Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Karantin davri kimlarda og‘ir kechadi?

Karantin davri kimlarda og‘ir kechadi?

Foto: Xabar.uz

Koronavirus pandemiyasi tufayli ko‘plab mamlakatlarda joriy qilingan majburiy karantin va o‘zini-o‘zi izolyasiya qilish rejimi millionlab odamlarning odatiy turmush tarzini jiddiy ravishda o‘zgartirdi.

Mutaxassislar karantinni qanday o‘tkazish, unda o‘zini tutish va nimalar qilish kerakligi haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashishdi.

Ko‘plab taniqli kishilarning xatti-harakatlarini o‘rgangan mutaxassis, shu sohada qator kitoblar muallifi Patrik Uenis karantin vaqtida odam turli xil yoqimsiz psixologik zo‘riqishlarga duch kelishi mumkinligini aytadi.

«Bu – qo‘rquv, xavotir, vahima, tushkunlik, turli fobiya va umidsizlik bo‘lishi mumkin... Bunday vaziyatda eng yaxshi harakatlar rejasi – nimaga qodirligingizni va nimalarni nazorat qila olmasligingizni aniqlay olishingizdir. Nazorat qila olmaydigan narsalarni boshqarishga urinish yanada ko‘proq muammolar tug‘diradi. Aksincha, nazorat qila olmaydigan jihatlar borligi tan olinsa, stress va qo‘rquv kamayadi», deydi Patrik Uenis.

Mutaxassislar, shuningdek, pandemiyaning davomiyligi va «biz (jamiyat) undan keyin qanaqa bo‘lishimiz» nuqtai nazaridan vujudga keladigan mavhumlikning muhim omiliga e’tibor qaratishdi.

Psixologiya bo‘yicha qator kitoblar muallifi Elis Boysning ta’kidlashicha, inson xavf ostida qolganda, unga nisbatan diqqatni jamlashga moyil bo‘lib, boshqa voqea-hodisalarga e’tibor qaratishga qiynalishadi.

«Bu moslashish (xavfga) mexanizmi, lekin u, shuningdek, inson bunday sharoitda o‘z ishini 100 foiz bajara olmasligi sababli umidsizlikni kuchaytirishi mumkin», deydi Boyc.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday kunlarda insonga ilgari quvonch va zavq keltirgan narsalar ham muammolar tug‘dirishi mumkin.

Boyc karantin stressidan omon qolishga yordam beradigan ba’zi maslahatlarni beradi:

O‘zingizdan kutganlaringizni kamaytiring, telefon va internet oriali boshqalar bilan ko‘proq muloqot qiling, bolalaringiz bo‘lsa – ular bilan tez-tez o‘ynang, ijodiy ishlar qiling, jismoniy faollikni saqlab qolishga harakat qiling.

Mutaxassis vaziyatdan tushkunlikka tushmaslikka va keskinlashtirmaslikka chaqiradi, chunki insonlar yangi tahdidlarga va voqelikka moslasha olishadi.

Patrik Uenisning ta’kidlashicha, yolg‘izlik va umuman stressga bardosh berish har bir kishi uchun har xil kechadi. «Uch kun ichida esni yo‘qotish yoki qo‘rquv va xavotirga tushib qolishingizni keltirib chiqaradigan hech qanday matematik formula yo‘q. Bularning barchasi odamning o‘ziga bog‘liq: introvert (shovqin va jamoat orasida bo‘lishni istamaydiganlar) – boshqalar bilan kamroq muloqotni istaydi, ekstrovert esa bunga ko‘proq ehtiyoj sezadi, shuning uchun o‘zini izolyasiya qilish unga ko‘proq ta’sir qiladi», deydi mutaxassis.

Unga ko‘ra, shundoq ham kichik ijtimoiy doiraga ega bo‘lgan keksa odamlar uchun bu qiyin bo‘ladi. «Keksalarga bu qiyin, chunki ular ushbu kasallikka ko‘proq duchor bo‘lishlari mumkinligini va bu og‘ir kechishini bilishadi. Shu jihatdan ularda qo‘shimcha xavotirlar paydo bo‘ladi», deydi Uenis.

Boshqa tomondan, oilalilarga karantin davri va izolyasiya jarayonini o‘tkazish osonroq. «Ular bir-birlari bilan muloqatda bo‘lishlari, bag‘riga bosishlari mumkin  – bu aqliy va hissiy salomatlik uchun juda muhimdir. Bu insonda tinchlantiradigan va o‘zgalar bilan munosabatlarni yaxshilaydigan oksitotsin gormoni ajralib chiqishiga sabab bo‘ladi. Biz uni «sevgi gormoni» deb ataymiz, – qayd etadi ekspert.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yolg‘iz insonlar uchun uy hayvonlari o‘z-o‘zini izolyasiya qilish jarayonidan omon chiqishga yordam beradi. «Uy hayvonlari bilan o‘ynashingiz, uni erkalashingiz mumkin. Bu yolg‘izlikni davolash uchun yaxshi vosita», deydi Uenis.

Uenis karantin va izolyasiya holatida insonlar ijtimoiy tarmoqlar, OAV, hatto, shifokor va amaldorlar so‘zlariga qattiq ishonmasliklarini maslahat beradi, bu ba’zida yanada ko‘proq tashvish va qo‘rquvni keltirib chiqarishi mumkinligini aytadi. Har qanday sharoitda ham ehtiyotkorlik va xotirjamlik saqlab qolinishi kerak.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring