Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Muhammadali Eshonqulov: «Hayotda omadsizlik ham asli omaddan» (video)

«110 metr balandlikda» loyihasining bugungi mehmoni hozirgi kunda o‘zining biznes murabbiylik faoliyati bilan mashhurlikka erishgan, 5 yoshida maktabga borgan, 15 yoshida talaba bo‘lgan Muhammadali Eshonqulov.

Quyida u bilan suhbatni e’tiboringizga havola etamiz.

Assalomu alaykum, loyihamizga tashrifingiz uchun rahmat.

– Vallaykum assalom, sizlarga ham taklif uchun rahmat.

Sizga kim eng ko‘p ruhlantirish beradi?

– Agar yaxshilab kuzatilsa, har bir insondan ruhlansa bo‘ladi. Men o‘z sohasining professionallaridan, ya’ni, bir sohani mukammal egallab, o‘sha soha uchun jonini fido qilish darajasiga kelgan, ular uchun pul ta’ma hisoblanmagan soha vakillaridan ruhlanaman. Meni ruhlantiradigan insonlar juda ko‘p, masalan otam, hayotdagi, o‘qishdagi ustozlarim, shogirdlarim.

Omadsizlikka uchragan damlaringiz ham bo‘lganmi?

– Juda ko‘p bo‘lgan. Men doim o‘zimga nimaiki muvaffaqiyatsizlik bo‘lsa, buning oxiri, albatta, yaxshi bo‘lishini yoki yaxshilikka bo‘lishini eslatib turaman. Biz yaratgandan doim o‘zimizga yoqadigan narsalarni so‘raymiz, lekin u bizga kerak narsani beradi. Yoqadimi, yo‘qmi aynan o‘sha holatdan kelib chiqib, eng foydali narsani beradi. Misol uchun, yosh bolalar kasal bo‘lib qolsa, ota-onasi ularga dori beradi, ukol ham qilishi mumkin, lekin bu bolalarga yoqmaydi. Ammo, muolajalar tugaganidan keyin ular albatta shifo topadi. Hayotimiz ham xuddi shunday. Ba’zi bir omadsizliklar keyinroq kelishi mumkin bo‘lgan muvaffaqiyatlarga tamal toshi bo‘ladi.

Qiyin vaziyatlardan qanday chiqib ketasiz?

– Agar falon joyda muvaffaqiyatsizlikka uchraganman, desam noshukrlik qilgan bo‘laman. Artur Eshli degan tennis ustasi bo‘lgan. Bir necha kunlik umri qolib, og‘ir ahvolda yotganida bir do‘sti kelib unga nima uchun millionlab odamlar turganida aynan sen kasal bo‘lding, degan savol beradi. Shunda u dunyoda 6 mlrd.dan ziyod aholi bo‘lsa, o‘shalarning 500 mln.ga yaqini tennis haqida biladi. 5 mln.ni esa hech yo‘q umrida bir marta qo‘liga raketka ushlab ko‘rgan. 500 minggi havaskor bo‘lib bo‘lsa-da, tennis o‘ynab ko‘rgan. 5 minggi jiddiy sport bilan shug‘ullangan, faqatgina 500 tasi professional tennischi bo‘lib yetishgan. Shularning 50 tasi Uimbldonga qatnashgan. Ikkitasi finalga chiqqan, o‘sha finalda men g‘olib bo‘lganman. Milliardlab insonlar ichida yagona bo‘lganimda, men xudoga nima uchun aynan men deb aytmaganman, endi mana bu kasal kelganida, bunday desam insofsizlik bo‘ladi, deb aytgan ekan. Hayotda omadsizlik ham asli omaddan.

«Biznes kvadrat women» loyihasi qanday bo‘lyapti? Tadbirkor ayollarni tarbiyalay olyapsizlarmi?

– Bu loyiha ayollar uchun maxsus. Ustozlarimiz Mehriniso Abdurazzaqova, Muxtasar Nazarova va yana bir nechta ilg‘or ayollarimiz bilan bilan boshlaganmiz. Birinchi mavsum tugadi, ikkinchi mavsumga qabul boshlandi. Bu loyiha davomida bildimki, o‘zbek ayollarining ilmga nisbatan harisligi erkaklardan 10 baravar kuchliroq ekan. Bundan quvondim. Ushbu loyiha ayollarni faqat biznesga o‘rgatmaydi, qisman o‘rgatadi, lekin asosiy maqsad ayollarning jamiyatda o‘z o‘rnini topishlari.  Ming afsuslar bo‘lsinki, ko‘p ayollar hozirda depressiyada yashayapti. Ehtimol, jamiyat ularni tushunmayapti va yoki aksincha. O‘zbek  ayolining 40 ta qo‘li, 80 ta oyog‘i bo‘ladi. Chunki hamma ishga ulgurishi kerak. Ulgurgan taqdirda ham doim rahmat eshitavermaydi. Shu uchun ko‘p oilalarda psixologik inqirozlar bo‘ladi va bu juda xunuk oqibatlar bilan tugaydi. Ushbu loyihani aynan shu sababdan boshladik. Bu loyihani ayollarni ham nazokatli, ham latofatli, ham ishchan, har taraflama mukammal imijini shakllantirish uchun tashkil qilganmiz.

  Bir intervyuda dunyoda yetimxonalar, qariyalar uylari qolmasligini istashingizni va buning uchun inson avvalo o‘zini o‘zgartirishi kerakligini aytgansiz. «Yuksalish»da o‘quvchilarni shu tomonlama ham tarbiya qilasizlarmi? Mana shu ezgu niyatingiz sari boryapman deb o‘ylaysizmi?

 – Yaqinda Jizzaxga borganda «Mehribonlik uyi» yozuvining o‘rnida «Mening baxtli uyim» degan yozuvni ko‘rib xursand bo‘lib ketdim.

Juda ham xohlayman yetimlar bo‘lmasligini, qariyalar uyi bo‘lmasligini. Oilaviy muhitlarni yaxshilash orqali jamiyatda ajrashayotgan oilalar kamayadi. O‘zbekistonning markaziy shaharlarida o‘rtacha har beshta oilaning bittasi ajrashgan. Buning oqibatida otasi, onasi bor, lekin yetimlar ko‘payadi. Balki bu narsa hozir bilinmas, ammo vaqti kelib jamiyatga aks ta’sirini o‘tkazmay qo‘ymaydi. «Yuksalish» loyihasini aynan shu sababdan ishlab chiqdik. Oilaviy muhitni kattalar orqali bo‘lmasa, bolalar orqali o‘zgartirish uchun. Bolalar orqali oilalardagi muloqotlarni tiklayapmiz. Hozirgi kunda ko‘p otalar 1 sutkada bolalariga 12 daqiqa, onalar esa 30 daqiqa vaqt ajratar ekan. Bu dahshatli darajada kam.

Kam uxlash kerakligini ko‘p ta’kidlaysiz. O‘zingiz doim mana shu tartibni saqlab turasizmi? Bugun yakshanba biroz ko‘p uxlab olaman, degan fikr hech bo‘lganmi?

– Iloji boricha bu tartibni buzmaslikka harakat qilaman, lekin doimiy ravishda kam uxlash inson sog‘lig‘iga zarar berishi mumkin. Shu uchun sharoitdan kelib chiqib har bir inson 4-7 soat uxlagani ma’qul. Agar jamiyatga uxlaganidan ko‘ra uyg‘oqligi ko‘proq foyda keltiradigan insonlar bo‘lsa kamroq uxlagani yaxshi. Juda ko‘p prezidentlar haqida eshitganman. To‘rt soatdan ko‘p uxlashmaydi.

Kelajakda sizga havas qilib «men ham Muhammadali Eshonqulov bo‘laman» deydigan yoshlarga qanday maslahat berasiz? Ko‘pchilik liderlarga bu savol berilganda kitob o‘qishni maslahat beradi. Lekin aynan qanday mavzudagi kitob o‘qishlarini aytishmaydi.

– Hozirgi kundagi yoshlar aslida 15 yoshigacha jahon tan olgan 500 ta kitobni o‘qib chiqishi kerak. Lekin, ming afsuski, zamondoshlarimiz, jumladan biz ham juda kam kitob o‘qiyapmiz. Insonlar kitob o‘qishlari, ilm olishlari va o‘zlarida chiroyli xulqni shakllantira olishlari kerak.

Yoshlar ishlari agentligi rahbari Alisher Sa’dullayev taklifi bilan «Kutubxonachi» degan loyihani boshladik. Birgalikda maslahatlashib yoshlar o‘qishi kerak bo‘lgan 100 ta kitob ro‘yxatini tuzib chiqdik. Bu loyihada shaxsiy rivojlanish, tarbiyaviy ahamiyatga ega kitoblar, biznesga oid, huquqga oid kitoblar bor. Mana shu 4 ta yo‘nalishda o‘rtacha 20-25 tadan, jami 100 tadan ziyod kitob bor.

Maktabda qanday sifatlaringiz bilan boshqacha bo‘lganman, deb o‘ylaysiz? Iqtidorli bolalar maktabiga necha yoshingizda o‘tgansiz?

– 6-sinfda iqtidorli bolalar maktabiga o‘tganman. Men shunchaki qiziquvchan inson bo‘lganman. Nimagadir qiziqdimmi, oxirigacha qidirib topmagunimcha qo‘ymaganman. Inson bir narsaga yopishdimi yo o‘sha narsani uzib olishi kerak, yo o‘sha joyda qo‘li qolib ketishi kerak.

Hozir erishgan maqsadlaringizni rejalashtirishingizga nima turtki bo‘lgan?

– Og‘riq turtki bo‘lgan. Jamiyatdagi ko‘p dardlar turtki bo‘lgan. O‘shalarni o‘ylab siqilganmiz. Otasi ketganida xursand bo‘lib, ichib kelsa qo‘rquvdan ko‘zlari yig‘iga to‘ladigan yoshlarni ko‘rib mana shularga ozgina bo‘lsa-da malham bo‘la olarkanmizmi, deb o‘ylaganmiz. Shu sababdan «Yuksalish» loyihasiga asos solganmiz.

  Yaqinda PubG o‘yini haqida gapirdingiz, hozir bu kabi o‘yinlar ko‘paygan, ayniqsa, 1 Xbet. Bunday o‘yinlardan chiqa olmay qolganlar qolaversa, bu o‘yinni o‘ynab oilasini boqayotganlar ham bor ekan. Shu kabi insonlarga qanday maslahat berasiz, yaqinlariga-chi?

– Kimningdir yutqazishi evaziga kimdir yutadi. Bu bilan ehtimol bir yil oilani boqish mumkin. Lekin, uning to‘lovi juda ham qattiq bo‘ladi. Odamda bir kasb bo‘lishi kerak. Oila – muqaddas dargoh. U yerga kir-chir kirilmaydi, axlat tashilmaydi. U dargohga eng sara, eng toza narsalar olib kiriladi. Inson hayotida plyus, ayiruv, ko‘paytiruv, bo‘luvlarni hisoblab yuradi. Lekin eng muhimini, barobarni unutib qo‘yadi.

Ko‘p xizmat safarlarida bo‘lasiz, undan tashqari o‘quv markazlari, shogirdlaringiz, umuman, bu kabi ishlar bilan band bo‘lib oilangizga kam vaqt ajratib qolmayapsizmi?

– Baxtli inson uydan ishga, ishdan uyga shoshgan inson, deyiladi. Imkon bo‘lsa, ko‘proq vaqtimni oilamga sarflashga harakat qilaman.

 – Siz uchun oilada ayol kishining o‘rni? Oiladagi ayol kim o‘zi?

– Ayol kishiga yelkadosh, do‘st, suyanchiq sifatida qarashlarini istardim. Juda ko‘p erkaklar sir boy berib qo‘ymay deb ichidagi dardini aytmaydi, sirini aytmaydi. Ehtimol ular haqdir. Lekin, yashiriladigan sirlar bo‘ladi, yashirilmaydigani bo‘ladi. Baxt kelganda uni bo‘lishsangiz ikki baravar ko‘payadi. Dard kelganida tushunadigan inson bilan bo‘lishsangiz ikki baravar yengillashadi. Bular uchun eng haqli insonlar ota-ona, har kimning o‘z jufti, deb hisoblayman. Salohiyatlari bo‘lsa doim kengashib turishlarini, ayollarini aynan universitetda bo‘lmasa ham o‘qitishlarini, ilm olishlari uchun sharoit yaratib berishlarini tavsiya qilaman. Ustozimizning o‘g‘lingni o‘qitibsan o‘zingga yaxshilik qilibsan, qizingni o‘qitibsan ummatga yaxshilik qilibsan, degan gaplari bor. Shu uchun ularni har taraflama o‘sishlariga imkon yaratib berishimiz kerak.

Axborot texnologiyalari sohasidagi rivojlanishga qanday qaraysiz?

– Bu muqarrar rivojlanish. Butun dunyo 5Gga qarab boryapti. Kim o‘z biznesini, o‘z ishini bu soha bilan bog‘lay olmas ekan, ming afsuslar bilan aytaman, sekin-asta u sohadan chiqishga majbur bo‘lib qolish ehtimoli bor.

 – Samimiy suhbatingiz uchun katta rahmat! 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring