«O‘zimizniki» – bu kimniki?! Karim Bahriyev monopolistlar va ularning luqmasiga dosh bera olmayotgan nafs haqida
«Zamon o‘zgaryapti, lekin monopol korxonalar o‘zgara olmayapti. Qat’iy choralar ko‘rish vaqti-soati keldi. Iqtisodiyotda bu hayot-mamotimiz», — dedi 2020-yil 28-may kuni iqtisodiyotda raqobat muhitini ta’minlash va iste’molchilar huquqini himoya qilish borasidagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda O‘zbekiston Prezidenti Sh.Mirziyoyev va raqobatni rivojlantirish va monopoliyaga qarshi kurashish borasida mutlaqo yangi tizim yaratish lozimligini ta’kidladi.
DARHAQIQAT...
Alloh bu dunyoni mutanosiblikda va ulkan bir muvozanatda yaratgandir. Kun va tun, yaqin va uzoq, oy va quyosh, oq va qora, issiq va sovuq... Ulardan birining yakkahokimligi falokatdir. So‘ngsiz tun yoki adog‘i yo‘q kun bo‘lmaydi, tinimsiz issiq eritib yuboradi yoki so‘ngsiz sovuq muzlatib ado qiladi. Yaratganning tarozusi bor va tarozuda ikki pallasi bor. Har narsa muvozanatdadir. «Yolg‘izlik yarashar yolg‘iz Allohga», qolgan biror narsaning yakkahokimligi hayot uchun halokatlidir. Siyosatda ham, iqtisodiyotda ham, jamiyatda ham.
Monopoliya esa yakkahokimlikdir, raqobatni yo‘qotuvchidir.
Prezident O‘zbekiston bozor iqtisodiyotiga qat’iy o‘tishi jarayonida raqobat masalasi prinsipial ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi: «Meni tashvishlantiradigan masala shuki, korxonalarimiz tashqi raqobatga bardosh bera oladimi? Chetdan tovar kirib kelsa, yurtimizda ishlab chiqarilgan xuddi shunday mahsulot unga raqobatchi bo‘la oladimi? Mahalliy mahsulotlarning tannarxini pasaytirsak, xorijdan o‘zlari olib ketishadi».
Sinoat shundaki, monopoliya holatida tannarx pasaymaydi, chunki mahalliy monopolist mahsulotning narxini arzonlashtirish uchun yangi texnologiyalarni qo‘llash, modernizatsiyalash o‘rniga uning mahsulotiga raqobat qiladigan xorijdan kirib kelayotgan mahsulotni ta’qiqilashni yoki unga katta boj solishni talab qiladi, toki mahalliy xalq qimmat narxda uning mahsulotini sotib olsin. Holbuki, o‘sha xorijiy ishlab chiqaruvchi bojlarsiz ham transportga, tranzit xarajatlarga, eksport soliqlariga pul sarflab, olib kiradi, uning mahsuloti shundoq ham qimmatga tushadi.
Davlat xalq uchun bo‘lsa, siyosatning asl maqsadi xalqning farovonligi bo‘lsa, xalq uchun mahsulotning sifati va arzonligi asosiy ahamiyatga egadir – nega xalq xorijning o‘n karra sifatli va uch barobar arzon mahsuloti o‘rniga «o‘zimizniki» bo‘lgan sakkiz karra sifatsiz va uch marta qimmat mahsulotni olishi kerak?! «O‘zimizniki» – bu kimniki?!
Xalq farovonligi uchun iste’molchi huquqlari ustuvor bo‘lishi kerak. Sh.Mirziyoyev buning yagona yo‘lini anglaydi va taklif qiladi, buning uchun «monopoliyadan chiqarish, raqobatni ta’minlash, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha yakdil yo‘nalishimiz bo‘lishi kerak». Bu «hayot-momot» masalasi ekani yuqori minbardan aytilayotgan ishni amalga oshirish nahotki shunchalar mushkul?!
Bugungi kunda 31 ta tovarlar guruhi va 82 turdagi xizmatlar bozorida 245 ta korxona monopol holatda saqlanib qolmoqda. Shuncha sa’i-harakatlar bilan bor-yo‘g‘i 19 xil mahsulot va xizmatlar bo‘yicha 70 ta korxonani monopolistlar reyestrdan chiqarish holatiga keltirildi, ya’ni shuncha gap-so‘zlar bilan korxonalarning beshdan birini biroz tebratishga qurbimiz yetdi. Sh.Mirziyoyev so‘raydi: «Qachon raqobatga tayyor bo‘lamiz?!»
NEGA MONOPOLIYaLARNI YeNGIB BO‘LMAYaPTI?
Prezident monopolizmga barham berishni talab qilmoqda. Xalq ham monopolistlardan shikoyatlar qilmoqda. Prezident va xalq bir maqsadda ekan, nega monopolistlarni yengib bo‘lmayapti?!
Mutaxassislar yo‘qligi aytiladi, iste’molchilarning huquqini himoya qiladigan tizim zarurligi aytiladi va hokazo. Nazarimizda, asosiy sabablar – siyosiy irodaning zaifligida va korrupsiyadadir. Nafs monopolistlarning luqmasiga dosh bera olmayapti.
O‘tgan yilda iste’molchilardan tushgan 11 mingdan ortiq shikoyatlarning 50 foizi kommunal va transport, 25 foizi savdo, qolgan 25 foizi moliyaviy xizmatlar va boshqa sohalarga oid bo‘lgan. Bunga asosiy sabab — monopol korxonalar o‘z manfaatiga moslab hujjatlar ishlab chiqqan bo‘lib, ularda iste’molchilar manfaati to‘liq inobatga olinmagan. Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligining tili va tishi yo‘qday.
Iqtisodiy monopolizmni tugatishga siyosiy monopolizmni tugatish orqali erishish mumkin, siyosiy huquqlar ta’minlanishi va hurfikrlik monopolizmga va uning asosi bo‘lgan korrupsiyaga qarshi kurashish imkonini yaratadi. Bu – halol saylov tizimi, erkin saylanadigan, turli siyosiy qarashlarga ochiq, raqobatli parlament demakdir. Bu – haqqoniy jamoat nazorati va fuqarolik jamiyati mavjudligidir. Bu erkin ommaviy axborot vositalari va so‘z erkinligidir. Bu mustaqil va faqat qonunga ko‘ra hukm chiqaradigan sudlardir.
Agar monopolistlarga qarshi bir-ikki fikr aytgan deputat tahdidga uchrasa, monopolistni ta’qib qilgan jurnalistlar «itvachchalar» deb atalsa va bu haqorat jazosiz qolsa, bugun yuksak minbarda «raqobat sharoitini yaratish, monopolistlarga barham berish» haqida nutq irod etilib, ertasiga ertalabdan hukumat «mahalliy ishlab chiqaruvchini himoya qilish uchun» xorijdan kirib keladigan avtomobillarga, maishiy texnikalarga, qandolat mahsulotlariga va hatto poyabzalga yangi va katta bojlar kirish qarorlari imzolansa, vaziyat o‘zgarmaydi.
Xuddi bugun korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Davlat dasturlari, yo‘l xaritalari, qarorlar imzolanib, ertasiga yuksak lavozimli senatorlar, deputatlar, mansabdorlarni daromadi albatta deklaratsiya qilinishi lozimlar ro‘yxatidan chiqarishga oid qonun taklif etilgani kabi. Nomi monopoliyadan chiqarish deb ataladigan qo‘mita ham nomi korrupsiyaga qarshi kurashish deb ataladigan qo‘mita kabi gungu ko‘r bo‘lib turaversa, vaziyat o‘zgarmaydi.
NOTABIIY «TABIIY MONOPOLIYa»
Monopoliyaning eng ko‘p uchraydigan turi «tabiiy monopoliya»dir. Aytishlaricha, tabiiy monopoliyaning mavjudligi «raqobat yetishmasligi», ya’ni, bir necha raqobatdosh firmalarning mavjudligi bitta firmaning mavjudligidan ko‘ra kam foyda keltiradigan vaziyatlar bilan izohlanadi. Hali-hanuz sho‘rolar mafkurasi ta’sirida bo‘lgan mamlakatlar kabi O‘zbekistonda ham energiya, issiqlik va gaz bilan ta’minlash davlatning majburiyati sifatida belgilanib, iqtisodiyotning energetika tarmog‘ini tashkil etishda davlat ustun mavqega egaligicha qolmoqda. Bu sohalarga xususiy sektorni kiritish kerak. Lekin bu jarayon shaffof va halol bo‘lishi shart. Sohani tasarruf etib turgan guruhlar o‘z yaqinlari uchun o‘ta «xususiy», oilaviy korxonalar tuzib olishi monopoliyaning yangi bir niqob ostida saqlanishiga olib keladi.
Bugunga kelib, xalqaro tajribani o‘rganib, raqobatni olib kirish mumkin bo‘lgan monopoliya sohalariga xususiy sektor uchun yo‘l ochish va shu orqali raqobat muhitini shakllantirish lozim, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini transport, energetika, yo‘l, kommunal, tibbiyot, ta’lim kabi sohalarga tatbiq etish kerak.
SO‘Z VA AMAL...
Bugunning eng katta fojiasi so‘z va amal o‘rtasidagi halokatli jarlikdir. Bir tomondan, monopolistlarga qarshi «qo‘mitalaru komissiyalar» tuzilib, «qat’iy qarorlar» chiqarilib, «yo‘l xaritalari» tasdiqlanib yotgan bir paytda, ikkinchi tomondan monopolistlar «importga solinadigan aksiz soliqlari joriy etish» yoki borlarini «yanada oshirish» takliflarini kiritishdan to‘xtamayaptilar. Yodimizda, qo‘shni respublikalar bilan chegaralar ochilib, do‘stlik va qardoshlik rishtalari tiklanishi barobarida xalq avtomashinalar, muzlatgich va changyutar mashinalar, qandolat mahsulotlari ularda arzonligini anglab qoldi va mamlakatga olib kira boshladi. Ichkaridagi monopolistlarning mahsulotlari kasod bo‘la boshladi. Ular nafslarini tiyishlari, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilishlari, raqobat sharoitiga o‘rganishlari kerak edi. Lekin bular darrov chetdan bu mahsulotlarni olib kirishni cheklaydigan qaror chiqartirishga erishdilar. Bu ketishda qachon raqobat sharoiti joriy etiladi?!
Yangi misol: benzin masalasi. Yaqindagina jahonda neft narxi tushgani tufayli, xorijdan kirib kelayotgan benzin narxi arzonlashdi. Haydovchilarimiz «O‘zbekneftgaz» mahsulotini emas, chet el benzinini sotib ola boshladilar. «Mahalliy ishlab chiqaruvchi» darhol ayrim tayyor neft mahsulotlarining importiga solinadigan aksiz solig‘i stavkalarini «qayta ko‘rib chiqishni» so‘radi, ya’ni xalq sotib olayotgan xorij benzini qimmatlashishini istadi. Monopolistlik sharoitini yana cho‘zishni talab qildi. Hukumatning raqobat sharoitini yaratish istagi nima bo‘ldi?! Xalq farovonligi emas, monopolist tashkilot «farovonligi» ustun qo‘yilsa, orzu qilingan kunlar olislab boraveradi.
Kuchli jamoatchilik noroziligi ijtimoiy tarmoqlarga qalqib chiqqach, bu lobbistlik qarori imzolanmadi. Ammo monopolist tinch o‘tirgani yo‘q, xalqqa va hukumatga dag‘dag‘a qildi – 80-raqamli benzin endi umuman ishlab chiqarilmasligini e’lon qildi, undan bir-ikki ming so‘m qimmat benzinni olishga majbur qilmoqchi bo‘lyapti. Ishlab turgan zavodlar to‘xtamaydi, amalda o‘sha benzinni bir-ikki oktan qo‘shib, endi yuqori narxda sotishadi.
«Agar bizning neft va neft mahsulotlarimiz narx tufayli shu turdagi import mahsulotlar bilan raqobatga kirisha olmayotgan ekan, demak, ularda ishlab chiqarish bo‘yicha katta muammolar bor. Ya’ni bu turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarish bizga qimmatga tushyapti», — dedi bir deputatmiz.
Energetika sohasida uskunalarning aksariyati sho‘ro davridan qolgani sir emas va bu, masalan, elektr ishlab chiqarishni 20% qimmatlashtiradi. Agar texnologiya yangilansa, elektr 20%ga arzonlashadi. Ishlab chiqarilgan elektrning 30% uzatish tizimining eskirganligi tufayli yo‘q bo‘ladi, demak uzatish tizimi yangilansa (masalan, xususiy investorlar kiritilsa), yana narx uchdan birga arzonlashadi. Agar elektrchilar «chapga» ulab bergan, soqqasi cho‘ntakka ketayotgan liniyalar qirqilsa, puli sohaga tushsa, korrupsiyaning payi qirqilsa, yana 30% narx tushadi. Biz hozir shu sabablar tufayli uni uch barobar qimmatga olyapmiz.
Modernizatsiya qilish, sohada monopoliyani tugatish, raqobat sharoitini kiritish o‘rniga, muammolarni hal etish uchun har gal elektr narxi oshiriladi.
«U – SANGA, BU MANGA, NIMA QOLDI HASANGA...»
Eng avvalo, ishlab chiqaruvchilarga imtiyozlarni to‘xtatish kerak. Sh.Mirziyoyev ma’ruzasida aytilishicha, masalan, imtiyozdan foydalanib ishlayotgan 23ta yog‘-moy korxonasida yangi ish o‘rinlari yetarlicha tashkil etilmagan. Aksincha, parrandachilik va baliqchilik sohalarida raqobat muhiti yaratilgani natijasida so‘nggi 4 yilda parranda go‘shti yetishtirish 100 ming tonnadan 205 ming tonnagacha, baliq 65 ming tonnadan 122 ming tonnagacha ko‘paygan. «Raqobat bo‘lsa, aholining tanlash imkoniyati va sotib olish qobiliyati oshadi, odamlar rozi bo‘ladi», – dedi Shavkat Mirziyoyev.
«O‘zbekiston havo yo‘llari», «O‘zbekiston temir yo‘llari», «O‘zbekneftegaz», «O‘zcharmsanoat» va hokazo millat va davlat nomini o‘ziga tirkagan ko‘plab monopolist tashkilotlar, o‘z lobbisiga ega qator xususiy monopoliyachilar imtiyozi bekor qilinmas ekan, raqobat sharoiti hech qachon yuzaga kelmaydi. Imtiyozi bor bilan imtiyozi yo‘q qanday raqobat qiladi?!
Ommaviy bo‘lmagan imtiyoz hamisha kimgadir afzallik berishi barobarida kimgadir zarar yetkazadi. Bu tabiiy qonuniyatdir. Ko‘rib o‘tganimizdek, agar kimdir soliqdan ozod qilinsa, boshqa bir soliq to‘lovchiga oshiriladi, chunki budjetning daromad qismi kamayishiga ko‘l qo‘yilmaydi. Yoki, deylik, banklar kimgadir imtiyozli kredit berishga majburlansa (masalan, «yosh oilalarga» yoki «arzon uylarga»), boshqa birovlarga, ya’ni mijozi bo‘lgan xalqqa kredit foizini oshiradi, chunki bank ham zarariga ishlay olmaydi. Imtiyoz olganning hisobini foizi oshgan kredit egasi to‘laydi. Adolat bo‘lsa iqtisod rivojlanadi, aks holda parokanda bo‘ladi.
Biz sabablarini boshqa yoqdan izlayotgan juda ko‘p muammolarimizning – qashshoqlikning, ishsizlikning, texnologik qoloqlikning asosiy sababchisi monopolistik tizimning hukmronligi va bu hukmronlikka yo‘l ochgan korrupsiyaning mavjudligidir. Bu iqtisodiy holat siyosiy, ma’muriy va ijtimoiy islohotlarsiz tuzalmaydi.
Sir emas, yaqin o‘n yilliklarimizning asosiy muammosi – aholi tarkibida mehnatga layoqatli fuqarolarning aholi umumiy sonida yuqoriligi — 60%dan yuqoriligi bo‘ladi. Aslida bu afzallikdir. Chunki butun rivojlangan dunyoda ishlaydigan aholi kamligi va ta’minlanishi kerak bo‘lgan voyaga yetmaganlar va keksalarning ko‘pligi katta muammo bo‘lib, pensiya yoshini ko‘tarishga urinishlar bo‘ldi va qarshilikka uchradi. Bizda esa ishlashni istovchilar va ishlash yoshidagilar ko‘p. Bizga ularni ishlatadigan iqtisod lozim.
Ulkan tabiiy boyliklarimiz va moddiy resurslarimiz mavjudligi holatida ishsizlarning ko‘pligi va ularning xorijda sarson-sargardonligi sababi aholining tez o‘sishi emas, yuksak monopolizm va korrupsiyadir. Korrupsiya iqtisodiy quvvatimizni yemirmoqda, tadbirkorlikka qiziqishni so‘ndirmoqda hamda ishlab chiqarish kuchlarini zaiflashtirmoqda.
Shavkat Mirziyoyev «qora kunlar» deb atagan chorak asr davomida bizda g‘ayritabiiy iqtisod hukmronlik qildi, ya’ni yalpi ichki mahsulotning katta qismi yashirin iqtisod sohasida tasarruf qilindi. Korrupsiyalashgan mansabdorlar mamlakatni rivojlantirish, iqtisod sohalarini o‘stirish emas, o‘z boyliklarini ko‘paytirish harakatida bo‘ldilar. Oqibatda biznes rivojlanmadi, sarmoyadorlar kirmadi yoki kelganlari ham yurtni tark etdi, kontrabanda hajmi oshdi, yashirin ishlab chiqarish ko‘paydi, soliqlar budjetga emas, «otkat», «qism» bo‘lib cho‘ntaklarga kirdi. Iqtisoddan cho‘ntakka va chetdagi hisob raqamlariga olib qo‘yilgan mablag‘lar iqtisodda ochiq ishlaganda, minglab-millionlab ishchi o‘rinlari yaratilardi. Bugun ularning bir qismi shaffof bo‘lmagan «tenderlar g‘olibi» o‘laroq, yurtga qaytayotgani ham sir emas.
Iqtisodni rivojlantirishni istagan mansabdor 700 milliondan to 1 milliard dollargacha sarflangani aytiladigan, har kuni konsert va majlis o‘tkazsa ham, o‘zini oqlamaydigan Forumlar saroyi qurmasdi, bu pulga minglab odam ishlaydigan, paxtani o‘zini sotmay, qayta ishlaydigan 10ta to‘qimachilik korxonasi qurardi yoki dehqonlarning va fermerlarning mahsulotini qayta ishlovchi 100ta zavod barpo etardi. Umuman katta qurishlar, «asr loyihalari» va ulkan trassalar mo‘may korrupsiya manbalaridir.
Sportning rivojini o‘ylagan rahbarning qizi «otkat»lardan Ronaldu, Rivaldolarga to‘lagan 6-7 millionlab yevroga qishloqlarda yuzlab futbol maydonlari qurish va futbolchilar yetishtirish mumkin edi. Monopolistik iqtisodiyot va uni yuzaga keltirgan va yashashiga imkoniyat beradigan monopolistik siyosiy tizim Sh.Mirziyoyev orzu qilayotgan va da’vat etayotgan yangi islohotlar natijasida o‘zgarishi kerak.
DARVOQE...
Monopoliyani yengish, xalq farovonligini oshirish uchun nimalar qilish kerak? Javob yuzada ko‘rinib turibdi va qayta-qayta ta’kidlanmoqda.
Avvalo, alohida mahsulot turlari oldidagi yuqori bojxona to‘lovlari va sun’iy o‘rnatilgan notarif to‘siqlar olib tashlanishi kerak. Bu mahalliy korxonalarni raqobat holatiga duchor qiladi va ularning xalq va iste’molchilar ustidan hukmbardorligini tugatadi. Aks holda xorij avtomashinalarini katta boj tufayli kiritmayotgan bir-ikki korxona mashina xaridorlarini talashda davom etadi, nima ekishda va kimga sotishga erkin bo‘lmagan fermer va dehqonlar qiynaladi, maishiy texnika, qandolatchilik mahsulotlari, poyafzal va hokazo mahsulotlar oladigan xaridorlar sifatsiz ashyoni qimmatga olishda davom etadilar...
Ikkinchidan, alohida kompaniyalarning yakka tartibda olgan imtiyozlari – soliq va bojlardan ozod qilinishlari yoki kam to‘lashlari, imtiyozli kredit olishlari, moddiy zahiralarga yakka egalik qilishlari bekor bo‘lishi lozim. Aks holda tadbirkor, mohir, halol bizesmenlar emas, makkor, olg‘ir va qallob biznes egalari afzallikka erishadilar. Ulkan korrupsiya shu nuqtada o‘rnashadi. Bu iqtisodimizning raqobatbardoshligini susaytiradi.
Uchinchidan, «tabiiy monopoliyalar»ning notabiiy monopoliyasi tugatilishi shart. Masalan, energetika, transport, kommunal xizmat sohalarida bir necha bor e’lon qilingan monopoliyadan chiqarish nihoyat amalga oshirilishi lozim.
Umid qilamizki, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning bu sohadagi majlisda bayon qilgan da’vatlari iqtisodni va siyosatni jiddiy isloh qilishga turtki bo‘ladi.
Karim Bahriyev,
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Jamoatchilik kengashi raisi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter