O‘zbek matematiklaridan Nobel sovrindorlari chiqadimi? Akademik Shavkat Ayupov bilan suhbat
Xabar berilganidek, kecha, 12-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev Olmazor tumani, Talabalar shaharchasida barpo etilgan mamlakatimiz Fanlar akademiyasi huzuridagi Matematika institutining yangi binosini borib ko‘rdi.
Bir so‘z bilan aytganda, institut uchun ajratilgan yarim gektar maydonda chiroyli va o‘ziga xos muhtasham to‘rt qavatli bino bunyod etilgan. Binoning o‘zi 715 kvadrat metr maydonini egallaydi. 12670 kvadrat metr maydonda qurilish ishlari amalga oshirilgan. Sharoitlar havas qilgulik darajada.
Institut binosining 1-qavatda seminar va smart sinf xonalari, 2-qavatda rahbariyat va akademiklar xonalari, 3-qavatda laboratoriya mudirlari va ilmiy xodimlar xonalari, 4-qavatda kutubxona va 97 o‘rinli majlislar zali joylashgan. Shuningdek, institutda 7 ilmiy laboratoriya, «Yosh matematiklar» o‘quv markazi o‘rin olgan.
Davlat rahbari tashrifi doirasida Xabar.uz muxbiri mazkur institut rektori, akademik Shavkat Ayupov bilan intervyu uyushtirdi. Quyida ushbu intervyu e’tiboringiza havola qilinadi.
«Matematika murakkab fan, deya e’tibordan chetda qolib ketgan edi»
– Ta’lim sohasi mutasaddilari, matematik olimlar bilan muloqotda davlatimiz rahbari «Matematika fanining tamal toshini Al-Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy kabi ulug‘ bobolarimiz qo‘ygan. Bu bizning qonimizda bor. Lekin oxirgi yigirma yilda matematikadan bilim darajasi pasayib ketdi. Chunki o‘qituvchilarga kerakli e’tibor, munosib oylik berolmadik, pirovard maqsad qo‘ya olmadik. Buning oqibati hozir ko‘pdan-ko‘p sohalarda sezilyapti. Bugun bu fanni rivojlantirishdan maqsadimiz – matematika bo‘yicha raqobat muhitini yaratish, sanoat, muhandislik yo‘nalishlari bo‘yicha yetuk kadrlar tayyorlash», zarurligini bildirdi. Haqiqatda shunday. Matematika murakkab fan, deya ta’lim dargohlarida to‘rt semestr o‘rniga ikki semestr o‘tildi, uning nufuzi yildan-yilga tushib ketgan edi.
Matematika fani o‘qituvchisining mahoratiga ko‘p narsa bog‘liq. U qiziqtira olsagina, o‘quvchi bu fanni o‘zlashtirishga kirishadi. Adabiyot, tarix fanlarini mustaqil o‘rganish mumkindir, ammo matematikani o‘rganishda pedagogning tajribasi, ustozning o‘rni muhim.
«Matematikani rivojlantirish uchun ikkita muhim hujjat qabul qilingan»
– O‘tgan yilning 9-iyulida O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «Matematika ta’limi va fanlarini yanada rivojlantirishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining V.I.Romanovskiy nomidagi matematika instituti faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori hamda 2020-yil 7-mayda «Matematika sohasidagi ta’lim sifatini oshirish va ilmiy-tadqiqotlarni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilingan.
Ushbu hujjatlar matematikani rivojlantirishda muhim o‘rin tutadi. Institutimizni Urganch, Nukus, Buxoro, Samarqand va Namangan shaharlarida hududiy bo‘limlari ochildi. Bu hududlarda ham matematika bilan jiddiy shug‘ullanishga imkon yaratadi.
«50 ming dollarlik xalqaro mukofot»
– Prezidentimiz imzolgan «Matematika sohasidagi ta’lim sifatini oshirish va ilmiy-tadqiqotlarni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga matematika sohasidagi yutuqlar uchun Al-Xorazmiy nomidagi xalqaro mukofot uchta yo‘nalishda beriladigan bo‘ldi. Birinchisi, xalqaro miqyosdagi matematika bo‘yicha fundamental yutuqlar uchun, ikkinchisi, matematikani amaliyotga muvaffaqiyatli tatbiq qilingani uchun, uchinchisi esa yosh matematiklarga beriladi. Albatta, katta miqdordagi rag‘batlantirishning bu turi olimlarimiz, yoshlarimizni ushbu fan yo‘nalishlarida izlanishlar olib borishga undaydi. Mazkur mukofotni xorijlik olimlarga ham berilishi ko‘zda tutilgan.
«Uch muhim topshiriq»
– Prezidentimiz mazkur binoni ko‘zdan kechirish va biz bilan muloqot jarayonida oldimizga uchta asosiy vazifani qo‘ydi. Birinchisi, matematik ta’limni ko‘tarish, ikkinchisi, matematiklarimizning xalqaro reytingini oshirish va uchinchisi, maktab o‘quvchilarmizni xalqaro olimpiadalarga puxta tayyorlash.
Buning uchun avvallo matematik bilimlarni bog‘chadan berishni boshlash, maktab va oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida uzviy hamkorlikni yo‘lga qo‘yishimiz lozim. Yana shuningdek, institutimiz Talabalar shaharchasida joylashgani bu yerdagi oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlik qilish, zamonaviy qilib aytganda, ilm-fan va ta’limning integratsiyasini yo‘lga qo‘yilishida alohida ahamiyatga egadir. Olimlarimiz repitetorlik bilan shug‘ullanib qo‘shimcha mablag‘ topishgani ham sir emas. Endi esa hozirgi binoda «Yosh matematiklar» o‘quv markazida xohlovchilarni oliy o‘quv yurtlariga kirish uchun matematika fanidan bemalol tayyorlash mumkin, ya’ni muassasamiz eshigi barcha uchun, ayniqsa, ilm istagidagi yoshlar uchun hamisha ochiq.
Bilasizmi, ilgari xorijlik hamkasblar, hamkor olimlarni institutimizga taklif qilishga uyalardik. Oldingi binomiz va u yerdagi sharoit judayam nochor edi. Endilikda bemalol xalqro anjumanlar, onlayn muloqotlar o‘tkazimishimiz uchun barcha sharoitlar yetarli. Ishlashimiz, kerak, xolos.
«Ilmiy izlanishlar amaliyotga joriy qilinsagina natija beradi»
– Matematika yo‘nalishida ilmiy izlanishlarni amalga oshirish judayam mashaqqatli mehnat. Bu boradagi izlanishlarni e’tirof etish o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi. Masalan, ancha yillar avval jahonga mahshur matematik olim Jon Nesh bilan Pekinda o‘tkazilgan xalqaro anjumanda uchrashgandim. Uning ilmiy izlanishlari iqtisodiyotda amaliy jihatdan qo‘llanganidan keyingina olimga Nobel mukofoti berilgan. Bunday misollar juda ko‘p.
Davlatimiz rahbari olimizga «Bu institut ta’lim va ilm-fan o‘rtasida uzviylikni ta’minlashi, mamlakatimiz rivojiga zamin yaratishi kerak» degan vazifani qo‘ydi. Bu degani, yuksak natijalarga erishish uchun barchamiz, professoru akademiklar, ilmiy xodimlaru doktorantlar tinim bilmay ishlashimiz zarurligini anglatadi.
Intervyumizga ezgu niyat bilan chorlov ma’nosida «O‘zbek matematiklaridan Nobel sovrindorlari chiqadimi?» deya sarlavha qo‘ydik. Ezgu niyat maqsadga elatadi, deydi ahli donishlar. Ajab emas, bugun matematika ilmidan bahra olayotgan, izlanayotgan matematiklarimiz orasidan bo‘lg‘usi Nobel sovrindorlari chiqib qolsa...
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter