Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Mute xalq o‘zligini chapak chalish orqali niqoblaydi». Senat saboqlari

«Mute xalq o‘zligini chapak chalish orqali niqoblaydi». Senat saboqlari

Foto: Prezident matbuot xizmati

Turli zamon va makonlarning ham o‘ziga yarasha katta-kichik muammolari bo‘ladi. Uni yechish, unga javob izlash uchun yetuk salohiyatga, aql-u idrok va tajribaga ega bo‘lgan liderlar zarur, albatta. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat a’zolari ana shunday intellektual jamoa bo‘lishiga ishonch hosil qilishimiz uchun, albatta, natijalar ko‘zga tashlanishi kerak.

Prezidentimiz Oliy Majlis Qonunchilik palatasi birinchi yig‘ilishida hamda Senatning birinchi yalpi majlisida kelajakda qanday ish tutish va qanday bo‘lishimiz borasida ibratomiz fikrlarni, keskin tanqid va achchiq haqiqatga amal qilgan holda, e’tirof etdi. Bu aslida, mamlakatimiz ravnaqi va xalqimizning farovonligi, oldimizda turgan ulug‘ maqsadlarning ro‘yobi bilan daxldor masaladir.

Avlodlar qalbiga ajdodlar tabiatiga xos qadrulabad tuyg‘ularni singdirish muammoga yechim bo‘lishini Prezident chuqur his etadi. Vatan tuyg‘usi, oila qayg‘usi faoliyatda bo‘lgan, fuqarolik burchini anglagan, yurt qismatiga daxldorlik hissi bor bo‘lgan insonlarga xos. Prezident Senatning birinchi yalpi majlisida o‘zligimizga, teran tariximizga harakatimizga doir jiddiy muammolar haqida ham so‘z yuritdi: «Bobur 12 ming kishilik askarlari bilan 100 ming kishilik qo‘shinni qanday qilib yenggan? Shunchaki bunday g‘alaba qilib bo‘lmasdi, askarlarning vatanparvarligi yuqori bo‘lgan. Bugun quyi palatada ham Boburni esladim, oxirgi paytlar ajdodlarimizning tarixi haqida ko‘p o‘qiyapman».

O‘z tariximizni, o‘zligimizni bildirish o‘rniga sobiq ittifoq paytida ta’lim tizimida bizga yod bo‘lgan ta’lim berilgani borasida kuyunchaklik bilan so‘zlaydi: «Bizga esa sovet davrida Pushkin, Lermontovning bobolarining xoki qayerda to‘kilganini o‘qitganlar, xolos. Alisher Navoiy yoki Boburlarni o‘qitishmagan».

Millatni ma’naviyatidan, tilidan, adabiy merosidan uzoqlashtirish uni yo‘qotishga qaratilgan harakatdan boshqa narsa emas. Boburning g‘alabalarida uning ilmi balog‘a, xatoba san’ati, ya’ni voizlik mahoratining ahamiyati ham katta bo‘lgan. Jangovarlikka chorlovchi harbiy voizlikning o‘rni bo‘lakcha bo‘lganini, vatanparvarlikka da’vatni Bobur nomi bilan bog‘liq rivoyatlar ham tasdiqlaydi.

«Mashqda qancha ko‘p ter to‘ksang, jangda shu qadar kam qon to‘kasan» – degan mashhur aqidani rus harbiy sarkardasi Suvorov nomi bilan bog‘lab aytib yuramiz. Vaholanki, sohibqiron Amir Temur taktikasida u sinashta hol bo‘lgan. Bu aslida, o‘z tariximizni chuqur bilmaganimizdan, jur’at va jasorat bilan buni e’tirof eta olmaganimizdandir. Unday desak, nima bo‘larkan, bunday desak, nima bo‘larkan, qabilida hadik va qo‘rquv bilan yashadik, bolalarni ham shunga chog‘ladik. Buning boisi mana, Prezident ta’kidlovida aks etdi: «Yoki shuncha yil harbiy maktablarimiz Suvorov nomida bo‘lgan. Birorta odam aytmaganki, mustaqil bo‘lganimizga necha yil bo‘ldi, nega maktab nomi Suvorov bo‘lishi kerak, deb. Biz Suvorov maktablarini Temurbeklar maktabiga o‘zgartirdik».

O‘z fikrini ravon va emin-erkin ayta olmaslik, voizlik madaniyati va mahoratini chuqur egallamaganimizning oqibati bu. «Qo‘y, yaxshisi, jim o‘tiray, tag‘in qovun tushirib qo‘ymay, so‘zga chechanmasligimni hamma biladiku, «och qornim – tinch qulog‘im» qabilida ish tutdik. Natijada sukut bizni ko‘r-ko‘rona mutelik bandiga bog‘lab qo‘ydi. Sukut ham zarur o‘z o‘rnida, albatta. Lekin sukut oqilning javobi, johilning niqobi ekanini ham unutmaslik kerak.

O‘zining qat’iy fikri va pirovard maqsadi bo‘lmasa, odam tabiatida mutelik, ergashuvchanlik bo‘ladi. U o‘zini, o‘zligini chapak chalish orqali niqoblaydi. Senatning birinchi yalpi majlisida Shavkat Mirziyoyev «30 yilda chiroyli qarsak chalishni o‘rganganmiz» deyishida ham ana shu mantiq bor. Mahalliy kengashlar qanchalik kuchli bo‘lsa, albatta, Senat ham shunchalik kuchli bo‘lishini alohida ta’kidlashida umid ruhi bor.

Tashabbuskorlik umidning, tashkilotchilik esa ishonchning mayog‘i. Buning uchun voqelikni tahlil qilish, o‘ziga tanqidiy nazar bilan qarab, o‘zini taftish qila olishning xosiyati katta. Yuqorida olqish va qarsaklar bo‘lgani bilan quyidagi ahvolni yaxshilash murakkabligini davlat rahbari kuyunchaklik bilan gapirdi: «Lekin pastda na tizim bor, na nazorat bor, hamma narsa eski tos, eski hammom. Ana shu narsa yo‘qligi uchun bizda ko‘p narsalar «kaltak» bilan, selektor bilan bo‘lyapti. Selektor bilan, «kaltak», baqir-chaqir bilan bo‘lgan narsa – vaqtinchalik, u doimiy emas».

Darhaqiqat, «kaltak», «baqir-chaqir», selektorlar natija va samara bermasligi tayin. Aksincha, u ma’naviy mezonlarga zid bo‘libgina qolmasdan, balki madaniyatsizlikning nish urishiga ham sabab bo‘ladi. Bu esa muloqotning kaliti nutq bilan, muomalaning kaliti xulq bilan ekanligini yana bir yodga solish kerakligini anglatadi. Vaholanki, nutqiy va xulqiy madaniyatga ega bo‘lmagan inson komil, avlod esa barkamol bo‘la olmasligi aniq.

«Beayb parvardigor» deb o‘zimizni ovutamiz. Bu xato qilsak bo‘laveradi degani emas, albatta. Gap xato qilishda emas, balki uni tuzatishga kirishmaslikda. Tangri taolo kechirimli bandalarni xush ko‘radi mazmunidagi hadisnamo o‘gitni ham bilamiz. Ikkita insonning qandaydir kelishmovchiligi bois bir-birining dilini og‘ritishi va kechirim so‘rashlari boshqa gap. El-yurtning manfaati, xalqning ishonchi, mamlakat ravnaqi yo‘lida mas’ul rahbarlar yo‘l qo‘ygan xatoni kechirish qanday bo‘larkan? Bir marta kechirishdi, yana kechirishadi degan o‘y eng xavfli tuyg‘u bo‘lib, u mas’uliyatsizlik va loqaydlikning urchishiga, befarqlikning ildiz otishiga sabab bo‘ladi. 

Buyuk notiq Mark Tulliy Sitseron «Inson erkin bo‘lishi kerak, erkin bo‘lishi uchun u qonunning quli bo‘lishi kerak», – deb yozgandi o‘z traktatlaridan birida. Bunda qonunni muqaddas tutish, unga hurmat va albatta, uni so‘zsiz ijro etish talabi borligini, demokratik tamoyillar mavjudligini sezish qiyin emas. Qonun oldida hamma bab-baravar teng ekan, mas’ullar, ya’ni qonunni ishlab chiqaruvchi va ma’qullovchi tizimlar esa ikki baravar javobgar bo‘lishi taqozo etiladi. Shunday masalalar, vazifalar borki, bunga xalqimizning «egilgan boshni qilich kesmaydi» degan naqlini ro‘kach qilib bo‘lmaydi.

Kechirish va kechirmaslik ona yurtimiz va xalqimiz roziligi, farovonligi bilan bog‘liq ekan, bu o‘ta jiddiy masala. Bu qat’iylikni, prinsipiallikni taqozo etishini Prezident o‘z nutqida aniq va keskin ifoda etdi. «Endi kechirim bilan ish bitmaydi, qonun oldida javob berish kerak!» Mana, boshqaruv tizimi hamda rahbarlik faoliyatining bosh mezoni. Chunki, hamma narsaga chidashi mumkin bo‘lgan, lekin adolatsizlikka chiday olmaydigan xalqimizning orzu-istagi, roziligi ham ana shu talab va ijro bilan bog‘liq, aslida.

Xalqning noroziligiga, ba’zan sarson-sargardon bo‘lishiga bois bo‘luvchi illat bu poraxo‘rlik ekani hech kimga sir emas. Prezident bu masalada ham jiddiy va amaliy harakatga o‘tdi: «Bosh prokurorga uchta yo‘nalishda – qurilish, tibbiyot va oliy ta’lim sohasida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha qattiq topshiriq berganman. Senatorlar ham korrupsiya qarshi kurashishda jiddiy nazorat olib borishi kerak. Chunki korrupsiya xalqning g‘azabini keltiryapti».

O‘zbekchilikda iltimosga rad javobini berish noqulaydek tuyulishi mumkin. Lekin bu o‘z hayotimizni va shaxs sifatida o‘zimizni rivojlantirishimizning hamda o‘zimizni hurmat qilishimizning asosiy belgisi ekanini anglash zarur. Asosiysi, vaqtida sukut saqlash yoki rad etishni bilish va amal qilish o‘sha onda noqulay bo‘lsa ham, keyinchalik keng imkoniyatlar eshigini ochadi. Iymonning ozig‘i, bandaning yozig‘i ham shu bilan emasmi, asli. Ko‘pincha odamlar bizga ta’sir o‘tkazishadi, har bir kishi o‘ziga foyda kelishini ko‘zlab ish tutadi. Bu esa odamni asosiy maqsaddan chalg‘itadi, uzoqlashtiradi. Biron insonga «yo‘q» deb javob berish normal holat. Biz hech kimga hech narsadan majbur emasligimizni nazarda tutsak, shuning o‘zi kifoya. Shundagina korrupsiyaning oldini olgan bo‘lamiz.

Toshkent Davlat Iqtisodiyot universitetidagi noxush holatlar va 65 foiz o‘qituvchilarning attestatsiyadan o‘ta olmagani davlat rahbarini g‘aablantirgani bejiz emas. Chunki, chuqur zamonaviy bilimga ega bo‘lmagan, kommunikativ kompetensiyaga, talabalarni fanga, sohasiga qiziqtira olmagan, nutqiy mahorati bo‘lmagan o‘qituvchidan nima kutish mumkin? Tarbiyalangan odam tarbiya berganidek, ta’lim olgangina ta’lim bera olishi ayni haqiqat-ku! O‘z ustida, so‘z ustida ishlashdan ko‘ra pul ishlash usullari haqida bosh qotiradigan pedagogning iymoni but bo‘larmikan.

«Tasavvur qilyapsizmi buni? Korrupsiyaga botib ketgan, bechora talabalar shuncha yil qanaqa qilib chidab o‘qigan, hayronman». Prezidentning bu e’tirozi aksariyat ta’lim muassasalarida o‘quv va tarbiya tizimining qay ahvolga tashlab qo‘yilgani haqida tasavvur uyg‘otadi.

Rektorlar borasidagi prezident e’tirozlariga e’tiroz bildirish qiyin. Chunki, pedagoglarning kommunikativ kompetensiyasiga qarab ish bermaslik, ularning layoqati, o‘z kasbiga qay darajada mehri borligini bilmaslik, xizmatiga yarasha rag‘batlantirmaslik, besamar majlisbozlik, buyruqbozlik, qog‘ozbozlik, kattalarning qosh-qovog‘iga qarab ish tutish kabi holatlar ba’zi ta’lim muassasalari rahbarlari faoliyatida ko‘zga tashlanishini yashirib bo‘lmaydi.

Shu sabab rektorlar ham talabalar va ota-onalar oldida o‘z javobini berishi kerakligi uqtirildi. «Rektorlar ham davlatdan oylik oladi-ku, axir. Shu sababli rektorlar ham mahalliy kengashlar oldida hisobdor bo‘lishi kerak, uzr bilan ish bitmaydi, qonun oldida javob berish kerak hamma. Uch yil kechirdik, yetadi. U davr o‘tdi. Endi shunchaki kechirim so‘rash bilan qutulib qolish bo‘lmaydi, qonuniy chora ko‘ramiz», – dedi prezident.

Har bir sergak inson yurtiga, yurtdoshlarga ehtiromli bo‘lsa, do‘ppini bir chekkaga qo‘yib, o‘zining ish yuritish tartibi va tarkibi haqida jiddiy o‘ylab ko‘rishi, tezlikda samara beradigan amaliy ishlarga o‘tishi kerak. Bu davr talabi, o‘zgarayotgan O‘zbekistonning taraqqiyoti taqozosi.

Prezidentning Senatdagi chiqishlari ziyraklikka, xolislikka va odillikka chorlov hamda mamlakatimiz rivojiga g‘ov bo‘luvchi illatlarga keskin, murosasiz kurashga da’vat ruhida bo‘libgina qolmay, endilikda xalq ishonchini oqlashga jazm aylagan deputat va senatorlarga ham mas’uliyat hissi va majburiyat burchini jiddiy anglatgani rost.

Bu chorlovning yolqinli olovi va yalovi ertaga prezidentimizning murojaatnomasida aks etishi, yolqinlanishi, porlashi aniq.

Rahimboy Jumaniyozov,
TIQXMMI matbuot xizmati rahbari,

Bahriddin Muqimov,
«Notiqlik san’ati akademiyasi» ta’lim muassasasi direktor o‘rinbosari

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring