Hududlar «yashil», «sariq» va «qizil» bilan baholanadi (video)
Yaqin yillar ichida O‘zbekiston taraqqiyotning yangi bosqichi sari qadam tashlab, ko‘zga ko‘rinarli yutuqlarni qo‘lga kirita boshladi. Xorij tajribasi shuni ko‘rsatdiki, har tomonlama bilimli va salohiyatli boshqaruvgina mamlakatni yuqori pog‘onalarga olib chiqadi.
Shuning uchun ham bugun har bir sohada tub islohotlar amalga oshirilib, ushbu jarayonga nafaqat markaziy tuman va shaharlar, balki hududlar ham qamrab olinmoqda.
Biroq asr talabi – kelajakning asosiy tendensiyasi bo‘lgan raqamli texnologiyalarni tezroq o‘zlashtirmay turib, kutgan natijalarimizga erisha olmasligimiz aniq. Bu borada elektron hukumatning hududiy raqamli rivojlanish darajasi ham muhim ahamiyatga ega. Elektron hukumat mamlakat rivojining keng qamrovli strategiyasini belgilab beruvchi asosiy omillardan biridir.
Xo‘sh, bugun respublikamiz hududlarining raqamli rivojlanish darajasi qanday?
Bu haqda Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi xodimi Abror Shazimovdan bilib olamiz.
– Ayting-chi, bugun respublikamiz hududlarining raqamli rivojlanish darajasi qanday?
– Respublikamiz poytaxti va viloyatlar markazlari hamda yirik shaharlarning raqamli rivojlanish darajasi ancha yuqori! Lekin hududlardagi aksariyat tuman va shaharlarda ko‘rsatkich qoniqarsiz ahvolda.
Misol uchun, respublika bo‘yicha joylardagi telekommunikatsion infratuzilma 70 foiz, Iqtisodiyotni raqamlashtirish ko‘rsatkichi 36 foiz, ijtimoiy ob’yektlarda tarmoq texnologiyalarini joriy etish holati 63 foiz va raqamli ta’lim bo‘yicha ko‘rsatkichlar 54 foizni tashkil etmoqda.
Birgina Toshkent shahrining raqamli rivojlanish darajasini yaxshi deb ayta olamiz.
6 ta hududimiz qoniqarli holatda, bu 43 foizni tashkil etadi degani. 7ta hudud (50 foiz) esa qoniqarsiz deb baholangan.
– Ular qanday ko‘rsatkichlar asosida baholanadi?
– 2020 yilning dekabr oyida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Hududlarning raqamli rivojlanish darajasini baholash tartibi tasdiqlangan bo‘lib, unga ko‘ra dastlabki baholash respublikamizdagi 203 ta shahar va tumanlar kesimida amalga oshirildi.
Belgilangan tartibga muvofiq, hududlar yakuniy, ya’ni «yashil» – yaxshi, «sariq» – qoniqarli va «qizil» – qoniqarsiz natija bilan baholanadi.
Bunda 4 ta ko‘rsatkich asos qilib olingan. Jumladan:
«Raqamli infratuzilma» – ya’ni aholi punktlarining internet, mobil aloqa, «Wi-Fi» nuqtalari va boshqalar bilan qamrab olinganlik darajasiga ko‘ra – (35 ball);
«Raqamli iqtisodiyot» – ya’ni elektron schyot-faktura va onlayn nazorat-kassa mashinalaridan samarali foydalanish, mahalliy IT-xizmatlar bozori holati, elektr va tabiiy gaz iste’molini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish va boshqalar – (25 ball);
«Ijtimoiy ob’yektlarda tarmoq texnologiyalaridan foydalanish» – ya’ni ijtimoiy muassasalar (bolalar bog‘chasi, maktablar, poliklinikalar)da internetdan foydalanish hamda ta’lim va boshqa tizimlar, shuningdek, dasturiy mahsulotlarni joriy etish holatini baholash – (20 ball);
«Raqamli ta’lim» – ya’ni maktablarni yo‘nalish bo‘yicha diplomga ega informatika o‘qituvchilari bilan hamda o‘quvchilarning «Bir million dasturchi» loyihasi bo‘yicha qamrab olinganligi, aholining IT-sektorida bandligi, IT-o‘quv markazlari va boshqalar – (20 ball).
– Baholashga aynan qaysi davlat organi mas’ul? Yana jarayonda ishtirok etuvchi davlat tashkilotlarining vazifalari nimalardan iborat?
– Baholashga mas’ul davlat organi – Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, ishchi, ya’ni baholash bilan bevosita shug‘ullanuvchi organ – Elektron hukumat loyihalarini rivojlantirish markazi hisoblanadi.
Hududlarning raqamli rivojlanish darajasini baholash va reytingini shakllantirishda ma’lumot taqdim etuvchi davlat tashkilotlari sifatida esa xalq ta’limi, sog‘liqni saqlash, maktabgacha ta’lim, qishloq xo‘jaligi, suv xo‘jaligi vazirliklari, davlat statistika hamda soliq qo‘mitalari, «Hududgazta’minot», shuningdek, «Hududiy elektr tarmoqlari» Aksiyadorlik jamiyatlari belgilangan.
Baholash sifat va miqdor ko‘rsatkichlari asosida amalga oshiriladi. Masalan, ba’zi davlat organlari tomonidan taqdim etiladigan ko‘rsatkichlarda rejalashtirilgan va amalga oshirilgan ishlar soni baholangan bo‘lsa, ba’zilarida ko‘rsatkichning xo‘jalik korxonalari yoki aholi soniga nisbatan ulushi baholangan.
– Ayting-chi, hududlarning raqamli o‘sish darajasini baholashdan asl maqsad nima?
– Asosiy maqsadimiz eng ilg‘or yoki eng quyi hududlarni aniqlab, ularga ijobiy yoki salbiy baho berib o‘tirish emas, balki qizil ro‘yxatga tushgan shahar va tumanlarning raqamlashtirishga to‘sqinlik qilayotgan omillarini, kamchiliklarini mas’ul organlar bilan birga bartaraf etishdir.
Shu bilan birga, baholash natijalari asosida internet qamrovi darajasini, mobil aloqa va telekommunikatsiya xizmatlarining sifatini oshirish.
Faoliyatida AKTdan samarali foydalanuvchi korxonalar ko‘lamini ko‘paytirish, elektron tijoratni rivojlantirish.
Maktabgacha ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasalari va umumta’lim maktablari kabi ijtimoiy ob’yektlarda tarmoq texnologiyalaridan foydalanishni yo‘lga qo‘yish.
Viloyat va shaharlarda raqamli ko‘nikmalar darajasidagi bo‘shliqni bartaraf etish maqsadida Respublikaning barcha hududlarida AKTga ixtisoslashtirilgan maktablar va o‘quv markazlarini tashkil etish bo‘yicha ishlarni amalga oshirish.
– Endi bizni natijalar bilan ham tanishtirsangiz...
– Raqamli rivojlanish holatining yakuniy bahosi bo‘yicha dastlabki bosqichda atigi 28 ta tuman va shaharlar «yashil» ro‘yxatga kirgan. Viloyatlar kesimida o‘tkazilgan baholashda esa, yuqorida aytib o‘tganimdek, faqat Toshkent shahrigina yashil ro‘yxatdan joy oldi.
Tumanlar kesimida Raqamli rivojlanish holati qoniqarli deb topilib, «sariq» ro‘yxatga kiritilganlari – 59ta. Shunga qaramay, ular orasida ayrim mezonlar bo‘yicha «a’lo baho»ni qo‘lga kiritib, «Raqamli infratuzilma» doirasida 91 balldan oshganlari ham bor. Viloyatlar kesimida esa 6ta hudud sariq ro‘yxatda.
Raqamli rivojlanish holati qoniqarsiz deb topilganlari, ya’ni «qizil» ro‘yxatdagilar tuman va shaharlar kesimida 116ta, viloyatlar kesimida 7tani tashkil etgan.
Endilikda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan bir qator tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.
Jumladan, Axborot texnologiyalari vazirligining hududiy boshqarmalari hamda O‘zkomnazorat inspeksiyasi tomonidan ishchi guruhlar tuzilgan holda reytingda qizil ro‘yxatga kirgan va past natija ko‘rsatgan hududlarda o‘rganishlar tashkil etildi. Elektron hukumat markazi tomonidan tayyorlangan takliflar asosida hududlar holatini yaxshilash bo‘yicha ustuvor vazifalar aniqlanib, yo‘l xaritalari ishlab chiqildi va har bir hududdagi mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organi tomonidan tasdiqlandi.
Navbatdagi iyul oyi holati bo‘yicha o‘tkaziladigan baholashga qadar mazkur yo‘q xaritalarida belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish orqali kamchiliklar bartaraf etilishi hamda qizil ro‘yxatdagi shahar va tumanlar ko‘rsatkichi yaxshilanishi ko‘zda tutilgan.
Maqsadimiz – har bir shahar va tuman, qolaversa, har bir xonadonda elektron hukumatning keng imkoniyatlaridan foydalanishga sharoitlar yaratish!
— Tushundikki, elektron hukumat bizga hududimizni to‘g‘ri boshqarishni o‘rgatadi. Bergan ma’lumotlaringiz uchun katta rahmat!
Shohida Isroilova suhbatlashdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter