Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qarshidagi harbiy baza yana jahon matbuoti e’tiboriga tushdi

Qarshidagi harbiy baza yana jahon matbuoti e’tiboriga tushdi

Foto: Johnny Lee

Donald Tramp AQSh prezidenti sifatidagi so‘nggi soatlarda Qarshi–Xonobod bazasida xizmat qilgan barcha harbiylarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish to‘g‘risidagi farmonga imzo chekdi.

Farmonga ko‘ra, AQSh mudofaa vazirligi 365 kun ichida 2001-yil 1-oktyabrdan boshlab 2005-yil 31-dekabrga qadar O‘zbekistondagi aviabazada xizmat qilgan harbiylarda zaharlanish ta’sirini sinchiklab o‘rganib chiqadi. Taftish jarayonida, shuningdek, aviabazadagi shart-sharoit, jumladan, zaharli moddalarning tarqalishi ehtimoli jiddiy tadqiq etiladi.

Mudofaa vazirligi rahbariyati CBS telekanaliga ushbu farmonni sharhlar ekan, global terrorga qarshi kurashda jasorat va matonat ko‘rsatgan harbiylarga nisbatan adolat qaror topishiga umid bildirgan.

So‘nggi yillarda AQSh rasmiy va norasmiy doiralarida Qarshi–Xonobod bazasida xizmat qilgan harbiylarining kimyoviy qurol qoldiqlari, qayta ishlangan uran va boshqa xavfli moddalardan zaharlangani xususida taxminlar yangrab keladi.

2015 yilda o‘tkazilgan tadqiqotlarga ko‘ra, Qashqadaryodagi bazada xizmat qilgan harbiylarning kamida 61 nafari saraton kasalligiga chalingan yoki ushbu xastalikdan vafot etgan, deb yozadi McClatchy nashri. Masalan, mazkur bazada faoliyat yuritgan harbiy razvedkachi Skott Uelsh (Scott Welsch) xizmatdan bir necha yil o‘tgach saratonga chalingan, ammo Faxriylar masalalari departamenti bu holatni tan olishni istamagan. Bir guruh harbiylar adolat istab Kongressga ham murojaat yo‘llagan.

Qarshi–Xonobod bazasida faoliyat yuritgan harbiylarning zaharlanishi ehtimoli haqida so‘z borar ekan, mazkur hududda yashovchi aholi salomatligi masalasi ham kun tartibiga chiqadi.  

«Qiziq, harbiy bazada rostdan kimyoviy qurollardan qolgan zararli moddalar bo‘lsa, unda bu o‘sha atrofda yashaydigan mahalliy aholining sog‘lig‘iga qanday ta’sir o‘tkazgan ekan? O‘zimizning tegishli tashkilotlar bu bo‘yicha biror tadqiqot yoki o‘rganishlar o‘tkazishganmi? Qarshi–Xonobod bazasi atrofida yashovchi fuqarolar orasida oxirgi 15-20 yilda saraton kasalligiga chalinganlar va bundan vafot etganlar soni nechta? Biz ham o‘rganishimiz kerak, menimcha», – deb yozadi huquqshunos hamda bloger Xushnud Xudoyberdiyev.

2001-yil 11-sentyabr fojiasidan keyin Afg‘oniston hududida AQSh boshchiligida terrorga qarshi keng qamrovli harbiy operatsiyalar boshlandi. O‘zbekiston hamda AQSh o‘rtasida 2001-yil 7-oktyabrda imzolangan bitimga ko‘ra, Qarshi–Xonobod aerodromi vaqtincha Pentagon tasarrufiga berildi. AQSh mudofaa kuchlari harbiy bazadan Afg‘onistondagi operatsiyani qo‘llab-quvvatlash, xususan, qidiruv-qutqaruv va gumanitar operatsiyalar maqsadida foydalangan.  

Shu tariqa «K2» nomi bilan ham mashhur bo‘lgan harbiy baza 2001-2005-yillar davomida Pentagon tomonidan istifoda etildi. 2005-yil iyul oyida O‘zbekiston amerikaliklar Qarshi–Xonobod bazasini olti oy davomida tark etishi lozimligini rasman ma’lum qildi. 2005-yil 21-noyabr kuni AQShga tegishli so‘nggi samolyot Xonobod aerodromini tark etdi.  

Eslatib o‘tamiz,  Qarshidagi harbiy baza so‘nggi ikki oy ichida ikkinchi bor jahon matbuoti e’tiboriga tushmoqda. Avval xabar berganimizdek, 2020-yil noyabr oyida AQSh sobiq prezidenti Barak Obamaning «A Promised Land» («Orzudagi zamin») deb atalgan kitobi sotuvga chiqdi.

Rekord darajada ko‘p adadda sotilayotgan ushbu memuarda ham Qarshi–Xonobod bazasi tilga olingan. Qayd etilishicha, B.Obama 2009-yili AQSh prezidenti sifatida Rossiyaga ilk tashrifi payti Vladimir Putin bilan uchrashgan. Rossiya yetakchisi suhbat asnosida AQShga O‘zbekistonda harbiy bazani joylashtirish bo‘yicha yordam bergani, rasmiy Toshkentni Qo‘shma Shtatlar harbiylarini qabul qilishga ko‘ndirgani haqida so‘zlagan. 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring