Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sardor Ali

Shaxsiyatparastlik — oshkora ojizlikdir.

Nega Shimoliy Koreya qashshoq, Janubiy Koreya esa boy?

Nega Shimoliy Koreya qashshoq, Janubiy Koreya esa boy?

Ko‘plab insonlar davlat taraqqiyoti uchun geografik joylashuv muhim ahamiyat kasb etadi deb hisoblaydi. Haqiqatdan ham global tengsizlik sabablariga oid qarashlar orasida ko‘pchilik tomonidan qabul qilingan gipoteza(asos, taxmin)lardan biri "geografik omil nazariyasi". Unga ko‘ra, davlatning boy va kambag‘al bo‘lishiga asosiy sabab geografik joylashuv hisoblanadi. Aslida ham davlatlarning qashshoqligi va farovonligi ortida jo‘g‘rofiy joylashuv yotadimi? Bu nazariya davlatlarning qashshoq va farovon bo‘lishida qanchalik muhim rol o‘ynaydimi?

Bugungi maqolamizda, Shimoliy Koreya va Janubiy Koreya davlatlarini bir-biri bilan solishtirib, "geografik omil nazariyasi" qanchalik to‘g‘ri ekanligini aniqlashga harakat qilamiz.

Bir butun Koreyaning ikkiga bo‘linishi

Ikkinchi jahon urushi davrida (1939-1945) Koreya yarim oroli Yaponiya tomonidan bosib olingan edi. Jahon urushi oxirlab borar ekan, Koreyadagi Yaponiyaning mustamlakachiligi zaiflashib bordi. 15-avgust kuni Yaponiya oq bayroq ko‘tarib, taslim bo‘ldi. Shundan bir oy o‘tib, Koreyaning shimolini SSSR, janubini esa AQSh armiyasi egallab oldi. Shundan so‘ng 38-parallel bo‘yicha yagona Koreya davlati ikkiga bo‘lindi. Shimoliy Koreyada kommunistik, janubiy Koreyada esa kapitalistik tuzum o‘rnatildi.

"Sovuq urush" eng qizigan pallada, aniqrog‘i 1950-yil 25-iyun kuni Shimoliy Koreya armiyasi chegarani buzib, Janubiy Koreyaga hujum qildi. Dastlab, Shimoliy koreyaliklar ustunlikka erishgan va poytaxt Seulni egallab olgan bo‘lsa-da, kuzga borib ular butunlay ortga chekindi. 1953-yilda yarash bitimi imzolandi. Biroq tili, madaniyati, tarixi bir bo‘lgan yagona davlat ikki qismga ajralgancha qoldi.

Shimoliy Koreyaning qoloqlashishiga sabab nima?

1947-yilda Shimoliy Koreyada davlat boshqaruviga kommunistik partiya rahbari Kim Ir Sen keldi. U Ikkinchi jahon urushi davrida Yaponiya bosqinchilariga qarshi kommunist partizanlar harakatiga bosh bo‘lgan edi. Kim Ir Sen Shimoliy Koreyada diktatura o‘rnatdi. Mamlakatda yagona “Chuchxe” mafkurasi targ‘ib qilindi. Shimoliy Koreyada iqtisodiy qattiqqo‘l tartib – ma’muriy buyruqbozlikka asoslangan tizim joriy qilindi.

“Chuchxe” – bu ham din, ham mafkura, ham siyosat, ham tarix hisoblanadi. Bu mafkuraga ko‘ra, eng zo‘r matematik, eng zo‘r jangchi, eng zo‘r iqtisodchi davlat rahbari hisoblanadi. Hatto, Kim Ir Sen o‘zini xudo darajasiga ko‘tardi.

Shimoliy Koreyada xususiy mulk taqiqlanib, bozorlar yopildi. Mamlakatda so‘z erkinligi tag-tomiri bilan quritildi, odamlar ustidan total nazorat o‘rnatildi va repressiyalar avj oldi. Bundan tashqari, Shimoliy Koreyada hokimiyatni meros orqali o‘tkazish tendensiyasi vujudga keldi. Kim Ir Sen keyinchalik uning o‘g‘li va vorisi Kim Chen Irning atrofida to‘plangan bir hovuch elita vakillarini istisno qilganda, erkinlik nafaqat bozorda, balki oddiy fuqarolar hayotining har bir jabhasida cheklandi. Hatto, Shimoliy Koreyada valyutani erkin ayirboshlash mumkin emasdi.

Ko‘p o‘tmay Kim Ir Sen tanlagan ma’muriy buyruqbozlikka asoslangan iqtisodiy tizimi va “Chuchxe” tartibi falokatli bo‘lib chiqdi. Mamlakatda tez-tez ocharchilik yuz bera boshladi. Bu shuni ko‘rsatdiki, Shimoliy Koreya nafaqat sanoat ishlab chiqarishda oyoqqa tura olmagan, balki qishloq xo‘jaligida butkul tanazzulga yuz tutgan.

Aholisi qashshoqlikda kun kechirayotgan bir pallada Shimoliy Koreya harbiy sanoatga urg‘u berdi. 2010-yilda hokimiyatga Kim Chen In kelgach, mamlakat yadro qurolini ishlab chiqarishga katta e’tibor qaratdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Shimoliy Koreyada odamlar oyiga o‘rtacha 100 AQSh dollari miqdorida maosh oladi.

Kim Ir Sen, Kim Chen Ir va Kim Chen In davrida ham tizimni isloh qilishga yoki xususiy mulkchilik, bozorlar va xususiy shartnomalarga ruxsat berishga yoxud iqtisodiy va siyosiy institutlarni o‘zgartirishga xohish bo‘lmadi. Diktatura, siyosiy biqiqlik, repressiv tuzum innovatsion va texnologik yangiliklar yo‘liga katta to‘siq bo‘lib kelmoqda. Shu bois, bugungi kunda Shimoliy Koreya aholisi janubdagi qarindoshlariga qaraganda ancha faqir hayot kechirishmoqda. Mamlakatda esa hali ham turg‘unlik davom etib kelmoqda.

Janubiy Koreya qanday qilib farovonlikka erishdi?

Janubiy Koreya davlat boshqaruviga Garvard va Prinston universitetida ta’lim olgan, kommunizmni xushlamaydigan Li Sing Man keldi. U 1948-yilda prezident etib saylandi. Uning rahbarlik davrida (1948-1965) AQShning qo‘llab-quvvatlashi bilan mamlakatda iqtisodiy va siyosiy institutlar shakllantirildi. 1950-yilda Koreya urushidan so‘ng kommunizm janubga ham ildiz ota boshladi. Bu vaqtda janubda hali demokratiya yo‘q edi. Li Sing Man avtokratik boshqaruv orqali kommunizmga qarshi kurashdi. Undan keyingi iqtidorga kelgan general Pak Chon Hi ham tarixda avtoritar rahbar sifatida nom qoldirdi. Bu ikki avtokrat rahbar xususiy mulkni himoya qiladigan bozor iqtisodiyoti tamoyillariga tayandi. 1961-yildan boshlab general Pak Chon Hi davlatning qudratini jadal suratda oshirish maqsadida, kredit va subsidiyalarni muvaffaqiyatli biznes yuritgan firmalarga yo‘naltirdi.

Janubiy Koreyada mavjud iqtisodiy tartiblar investitsiya va savdo-sotiqni rag‘batlantirdi. Janubiy Koreya asosan ta’limga investitsiya kiritdi, natijada maktab ta’limi va savodxonlikda yuqori ko‘rsatkichlarga erishdi. Buning samarasi o‘laroq sifatli kadrlar yetishib chiqa boshladi. Shuningdek, Janubiy Koreya investitsiya, sanoatlashtirish, eksport va zamonaviy texnologiyalarni joriy qilishda jadal ish olib bordi.

XX asrning 60–70 yillarda Janubiy Koreya tez taraqqiy etdi. Mamlakatda "Daewoo". "Samsung", "Hyundai", "GoldStar" kabi jahondagi brend kompaniyalar vujudga keldi. Kemasozlik, avtomobilsozlik, elektronika va boshqa sohalar tez rivojlandi. Qisqa vaqt ichida Janubiy Koreya Sharqiy Osiyoning «iqtisodiy mo‘jiza»laridan va dunyoning eng jadal rivojlanayotgan davlatlaridan biriga aylandi.

Bugungi kunga kelib, Janubiy koreyaliklarning turmush darajasi Portugaliya va Ispaniyadagi ko‘rsatkichlar bilan bir xil. Janubiy Koreyada o‘rtacha oylik maosh 3 ming AQSh dollarini tashkil qiladi.

Shimolda esa xalqning turmush darajasi tropik Afrikadagi aholining yashash sharoitiga yaqin. Ya’ni Shimoliy Koreya aholisining turmush darajasi janubdagi qarindoshlariga qaraganda o‘n barobar past. Shimoliy Koreyada sog‘liqni saqlash o‘ta abgor holatga kelgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Shimoliy koreyalik Janubiy koreyalikdan 10 yil kamroq umr ko‘radi.

Yuqoridagi surat Shimoliy va Janubiy Koreya o‘rtasidagi farqni jonli tarzda ko‘rishingiz mumkin. Ikki davlatdagi yoritish darajasi keskin farq qiladi.

O‘tgan asrning oxiriga kelib, atiga yarim asr ichida Janubiy Koreyadagi yuksalish va Shimoliy Koreyadagi turg‘unlik bir vaqtlar yagona davlat bo‘lgan o‘lkaning ikkala qismi o‘rtasida "yer bilan osmonchalik" farqni vujudga keltirdi.

Keling, Shimoliy Koreya va Janubiy Koreya yoshlarini solishtirib ko‘ramiz. Ular hayotdan nimalarni kutishlari mumkin?

Shimoldagilar qashshoqlikda, tadbirkorlarga xos tashabbuskorlik, kreativlik mavjud bo‘lmagan sharoitda yoki malakali kasbga tayyorlaydigan talab darajasidagi ta’lim ko‘rmasdan o‘sadi. Ularga maktabda beriladigan bilimlarning aksariyati mavjud tuzumni legitimligini mustahkamlashga qaratilgan ochiq tadbirlardan iborat. Shimoliy Koreya maktabida ta’lim oladigan bola kompyuter nima ekanligini bilsa katta gap. Hatto, ularda kitob ham yetarlicha emas. Maktabni tamomlagan bola 10 yil davomida armiyada xizmat qilishi kerak. Shimoliy koreyalik yoshlar o‘zlarida xususiy mulk bo‘lmasligini, biznes bilan shug‘ullana olmasliklarini va farovon hayotga erisha olmasliklarini bilishadi.

Janubiy Koreyada esa holat butunlay boshqa. Janubiy koreyalik yoshlar sifatli ta’lim oladi, ular mehnat qilishga va o‘zlari tanlagan kasb bo‘yicha yetuk mutaxassis bo‘lishga undovchi rag‘batlarga ro‘baro‘ bo‘ladi. Janubiy koreyalik o‘smirlar tadbirkor yoki ishchi sifatida faoliyat yuritsa, o‘z mehnatlari va urinishlari mevasidan qachondir bahramand bo‘lishlariga ishonishadi.

Xulosa qiladigan bo‘lsak, Shimoliy Koreyadagi millionlab insonlarni ochlikka mahkum qilgan iqtisodiy halokat janubdagi iqtisodiy taraqqiyot bilan solishtirganda favqulodda hodisa. Bir so‘z bilan aytganda, Shimoliy Koreya va Janubiy Koreyadagi holatni "geografik omil nazariya"si izohlay olmaydi. Ya’ni, davlatlarning boy va kambag‘al bo‘lishiga geografik joylashuv sabab emas.


Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati: Daron Ajemug‘li va Jeyms Robinson "Mamlakatlar tanazzuli sabablari".

Sardor Ali

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring