Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonda oqova suvlar muammosi: nega iqtisodiy manfaat, ekologik mas’uliyatdan ustun?

O‘zbekistonda oqova suvlar muammosi: nega iqtisodiy manfaat, ekologik mas’uliyatdan ustun?

Suv hayot manbai. Uning muqobili yo‘q. Markaziy Osiyo davlatlari, xususan O‘zbekistonda  qator ekologik muammolar qatorida suv va suvdan foydalanish muammosi  so‘nggi yillarda muhim ahamiyat kasb etadi.

Hozirda respublikada suv resurslarini samarali boshqarish va ulardan oqilona foydalanish maqsadida sug‘orish tarmoqlarining foydali ish koeffitsiyentini oshirish, gidrotexnik inshootlarni ta’mirlash hamda tiklash, rekonstruksiya qilish, sug‘oriladigan yerlarning suv ta’minotini oshirish va meliorativ holatini yaxshilash, sohaga raqamli texnologilarni joriy qilish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga so‘nggi yillarda suv tanqisligi kesimida oqava suvlar va ularni qayta tozalash dolzarblashib borayotganini inobatga olsak, mazkur muammoni bartaraf etish maqsadida 2022 yili O‘zbekiston Respublikasining «Ichimlik  suvi ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish to‘g‘risida»gi qonuni qabul qilindi. Mazkur Qonunning maqsadi ichimlik suvi ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

Bugungi kunda birgina Toshkent shahrida  suvni tozalash inshootlari bir sutkada 1,64 mln kubometr oqova suvlarni qabul qilib, ammo ularni tozalash samaradorligi 51% dan kamdir. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2021-yil iyun oyi oxirida poytaxtning Yangihayot, Sergeli va Bektemir tumanlarida oqova suvlarni tozalash uchun quvvati kuniga 1 million kub metr bo‘lgan yangi oqova suv tozalash inshootini qurishni taklif qilgan edi. Chunki chuchuk suv zahiralari soat sayin kamayib borayotgan bir paytda oqava suvlarni tozalab, tabiatga zarar yetkazmaslik, ularni qishloq xo‘jaligiga ishlatib dolzarb masala. Insonning farovon yashashi uchun  turli xil mahsulotlarga ehtiyoji ortayotgan bir paytda ularni ishlab chiqarishga ketayotgan suvning ham miqdori ortmoqda. Juda ham ko‘plab ishlab chiqarishdan so‘ng chiqadigan,  kimyoviy moddalar bilan zaharlangan kanalizatsiya suvlari  bir necha tozalash bosqichlarini talab etadi. Zero, ularning tozalanmasdan tabiatga chiqarib tashlanishi ekologik inqirozni kuchaytirishi,  hayot va sog‘liqqa salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Poytaxtimiz Toshkent shahridan chiqadigan oqava suvlar Bektemir, Buzsuv va Salar aeratsiya inshootlarida tozalanadi. Mazkur inshootlarga faqatgina aholining ehtiyojlarini qondirish natijasida ishlatilgan oqova suvlargina emas, balki ishlab chiqarish korxonalari faoliyati oqibatida hosil bo‘lgan suvlar ham kelib tushadi.

Bundan 15-20  yil avval Toshkent shahri hududidan oqib o‘tuvchi kanallarda cho‘milish, ulardan tutilgan baliqlarni iste’mol qilish inson sog‘ligiga zararsiz bo‘lgan. Bugun esa vaziyat keskin o‘zgardi. Poytaxtimiz bioxilmaxilligining asosiy negizi bo‘lgan,  kanallar bo‘ylab o‘sgan butalar, o‘tlar qurib ketmoqda, suvning takribi o‘zgarib, uning havzalaridan oziqlangan uy hayvonlari, parrandalarning kasallanishi va inson xayotiga jiddiy xavf solish xolatlari ko‘plab qayd qilinayotir.  Xo‘sh, bu kabi achinarli vaziyatlarining sababi nimada?

Mazkur savollarga javob topish uchun «Toshkent shahar suv ta’minoti» AJ va  «Ekolog» Jamoat Birlashmasi vakillari Toshkent shahrida faoliyat olib borayotgan 16 ta to‘qimachilik korxonalarining ichimlik suvidan qanday foydalanayotgani va shahar kanalizatsiya tarmog‘iga tashlanayotgan oqava suvlarining tarkibida qanday kimyoviy moddalar borligini birgalikda o‘rgandi. 

Ishchi guruxning ilk manzili Chiloznor tumanidagi «TURON TEX» MChJ  Korxona xodimlari fabrikada ishlab turgan tozalash inshooti bilan umumiy tanishtiruv o‘tkazsalarda, intervyuni faqat rahbarlar bera olishini aytib, savollarga javob berishdan bosh tortishdi. Tahlillardan ma’lum bo‘lishicha, korxonaning ochiq suv havzasiga chiqarib yuborayotgan oqova suv tarkibida zaharli bo‘lgan azot ammoniy, 6 valentli xrom, azot nitrati, portlovchi moddalarning miqdori ancha yuqori ekan.

Keyingi manzilimiz shu tumanda joylashgan «SOF MEGA TEXTILE» bo‘yoq fabrikasi bo‘lib,  korxona rahbari Nurali Hakimovning aytishicha, to‘qimachilik tashkiloti xozirda o‘z faoliyatini to‘laligicha to‘xtatib, Ohangaron shahrida faoliyatini davom ettirmoqda ekan.

– 2024-yil 1 mart holatiga ko‘ra korxona tomonidan umumiy 126 kub suv ishlatilib, hududdan barcha bo‘yash uskunalari olib chiqib ketildi. Hozirda faqat hojatxona, ofis, basseynlarni yuvish va qoldiq suvlari uchun kichik miqdorda suv ishlatilmoqda. Taxminan 150 kub suv ishlatilgan bo‘lishi mumkin.  Undan oshiq emas, – deydi korxona rahbari.

Qizig‘i, korxona hududi va tashqarisidan olingan dastlabki suv namuna ranglari binafsha rangligi Hakimovni hech ajablantirmadi. Vaholanki, bu korxonada ham azot ammoniy, 6 valentli xrom, yog‘lar, portlovchi moddalarning miqdori belgilangandan ko‘ra ancha yuqori. Mazkur savolga esa, korxona rahbari tomonidan izoh berilmadi.

Chilonzor tumani «Class Tex Product» korxonasi xodimlarining tozalikka katta e’tibor berishi, suvni qayta tozalash inshoati hududining tozaligi, ko‘kalamzorlashtirilgani kayfiyatni ancha ko‘tardi. Biroq, sexning suv tarmog‘iga chiqarish huquqini beruvchi kommunal ekologik me’yorlar (KEN) mavjud emasligi dilni  xira qildi. Izlanishlarimiz shuni ko‘rsatdiki, bu kabi muammolar  «SOF MEGA TEXTILE», «Gavhar tex», «Class Tex Product», «FAYZ TEXTILE GROUP»,  «Ostex color», «Kompaniya yuniteks» va «Blue Moda» to‘qimachilik korxonalarida ham mavjud ekan. E’tiborlisi, «SOF MEGA TEXTILE» va «FAYZ TEXTILE GROUP» MChJ KENilarida nafaqat ishlab chiqilmagan, balki ular «MODERN QUILL», «Blue Moda», «STAMPA TEXTILE», «TASHTIB-TEX» va «Best Color Tex» bo‘yoq bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar qatori umumiy oqava suv tarmog‘iga ko‘k-qizil rangdagi suvni ham tashlayotganliklari aniqlandi. Tahlillar esa o‘z navbatida mazkur suvlarda atrof-muhit va inson hayoti uchun xavfli bo‘lgan moddalar miqdori yuqori ekanini, ushbu tekstil fabrika egalarining Ekologik Korporativ Ijtimoiy Ma’suliyatini oshirish zarurligini ko‘rsatmoqda.

 

Bu o‘z navbatida to‘qimachilik korxonalari rahbarlari tomonidan «Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni 26, 35-moddasi, Vazirlar Mahkamasining «Kommunal xo‘jaligi tizimida tabiatni muhofaza qilish faoliyatini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 2010 yil  3 fevraldagi 11-son qaror talablari buzayotganligidan dalolatdir.

Guruhimiz shahardan chiqib ketayotgan suvning taqdirini bilish maqsadida, Bo‘zsuv suvni tozalash inshoatiga tashrif buyurdi. Inshoat oldida mahalliy aholi to‘planib, o‘z norozichiligini bildirayotganining guvohi bo‘ldik.

Aholi bilan suhbatda bildikki, sassiq-qo‘lansa hiddan kechalari yashab bo‘lmayapti ekan.

 – Men shu mahallada 20 yildan beri istiqomat qilaman. Pashsha, chivin, oqova suvlarining hididan uyimda o‘tirib bo‘lmay qoldik.  Buning ustiga yuragim siqilib, nafas olishim qiyinlashadi, deydi  Hadicha Karimova.

– 730 ming kub suvni qayta ishlashga mo‘ljallangan Bo‘zsuv suvni tozalash inshootimiz hozirgi kunda kuniga 650 ming kub suvni qabul qiladi. Tozalash jarayoni klassik biologik – mikroorganizmlar usulga asoslangan bo‘lib, faqatgina aholi uylaridan chiqayotgan oqova suvlarini tozalashga mo‘ljallangan, – deydi Bo‘zsuv suv tozalash inshooti (BSTI) boshlig‘i Jamshid Zufarov.

Kazibekov Do‘nonboy «Toshkent shahar suv ta’minoti» Bosh texnologi olingan suv tahlil natijalariga izoh berar ekan, uning aholi sog‘ligiga naqadar yomon ta’sir qilishini ham ta’kidlab o‘tdi: «Toshkent shahridagi 8 ta tekstil kombinatlarining oqova suvlari Bo‘zsuv suv tozalash inshootiga oqiziladi. Zilol tekstil, Ko‘kcha tekstil kabi yirik ishlab chiqaruvchilar matoni bo‘yash uchun katta xajmdagi suvdan foydalanadi. Afsuski, ishlab chiqarish protsessidan chiqqan to‘q rangdagi suv lokal tazrda kimyoviy tozalashdan o‘tkazilmay, tarkibida o‘ta zararli-zaharli bo‘lgan 6 valentli Xrom, xlorid kabi moddalar umumiy shahar kanalizatsiya tizimiga tashlanadi. Bizning tizim esa biologik tozalashga mo‘ljallangan bo‘lib, bu inson hayotiga xavfli bo‘lgan kimyoviy moddalarni zararlantirishga ojizlik qiladi. Natijada, iste’molga yaroqsiz obi-hayot ochiq suv xavzalaridagi jonivorlar, mol-qo‘ylar va inson salomatligiga salbiy ta’sir qiladi, gepatit, dizenteriya kabi og‘ir kasalliklarni qo‘zg‘ashga sabab bo‘ladi».

To‘qimachilik oqava suvlarida bo‘yoqlar, oqartirgichlar, og‘ir metallar, spirt faol moddalar va boshqa toksik komponentlar kabi zararli kimyoviy moddalarning keng doirasi mavjud. Bu moddalar ochiq suv havzalariga tashlansa, ekotizimga salbiy ta’sir ko‘rsatib, suv sifatini yomonlashtiradi, odamlar va hayvonlarning sog‘lig‘iga putur yetkazadi va uzoq muddatli ekologik oqibatlarga olib keladi. Xo‘sh, unda bu muammolarning yechimi nimada?

– Korxona va tashkilotlardan chiqayotgan oqova suvlari esa avval o‘zlarining birlamchi (lokal) inshootlarida tozalanishi kerak. Masalan, to‘qimachilik korxonalari tashlayotgan rangi suvlar tarkibida 6 valentli xrom moddasi mavjud bo‘lib, inshootdagi mikroorganizmlarni o‘ldiradi, bu esa biologik tozalash imkoniyatlarini keskin pasaytiradi. Dam olish, bayram kunlaridan tashqari, fabrikalar tinmay ishlangani sabab, inshootimiz kecha-yu kunduz katta hajmdagi rangli suvlarni qabul qilishi suvning sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Mahalliy aholi ham bundan norozi bo‘lishi tabiiy. Chunki, bizdan tashqariga to‘liq tozalanmagan,  rangli suv chiqib ketadi. Bu suvni na qishloq xo‘jaligida, na baliqchilik xo‘jaligida ishlatib bo‘lmaydi,– deydi tozalash inshooti  rahbari.

Misol uchun  «ZELAL TEKSTIL» MChJ 5 mlrd. so‘mdan oshiq sarmoya hisobiga, zamonaviy uskunalarni o‘rnatib, tozalash inshootini ishga tushirishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

– Ushbu qurilma gazgenerator, filtr va quyosh panellari yordamida, eskirgan biologik tozalash inshootidan farqli o‘laroq, suvni kimyoviy usulda suv tozalaydi. Uning afzalligi suvni butunlay rangdan, kimyoviy moddalardan tozalab, atrof-muhitga salbiy ta’sir qilmaydi, – deydi korxonaning ismini oshkor etishni istamagan  mutaxassisi.

Sergeli tumanida joylashgan «SAFF TEXTILE» bo‘yoq fabrikasida ham, qizg‘in sinov ishlari ketmoqda. Yollangan xususiy firma, yangi uslubdagi suv tozalash usulini modellashtirib, suvning ko‘pik qismini tozalab olish uslubini namoyish etayotgan ekan.

Demak, harakat qilib ekologik vaziyatni o‘zgartirsa bo‘lar ekan. Bu haqida, D.Kazibekov, O‘zbekistonda ekologik holatni yaxshilash maqsadida Toshkent viloyati Quyichirchiq tumani «Surum» MFY hududida 1,5 mln m3 /cut yangi oqava suv tozalash quvvatiga ega bo‘lgan inshoot qurilishi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 11 noyabrdagi «Toshkent shaxar tarkibida Yangihayot tumanini tashkil etish chora – tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ–4888 – sonli qarori chiqqanini eslab o‘tdi 

Umid qilamizki, bunday inshootlar har bir aholi punktlarda quriladi. Zero, suvga bo‘lgan munosabatimiz o‘zgarmas ekan, «o‘zimiz o‘tirgan shoxga» bolta uraveramiz.

Tadbir so‘nggida «Ekolog.uz» muxbiri tomonidan berilgan bir necha savollar ochig‘ligicha qolib ketdi: Nima uchun korxonalaridan chiqayotgan oqovalarning oqova suv tarmog‘iga chiqarish huquqini beruvchi kommunal ekologik normativlar mavjud emas?

O‘zbekistonda to‘qimachilik korxonalarining faoliyati bilan, ularning ekologik ma’suliyati qay daraja ekanligini bilish tanishish juda qiyin masala va jurnalist hayoti uchun xavfli bo‘lib qolmoqda. «Ekolog» JBining vakili, Avazxon Haydarov «ZELAL TEKSTIL» korxonasini tashqaridan videosuratga olishiga to‘sqinlik qilib, qo‘pol muomalada  «ruxsat» talab qilinganiga qanday izoh bersa bo‘ladi?!

Har yili daryolar, ko‘llar va boshqa ochiq suv havzalariga tashlanuvchi  ifloslantiruvchi moddalar miqdori o‘sib bormoqda. Ifloslanishning asosiy manbalaridan biri to‘qimachilik korxonalarining oqava suvlaridir. O‘zbekiston  iqtisodiyotida asosiy o‘rinlardan birida bo‘lgan to‘qimachilik sanoati ham, ayniqsa, suv resurslari haqida gap ketganda, eng ifloslantiruvchi tarmoqlardan biridir. Tozalanmagan yoki  yetarli darajada tozalanmagan oqava suvlarning suv havzalariga tashlanishi suv tizimlarining o‘zini o‘zi tozalash kabi tabiiy jarayonlarini buzadi va biosferada zaharli moddalarning to‘planishiga olib keladi. Ekologik muvozanat buziladi, bu suv jonivorlarining nobud bo‘lishi, biologik xilma-xillikning kamayishi va ichimlik suvi sifatining yomonlashuvida namoyon bo‘ladi. Tadbirkorlarimizda ekologik ijtimoiy mas’uliyatning yetishmasligi, afsuski atrof-muhitning, xususan suv resurslarining ifloslanishiga olib kelmoqda. Shu o‘rinda savol tug‘iladi, qachongacha tadbirkorlar iqtisodiy manfaatni ekologik ijtimoiy mas’uliyatdan ustun qo‘yishadi? Atrof -muhitni ifloslantirib, aholining ekologik toza muhitda yashashiga to‘sqinlik qilishadi?


                                                                                       Nargis Qosimova, Avazxon Haydarov,

                                                                                        “Ekolog.uz” sayti jurnalistlari

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring