O‘zbekcha «Taqdir hazili» yoki Samarqand shahridagi «adash» ko‘chalar...
Bir xat bahonasida ochilgan mavzu
Notanish raqamdan qo‘ng‘iroq bo‘ldi. Salom-alikdan so‘ng:
– Samarqand ko‘chasi ...inchi uyda yashaysizmi?
– Shunday!
– Familiyangiz falon, ismingiz pismadonchami ?
– Adashmadingiz, tinchlikmi ?
– Sizga xat bor edi. Pochta aloqa bo‘limidan qo‘ng‘iroq qilayapmiz.
– Men uydaman, jo‘natavering.
Suhbatdosh mening nomimga kelib tushgan xatni bevosita yetkazib berolmasligini aytdi. Chunki, u shaharning boshqa bir burchagi – Xishrav (So‘lim) qo‘rg‘onida, jumladan, o‘sha yerdagi Samarqand ko‘chasiga xizmat qilar ekan. Ularda ham ...inchi raqamli xonadon bor. Men yashayotgan uy Samarqand ko‘chasi, Temuriylar tarixiy qo‘riqxona hududida. Yaxshiyam, konvert ustida telefon raqamim yozilgan ekan. Undan 10-pochta aloqa bo‘limiga jo‘natishini so‘radim...
Qizig‘i, Samarqand shahrida yana Samarqand ko‘chasi bor ekan. Yangidan barpo etilgan «Qorasuv» massivida. Samarqand pochta aloqasi bog‘lamasi xodimlari aytishdi...
Mana shu hovliga ko‘chib kirganimizga 15 yil to‘ldi. O‘ylab qarasam, ko‘chamiz nomi bilan bog‘liq hangomalar avval ham bo‘lgan ekan. Kunlardan bir kun bir mashina to‘la formali yigitlar kelishdi. Qandaydir ayolning pasport nusxasini ko‘rsatib, bizning manzilda propiskada ekani, u qidiruvdaligini ta’kidlashdi. Uyda qurilish bo‘lib yotibdi, ustalarga tushlik tayyorlash kerak bo‘lgan vaqt. Barcha xonalar bir yo‘la buzilgani uchun bor hujjatlarni qarindoshlarnikiga olib borib qo‘yganmiz. «Domovoy» – «uy daftari»ni olib kelib, ular aytgan ayol bizda ro‘yxatda turmasligini isbotlaguncha jig‘ibiyronim chiqqan...
Boshqa gal eshigimizni oq xalatli shifokorlar taqillatishdi. Shu manzil bo‘yicha, kimgadir tibbiy uskuna berib yuborilgan, lekin u qaytarmagan ekan...
Ali Qushchi nomida ikkita, Ibn Sino nomida uchta...
Pochta aloqasi bog‘lamasi saralovchisi Marg‘uba Sadriyeva Samarqand shahrida «adash» ko‘chalar kam emaslgini aytadi. Lekin, bir xil nomdagi ko‘chalarda ikki xil holat kuzatilarkan. Bir qismida manzillar raqamlar ketma-ketligi faqat shu ko‘chaga tegishli, ya’ni birida bor son, boshqasida ham mavjud. Boshqa bir holatlarda, deylik, birinchi ko‘chada boshlang‘ich raqamlar, boshqasida davomi.
– Ali Qushchi ko‘chasi So‘zangaron tomonda 4-pochta aloqa bo‘limga qarashli yaxlit, manzil raqamlari faqat shu ko‘chaga tegishli. Yana bitta Ali Qushchi ko‘chasi «Mikrarayon»da. So‘g‘diyona massivida ham Ali Qushchi ko‘chasi bor. Oraliqda boshqa ko‘chalar bo‘lsa ham, so‘nggi ikki ko‘chada raqamlar tizimi yagona. Boshqacha aytganda, kichik raqamlari Mikrarayonda, kattalari So‘g‘diyonada, – deydi Marg‘uba Sadriyeva.
Marg‘uba Sadriyeva shaharning turli hududlarida uchraydigan yana bir ko‘cha haqida to‘xtaldi.
– Ibn Sino ko‘chasining bittasi «Gagarin» tarafda, yana bittasi Bog‘ibaland tomonda, yana boshqasi Dahbed ko‘chasi bilan tutashgan. Men jo‘natmalarni raqamiga qarab saralayman. Gagarin ko‘chasidagi ko‘p qavatli uylar orasidagi hovlida joylashgan tashkilotlar Ibn Sino ko‘chasining toq raqamlari bilan qayd qilingan, Bog‘ibalandga juft raqamlar tegishli. Ayni vaqtda Dahbed ko‘chasiga tutashgan ko‘chada 14, 15 va 17-manzillar boru, 16-manzil esa bulardan to‘rt-besh bekatlik masofada – Bog‘ibalandda.
Ma’lum bo‘lishicha, Samarqand shahrida Xiva ko‘chasi ham ikkita ekan.
Eski shahar qismidagi Xiva ko‘chasi 40-50 yillar avval ham bo‘lgan. Mustaqillik davrida qator ko‘chalar nomi o‘zgartirilganda, «yangi shahar»dagi Griboyedov nomidagi ko‘chaning atalishi ham Xivaga o‘zgartirilgan.
Samarqand shahridagi 2-pochta aloqa bo‘limi boshlig‘i Gayane Suleymanova o‘zi faoliyat yuritadigan hududdagi nomdosh ko‘chalarni sanab berdi:
– Uy raqamlari takrorlangan Madaniyat ko‘chasi temiryo‘l vokzali hududida va Kimyogarlar qo‘rg‘onida ham bor. Ozodlik ko‘chasi ham ikkita – temiryo‘l vokzali va yog‘-moy kombinati hududlarida. Habib Abdullayev nomidagi ko‘cha bizning pochta aloqa bo‘limi hududida ham, shuningdek, Samarqand arxitektura va qurilish instituti yaqinida ham bor. Shuningdek, Forobiy ko‘chasi ham ikkita.
Asosiy mavzuga daxli yo‘qdek, ammo...
Gayane Suleymanova ko‘chalar nomlanishi va raqamlanishi bilan bog‘liq og‘riqli yana boshqa ma’lumotlarni ham aytdi. Masalan, u ishlayotgan pochta aloqa bo‘limining manzili Rudakiy-90. Lekin, xuddi shu raqam bilan ayri binoda, ma’lum masofada ko‘p qavatli turarjoy ham bor ekan! Bunaqa holat yagona emas. «Pochta aloqa bo‘limlari xodimlari ishini qiyinlashtiradigan boshqa omillar ham ko‘p», deydi suhbatdoshimiz. Yangidan qurilgan ko‘p qavatli uy-joylar xonadonlarni raqamlashtrishda pala-partishliklar uchrarkan. «Masalan, ikkinchi qavatda 28-xonadon, 3-qavatda 46-xonadon, 4-qavatda esa, deylik 37-xonadon qilib manzil belgilangan hollar bor. Odamlar ko‘chib kirganiga ancha vaqt bo‘lgan, ammo xonadonlar raqamlashtirilmagan yoki shunchaki raqamlar eshiklarga o‘rnatilmagani ham kuzatiladi».
Motrid pochta aloqa bo‘limi boshlig‘i Shahnoza Jabborova bo‘limga qarashli Qorasuv massivida 170 ta ko‘p qavatli uy borligini ta’kidlaydi: «Bilasiz, bu yerda 16 qavatli ham, 24 qavatli ham «dom»lar bor. Ularning birortasida pod’yezdda kiraverishda bo‘lishi kerak bo‘lgan, normalarda qayd etilgan pochta qutisi yo‘q. Xabarchi (pochtalon) jo‘natmani eng yuqori qavatga ham chiqaradi. Endi tasavvur qiling, ana shu katta hududda bitta xabarchi ishlaydi. Boshqa shtat yo‘q».
30-40 yillar muqaddam pochtalon deganda yelkasida og‘ir sumka ortgan kishini tasavvur qilishgan. Bugungi tasavvurimiz esa o‘zgacha – har bir xonadonga dasta-dasta gazeta-jurnal kirib boradigan zamonlar ortda qoldi.
Samarqand shahar pochta aloqasi bog‘lamasi xat-xabarlarni qabul qilish bo‘limi boshlig‘i Lola Hasanova hozir ham pochta orqali yetkazilayotgan jo‘natmalar salmog‘i kam emas deb urg‘ulaydi:
– Endilikda manzillarga fuqarodan fuqaroga emas, asosan xonadonlarga rasmiy idoralardan yuboriladigan xatlar, jumladan, murojaatlarga javoblar, qarzdorlik bilan bog‘liq xatlar, deylik, kommunal xizmat, bankdan qarzdorligi, DAN jarimalari haqidagi, shuningdek, tashkilotdan tashkilotga borayotgan xatlar bilan ishlaymiz.
Ma’lum bo‘lishicha, Samarqand shahar pochta aloqasi bog‘lamasi orqali kuniga ikki mingdan ortiq xat o‘tarkan.
Boshlagan mavzudan pochta xizmati masalalariga o‘tib chalg‘iyotgandek ko‘rinish bersak-da, aslida, Samarqand shahri ko‘chalarini nomlashdagi mantiqsiz takrorlar bugunda ham ishi oson bo‘lmagan, haminqadar maoshga qanoat qilib, quyosh tig‘ida ko‘cha kezayotgan pochta xizmati xodimlariga qator noqulayliklar, ortiqcha yuklamalar keltirishini ta’kidlamoqchi edik.
Manzillar aniq-tiniqligi nafaqat pochta xizmati xodimlariga, balki qator boshqa soha vakillari uchun ham muhim.
Internetdagi Samarqand shahri xaritasida «otdosh» ko‘chalar nomlari birida «kirill», boshqasida «lotin» harflari bilan yoki qo‘shma so‘z bo‘lganda birida chiziqcha bilan, boshqasida to‘g‘ri yozilganini ko‘rasiz.
2023 yil Samarqand Butunjahon turizm poytaxtiga aylanishi baralla aytildi. Sayyoh borki, avvalo kelgan joyining xaritasini ochib, har bir yozuvni sinchiklab o‘rganadi. Qolaversa, ko‘cha nomlari takrorlanishi aholi uchun ham qator noqulayliklar keltirishi misollarda ko‘rinadi.
Ajabo, Samarqand, ko‘chalarini nomlash uchun so‘z yetmaydigan darajadagi shunchalik katta shaharmi? Yoki lug‘atimiz shunchalar qashshoqlashdimi? Samarqand tarixi, rivoyatlari, o‘ziga xos urf-odatlari bilan bog‘liq nomlarni izlab topish, muvofiqlashtirish kimning vazifasi?
Samarqand shahar toponimik komissiyasi raisi o‘rinbosari Norbek Alqarov ko‘chalarni nomlash, qayta nomlash O‘zbekiston Respublikasining 2011 yilda qabul qilingan «Geografik ob’yektlarning nomlari to‘g‘risida»gi qonuni asosida amalga oshirilishini ta’kidladi. «Ko‘chalar nomi o‘zgartirilganda aholining fikri asosida mahalla fuqarolar yig‘ini taklifi shahar tomonomik komissiyasiga taqdim qilinadi. Komissiya taklifni o‘rganib chiqib, materiallarni viloyat toponimik komissiyasiga yuboradi. Keyin respublika eskpertizasi xulosasi, undan so‘ng 15 kun davomida muhokama qilish portaliga qo‘yilib fikrlar o‘rganilishi, Xalq deputatlari kengashida ko‘rilishi va qaror chiqarilishi bularning hammasi izchillikni talab qiladi. Oxirida esa kadastr xizmati geografik ob’yektlar nomini rasmiylashtiradi va xaritaga kiritadi».
Norbek Alqarovning aytishicha, ayrim hollarda jarayonning Kadastr xizmati bajarishi kerak bo‘lgan so‘nggi bosqichiga kelib ish oqsamoqda ekan. «2022 yilda qator ko‘chalar qaytadan nomlangan qarorni ularga yuborganmiz. Lekin, bir qism ish bajarilgan bo‘lsa-da, 25 ta ko‘cha hanuz bazaga kiritilmagan va xaritalarda aks ettirilmagan» dedi mulozim.
«Xabar.uz» Samarqand shahrida o‘nga yaqin ko‘cha ayni bir xil atalishini aniqladi. Biroq, biz duch kelmaganimiz, eshitmay qolganimiz qancha? Aytilishicha, ko‘chalar nomlari takror ketayotgani haqida aholi yoki mahalla fuqarolar yig‘ini taklif berganda toponimik komissiya holatdan xabardor bo‘larkan.
Vaholanki, hali 2022 yil boshida arxitektor Fayzullo Muhammadqulov toponimik muammolar borasida Samarqand shahar hokimi Fazliddin Umarov nomiga ochiq xat bilan chiqqan edi. Samarqand shahridagi ko‘chalar nomlari orasidagi g‘alizliklar, mantiqsizliklar borasida aniq-tiniq takliflarini ilgari surgan muallif ko‘chalar nomlari takrorlanishi haqida alohida to‘xtalgan.
Geografik ob’yektlar nomlari davlat reyestri bazasida Samarqand shahridagi ko‘chalar nomlarini ko‘zdan kechirsangiz, bu yerda ham takror nomlar borligiga ishonch hosil qilasiz.
Samarqand ko‘chalari
Obirahmat ko‘chalari
Nodirabegim va Mohlaroyim–Nodirabegim bir inson, Bekho va Beklar esa ikki tildagi (tojik va o‘zbek) bir so‘z ekanini hisobga olsak, bunday atamalar ham aslida takrordir. Reyestrda «Bibixonim – Saroymulkxonim», «Zebunisobegim – Avrangzeb qizi» kabi atamalar ham keltirilgan.
Nodirabegim va Nodirabegim Mohlaroyim...
Bekho, beklar
Tutzor – Tutiston, Bog‘zor – Bog‘iston, Chaman – Chamanzor juftliklarida sun’iy hosil qilingan so‘zlar na o‘zbek, na tojik til normalariga to‘g‘ri keladi. Shu joyida til o‘rganayotgan xorijlikning «dalazor» degan so‘zi yodga tushadi.
Chaman, Chamanzor, Tutiston...
Agar izlansa, Samarqand o‘tmishini ozroq bilgan, buguniga sinchkovroq boqqan yoki «Boburnoma»ni bir varaqlagan, Navoiy o‘tgan yo‘llardan uni yod qilib kechgan kishi shahar ko‘chalari uchun betakror nomlar topishi qiyin emas. Samarqandda «Sharq taronalari» degan ko‘cha bo‘lsa yarashmaydimi? Shahar xalqi asosan ikki tilda, shiru shakar lahjada gaplashadi. «Shiru shakar» degan nomga qanday qaraysizlar? Aslida joy nomlariga singdirilishiga arzigulik so‘zlarimiz ko‘p, tilimiz boy.
Samarqand shahrining maydoni hozirda 123,82 km2, aholisi 2023 yil 1 yanvar holatida 523,2 ming kishi deb qayd qilingan. O‘tgan yili shaharni qo‘shni tumanlarni qo‘shish hisobiga kengaytirish (284 km2 gacha) va aholi sonini oshirish rejalashtirildi. O‘zbekiston Prezidenti 2022 yil dekabr oyidagi nutqida Samarqand viloyat taassarufidan olinib, hozirgacha faqat poytaxt ega bo‘lgan respublika taassurifdagi maqomli shaharga aylantirilishini ma’lum qildi.
Mustahkam Tangriyorova
P.S. 2022 yilda Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining qarori bilan poytaxtda 500 dan ortiq ko‘cha va joy nomlari o‘zgartirildi. Nomsiz bo‘lgan 281 ta ko‘chaga yangi nom qo‘yildi. Shuningdek, 20 ta takrorlangan ko‘cha nomlari qayta nomlandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter