Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

Ularning nigohiga bir qarang! Toshkent yaqinida daydi itlar «yetimxonasi» bor (foto+video)

Ularning nigohiga bir qarang! Toshkent yaqinida daydi itlar «yetimxonasi» bor (foto+video)

Foto: Xabar.uz

«Itning kunini boshingga solaman», «Itdek xor bo‘lib o‘ldi», «Itning o‘limini topdi», degan maqollar tom ma’noda xalqimizning itga bo‘lgan munosabatidan kelib chiqqan bo‘lsa kerak. Shu yerda savol tug‘iladi: nega it xor, nega itning kuni achinarli bo‘lishi kerak?

Nega itlarni qadrlamasligimiz kerak?

Yaqinda Samarqandda itlarning yoppasiga zaharlab o‘ldirilgani ijtimoiy tarmoqlarda juda katta muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ming afsuski, ularni davolash, ro‘yxatga olish va o‘z vaqtida emlab borishi kerak bo‘lgan Samarqand shahar veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limi mas’ullari ushbu hodisani amalga oshirishgan.

Hindistonlik siyosatchi, arbob Mahatma Gandining bir gapi bor: «Millatning buyukligi va ma’naviy rivojlanganligi, uning jonivorlarga bo‘lgan munosabati bilan belgilanadi». Hayvonlarga munosabatda ham ancha orqadaligimiz taassuflanarli.

Hozircha esa xursand qiladigani oz bo‘lsa-da hayvonlarga ijobiy munosabati tufayli ma’naviyatliligini isbotlayotgan odamlarning ham uchrab turishi. Tadbirkor, o‘z biznesiga ega bo‘lgan Iroda Matkarimova «Hayot—Jizn» boshpanasiz itlarga mehr-shafqat ko‘rsatish uyi tashkil qilish uchun 4 yil hujjat yig‘di. Va nihoyat, Qibray tumani hokimligi yer ajratdi. Boshlanishiga ularga uy qurish uchun qimmatbaho taqinchoqlari, hatto kiyimigacha sotdi. Hayvonga mehribon bir keksa kampirning atagan 5000 so‘mgina puli asqotgan kunlar ham bo‘ldi.

Hozir «Hayot»da hayot qaynaydi, onasiz qolgan kuchukchalar uchun yangi tuqqan itlar onalik qiladi, shaharga jonivorlar navbati bilan veterinariya ko‘rigiga olib boriladi. O‘zining biznesi, yaxshigina tadbirkorligi bo‘lgan Iroda boshini qotirib, birovlar aytganidek boshqa ishi yo‘q odamdek nega egasiz hayvonlar uchun ana shunday loyiha tashkil qildi? Chunki u hayvonlarni o‘zgacha mehr bilan yaxshi ko‘radi. Ularning joni borligini, tirik mavjudot ekanligini ich-ichidan his qiladi. His qiladiki, har bir kuchukning qayerdan qanday kelib qolganiyu ayni paytdagi ahvolini ko‘zini yumib aytib bera oladi. 700 dan oshiq turli zotga mansub itlarning har birining o‘z oti, o‘z tarixi bor, o‘z qismati, o‘z taqdiri bor.

O‘ljaga aylangan Teddi

— Teddi  bu yerga kelganida itlardan qo‘rqardi, odamlardan qo‘rqardi, tanasining sog‘ joyi yo‘q edi, — deydi Iroda. — Biz uni parvarishladik, dori darmon qildik, mana ko‘rib turganingizdek, orqa oyoqlarini bosa boshladi.

Teddining avvalgi va... 

Qarangki, itdan vahshiy odamlar Teddi kichkinaligida katta kuchuklarni urishtirish, ularning qonini qizdirish uchun o‘lja sifatida o‘rtaga tashlagan, talatgan ekan. Teddining butun badanidan qon oqa boshlagach itlarning qoni qizigan ekan. Buni hatto tasavvur qilish naqadar og‘ir.

Hozirgi holati. Foto: Xabar.uz

Ayniqsa, uyi, boshpanasi, unga g‘amxo‘rlik qiladigan egalari bir kunda itdan voz kechib ketsa, jonivor qay ahvolga tushishini hammayam anglamasligi achinarli.

Xolli eng aqlli it

Ular orasida Xolli juda tarbiyali va aqlli it ekan. U o‘tir desangiz o‘tiradi, tur desangiz turadi, «day lapu» desangiz «qo‘l»ini uzatadi. Lekin juda xomush. Sababi ayon – uni erkalagan, uni ardoqlagan egasi tashlab ketgan. Uch kun ariqning ichida yotgan. Irodaga xabar berishgan. Xolli shu taxlit kelib qolgan bu yerga.

Xollining topib olingan paytda. 
Va hozirgi holati. Foto: Xabar.uz

Endi esa kelgan odamning oyoqlari tagiga yotib oladi, o‘zingiz turib ketmaguningizcha turmaydi, boshini oyoqlaringizga qo‘ygancha yotaveradi.

Egasini kutayotgan Belka

Kuchuklarning ba’zilari alohida xonalarga aralash tarzda joylashtirilgan. Kattayu kichik, har zamonda urishib, talashib ketishadi. Ammo kechayu kunduz hayvonlarga qaraydigan Vika Sadikovaning «jim bo‘l» degan ovozini eshitgan zahoti tarqalishadi, joy-joyiga ketishadi. Shunday paytda Belka devorga yopishgancha kallasini katakdan chiqarib olarkan.

Belka. Foto: Xabar.uz

«Kelganimizdan beri shu yerga chiqib turibdi, uni hovliga chiqarmaysizlarmi, boshqa kuchuklar yoniga», degan savolimizga, «Kichkinaligini ko‘rayapsizmi, unga boshqalari kun bermaydi, bu yer esa xavfsiz», — dedi ishchilardan biri. — Qolaversa, bu uning doimiy joyi, egasini kutadi. U uchun ovqat muhimmas, uni silash kerak, faqat shu kerak unga».

Biz Belkani silaymiz. Xursandligidan boshi bilan qo‘lingizga suykaladi, osilib turgan joyidan yerga sakrab tushib irg‘ishlaydi.

Har shanba soat o‘nda Parkent bozorining oldida yig‘ilamiz. Volonterlar, mana, ko‘rib turganingizdek ularning tagini tozalashga, suv idishlariga suv quyishga kirishib ketishdi, — deydi Iroda.

Itlar oshxonasi

Sal nariroqda kuchuklarning oshxonasi. 5 ta 100 litrlik katta qozonlarda ko‘ngillilardan ikki nafari o‘choqqa o‘t qalashga tushib ketishdi. Bir qozonda tovuqning kallalari, yana bir qozonda qanotlari, yana bir qozonda so‘yilgan mollarning chiqit suyaklari...

Go‘sht mahsulotlarini xomligicha bersalaringiz bo‘lmaydimi, — deyman ko‘ngilli oshpazlarga...

Pishirib berganimiz ma’qul, xom go‘shtda turli parazitlar bo‘ladi. Ikki marta ovqat beramiz — ertalab ular uchun maxsus do‘konlarda sotiladigan sun’iy, quruq oziqlarini, kechga esa mana bu qozonlarda pishayotgan ovqatlarni beramiz.

Bu yerga har haftaning shanbasida ko‘ngillilar bilan turli xizmat egalari ham tashrif buyurisharkan. «Ayniqsa, imkoniyati cheklangan, yolg‘iz, mehr-muhabbatga zor insonlar bilan hamkorlik qilishimiz ularni ham hayotga qaytaradi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi», deydi Iroda suhbat orasida.

Feya va Grek kinologlar e’tiborida

Men itlarni o‘rganadigan sohada ishlayman, ulardan aqlli jonivorlar yo‘q, — deydi Ichki ishlar boshqarmasi kinologiya xizmati kichik inspektori, serjant Qobiljon Mirzahmedov. — Ular bilan do‘stlashsangiz sizga hech qachon xiyonat qilmaydi. Iroda Matkarimovaning bu ishini shunchaki qahramonlik deyish mumkin. Bundan keyin ham biz hamkorlikni davom ettirishimiz lozim. Ayni paytda olib ketish uchun ikkita kuchukni tanladik. Endi ularning ham oilasi bor. Feya va Grek laqabli itlar endi oilamizning do‘stiga aylanadi.

Feya va Grekni kinologlar olib ketishmoqda. Foto: Xabar.uz

Belkaning orzusi ushaldi

Katakdan boshini tiqib kechayu kunduz yo‘l poylaydigan, faqat silashingizni istaydigan Belkaga ega topildi. Jenya ismli ayol uni uyiga olib ketadigan bo‘ldi.

Farzandlarimni olib kelganimning sababi bolalarda yoshligidan hayvonga mehr uyg‘otish kerak. Shuncha itlarning orasidan bundan ham chiroyli, e’tiborni tortadigan yoki g‘amxo‘rlikka muhtoj kuchuklar ko‘p. Ammo Belkaning kelganimizdan to ketgunimizcha yo‘l poylagani menga juda ta’sir qildi. U oilasi bo‘lishini juda xohlaganini his qildim. Bolalarim ham bir ovozdan shuni olib ketamiz deyishdi. Men kelasi hafta yana bitta kuchukni olib ketishga qaror qildim...

Belkaga oila topildi. Foto: Xabar.uz

Ha kuchuklarning olib ketilayotgani, oilasi topilayotgani yaxshi, ammo bir itni olib ketishsa bu yerga o‘n itni olib kelishadi.

«ZOOPLANETA» do‘konining sovg‘asi

Shaharda beshta filialimiz bor. Hayvonlar uchun nimaiki lozim bo‘lsa shuning savdosi bilan shug‘ullanamiz. «Hayot—Jizn» tashkil qilinganiga bir yil bo‘lgan bo‘lsa, ish boshlaganidan buyon hamkorlik qilayapmiz. Dori-darmon, oziq-ovqat, yetkazib beramiz, — deydi tadbirkor Akmal Nuraliyev. — Mana kuchuklarning mashinamiz atrofida aylanib sakrashini ko‘rayapsizmi, ular sovg‘a-salomlar bilan kelishimizga o‘rganib qolishgan. Eng qizig‘i, birortasi olib kelgan mahsulotlarimizni toki qo‘lingiz bilan bermaguningizcha har yoqqa tortqilab ketmaydi.

Rem nega xafa?

Iroda kelgan ko‘ngillilar, kinologlar bilan hayvonlarini tanishtirgach, ustiga shu yerda kiyadigan kiyimini ilgancha ishga kirishib ketdi. Biz u supurib-sidirayotgan uychaga yaqinlashdik. Bizga u yerda yotgan kuchuk katakni chiqib buzib ketgudek jon holatda hurdi.

Iroda supur-sidirishni to‘xtatib bizga yuzlandi:

Ehtiyot bo‘lingizlar, eng qopog‘on kuchuk bu, mendan boshqasini tan olmaydi, — dedi Iroda.

Kuchuk egasining «buyrug‘»iga itoat qilgancha bir chetga borib yotib oldi.

Remni shu taxlitda o‘ldirishga olib ketishayotganida Iroda uni saqlab qolgan. Foto: Xabar.uz

 — U mendan xafa, hatto yig‘ladi, chunki men kelgan zahotim u bilan ko‘rishardim, bugun mehmonlar bilan ovora bo‘lib unga kechroq e’tibor berganim uchun menga qayrilib ham qaramadi, olib kelgan yeguliklarimga nazar ham solmadi. Uni olib kelishganida og‘zi bog‘langan edi. O‘ldirib tashlash kerak deyishdi, yangi egasini tishlab olibdi. Men esa uni o‘ldirishlariga yo‘l qo‘ymadim. U bo‘lsa bu yaxshiligimni unutmaydi chog‘i, xonasiga kirishga faqat menga ruxsat beradi, uning ko‘zlari juda mayus...

Men esa o‘yladim, bu bir itda, deydiganlar, yanayam itda qalb nima qiladi deb ko‘ringlarchi.

Irodaning o‘zi itlarning uychasini tozalab yurganini ko‘rgan tasodifiy mehmonlar bu ayol bir firmaning rahbari ekanligini tasavvuriga ham sig‘dirolmasa kerak.

Uch-to‘rt nafar ishchilaringiz bor ekan, nimaga o‘zingiz ishga kirishib ketdingiz, — dedim.

Men hayvonlarni yaxshi ko‘raman va qolganlar mendan o‘rnak olishini istayman. Men hayvonlar uchun «priyut» ochsam-da, o‘zim buyruq berib tomosha qilib tursam, ularni yaxshi ko‘rishim qayerda qoladi. Mening mehrimni, g‘amxo‘rligimni hayvonlar biladimi, yo‘qmi bunisi qiziqmas, muhimi ular men bilan, biz bilan o‘zlarini xotirjam sezishlari...

«Ularga hayot beraylik»

Uning mehri, g‘amxo‘rligi boshqalarga yuqayotgani rost bo‘lsin. Homiylar yordamida hayvonlarning hozirgi «uy»idan sal nariroqda qurilish ishlari bo‘layapti. Bu yerda kelgusida itlar uchun yanada qo‘shimcha isitiladigan xonalar, mushuklar uchun alohida xonalar, klinika, shu yerning xizmatchilari uchun adminstratsiya xonalari rejalashtirilgan. Karantin uchun maxsus joy, sayohat qilishlari uchun alohida hudud tashkil qilinarkan.

Uning bu ishlarini ko‘rganlar o‘ylashi mumkin, imkoniyati bor ekan qiynalgan odamlarga yordam bersa bo‘lmaydimi, deb.

Foto: Xabar.uz

Iroda esa shunday deydi:

Odamlar tug‘ilganidan davlat himoyasida, oila himoyasida. Yetimxonadagi bolalarga ham homiylar keragidan ortiq muruvvat ko‘rsatishadi. Ya’ni, odamlar odamlar uchun hamisha g‘amxo‘rlik qiladi, eng bo‘lmaganda, inson o‘ziga o‘zi g‘amxo‘rlik qila oladi. Lekin hayvon odamning qo‘liga qaram jonzot. Unga inson xohlasa g‘amxo‘rlik qiladi, xohlasa yo‘q qiladi. Hayvonni bir kunda zaharlab o‘ldirishdan osoni yo‘q, ammo ularga mehr berish, ko‘chada xor-zor bo‘lib yurish azobidan qutqarish ham bizning qo‘limizda. Biz ikkinchisini tanlashimiz kerak emasmi? Ularga hayot beraylik...

Foto: Xabar.uz

Qayerdadir o‘qiganim esimga tushdi. Itlarning qalbi borligini mutaxassislar isbotlashgan va shu bois qaysidir mamlakatlarda ularning ibodatxonalarga kirishiga ruxsat berilgan.

Men ham itlarning qalbi borligiga yana bir bor amin bo‘ldim. Tushgacha 700 dan ziyod bo‘yi odam barobaridan tortib, mushukday keladiganigacha bo‘lgan itlar bizni ilk bor ko‘rib turgan bo‘lsa-da, tashlanmadi, hurmadi. Chunki ular bu yerga faqat yaxshi odamlar kelishini allaqachon his qilishgan. «Priyut»ga kirib borganimizda kattayu kichik kuchuklar bizni qanday o‘rab olishgan bo‘lsa, ketayotgan chog‘imiz shunday to‘dalashib kuzatib qo‘yishdi. Ko‘proq silab yuborganlaringiz mashinaga chiqib ketayotganimizda ham ergashib ortimizdan qolmadi.

Men ijtimoiy tarmoqlarda, hayvonlarga mehr shafqat ko‘rsatish uyi haqida kichikroq ma’lumot qo‘yganimda bir hamyurtimiz sarkazm bilan shunday izoh qoldiribdi: «Itlarning qadrini qarang», men esa shunday javob yozib qo‘ydim: «Nega hayvonlarni qadrlamasligimiz kerak»...

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring