«O‘zbek tilini o‘rganayotgan koreyslar ko‘paymoqda» — Koreyadagi o‘zbek talabasi
Ma’lumotlarga ko‘ra, markaziy osiyoliklarning har beshinchi vakili bir bor bo‘lsa-da Koreyaga borishni xohlaydi.
«Xorijdagi vatandoshlar»ning bu galgi mehmoni Koreya Respublikasida o‘qiyotgan hamyurtimiz Sarvar Aliqulov. Qahramonimiz Inchxon shahridagi Inha universitetining IT va Biznes boshqaruvi yo‘nalishida tahsil oladi.
— Sarvar siz bilan yaqindan tanishib olsak?
— Jizzax shahrida tug‘ilganman. Oilada 4 farzandmiz. Akam, men va ukalarim bor. Ota-onam o‘qish va tarbiyamizga talabchan insonlar. Shu bilan birga, qiziqqan sohamizda o‘zimizni sinab ko‘rishimizga ham erkinlik berishgan.
Oilangiz sizni qo‘llab-quvvatlab, qiziqishingizga to‘g‘ri yo‘nalish bersa, o‘ylagan maqsadlaringizga erishishingiz oson bo‘ladi, deb hisoblayman. Misol uchun, akamning Toshkent davlat yuridik universitetiga grant asosida o‘qishga kirishi menga katta motivatsiya berib, o‘z ustimda ko‘proq ishlashimga undadi. Ustozlarimning bergan bilimlari va harakatlarim orqali Inha universitetiga grant asosida talaballika qabul qilindim. Hozirda IT va Biznes boshqaruvi yo‘nalishida tahsil olyapman.
— Nima uchun aynan Koreyada o‘qishga qaror qildingiz?
— Oilamizda bolaligimizdan xorijiy tillar, xususan ingliz tilini o‘rganishimiz uchun yaxshi sharoitlar yaratib berilgandi. Shu boisdan maktab davridanoq chet elda o‘qish istagi bo‘lgan. Albatta, aynan Koreyada tahsil olish fikri bo‘lmagan. O‘sha paytda AQSh yoki Yevropa mamlakatlaridan birida o‘qish ishtiyoqi kuchli edi. Ammo, vaqt o‘tib O‘zbekiston-Koreya aloqalarining rivojlanishi va Koreyada xorijlik talabalarga yaratib berilayotgan sharoitlar ortidan shu yerga kelishga qaror qildim.
— Siz o‘qiyotgan ta’lim muassasi haqida taassurotlar qanday?
— Universitetimiz Inchxon shahrida joylashgan. Shahar o‘zining zamonaviy binolari, go‘zal tabiati va sayyohlar uchun qulay dam olish sohillari bilan mashhur. Shahar dengizga tutash bo‘lganligi uchun havosi ham salqin va toza. Umuman, ajoyib shahar.
Inha universitetida talabalarga barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Eng e’tiborimni tortgan jihatlardan biri — bu yerda talabalarga kiyinish borasidagi cheklovlarning yo‘qligi bo‘ldi. O‘ylashimcha, talabaning qay darajada bilim olishi va insoniyligi kiygan kiyimiga qarab o‘lchanmaydi. Aminmanki, talabaga qulaylik va erkin muhit uning chuqur bilim olishi va o‘zlashtirishiga yordam beradi.
Universitetda 20 mingga yaqin talaba tahsil oladi va 24 soat xizmat ko‘rsatadigan kutubxona mavjud. Inha mamlakat bo‘yicha kuchli 10 talikka va dunyo reytingida 600 talikka kirgan.
— Yo‘nalishingizning dunyodagi ahamiyati qanday va sohangiz O‘zbekiston rivoji uchun qay darajada muhim?
— Bugungi kunda IT va Biznes boshqaruvi shiddat bilan rivojlanib bormoqda. Hayotimizni yanada qulaylashtirishga bo‘lgan intilish ushbu yo‘nalishning naqadar katta ahamiyat kasb etishini ko‘rsatadi. Soha mutaxassislariga bo‘lgan talab ham kuchli. Birgina, Norvegiya davlatida mutaxassisligim bo‘yicha, norveg tilini bilmasdan, hattoki diplomsiz yuqori oylik maosh olib ishlashingiz mumkin. Koreyada ham dasturchilarga yaxshi haq to‘lashadi.
O‘zbekistonda bu soha egalari anchayin kam. Sohani har tomonlama taraqqiy ettirish ishlari olib borilayotganini kuzatib boryapman. Buni yaqinda faoliyatini boshlagan IT-Park misolida ko‘rib, juda xursand bo‘ldim.
— Koreya, koreys xalqi, ularning madaniyati haqida nimalar deya olasiz?
— Koreyaga kelgan ilk kunlarimdanoq koreyslarning madaniyatli va xushmuomala xalq ekanligiga guvoh bo‘ldim. Muloqotda suhbatdoshiga nisbatan juda hurmatli. Gapingizni diqqat bilan eshitishadi.
Qolaversa, yo‘llarda avtomobil haydovchilarining nihoyatda bosiq ekanligi hayratlantirgan. Boisi, ularning har qanday vaziyatda ham shovqin solish, signal chalish odatlarini haligacha ko‘rganim yo‘q.
Shuningdek, Koreyada talabalarning o‘qishni tamomlaganlaridan so‘ng ishga joylashish mobaynida katta raqobat kechadi. Odatda, boshqa davlatlarda bitiruvchilarning universitetdagi baholari emas, balki ularning kasbiy qobiliyatlariga qarab ish beriladi. Ammo bu yerdagi aksariyat ish beruvchi tashkilot yoki kompaniyalar talabalarning baholari va akademik yutuqlariga ko‘proq e’tibor qaratishadi.
Yana bu yerga kelib meni eng quvontirgan holat — koreyslarning O‘zbekiston haqida juda iliq taassurotga ega ekanligi va o‘zbek tilini biluvchi hamda o‘rganayotganlarning ko‘pligi bo‘ldi.
— Kelgusidagi rejalar qanday?
— Kelajakdan umidlarim katta. Oldimga qo‘ygan maqsadlarimga erishish uchun harakat qilyapman. Hozirgi kunda o‘qishdan tashqari YouTubeda vloggerlik faoliyati bilan ham shug‘ullanyapman. Sahifam orqali Koreyada turmush tarzi, xorijlik talabalarga yaratilgan sharoitlar haqida videokontentlar berib boryapman.
Shuningdek, kelgusida magistraturani AQSh yoki Yevropada o‘qib, O‘zbekiston uchun yetuk mutaxassis bo‘lib qaytish niyatidaman.
Nurillo To‘xtasinov suhbatlashdi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter