliklar topilmoqda».

To‘g‘risi, Mizdahqon majmuasida sayyohlarga qulay shart-sharoit yaratish maqsadida - darvozadan to maqbaralar joylashgan tepalikka qadar o‘ziga xos «tunnel» - plastik soyabonli yo‘lak (koridor) qurilgan. Bu majmuaning tarixiy qiymatiga soya solmoqda. Masalan, deylik, suratga tushmoqchi bo‘lsangiz, mana shu plastik soyabon tarixiy qabrlar aks etgan suratni buzib turadi. Uzoqni ko‘zlamay qurilgan soyabonli yo‘lak turizm rivoji uchun xizmat qilmasligi aniq. Rasmiylar yo‘lak qurilishini quyidagicha izohlagan ekan:

«Mizdahqon tarixiy majmuasiga olib boradigan tepalikka chiqish uchun yo‘lak (koridor) qurilsa nimasi yomon? Birinchidan, ziyoratga yoki sayyohlik maqsadida kelgan fuqarolar, xususan, nuroniylarimiz uchun qulay, tarixiy devor rasmlarini tomosha qilib dam olishi mumkin. Ikkinchidan, noqulay ob-havo kunlarida yoki jazirama issiqda salqin soya, pana. Uchinchidan, chor atrofni ko‘rib zavqlanish uchun ochiq dizayn. To‘rtinchidan, yo‘lak sayyohlarning e’tiborini jalb qiluvchi milliy an’analar bilan boyitilgan naqshlar bilan bezatiladi va alalxusus, ko‘pchilik fuqarolarga ochiq qabrlar og‘ir ta’sir qilishi inobatga olinsa, estetik jihatdan to‘g‘ri bo‘ladi».

Yana bir narsani aytish kerakki, restavratsiyani mutloqo tushunmaslik oqibatida 2017 yilda mazkur majmuaga kiradigan XIII-XIV asrlarga tegishli Shamun-Nabi maqbarasi buzib tashlanib, o‘rniga yangi obida qurilgan va shu bilan muhim ahamiyatga ega tarixiy yodgorlik ham batamom yo‘q qilingan edi.

Mizdahqonning sharqiy adirligida daxma minoraligining barcha belgilariga ega afsonaviy Jo‘mard qassob tepaligi bor. Afsuski, biz u yerga bormadik. Restaratsiya ishida ishtirok etayotgan yigitlardan tepalik haqida so‘raganimizda, ular sovuqqonlik bilan «bir qassobning qabri» deyishdi. Toshkentga kelib, internetdan bildimki, biz u yerga bormay juda katta xato qilibmiz. Jo‘mard zardushtiylik dinidagi birinchi inson – Govmard ham bo‘lishi mumkin. Bu o‘z navbatida Odam alayhissalomning qabri to‘g‘risidagi rivoyatning paydo bo‘lishiga sabab bo‘lgan bo‘lishi ehtimoli bor. Tepalik atrofida ichida oltin iplari saqlanib qolgan zarbof matolarning qoldiqlari, bezaklar, tangalar va diniy marosimlarda qo‘llanadigan shamchiroqlar saqlanayotgan ostadonlarning ko‘plab namunalari topilgan.

Mizdahqondagi avliyo Erejep (Rajab) Halfaning maqbarasi harobalari «Dunyo soati» deb atalar ekan. Maqbara IX asrlarga oid to‘rtburchakli inshootdan iborat bo‘lib uning bir tarafdagi devori va tomi butunlay yiqilib tushgan. Qolgan devorlar, garchi ular mustahkam poydevorlar ustida turgan bo‘lsa ham, ohistalik bilan nurab bormoqda. Poydevor ostida qamish qatlami nafaqat namlik va sizob suvlaridan himoya qiladi, balki zilzila tebranishlariga nisbatan bardoshlilikni kuchaytiradi ham.

 O‘tgan asrning 40-yillaridan boshlab Xorazm diyorida keng ko‘lamli ilmiy ishlar olib borgan mashhur arxeolog olim Sergey Tolstov bu zaminni «ikki daryo oralig‘idagi ikkinchi Misr», deb atagan edi. Chunki, o‘sha paytlarda birgina Qoraqalpog‘istonning o‘zida 1000 ga yaqin yaxshi saqlangan tarixiy obidalar topilgan edi. Afsuski, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish bahonasida 700 ga yaqin obida yo‘q bo‘lib ketgan. Endi qolganlarini asl holicha saqlab qolishimiz, restavratsiya ishlarini to‘xtatib, yodgorliklarni konservatsiya qilishimiz kerak. Shu orqali butun dunyoga betakror madaniy merosimizni, ochiq osmon ostidagi beqiyos tarixiy o‘tmishimizni tanitib, turizmning rivojlanishiga keng yo‘l ochishimiz mumkin.  

Sharofiddin To‘laganov

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring