Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Jamiyat islohotlari mamlakat taraqqiyoti va xalqimiz farovonligiga xizmat qiladi

Jamiyat islohotlari mamlakat taraqqiyoti va xalqimiz farovonligiga xizmat qiladi

Keyingi yillarda mamlakatimizda jamiyat va davlat hayotining barcha sohalarida amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarda fuqarolik jamiyati institutlarining roli, ahamiyati hamda ijtimoiy faolligi oshib bormoqda.

Jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini, demokratik qadriyatlarni himoya qilish, ijtimoiy, madaniy va ma’rifiy maqsadlarga erishish, fuqarolarning siyosiy madaniyati va huquqiy ongini oshirish, ularning ma’naviy va boshqa nomoddiy ehtiyojlarini qondirishda nodavlat notijorat tashkilotlari faollik ko‘rsatmoqda.

Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida “Fuqarolik jamiyati institutlari” uchun alohida bob (13-bob) ajratilib, fuqarolik jamiyatining asosi konstitutsiyaviy me’yor bilan belgilandi.

Davlat organlarining fuqarolik jamiyati institutlari bilan samarali va konstruktiv muloqot mexanizmlari yo‘lga qo‘yilib, nodavlat notijorat tashkilotlarining ehtiyojlarini tizimli tahlil qilish hamda davlat va jamiyatni yanada rivojlantirishning muhim masalalari bo‘yicha o‘zaro fikr almashish uchun maydon yaratildi.

Bir so‘z bilan aytganda, mamlakatning har tomonlama va jadal rivojlanishida fuqarolik jamiyati institutlarining roli va ahamiyatini tubdan oshirish, ularning davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari bilan hamkorligini kuchaytirish bo‘yicha tizim yaratildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yilning 26 avgust kuni qabul qilingan “Fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni bu boradagi islohotlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.

Farmonning ahamiyatli jihati shunda-ki, u bilan fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha “strategiya” tasdiqlandi, desak har taraflama to‘g‘ri bo‘ladi. Ya’ni, fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning oltita eng muhim yo‘nalishlari hamda ularning qay tartibda amalga oshirilishi belgilab berilmoqda.

Davlat va jamiyat hayotida fuqarolik jamiyati institutlari faolligini yanada oshirish hamda ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma’naviy va gumanitar sohalarni rivojlantirishda ularning salohiyatidan to‘laqonli foydalanish belgilanmoqda.

Buni nimada ko‘rishimiz mumkin?

Eng avvalo davlatimiz rahbarining “jamiyat islohotlar tashabbuskori” degan g‘oyasini alohida ta’kidlab o‘tish joiz. Mazkur g‘oyadan kelib chiqqan holda milliy davlatchiligimiz boshqaruvida tub islohotlar amalga oshirildi. Bugun jamiyat tom ma’noda islohotlar tashabbuskoriga aylandi. “Jamoatchilik ma’qul desa ma’qul, noma’qul desa nomaqul bo‘ladi” degan ezgu tashabbus davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalarida o‘z ifodasini topmoqda.

Yurtimizda qabul qilinayotgan Qonun, Farmon qaror va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar jamoatchilik bilan bamaslahat qabul qilinishi, kerak bo‘lsa “jamoatchilik ekspertizasi”dan o‘tkazish tizimi joriy qilindi. Bu o‘z navbatida qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarning birinchi navbatda xalq manfaatlariga asoslangan holda qabul qilinishiga zamin yaratadi.

Shu o‘rinda alohida ta’kidlab o‘tish joiz-ki, Farmon bilan O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi raisiga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va uning qo‘mitalari (komissiyalar) majlislarida nodavlat notijorat tashkilotlarining vakili sifatida ishtirok etish huquqi, shuningdek ijtimoiy sheriklik va jamoatchilik nazoratining ta’sirchan mexanizmlarini joriy qilish, ularni amaliyotga to‘g‘ri qo‘llash yuzasidan takliflar kiritish hamda nodavlat notijorat tashkilotlarining huquq va manfaatlarini ifoda etish vakolati berilmoqda.

Mazkur amaliyotning joriy etilishi yuqorida aytib o‘tganimizdek, jamoatchilik nazoratining maqbul shakllaridan biri - jamoatchilik ekspertizasining sohaviy yo‘nalishlar bo‘yicha amalga oshirilishi hamda davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasida o‘zaro manfaatli ijtimoiy sheriklikni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.

Jamiyat manfaatlari va aholining haqiqiy ehtiyojlarini ko‘zlagan, joylarda saqlanib qolayotgan dolzarb muammolarni hal etishga qaratilgan tashabbuslarni ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashish borasida ham qator qulayliklar belgilanmoqda.

Ya’ni, endi fuqarolik jamiyati institutlari tegishli soha va tarmoqlarda mavjud muammolarning ta’sirchan yechimini nazarda tutuvchi tashabbusli loyihalarni amalga oshirish uchun davlat ijtimoiy buyurtmasini olish to‘g‘risida manfaatdor davlat organiga takliflar kiritish huquqi ega bo‘ladi. O‘z navbatida ularning tashabbusli loyihalari belgilangan tartibga muvofiq tegishli davlat organi huzuridagi jamoatchilik kengashi tomonidan ijobiy baholangan taqdirda, uning tashabbuskoriga davlat organining budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining ming baravarigacha miqdorda to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzish yo‘li bilan ijtimoiy buyurtma berilishi mumkinligi belgilab qo‘yilmoqda.

Davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasida o‘zaro manfaatli ijtimoiy sheriklikni yanada rivojlantirish uchinchi asosiy yo‘nalish sifatida belgilanib, unga ko‘ra vazirliklar, idoralar, Qoraqaopog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan sohaviy va hududiy fuqarolik jamiyati institutlari vakillari bilan har yili kamida bir marotaba ochiq muloqotlar o‘tkazilishi, vazirlik va idoralarga har yili fuqarolik jamiyati institutlariga budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan ijtimoiy buyurtma berish bo‘yicha tanlovlar tashkil etish majburiyati yuklanmoqda.

Qayd etib o‘tish kerakki, mamlakatimizda “Kuchli davlatdan kuchli fuqarolik jamiyati sari” tamoyiliga mos holda izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.

“O‘zbekiston — 2030 strategiyasi”da ham bu masalalarga alohida e’tibor qaratilgan bo‘lib, 2030 yilgacha erishiladigan maqsadlarning samaradorlik ko‘rsatkichlarida “Ijtimoiy sheriklikda amalga oshiriladigan loyihalar sonini kamida 3 baravarga ko‘paytirish”, “Davlat dasturlarida ishtirok etayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari sonini kamida 80 taga yetkazish” ustuvor vazifalar sifatida Strategiyaning 83-maqsadida o‘z ifodasini topgan.

Farmon bilan beligilanayotgan uchinchi asosiy yo‘nalish Strategiyaning mazkur maqsad va vazifalari ijrosining o‘z muddatlarida va sifatli amalga oshirilishida mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi.

Yana bir muhim masala, fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini rivojlantirishga ko‘maklashish yo‘lida ta’sirchan jamoatchilik nazorati olib borilishini rag‘batlantirish to‘rtinchi yo‘nalish sifatida belgilanmoqda.

Tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqda-ki, dunyoda jamoatchilik nazoratidan ko‘ra samarali bo‘lgan nazorat tizimi yo‘q! Jamoatchilik nazorati bor joyda taraqqiyot bo‘ladi! Jamoatchilik nazoratidan jamiyat ham davlat ham

O‘zbekiston Respublikasining “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi Qonunning 3-moddasida “Jamoatchilik nazorati sub’yektlari” belgilangan bo‘lib, unga ko‘ra “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, shuningdek qonunchilikda belgilangan tartibda ro‘yxatga olingan nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari jamoatchilik nazorati sub’yektlaridir” deb belgilangan.

Ya’ni, har bir inson birinchi navbatda o‘zini o‘zi nazorat qiladigan bo‘lsa, undan keyin yon atrofida bo‘layotgan voqea xodisalarga befarq bo‘lmasa albatta hech qanday boshqa nazoratga ehtiyoj sezilmaydi.

Ma’lum-ki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 4 iyuldagi “Davlat organlari huzurida jamoatchilik kengashlari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3837-son qarori bilan davlat organlari huzurida jamoatchilik kengashlari tashkil qilingan bo‘lib, ularning aksariyatida Kengash raisi davlat organi vakillari edi.

Endilikda davlat organlari huzuridagi jamoatchilik kengashlari raislari fuqarolik jamiyati institutlari vakillari orasidan tasdiqlanishi, ular faoliyatining samaradorligi har yili baholanishi va natijalari e’lon qilinishi, shuningdek jamoatchilik kengashlarining faol a’zolari davlat organining budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan moddiy rag‘batlantirib borilishi belgilanmoqda.

Bundan tashqari, Farmon bilan fuqarolik jamiyati institutlarining xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalarini yo‘lga qo‘yish hamda ularning xorijdagi uyushmalari bilan hamkorligini mustahkamlash, fuqarolik jamiyati institutlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va ularga o‘z faoliyatini amalga oshirishi uchun qulay tashkiliy-huquqiy sharoitlar yaratish masalalariga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.

Har yili dekabr oyining birinchi haftasida “Fuqarolik jamiyati haftaligi”ni o‘tkazib borish, uning doirasida Oliy Majlis, Adliya vazirligida nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari bilan uchrashuv va muloqotlar o‘tkazish, fuqarolik jamiyati institutlarini rag‘batlantirish bo‘yicha tadbirlar tashkil etish, shu jumladan, “Fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun” ko‘krak nishoni bilan taqdirlash, har ikki yilda taqdirlanadigan “Fuqarolik tashabbusi” milliy mukofotini ta’sis etish, jurnalistlar o‘rtasida har yili an’anaviy o‘tkazib kelinayotgan “Oltin qalam” milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovda fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatini yoritish yo‘nalishida nominatsiya tashkil etish ham fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan tizimli qo‘llab-quvvatlashning amaliy ifodasi, desak hech ham mubolag‘a bo‘lmaydi.

Xulosa o‘rnida aytadigan bo‘lsak, jamiyat islohotlari mamlakat taraqqiyoti va xalqimiz turmush tarzini yanada yaxshilashga xizmat qiladi.

Dilmurod IZZATOV,
O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi
Toshkent shahar hududiy bo‘linmasi boshlig‘i.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring