Ispaniyalik elchi Amir Temurni qanday tasvirlagan?
«Ular fillarni ot va odamlar ketidan choptirib, har xil qiziqarli tomoshalar ko‘rsatdilar. Hammasi bir bo‘lib chopganida esa yer larzaga kelganday tuyulardi. Na ot, na boshqa biror jonivor yugurishda filga bas kelolmaydi. Kamina bularni o‘z ko‘zim bilan ko‘rib, bitta fil jangda ming odamga teng kela oladi, degan fikrga ishonch hosil qildim. Chunki u odamlar orasida yurib, jang qilganida har ikki tomonga ham zarba beradi. O‘zi yaralanganida esa orqa-oldiga qaramay, yo‘l tanlamay, tez harakat qilib, yanada shiddatliroq jang qiladi...»
Rui Gonzales de Klavixoning o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan jangga oid kuzatuvlaridan lavha edi bu. Ispaniyalik elchi Yevropada emas, balki Samarqandda bo‘lganida fillar jangiga guvoh bo‘lgandi. O‘shanda Amir Temur hazratlari saltanatining dovrug‘i Yevropada ham ma’lumu mashhur edi. Zero, sohibqiron Chingizxonning vorislari bo‘lgan mo‘g‘ul bosqinchilariga qarshi kurashib, o‘z vatanini ozod va obod o‘lkaga aylantirgandi.
Usmoniylar Yevropaga tahlika solayotgan damda u qudratli davlat rahbari darajasiga yetdi. Shu bois, Yevropadagi ko‘plab davlat hukmdorlari sohibqiron bilan harbiy, siyosiy va savdo munosabatlari o‘rnatishga intildilar. Xususan, Kastiliya qiroli Henrix III ning elchilari Payo de Satomayor hamda don Ernan Sanches Palasuelos 1402 yili Amir Temur Qorabog‘da turganida uning huzuriga kelishgandi. Kastiliya va Leon qiroli Henrix III de Trastamar (1390 – 1407) ikkinchi marotaba elchilarini Samarqandga jo‘natdi. Ular Rui Gonzales de Klavixo, Alfonso Poes de Santa Mariya, Gomes de Salazalar edi.
Henrix III yo‘llagan elchilar 1402 yili sohibqiron xoja Muhammad qozi boshchiligida Ispaniyaga yo‘llagan elchilikka javoban yuborilgandi. Xullas, uchala yevropalik xoja Muhammad qozi hamrohligida 22 may kuni O‘rta yer dengizi orqali Muqaddas Mariya forti (qa’lasi)ga, u yerdan Italiya janubi bo‘ylab Gretsiya, Rados, Kichik Osiyodan o‘tib, Konstantinopol va Trapezundga kelishdi. Keyin esa bu shaharlardan Sultoniya, Tehron, Nishopur, Balxga o‘tib, 1404 yilning 21 avgustida Amudaryo bo‘ylariga yetdilar. 22 avgustda ular Shahrisabzga, 8 sentyabrda esa Samarqand atrofidagi Bog‘i Dilkushoga kirib kelib, sohibqiron bilan uchrashish sharafiga muyassar bo‘lishdi.
Elchilarning Ispaniyadan Samarqandga kelishiga o‘n besh oy vaqt ketgan edi. «Oltin hamda zangori koshinlar bilan zeb berilgan juda keng va baland darvozadan boqqa kiriladi. Eshik oldida nayzalar bilan qurollangan posbonlar turar edi», deya yozadi o‘z kundaligida Klavixo Bog‘i dilkushoga tashrifi haqida.
Ma’lumki, Amir Temur hazratlari 1402 yilda xoja Muhammad qozini Ispaniyaga jo‘natgan va u ikki yildan so‘ng sohibqiron huzuriga yevropaliklar bilan birga qaytib kelgandi. «Temurbekning Kastiliya qiroli huzuriga yo‘llagan elchisi ham biz bilan birga edi. Ispancha kiyingan o‘z elchisini ko‘rib, vatandoshlari kulib turishardi», deydi bu haqda Klavixo.
Tabiiyki, sohibqiron saroyidagi amaldorlar xoja Muhammadni ikki yildan beri ko‘rishmagan va yevropacha kiyim kiygani ularga g‘ayritabiiy ko‘rinayotgan. Shundan so‘ng Klavixo hamda uning hamrohlari Amir Temur bilan uchrashdilar. Suhbat mavzusi esa ikkala davlat o‘rtasidagi aloqalarni kuchaytirish, savdo-sotiqni rivojlantirish xususida kechdi.
«Ulug‘ amir bolishga yonboshlagan holda shoyi to‘shakcha ustida o‘ltirardi. Podshohning egnida gulsiz silliq shohi yaktak, boshida uzun telpak, telpakning tepasida qizil yoqut, javohir va boshqa qimmatbaho toshlar qadalgan», deya Klavixo sohibqironni ko‘rgani asosida tasvirlaydi o‘z xotiralarida. Bundan tashqari, ispan elchisi Samarqandda bo‘lganida sohibqiron tomonidan o‘tkazilgan turli bazm va ziyofatlarda ishtirok etib, bu haqda ham ma’lumotlar berib o‘tadi. Jumladan, Dilkusho bog‘ida mehmonlar oldiga tortilgan dasturxon va unga qo‘yilgan go‘sht haqida shunday yozadi: «Bu yerda turgan ko‘plab xizmatkorlar ushbu charm dasturxonni sudrab keltirdilar, chunki uning ustiga shu qpdar ko‘p go‘sht qo‘yilgandiki, ko‘targanda tamoman yirtilib ketishi mumkin edi. So‘ng go‘sht maydalovchilar paydo bo‘ldilar, oldilariga peshband tutgan, qo‘llariga charm qo‘lqop kiyib olgan holda go‘shtlarni oltin, kumush va hatto, sopol laganlarga, shuningdek, bu yerlarda nodir buyum hisoblangan qimmatbaho chinni idishlarga bo‘laklab qo‘ya boshladilar».
Xullas, ziyofatlarda dasturxonga turli taomlar keltirilgani, Amir Temur hazratlarining Samarqand shahri tashqarisiga chodir tikib, u yerda ham elchilar sharafiga ziyofat bergani, Saroymulkxonim va boshqa malikalar, saroy amaldorlarini ko‘rgani, ularning kiyimlari, sohibqiron oldida o‘zini qay tarzda tutishlari to‘g‘risida yozib o‘tadi.
Klavixoning 1404 yil 22 avgustdan 5 dekabrgacha, ya’ni Buxoro orqali yurtimizdan chiqib ketgunicha bo‘lgan muddat davomida ko‘rgan-kechirganlarini qog‘ozga tushirgani katta ahamiyatga ega. U o‘sha davrning jonli guvohi sifatida bevosita sohibqiron bilan uchrashish sharafiga erishgan yevropalik kishilardan edi.
Rui Gonzales de Klavixo 1412 yili Madrid shahrida vafot etdi. Aynan boshqa ikkita hamrohi safarnoma yozmaganligi hamda o‘zining ko‘rgan-kechirganiga oid sayohatnomasi sababli Klavixo sharqu g‘arb tarixidan muhim o‘rin egalladi.
Umid Bekmuhammad,
tadqiqotchi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter