«Qancha tez bo‘lsa, shuncha soz». Yevroittifoq O‘zbekistonga yordam berishni istaydi
Yevropa ittifoqi O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga (JST) tezroq a’zo bo‘lishini istaydi va bu yo‘lda izchil ko‘mak ko‘rsatishga tayyor. Bu haqda YeIning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari, elchi Eduards Stiprays «Dunyo» axborot agentligiga intervyusida ma’lum qilgan.
Qoliplarni buzish oson kechmaydi
«O‘ylaymanki, O‘zbekiston ertami-kechmi JSTga a’zo bo‘lib kiradi. Inchunin, bu qancha barvaqt bo‘lsa, shuncha yaxshi. YeI boshqa xalqaro hamkorlar bilan bir safda nafaqat muzokaralar o‘tkazish, balki JSTga a’zolikdan keyingi jarayonlarga tayyorgarlikka ham ko‘maklashadi», – dedi Yevroittifoq diplomati.
JST birinchi navbatda xalqaro savdoni erkinlashtirish, mahsulotlar va xizmatlarning to‘siqsiz harakatlanishiga e’tibor qaratadi. Bu esa eksportga ixtisoslashgan mamlakatlar uchun ayni muddaodir. Ichki bozor bilan ihotalanib qolgan mamlakatlar uchun bu hol murakkablik tug‘diradi.
«O‘zbekistonga yaqin vaqtgacha ichki bozor bilan cheklanib qolgani sir emas. Mamlakatingiz birlamchi va chuqurlashtirilgan qayta ishlashga tayanib eksport bozorlariga chiqishga shayligini bildirayotgan bugungi kunda JST tamoyillariga hamnafaslik muhim ahamiyat kasb etadi. Ta’bir joiz bo‘lsa, ular yangi bozorlarga yo‘l ochadi», – deya mulohazalarini davom ettirdi elchi Eduards Stiprays.
Diplomat iqtisodiy jabhada ildiz otgan qoliplarni buzish oson kechmasligini qayd etar ekan, O‘zbekiston iqtisodiyoti namoyandalari dunyo ahli bilan mushtarak tamoyillar asosida ishlash malakasiga ega bo‘lishi muhimligini ta’kidladi.
Dunyo geosiyosati va iqtisodiyotining yirik ishtirokchisi sanalgan Yevroittifoq O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishiga xayrixohlik bildirib, bu borada moliyaviy ko‘mak ham ko‘rsatmoqda. Xususan, joriy yil yanvarda rasmiy Bryussel O‘zbekistonning «global savdo uyi»ga kirishini qo‘llab-quvvatlash loyihasiga 5 million yevro ajratgani ma’lum qilingan.
JSTga a’zolikdan O‘zbekistonga nima naf?
JST mamlakatlar o‘rtasidagi savdo munosabatlarini tartibga soluvchi, «o‘yin qoidalari»ni belgilovchi global uyushma sanaladi. Tashkilot a’zo mamlakatlar milliy savdo siyosatini monitoring qilish bilan birga, nizo va ziddiyatlarga hakamlik ham qiladi.
Qulay tartibot, ochiq va halol raqobat, iqtisodiy islohotlarni rivojlantirishga ko‘mak, haq-huquq cheklanmagan savdo, bu boradagi rasmiyatchiliklarni kamaytirish kabilar JSTning asosiy talab-tamoyillari hisoblanadi.
Ayni paytda global savdoning 96 foizi JSTga a’zo 164 davlat hissasiga to‘g‘ri keladi. Sobiq Ittifoq davlatlaridan 12 tasi (Armaniston, Estoniya, Latviya, Litva, Ukraina, Moldova, Rossiya, Gruziya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikistan) xalqaro tashkilotga kirgan, O‘zbekiston, Turkmaniston va Ozarboyjon hali a’zo bo‘lganicha yo‘q.
O‘zbekiston JSTga qo‘shilish uchun 1994-yilda ariza bergan va ishchi guruhning uchta uchrashuvida qatnashgan. Ammo ayrim sabablarga ko‘ra bu jarayon to‘xtab qolgan. 2017-yilda JSTga qo‘shilish bo‘yicha sa’y-harakatlar qayta boshlangan.
2018-yil oktyabrda AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) eksperti Yovan Yekich O‘zbekiston Tashqi savdo vazirining JSTga qo‘shilish masalalari bo‘yicha maslahatchisi etib tayinlandi. Keyinroq mazkur idorada vazirning JSTga qo‘shilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi joriy etildi va bu jarayonni nazorat qiladigan maxsus boshqarma tuzildi.
Joriy yil 23-iyulda mamlakatimizning Jenevadagi BMT bo‘limi va boshqa xalqaro tashkilotlardagi doimiy vakili Ulug‘bek Lapasov JST bosh direktori Roberto Azavedo bilan uchrashib, unga O‘zbekiston Respublikasining tashqi savdo tartibi haqidagi memorandumi yangilangan variantini topshirdi. Bu hujjat O‘zbekiston xalqaro tashkilotga kirish bo‘yicha rasmiy muzokaralarga kirishganini anglatadi.
Mutaxassislarga ko‘ra, JSTga a’zolik O‘zbekistonda iqtisodiy taraqqiyotga turtki beradi. Avvalo, yangi sarmoyalar asosida qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratiladi, mahalliy ishlab chiqaruvchilar mahsulot sifatini oshirib, dunyo bozorida raqobatlashishni o‘rganadi. O‘z navbatida, iste’molchilar arzon va sifatli tovarlar hamda xizmatlarni tanlash imkoniga ega bo‘ladi.
Mamlakat jahon miqyosidagi savdo siyosati bo‘yicha muhim qarorlarni qabul qilishda ishtirok etadi.
Xalqaro tashkilotga a’zolik, shuningdek, bojxona ma’muriyatchiligi va qonunchilik bo‘yicha institutsional islohotlarni amalga oshirish, tizimdagi korrupsiya darajasini kamaytirishga ko‘mak beradi, dunyo miqyosidagi ilmiy-texnik rivojlanish jarayoniga integratsiyalashuvni tezlashtiradi.
Sobir Salim
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter