Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mas’uliyat… faqat Samarqand hokimligi va Adliya vazirligiga kerakmi?

Mas’uliyat… faqat Samarqand hokimligi va Adliya vazirligiga kerakmi?

Shu yil 23-fevral kuni O‘zbekiston milliy axborot agentligi rasmiy veb-saytida G‘ayrat Shirinovning «Ishonch telefonlari nomigagina ishlayotgan vazirlik va hokimliklar» sarlavhali tahliliy-tanqidiy maqolasi e’lon qilingan edi.

Unda respublika va mahalliy davlat hokimiyat idoralarida tashkil etilgan «Ishonch telefonlari» qay darajada ishlayotgani yoki ishlamayotgani, odamlarning arzu dodi, kerak bo‘lsa, taklifu mulohazalarini qay tariqa qabul qilayotgani yoki qilmayotgani o‘rganiladi.

«www.gov.uz» saytidagi ma’lumotlar bazasidan foydalanib, qo‘ng‘iroq qilgan muxbir faqatgina Madaniyat va Qurilish vazirliklari, Markaziy bank ishonch telefonlariga tusha oladi. Alohida mas’ul xodim biriktirilgani va fuqarolar murojaatlarini xushmuomalalik bilan qabul qilayotganini qayd etadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahri, Andijon viloyati, Buxoro viloyati, Jizzax viloyati, Qashqadaryo viloyati, Navoiy viloyati Surxondaryo viloyati Sirdaryo viloyati, Toshkent viloyati, Farg‘ona viloyati ishonch telefonlari ishlamayotgani, doim bandligi, hatto tarmoqda yo‘qligi va noto‘g‘ri raqamligi fosh etiladi.

Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirliklari ishonch telefonlari ham nomiga tashkil etilib, ular bilan aloqaga kirisha olmagani tanqid qilinadi.

Afsuski, Samarqand viloyati hokimligi va Adliya vazirligidan boshqa yuqorida nomlari ko‘rsatilgan boshqa mutasaddi tashkilotlar maqolaga nisbatan hech qanday munosabat ham bildirmagan.

Balki shanba va yakshanba kunlari dam olish kunlari, deb ehtimol rasmiy munosabat bildirishga oshiqishmayotgandir. Balki matbuot kotiblarining e’tibori maqolaga tushmagandir. Balki ishonch telefonlari haqiqatda ishlamayotgandiru, uni ishga tushirib keyin yuzlarini yorug‘ qilib olishmoqchidirlar... har holda, shubhali uylar ko‘p, ammo javob yo‘q.

Respublikaning bosh rasmiy agentligiga munosabat shunchalik sovuq bo‘lgach, qolgan ommaviy axborot vositasiga diqqatni o‘zingiz tasavvur qilib olavering.

Telefon raqamlari o‘zgargan ekan

«O‘zA» jurnalisti «Samarqand viloyati hokimligining +99866 231-11-25 raqamli «Ishonch telefoni» bilan bog‘lanish imkonsiz bo‘lib chiqdi» deb yozadi. 

Samarqand viloyati hokimligi Axborot xizmati rahbari M.Mirzayev esa bunga ma’lum soatlar o‘tgach, darhol javob qaytaradi: «Samarqand viloyati hokimligining +99866 231-11-25 raqamli «Ishonch telefoni» o‘zgargan. Ya’ni, 0 (366) 230-47-77 (1177 qisqa raqamli) ishonch telefoni orqali murojaatlar qabul qilinmoqda. Bu haqda hokimlikning samarkand.uz saytida ham ma’lum qilingan. Saytda bu haqdagi ma’lumotda «sutkada 24 soat, haftada 7 kun ishlaydi».

Muxbir hukumatning yagona portali manbasidan foydalangan. Balki unga yangi o‘zgartirishlar kiritishga hali ulgurishmagandir. Ammo E.Turdimov rahbarligidagi viloyat hokimligi matbuot xizmatining oshig‘ich munosabati zamonaviy talablarga to‘la mos keladi va tahsinga loyiq.

Adliya odil javob qaytardi

Maqoladagi «O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining 10-08 qisqa raqamidan «blogadarim za terpeniye» degan jumladan boshqa ma’lumot ololmadik. Kutish navbatimiz kelgunicha 27 daqiqa vaqt uvol ketdi... keyin aloqa o‘z-o‘zidan uzildi», degan fikriga vazirlik o‘sha kuni rasmiy munosabat beradi:

«Adliya vazirligida 2018-yilda jismoniy va yuridik shaxslardan «Ishonch telefoni»ga kelib tushayotgan murojaatlarni markazlashgan holda qabul qilish maqsadida 1 008 qisqa raqamli «Call center» xizmati tashkil qilindi. «Call center» ko‘p kanalli bo‘lib, u orqali o‘zbek va rus tillarida xalqimizga xizmat ko‘rsatib kelinmoqda.  «Call center» tashkil etilgan davrdan buyon fuqarolardan va chet el fuqarolaridan, investorlardan ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda. 

«Call center»ga tushayotgan murojaatlar haftaning dushanba kunidan juma kunigacha (bayram kunlaridan tashqari) soat 09.00 dan 13.00 gacha va 14.00 dan 18.00 gacha qabul qilinadi. O‘zbekiston Milliy axborot agentligining saytida «Ishonch telefonlari nomigagina ishlayotgan vazirlik va hokimliklar» sarlavhali maqolasida «O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining 1008 qisqa raqamli «Ishonch telefoni» faoliyati yuzasidan e’tirozlar bildirildi. 

Joriy yilning 18 fevral kuni Adliya vazirligining «Ishonch telefonii»ga jami 4.082 ta murojaat kelib tushgan. Mazkur murojaatlarning 3.264 tasi belgilangan tartibda qabul qilinib, «Call center»ga biriktirilgan mas’ul xodimlar tomonidan real vaqt rejimida tushuntirishlar berilgan.

Agentlik muxbiri tomonidan (71) 233-36-30 raqami orqali Adliya vazirligining «Ishonch telefoni»ga qo‘ng‘iroq qilinganda, ishonch telefoniga ma’sul bo‘lgan xodim tomonidan boshqa fuqaroning murojaati qabul qilinayotgani hamda unga murojaati yuzasidan huquqiy tushuntirish berilayotgani ma’lum bo‘ldi.

Bundan tashqari, vazirlik binosida ta’mirlash ishlari olib borilayotgani sababli fuqarolarning «Ishonch telefoni»ga bog‘lanishida uzilishlar yuzaga kelmoqda. Shu sababli, O‘zbekiston Milliy axborot agentligining mas’ul xodimi vazirlik «Ishonch telefoni»ga bog‘lanishda qiyinchilikka duch kelgan.

Hozirgi kunda «Ishonch telefoni»ga fuqarolar tomonidan bo‘layotgan murojaatlarning keskin oshayotgani munosabati bilan Adliya vazirligi tomonidan barcha qo‘ng‘iroqlarga javob berish uchun texnik tomonlama imkoniyatlarni yanada yaxshilash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda».

Ko‘rinib turibdiki, muxbir noto‘g‘ri yozmagan. U qo‘ng‘iroq qilgan vaqtda ma’sul xodim boshqa fuqaroning murojaati qabul qilinayotgan bo‘lgan. Buni Adliya vazirligi aniqlab, maqolaga tushuntirib bermoqda.

Vazirlik binosida ta’mirlash ishlari olib borilayotgani va fuqarolar tomonidan murojaatlar soni keskin oshayotgani ham muammo keltirib chiqarayotgani, u texnik jihatdan hal qilinayotgani izohlab beriladi. Albatta, bunday tezkor va xolis munosabat vazirning shaxsan nazorati ostida bo‘lganiga aslo shubha yo‘q. Tabiiyki, bunday o‘zaro tushunish va hamjihatlikda hamda mas’uliyat bilan ishlash mutasaddilarga nisbatan jurnalistlar va aholining hurmat uyg‘otadi.

A.Tursun, jurnalist

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring