Ot minib qo‘y boqayotganlar yoxud yana... kimlargadir murojaat
Ochig‘i, sariq matbuot doirasidagi nashrlarning muxlislari o‘zining maishiy muammolarini yozib, maslahat so‘rab turishi bugun paydo bo‘lgan narsa emas. Shuningdek, internet tarmog‘idagi maslahat so‘rashlar, shu yo‘nalishdagi teleko‘rsatuvlar ham deyarli siyqasi chiqib, ko‘nikib qolingan hollardandir. Bunday vaziyatda maslahat beruvchilar haqiqiy ruhshunos yoki shunga yaqin sohadagi ekspert, hech bo‘lmasa saviyaliroq biror odam bo‘lganida e’tirozim yo‘q edi. Ammo, afsuki, bugungi kunda ayrim muammolarni hal qilish uchun fikr bildirayotgan ekspertlarimizning saviyasi kishini biroz o‘ylantiradi...
«Men aldarman, ko‘ngling aldamaydi»
Yaqinda haftalik nashrlardan birida maslahat so‘rab yozilgan shunday maktubga ko‘zim tushdi. Xatda ko‘tarilgan masala notanish emas. Qisqasi, muallif — o‘smir yoshidagi qiz bir yigit bilan sevisharkan. Biroq yigitning oilasini qizning oilasidagilar xushlashmabdi-yu, qizni boshqaga unashtirishibdi. Endi qanday yo‘l tutishni bilmay xat muallifining boshi qotmoqda...
Bir qarashda kinofilmlardagi ko‘p «chaynalgan» syujetni eslatadi-ya? To‘g‘risini aytib qo‘yaqolay: avvalo maktubdagi gaplarning muallif tomonidan yozilganiga shubha qildim, ya’ni o‘quvchilar e’tiborini jalb qilish uchun xatni gazetchilarning o‘zlari to‘qib yozmadimikin degan gumonga bordim. Shu bilan birga, agar gumonim noto‘g‘ri chiqib, maktub haqqoniy bo‘lsa, qizginaga qiyin bo‘lgani, qolaversa, bir emas, bir nechta oilaning tinchligiga putur yetishi kutilayotgani xaqidagi xayollar ham meni tashvishga solib qo‘ydi... Ammo jurnalist (kim bilsin, balki u jurnalist ham emasdir), ya’ni nashrning o‘sha sahifasi muallifi, aftidan, bunday tashvishli o‘ylardan yiroq edi. Uning maktub muallifiga maslahati sog‘lom fikrli har qanday kishini o‘sal qiladi:
«Ko‘zlaringizni bir zumga yumingu, ko‘nglingizga quloq solib ko‘ring. Ko‘ngliniz sizni hech qachon aldamaydi!..».
E’tirof etilmagan rekord
Shu o‘rinda yangi yil arafasida teleekran orqali ko‘pchilik ko‘rgan, OAV va ijtimoiy tarmoqlarda tanqidga ham uchragan o‘sha «Indigo» teleko‘rsatuvini yana bir bor eslatishni lozim topdim. Yodingizda bo‘lsa, aynan yangi — 2018 yil arafasida intellekti yuqori bo‘lgan bolalarni qahramon sifatida olib chiqadigan bu ko‘rsatuvning final bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda Navoiy viloyatidan bir bola ishtirok etdi. U hammaning ko‘z o‘ngida hech qanday tehnologiya yordamisiz 2 va 3 xonali sonni 5 xonali, 5-6 xonali sonni 2-3 xonali sonlarga ko‘paytirdi. So‘ng 7-8 xonali sonlarni ham xotira kuchiga tayanib tez va oson ko‘paytirib bera boshladiki, xonanda Sardor Rahimxon boshchiligidagi uch nafar shou biznes vakillaridan iborat hakamlar kalkulyator yordamida ham bola bilan teng misol yechishga ulgura olishmadi. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, bola aslida ayni shu pallada jahon rekordini norasmiy ravishda yangilashga erishib bo‘lgan ekan! Nihoyat g‘ayritabiiy qobiliyat egasi bu darajaga qoniqmasdan 9 xonali sonni 1 xonali songa ko‘paytirib ko‘rsatishi uchun hakamlardan ruxsat so‘radi. Haligacha bola o‘z ongiga tayanib bajarayotgan arifmetik amallarining to‘g‘ri-noto‘g‘riligini kalkulyator bilan aniqlab kelayotgan hakamlar biroz mushkul vaziyatga tushib qolishdi. Chunki, afsuski, 9 xonali sonlarni studiyada mavjud kalkulyator yordamida ko‘paytirishning imkoni yo‘q ekan...
Achinarlisi, teleko‘rsatuvning «to‘g‘ri tanlangan» hakamlari jahon rekordini yangilagan, mukammal axborot tehnologiyasini ortda qoldirgan bolakayning o‘rniga raqqos bolakayning intellektini yuqoriroq deya e’tirof etishdi...
«Eringiz erkakmi o‘zi?!»
Asl maqsadi odamlarning bilimini oshirish bo‘lgan internet tarmog‘i kashf etilganidan beri baraka topgur ko‘pgina bekorchilarni ham zerikib qolishdan saqlab kelayotgani sir emas.
Mayli, mavzudan uzoqlashmagan holda o‘zim a’zo bo‘lgan ijtimoiy tarmoqdagi guruhda o‘zgalardan maslahat so‘ragan kelinchak voqeasini bayon qilish bilan cheklana qolay.
O‘sha kelinning murojaatida aytilishicha, eri bilan oila qurganiga to‘rt oy bo‘libdi. Qaynonasi uni to‘y-hashamlarga olib bormas, qizlari bilan birga ketsa ham kelin indamay chidab kelayotgan emish. Ammo rasman yosh oilaning nomida bo‘lgan hovlini sotish, oila a’zolari esa domga ko‘chishi haqida gap chiqib qolibdi-yu, kelinimiz bunga toqat qila olmabdi. «Endi men qanday yo‘l tutay?» deyiladi o‘sha murojaat yakunida.
Ko‘rib turganingizdek, uquvsizlik ila yozilgan murojaatdan vaziyatni to‘liqroq anglashning aslo imkoni yo‘q. Xatni o‘qib siz kabi menda ham «Hovlining sotilishini aynan kim istayapti?», «Nega to‘satdan istab qoldi?», «Qaynona bilan qaynota keyin qayerda yashashmoqchi?» kabi o‘nlab savollar tug‘ildi. Biroq negadir murojaat yuzasidan fikr bildirayotganlarni bunday savol sira qiziqtirmas, deyarli hamma o‘zini kelinchakka hamdard sanab, uni, ta’bir joiz bo‘lsa, eri va qaynonasiga qarshi qayramoqda edi! Axir muammoning tub mohiyatini yaxshi anglamasdan «Eringiz erkakmi o‘zi?! Nega o‘z nomidagi uyning sotilishiga yo‘l qo‘yib beradi?» yoki «Ko‘rinib turibdi, boshidan qaynonangizga bo‘sh ketibsiz...» qabilida boshlanuvchi «maslahat»larni boshqa qanday baholash mumkin?
* * *
Bir rivoyatda odamlar g‘aribgina cho‘pon yigitdan «Seni qozi qilib saylasak nima qilasan?» deb so‘raganida, yigit «Ot minib qo‘y boqaman!» deb javob beradi. Bu yerda kimning ustidan kulishni bilmaysan: hayotni qo‘y boqishdan iborat deb biladigan cho‘ponningmi yoki o‘sha fikri tor cho‘ponni o‘zlariga qozi qilishga uringan nodon odamlarningmi?!
Shu bois men ma’rifiy va mojaroli vaziyatlarni hal etadigan teledasturlar ijodkorlaridan iltimos qilardim: dasturingizga taklif qilayotgan ekspert va hay’at a’zolarining saviyasi hamda kasbiga e’tiborli bo‘lsangiz!
Sariq matbuot doirasidagi nashrlardan iltimos qilardim: sizning karnaychidan bitta puf deganday har xil vaziyatlar yuzasidan o‘ylamay-netmay bildirayotgan mulohazalaringizni deb kimningdir, aniqrog‘i, kimlarningdir hayoti ostin-ustun bo‘lib ketmasin!
Yana internet tarmog‘ida dardini dasturxon qilayotganlarga ham aytar gapim bor: har bir madaniyatli inson uchun muqaddas sanalmish shaxsiy hayotingizni kimligi va asl maqsadi, eng achinarlisi, xulqi noma’lum bo‘lgan allakimlarga ermak qildirib qo‘yasizu, yon-veringizdagi hayot tajribasiga ega ishonchli odamlar bilan fikrlashishga nega or qilasiz?!
Bayram Ali
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter