Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ibrohim Abdurahmonov: «Bu sohada «yo‘q» degan so‘z ishlatilishi noo‘rin!»

Ibrohim Abdurahmonov: «Bu sohada «yo‘q» degan so‘z ishlatilishi noo‘rin!»

Ibrohim Abdurahmonov.

Innovatsion rivojlanish vaziri, akademik Ibrohim Abdurahmonov «Xabar.uz» muxbiriga o‘zi rahbarlik qilayotgan tashkilot tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, ilmiy hamda innovatsion loyihalar, InnoWeek haftaligi, rahbarlikning xarakter va ilmiy faoliyatiga o‘tkazgan ta’siri haqida so‘zlab berdi.

– Ibrohim Yo‘lchiyevich, siz rahbarlik qilayotgan vazirlikning tashkil etilganiga ham qariyb 3 yil bo‘ldi. O‘tgan vaqt ichida vazirlik innovatsiyalar sohasida nimalar qilishga ulgurdi?

Ochig‘i, men qilingan ishlarni emas, qilinishi lozim bo‘lgan ishlar haqida gapirishni yoqtiraman. Ammo shunday bo‘lsa-da, savolingizdan kelib chiqib faoliyatimizga doir qisqacha ma’lumot bermoqchiman.

Avvalo, ilm-fanni rivojlantirish, innovatsiyalarni iqtisodimiz va ijtimoiy hayotga joriy etish uchun normativ-huquqiy baza yaratildi. Yurtimiz tarixida ilk bor «Ilm-fan va ilmiy faoliyat to‘g‘risida» hamda «Innovatsion faoliyat to‘g‘risida»gi qonunlar qabul qilindi.

Bundan tashqari, davlatimiz tomonidan olimlarning mavqei, obro‘yi va akademik legitimligi oshirildi.

Xususan, maxsus dastur doirasida 40 dan ortiq ilmiy tashkilotlarga ilmiy asbob-uskunalarni xarid qilish uchun 32 million AQSh dollari, ularning bino va inshootlarini kapital ta’mirlash uchun 119 mlrd. so‘m miqdorida mablag‘lar yo‘naltirilib, bunda barcha asbob-uskunalar parkini yangilash bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

Olimlarimizning ishlanmalarini iqtisodiyot tarmoqlariga tatbiq etish, tijoratlashtirish muammosini yechish maqsadida ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish bo‘yicha amaliy mexanizmlar joriy etildi. 100 ming AQSh dollari miqdoridagi Ilmiy-texnik ishlanmalarni tijoratlashtirish Prezident jamg‘armasi tashkil etildi. Har bir olimga yo ilmiy jamoaga o‘z ishlanmalari doirasida tijorat bilan shug‘ullanish, daromad olishga qaratilgan platforma yaratildi. Olimlar o‘zi yaratgan ishlanmasi doirasida alohida tijorat kompaniyasi tashkil etishi, litsenzion yoki boshqa tijorat shartnomasi bilan ishlab chiqarishni tashkil etishi mumkin. Bunda tijoratlashtirishdan tushgan mablag‘larning 40 foizi muallifga, 30 foizi ilmiy jamoaga taqsimlash nazarda tutilgan.

Natijada, «olim-bank-tadbirkor» uchligi ishtirokida ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirishning yangi tizimi yo‘lga qo‘yildi. Ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish doirasida umumiy qiymati 149,5 mlrd. so‘m bo‘lgan loyihalar tayyorlandi, ishlab chiqarilgan ilmiy sig‘imkor mahsulotlar hajmi 62 mlrd. so‘mdan oshdi. Hozirda, 130 dan ortiq ishlanmalar tijoratlashtirish jarayonida.

Ilk bor mamlakatda startap ekotizmi yaratish ishlari boshlanib, startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va moliyalashtirish tizimi shakllantirilib, umumiy qiymati 31,5 mlrd. so‘mlik 34 ta startap loyihalar moliyalashtirildi va raqobatbardosh yangi mahsulotlarni ishlab chiqarish tashkil etildi. O‘zbekistondagi ilk ilmiy loyihalar akseleratori – C.A.T. Science Accelerator tashkil etildi.

Shuningdek, yetakchi xorijiy markazlarda yosh olimlarning stajirovkalari muntazam tashkil etilmoqda. Hozirga qadar 300 nafar yoshlar xorijiy stajirovkaga jo‘natildi. Bu esa o‘tgan yillarga nisbatan 4 barobar ko‘pdir.

– Vazirlik yil davomida muntazam o‘tkazib kelayotgan amaliy va innovatsion loyihalar tanlovlariga ko‘proq qaysi sohaga taalluqli loyihalar kelib tushmoqda?

Joriy yilda moliyalashtirilgan ilmiy loyihalarni tahlil qiladigan bo‘lsak, eng ko‘p moliyalashtirilgan soha qishloq xo‘jaligi, veterinariya va atrof-muhit muhofazasi fanlari bo‘yicha bo‘lib – jami 12 ta loyiha, umumiy 15,3 mlrd. so‘m miqdorida moliyalashtirilgan. Ikkinchi o‘rindagi farmakologiya va farmatsevtika yo‘nalishi bo‘yicha jami 7 ta loyihaning umumiy moliyalashtirish hajmi 8,2 mlrd so‘mni tashkil etadi. Kimyoviy texnologiyalar va nanotexnologiyalar fanlari bo‘yicha jami 8 ta loyiha umumiy 7,7 mlrd so‘m miqdorida moliyalashtirildi.

Texnika, iqtisodiyot, huquq, tibbiyot, qurilish, axborotlashtirish va AKTni rivojlantirish, filologiya, pedagogika va shu kabi boshqa fanlar ro‘yxatning keyingi o‘rinlaridan joy egallagan.

E’tiborlisi, endilikda ajratilayotgan mablag‘lar olimlarning ish haqidan tashqari ijrochi tashkilotning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga ham yetadi.

– Sizningcha, hozir qaysi sohalarda innovatsion g‘oya va loyihalarga ehtiyoj yuqori?

Yurtimizda qishloq xo‘jaligi, tibbiyot va farmatsevtika, qurilish, transport va energetika sohalarida yangi ishlanmalarga ehtiyoj juda yuqori. Bu sohalarni fundamental asoslari sifatida matematika, kimyo-biologiya, geologiya yo‘nalishlarini rivojlantirishga alohida ahamiyat qaratganmiz.

Boisi azaldan mazkur sohalarda ilmiy maktablarimiz mavjud bo‘lgan, hozir ham ular saqlanib qolgan. Mana shu sohalarda dunyoga tanilgan olimlarimiz yaratgan maktablar asta-sekin yo‘qolib borayotgani sababli ularni tiklash, ularni yanada rivojlantirish vazifamizdir.

Endi matematika sohasidagi ilmiy-tadqiqotlarning ishlab chiqarish bilan uzviy bog‘liqligini ta’minlash, amaliy matematikani rivojlantirish va iqtisodiyot tarmoqlaridagi muammolarni modellashtirish asosida matematik yechimlarni ishlab chiqishga ahamiyat qaratiladi. Matematika – raqamli iqtisodiyotning asosi, raqamli texnologiyalar esa barcha sohalarning rivoji uchun zarur. Raqamli iqtisodiyot, o‘z navbatida, shaffoflik va oshkoralikni ta’minlaydi, korrupsiyaning oldini oladi. Kimyo yo‘nalishidagi ilmiy-tadqiqot muassasalarining mavjud ilmiy yo‘nalishlari tarmoq korxonalari ehtiyojlari va bozor talablaridan kelib chiqib, rivojlantirilmoqda. Bunda kalloid kimyosi, rangli va noyob metallar kimyosi, silikat materiallar kimyosi kabi ilmiy yo‘nalishlarga ustuvor ahamiyat qaratiladi.

Hozirgi kunda biotexnologiya ilm-fanning eng istiqbolli va iqtisodiy samaradorligi yuqori sohasi sifatida e’tirof etilmoqda. Ekspertlar fikricha, 2025 yilga kelib, jahonda biotexnologiya mahsulotlari bozori qiymati 2 trln. AQSh dollariga yetishi kutilmoqda. Biotexnologiya sanoatida investitsiyalarning joriy o‘sishi esa 32 foizni tashkil etadi. Shulardan kelib chiqqan holda Innovatsion rivojlanish vazirligi Fanlar akademiyasi bilan birgalikda agrobiotexnologiyalar, oziq-ovqat, shu jumladan, fudomiks, biotibbiy va farmbiotexnologiyalari yo‘nalishlarini kompleks rivojlantirishni nazarda tutuvchi chora-tadbirlarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, geologiya sohasidagi loyihalarni moyaiyalashtirish hajmini oshirish, amaliy loyihalar qatorida fundamental loyihalarga ham e’tibor qaratishni rejalashtirganmiz.

– Kelgusi oyda InnoWeek haftaligi o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Bu galgi haftalik dasturida avvalgilariga nisbatan qanday o‘zgarishlar mavjud?

Bu tadbirimiz uch yildan beri o‘tkazib kelinmoqda. Ammo bu yil InnoWeek ilk bor onlayn tarzda tashkil etiladi. Buning sababi global pandemiya. Odatda, global pandemiyaning salbiy jihatlari haqida gapiramiz, lekin uning ijobiy jihatlari ham bor. Bulardan eng ko‘zga tashlanganlari – raqamlashtirish jarayonlarining tezlashishi, onlayn platformalarning rivojlanishidir. InnoWeek-2020 aynan mana shu rivojlanishni namoyon etadi.

InnoWeek onlayn tarzda o‘tishining yana bir ijobiy tomoni – unga dunyoning istalgan burchagida yashovchi odam, xohlagan vaqtda platformaga kirib, ishlanmalar bilan tanishishi mumkin, haftalik sessiyalarida bevosita ishtirok etish yoki istagan paytlarida yutub kanalidan tomosha qilish imkoniga ega bo‘ladi.

Har yili o‘tkaziladigan InnoWeek innovatsion g‘oyalar haftaligini bu yil pandemiya sharoitida onlayn tarzda o‘tkazilishi 3D texnologiyalarni yurtimizda rivojlanishiga hissa qo‘shmoqda, deb umid qilyapman.

– Sizni dastavval olim sifatida taniganmiz. Davlat tashkilotida rahbarlik qilish xarakteringiz va ilmiy faoliyatingizga qay darajada ta’sir o‘tkazdi?

Olim kunlik erishgan natijasidan qoniqish hissini tuya olish imkoniyatiga ega bo‘lsa, vazirlikdagi rahbarligim ko‘p tarmoqli faoliyat olib borishimni taqozo etadi. Tuzilgan rejaning natijasi bir o‘zimga emas, jamoaning salohiyatiga bog‘liq. Fanda tajriba qilib ko‘rish va tajribaning boshida o‘zingiz turish imkoniyati bor, boshqaruv tizimda esa aksariyat hollarda xodimlarning istak-xohishi, irodasi va ko‘nikmalariga ko‘p narsa bog‘liq bo‘lib qoladi. Agar ilmda biror natijaga erishmasam, o‘zimdan norozi bo‘laman, boshqaruvda esa birovlardan ham norozilik hissi paydo bo‘larkan. Shu bois ham rahbar bo‘lganimdan keyin o‘zimdan qoniqmaslik hissi kuchaydi, desam to‘g‘ri bo‘ladi.

Ilmdagi menejment gorizontal bo‘lib, ilmiy jamoaning rahbari laborant bilan ham, akademik olim bilan ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot orqali faoliyat yuritadi, shunda ilmiy faoliyat samara beradi. Davlat boshqaruvida esa gorizontal tizim ishlamaydi. Masalan, vazir o‘rinbosaridan, u boshqarayotgan sektordagi jamoaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ish buyurishingizni har doim ham to‘g‘ri tushunavermaydi. Vazirlik va idoralarda vertikal tizim rivojlangan va jamiyatimiz shunga o‘rgangan. Davlat idorasida vertikal tizimning buzilishi murakkabliklarga olib keladi, vertikal tizimning hamma bosqichlarida noroziliklar paydo bo‘ladi. Aynan mana shu vertikal tizimga moslashishim qiyin bo‘ldi...

Ammo shunga qaramay, vazirlikda ham xuddi laborantlarim bilan oldin ishlagandek, ishchilarim bilan tajriba o‘tkazayotgandek o‘zimni chegaralamasdan hamma bilan ishlashga harakat qilaman. Yana bir jihat, olim ish kunining aksariyat qismini o‘z tadqiqotiga bag‘ishlash imkoniyatiga ega. Rahbar bo‘lganingizdan keyin turli masalalarni bir paytning o‘zida yechishga to‘g‘ri keladi, rejadan tashqari chalg‘ituvchi, lekin muhim, tezkor yechim talab qiladigan masalalar juda ko‘p bo‘ladi, bunga darrov moslashish olim uchun juda qiyin.

Vazir bo‘lganimdan beri laboratoriyada ishlashga deyarli nuqta qo‘ydim, desam ham bo‘ladi. Ilmiy maqolalar yozishga ham vaqtim juda kam. Shunday bo‘lsa-da, ilmiy faoliyatimni to‘xtatib qo‘yganim yo‘q.

Haligacha ilmiy monografiyalar yozaman, ular xalqaro ilmiy nashrlarda muntazam chop etilib turadi. Ilmiy faoliyatimdagi katta jarayonni mahkam ushlab turibman, bu – retsenzentlik. Qator ilmiy jurnallarda muharrirlik qilaman. Bu vazirlikning rahbari sifatida dunyo ilm-fanida yuz berayotgan yangiliklardan boxabar bo‘lib turish imkonini ham beradi.

Genomika va bioinformatika markazidagi olimlari bilan uchrashuvlar, ilmiy munozaralarga ham imkon qadar vaqt ajratishga harakat qilaman. Jamoa bilan vaqti-vaqti bilan seminarlar o‘tkazib turamiz. Unda yo‘nalishimizga dunyodagi so‘nggi yangiliklar bilan o‘rtoqlashamiz, sohaga doir dolzarb maqolalarni hech bo‘lmasa,  telegram orqali muhokamasini qilishni yo‘lga qo‘yganman. Avvallari markazimiz olimlari, doktorantlar, aspirantlarga leksiya o‘qishim tabiiy jarayon edi. Bunga, afsuski, hozir vaqt topishning aslo imkoniyati bo‘lmayapti. Negaki ma’ruzalarga tayyorgarlik ko‘rish kerak, bunga endi sira imkon bo‘lmayapti. Ilmiy maqolalar ustida esa hozirda ko‘proq shogirdlarim ishlashadi, men maqolaga yo‘nalish berishim, uni tahrir qilish va zamonaviy fan tendensiyalariga moslashtirishim mumkin.

Yo‘qotishlarim haqida gapirdim, lekin aynan ilm-fan uchun topganlarim ham bisyor. Vazir sifatida hozirda ilmga kengroq qarashga o‘rgandim.

Ilm-fanni iqtisodiyotimizga, yurtimiz ijtimoiy hayotiga foydasi tegadigan ishlanmalarni yaratishga yo‘naltirish lozimligini angladim. Olimlarga to‘g‘ri vazifa qo‘yish kerakligini tushundim. Misol tariqasida keltirmoqchiman, saraton hujayrasini sog‘lomlashtirish lozimmi yoki aksincha sog‘lom hujayrani saraton hujayrasiga aylantirish kerakmi? Ikkovi ham shu kasallikning qanday kechishishi, nima sababdan yuzaga kelishini ochib beradi. Biroq hozirgi tajribamdan kelib chiqib saraton hujayrasini sog‘lom hujayraga aylantirish vazifasini oldimga qo‘ygan bo‘lardim, negaki natijaga erishgandan so‘ng uni to‘g‘ridan-to‘g‘ri joriy etish imkoniyati bor, teskari holatda, amaliyotga chiqish uchun yana mehnat qilish lozim bo‘lardi. Hozirda har bir eksperiment, har bir ilmiy ish, har bir tadqiqot yurtimizga, xalqimizga foyda keltirish kerak, deb hisoblayman. Va bugungi kunda aynan shu masalaning targ‘iboti bilan shug‘ullanyapmiz, ya’ni ilmiy faoliyat boshlashdan oldin vazifani aniq belgilash va bunda ko‘zlangan natijani amaliyotga joriy qilish imkoniyati yuqori qilib belgilash tizimini joriy qilayapmiz.

– Internet va ijtimoiy tarmoqlarni kuzatib borasizmi va tanqidlarga munosabatingiz qanday?

Men o‘zi azaldan tanqidga o‘chman. Olimning ob’yektga, voqealar va jarayonlarga tanqidiy qarash tabiiy holat. Bu ilmiy faoliyatimga ham, ilmiy ishlarni tashkil etish jarayonlariga ham birdek taalluqli. 2011 yili AQShdan O‘zbekistonga qaytib, Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi institutida ilmiy xodim bo‘lib ish boshlaganman. U paytlari bu institutda ilmiy ish qilish uchun sharoit men xohlagandek emasdi. Shunda sharoit yo‘q, ishlamayman, ketaman, deyishdan yiroq bo‘lganman. Negaki, bundan osoni yo‘q-da! Men bu holatni qanday yaxshilasa bo‘ladi, degan savolni o‘zimga qo‘ydim. Xonalarni ta’mirlash kerak, ammo bunga pul yo‘q. Maoshmiz hisobidan ham buning uddasidan chiqib bo‘lmaydi, chunki oyliklar juda kam. Shunda xalqaro grantlarni jalb qilish masalaning yechimi bo‘ladi, degan qarorga keldim, shunga harakat qildim. Va xorijiy grant mablag‘larini jalb qilib, institutda zamonaviy laboratoriya tashkil etildi. Laboratoriya keyinchalik o‘sib, rivojlanib, hukumatimiz e’tibori tufayli yangi Genomika va bioinformatika markaziga aylangan.

Rahbar sifatida tanqidlarga ham ijobiy qarayman. Ammo aksariyat hollarda tanqidlar umumiy xarakterga egaligi, tanqid uchun tanqid qilinayotganini kuzatish mumkin. Tanqid qilgan odamda mana shu muammoning yechimi uchun taklif ham bo‘lishi kerak.

Olimlar jamoalariga ham, vazirligimiz jamoasiga ham biror kamchilik, xatoni ko‘rsatish bilan birga mana shu muammmoni barataraf etish choralarini ham topish va uni taklif sifatida berish kerakligini bot-bot takrorlayman. Innovatsion sohada «yo‘q» degan so‘zning o‘zi ishlatilishi noo‘rin. Deylik, bir fuqaro qandaydir g‘oyasi, taklifi yoki loyihasi bilan kelgan fuqaroga «yo‘q, bo‘lmaydi» deb javob berishimiz kerakmas, balki unga shu g‘oyasini amalga oshirishi uchun qanday ish tutishi kerakligini, nimalarni to‘g‘rilashi lozimligini, qaysi mutaxassislar bilan maslahatlashishi maqsadga muvofiqligini ko‘rsatishimiz lozim. Shuning uchun hozirda loyihalarni qayta ishlash imkonini beruvchi yangi tizimni yo‘lga qo‘ydik, kamchilik bormi – agar tuzatish va to‘ldirish mumkin bo‘lsa, bunday imkoniyatni loyiha tashabbuskorlariga beryapmiz. Bu muntazam jarayonga aylanib boryapti.

O‘z navbatida, ijtimoiy tarmoqlarda kelgan barcha savollarga javob berishga harakat qilaman. Umumiy tanqidlarga ham ahamiyat berib, ularning yechimini qidira boshlayman.

– Faol hayot tarzi uchun nimalardan kuch olasiz?

Yangiliklardan hamisha xabardor bo‘lib turish menga kuch bag‘ishlaydi. Ilm-fan, boshqaruv sohasida yangi bilimlarga ega bo‘lish kundalik charchoqlarni yengishga xizmat qiladi. Bundan tashqari, o‘zimning xorijlik hamkasblarim, olimlar bilan muntazam ravishda elektron pochta orqali muloqotda bo‘lib turaman. Ular bilan muloqot sohadagi yangiliklardan birinchilar qatori xabardor bo‘lishimga yordam beradi. Retsenziyalash faoliyatim ham meni ruhlantiradi, kimningdir ilmiy ishining maqola shaklidagi natijasini ko‘rish, unga fikr bildirish menga zavq bag‘ishlaydi.

Yana yangiliklarga munosabat bildirishni ham yoqtiraman. Jamiyatimizda, dunyoda bo‘layotgan o‘zgarishlarga, islohotlarga o‘z fikrimni bildirishim menga kuch bag‘ishlaydi.

Shuningdek, bir tomondan, ota-onam bilan doimiy suhbatlar menga dalda beradi, ulardagi shukronalik, ertangi kunga ishonch meni yanada qat’iyatli bo‘lishga undaydi. Ikkinchi tomondan farzandlarimning o‘sib kamol topayotgani ko‘nglimni yoritadi. Farzandlarim hozirda o‘smir yoshda. Buning ham o‘z tarovati bor ekan. Ular bilan suhbatlar kayfiyatimni ko‘taradi. Bolalarimning men kutmagan intilishlari, rejalari, qilayotgan harakatlaridan quvonaman, ularning shijoati menga ham o‘tadi go‘yo. Ota-onam va oilam meni tushkunlikdan qutqaradi, desam, mubolag‘a bo‘lmaydi.

Nurillo To‘xtasinov suhbatlashdi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring