Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

 «Oltinli osh»ning oltini haqida...

 «Oltinli osh»ning oltini haqida...

Hozirgi davrda oziq-ovqatdagi oltin odamni hayratga solmaydi, chunki u tobora mashhur bo‘lib bormoqda va uni allaqachon dunyodagi qimmatbaho restoranlarning ko‘pchiligida ishlatmoqdalar. Bu isrofgarchilikning ma’nosi nima va u arziydimi? Keling, birgalikda aniqroq tushunamiz.

Oziq-ovqatdagi oltin nima?

Oziq-ovqatdagi oltin – sof oltin (qo‘shimchalarsiz) bo‘lib, mahsulot tarkibida Ye175 kodi bilan belgilanadi, shuningdek Ye174 - oziq-ovqatdagi kumushdir.

Oziq-ovqatdagi oltin juda yupqa varaq shaklida sotiladi – taxminan 100 nanometr (ishlab chiqaruvchiga qarab). 100 nanometr – 0,0001 millimetrga teng. Shuningdek, oziq-ovqatdagi oltin kukun va dona shaklida ham bo‘ladi.

 Oziq-ovqatdagi oltin qanday ishlatiladi?

Bunda hamma narsa fantaziyaga bog‘liq. Oltin bilan desertlar qoplanadi, ichimliklarga qo‘shiladi (odatda dona shaklida), turli ovqatlar ustiga sepiladi, mana Qo‘qonda oshning ustiga oltinni qirib qo‘yishmoqda – qisqasi, ishlatilish imkoniyatlari cheksiz.

Oziq-ovqatdagi oltindan foydalanishning eng erta guvohliklari qadimgi misrliklarga taalluqli bo‘lib, taxminan 5000 yil oldin yuz bergan. Misrliklar oltinni aqliy, jismoniy va ma’naviy poklanish uchun ishlatganlar, chunki ular oltinning ilohiy xususiyatlari bor, deb ishonganlar.

Shuningdek, ko‘pgina kimyogarlar oltin bilan davolovchi eliksirlar qaynatganlar. Yeyiladigan bezak sifatida oltinni mayyalar va inklar, yaponlar va turli davrlardagi qirollar ham ishlatgan.

Paratsels (1493-1541), zamonaviy farmakologiyaning asoschisi, oltin bilan dori xapdorilar yasagan. Tarixda bunga oid ko‘plab dalillar mavjud.

Oziq-ovqatdagi oltinning foydasi nima?

Oltin organizm tomonidan hech qanday usulda singdirilmaydi. O‘zgarishsiz holda chiqadi, shuning uchun mantiqqa ishonsak, hech qanday foydasi yo‘q. Ammo oziq-ovqatdagi oltin sotuvchilari foydasi juda yuqori ekanini va deyarli barcha kasalliklarni davolashini ta’kidlaydilar. 1975 va 2016 yillarda o‘tkazilgan tadqiqotlar haqiqatan hech qanday foyda yo‘qligini ko‘rsatdi.

Bu yerda faqat bitta foyda bor – o‘z imkoniyatingizni ko‘rsatish va do‘stlaringizga maqtanish, siz haqiqatan ham hojatxonaga oltin bilan kirasiz (esingizda bo‘lsin, u hazm bo‘lmaydi). Bu isrofgarchilik arziydimi, har kim o‘zi hal qiladi...

Oziq-ovqatdagi oltin qanchaga turadi?

Agar ovqat narxlari oltin tufayli shunchalik baland, deb o‘ylasangiz, bu faqat qisman to‘g‘ri. Narxlar shunchalik qimmatligi sababi oddiygina, uni shunday qimmat narxda sota oladilar, chunki sotib olishadi, talab bor.

O‘ylamang, biz O‘zbekistonda to‘lib-toshib yashayotgan ekanmizda deb, ammo buni sotib oladiganlar ham bor. (men boshqa bir O‘zbekistondaman shekilli)

Oltinning narxi juda har xil. Masalan, internetdagi magazinlardan quyidagi ajoyibotni juda arzon narxga – 20 varaq oltinli daftar (9x9 sm) – 145 000 so‘mga sotib olish mumkin.

Past narx oltinning o‘zidan tashqari tarkibida yana nimalar borligi, jumladan, bo‘yoq borligi bilan izohlanadi. Qancha karatligi ham ko‘rsatilmagan.

23 karatli oziq-ovqatdagi oltin esa ancha qimmatroq turadi – 10 varaq (9x9 sm) 650 ming so‘mga yaqin turadi.

Ajablanarlisi, ammo ba’zi saytlardan bunday tilloli varaqlarni ikki baravar arzonroq, ba’zan 4 baravar arzonroq sotib olish mumkin...

Umuman olganda, internetda narxlar juda turlicha va nima bilan bog‘liqligi tushunarsiz. Ba’zi joylarda 24 karatni 23 karatdan arzonroq sotib olish mumkin, ba’zilarida esa bo‘yalgan qalbakisini haddan tashqari qimmat narxda sotmoqda.

Xulosa shundaki, bu bo‘yalgan qalbaki yoki eng sifatli oltin bo‘lsin, hech kim farqini bilmaydi, chunki mazasi yo‘q va oltin yoki qalbaki varaqning qalinligi shunchalik kichikki, ta’m bo‘yicha ham aniqlash imkoni yo‘q.

Menimcha, oltinli osh yeyish – bu pulni shamolga uchirish, aniqrog‘i, hojatxonaga tashlash bilan teng.

                                                           Asadulla Jo‘rayevning Facebook
sahifasidan olindi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring